Shuf’a: deb lug’atda bir narsani bir narsaga qo’shmoq va yana toq narsani ikkinchisiga qo’shib juft qilmoqga aytiladi.
Istilohda: hovli joy va yer ko’chirimaydigan va boshqa joyga ko’chib olib borib bolmaydigan narsaga sherigi shofi’lik davo qilib, o’sha narsani sotib olgan kishining zarariga uni bergan puli miqdorida pul berib va sotib olgan odamni o’z ixtiyoriga qo’ymay zo’rlik bilan ega bo’lishdir. Masalan ikki kishi sherik bo’lib bir hovli olishgan. Vaqt o’tib birlari o’z hissasini sotmoqchi bo’lsa, o’sha sotiladigan qismini olish imtiyozi eski sherikga beriladi. U o’sha sherigini hissasini sotib olishni xohlasa birov qarshi chiqolmaydi. Hatto sherigi ham sendan boshqaga sotaman deya olmaydi.
Shuf’ani shariatga kiritilishiga Sunnat va ijmodan dalil bor. Bunga bir necha hadislar dalil bo’la oladi. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rosululloh sollallohu alayhi va sallam: «Har bir taqsimlanmagan narsada shuf’aga hukm qildilar. Bas, qachon chegaralar voqe’ bo’lsa va yo’llar ochilsa shuf’a yo’qdir», dedilar. (Sihohi sitta sohiblari rivoyat qilishgan).
Qo’shni shaf’e bo’lishiga dalil.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qo’shni o’z qo’shnisining shuf’asiga haqlidir. Agar yo’llari bitta bo’lsa, u yo’q bo’lsa , kutib turadi», dedilar.
Shafiy’lik haqqi sobit bo’lishi, boshlarning miqdori qancha bo’lsa shunga qarab bo’ladi. Mulk miqdoriga qarab emas. Masalan, Zaydning hissasi yarim, Umarning hissasi uchdan bir va Bakrning hissasi oltidan bir bolib, Zayd o’zining hissasini sotsa qolgan ikkisi shaf’e bo’lib barobar taqsim qilib oladilar.
Shuf’a haqqi sotilgan sheriklik narsadagi sherikga, xususan suv va yo’lga oid kemalar yurmaydigan anhordan sug’orish (ma’lum odamlargina foydalanadigan) boshi berk ko’chadan foydalanish haqqiga ega bo’lgan sherikka, masalan, bir qavmning o’zlariga xos anhorlari bor. Ular o’z yerlarini o’sha anhordan sug’aradilar. O’sha qavmdan biri o’z yerini sotsa, uni qavmining har bir a’zosida shuf’a haqqi bo’ladi. Agar anhor umumiy bo’ladigan bo’lsa, unda faqat yerni sotgan kishining yon qo’shnisini haqqi boladi. Shuningdek xos yo’lni hukmi ham shunga o’xshashdir.
Agar bir eshikdan kirib-chiqadigan qo’shni bo’lsa «xaliyat» deb nomlanadi. Undan keyingi o’rinda eshigi alohida bo’lgan yon qo’shninig shuf’a haqqi bo’ladi.
Yon qo’shnining shuf’aga haqdor bo’lishiga sabab quydagi hadis dalil bo’ladi. Abu Rofe’ roriyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam ning: «Qo’shni yaqinligi sababidan haqliroqdir» – deyotganlarini eshitdim. (Muslimdan boshqa sihoh sohiblari rivoyat qilishgan)
Nasafiy keltirgan hadisning lafzida: «Bir odam kelib: «Ey Allohning rasuli , yerimda birovning sherikligi yo’q, taqsim qilish ham yo’q. Lekin qo’shnilik bor»,-dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam : «Qo’shni yaqinligi sababidan haqliroqdir»,- dedilar.
Ushbu hadisga binoan, hanafiy mazhabi ulamolari «Qo’shnining ham haqqi bor»,- deganlar.
Qo’shnining shafiy’lik sharti:
Qo’shnisining savdo qilgani haqidagi xabarni eshitishi bilan darxol sapchip turib haqqini talab qilish kerak. Bo’lmasa,unda shuf’a haqqi qolmaydi.
Yana bir sharti o’zining shuf’a haqqi bor narsaning sotilgani haqida xabarni eshitgani zahoti uni olmoqchi ekanini sotuvchi yoki xaridorni oldida guvohlarga izhor qilishi kerak. Masalan, shafiy’: «Men falon odamdan sotib olgan hovlidan men shafiy’lik talab qilaman. Uning hududi muncha va men o’sha mulkka shafiy’dirman. Tegishligim bor sababidan endi o’sha joyni menga topshirgin» – deydi.
Agar shu ikki narsadan birini kechga qoldirsa shuf’a haqqi botil bo’ladi.
Chunki, eshitib, xabardor bo’lganidan keyin ham indamay turish mazkur narsani olishga rag’bati yo’qligining alomatidir. Keyin da’vo qilsa, birovning talabi asosidami yoki boshqa sababga ko’ra harakatga tushgan bo’ladi.
Agar shafiy’ o’sha ikki shartni bajargandan keyin, uni shafiy’ ekanini inkor qilinsa, bu masalani qoziga olib chiqiladi. Buni «talabi xusumat» deyiladi.
So’ngra qozining huzurida talab qiladi. Bir oydan keyinga sursa, imom Muhammad rohimahullohning nazdida, shuf’asi botil bo’ladi. Shunga fatvo berilgan.
Qachon shuf’a talab qilinsa, qozi xusumatchi tarafidan so’raydi. Agar u shafi’ning mulkini iqror qilsa yoki shafi’ning mulki ekanini bilib, qasam ichishdan tutilib qolsa yohud shafiy’ hujjat keltirsa qozi xusumatchidan savdo haqida so’raydi Agar u iqror bo’lsa yoki qasamdan bosh tortsa yoki shafiy’ hujjat keltirsa, qozi uning shuf’aga haqqi borli haqida hukm chiqaradi.
Shu hukmdan so’ng shafiy’ga narxni hozir qilish lozim bo’ladi va hovli uniki bo’ladi.
Qozi to xaridor bo’lmaguncha sotuvchiga qarshi hujjatni eshitmaydi. Bas, sotuvchi hozir bo’lgandan keyin shuf’a va uhdani sotuvchi zimmasiga yuklab hukm chiqaradi. Shunda sotuvchi mulkni shafiy’ga topshiradi va mulkda kamchilik talofat yetgan bo’lsa uni ham to’laydi.
Shafey’ning ko’rish va ayb xiyoriga, agar xaridor aybsizligini shart qilib qo’ygan bo’lsa ham haqqi bor.
Xaridorning narx haqidagi so’zi maqbuldir. Ya’ni, xaridor talash bo’layotgan mulkni «falon narxga olgan edim» desayu, shafiy’ undan oz narxni aytsa, qozi haridorga qasam ichiradi va uni gapini qabul qiladi.
Shafiy’ning hujjati xaridorning hujjatidan ko’ra haqliroqdir
Agar qozini huzurida xaridor bir narxni, sotuvchi esa undan oz narxni aytsa, shafiy’ mulkini qo’lga olishidan oldin sotuvchining, keyin esa xaridorning gapini oladi.
Narxni ba’zisini tushurilganda yoki ziyoda qilinganda shafiy’ ikki narxdan ozini oladi.
Narxning hammasini tushirilganda hammasini oladi. Chunki hammasini tushurilishi hiyla hamda shafiy’ga hech narsa qoldirmaslik uchun qilingan bo’ladi. Buning jazosi o’laroq hammasini shafiy’ga beriladi.
Misliy narx ila sotilgan bo’lsa, shafiy’ unga o’xshashiga oladi. «Misliy narx» deganda kayli, vazniy va adadiy narsalarni narx qilib berishni tushuniladi.
Misliydan boshqa narxda sotilganda esa, narxning qiymatini oladi.
Ko’chmas mulkni ko’chmas mulkka sotilganda shafiy’ ularning har birini boshqasining qiymatiga oladi. Chunki, bu kabi savdoda ikki ko’chmas mulk bir-biriga narx bo’lgan.
Xaridor bino qurgan yoki daraxt ekkan bo’lsa, shafiy’ savdo qilingan narsaning narxini va bino hamda daraxtning yerdan ajragan holdagi qiymatini berib oladi yoki xaridordan mazkur ikki narsani ko’chirib olishni talab qiladi.
Shuf’a haqqi faqat savdo yoki evassiz hiba qilingandagina sobit bo’ladi.
Ostidagi yerni qo’shmay sotiladigan daraxt va mevada shuf’a yo’q. Xiyorli savdoda ham yo’q. Xiyorli savdoda xiyor soqit bo’lgandan keyin bo’ladi. Fosid savdoda ham yo’q. Fosid fasxi (buzish haqqi) soqit bo’lgandan keyin bo’ladi. Xiyor haqqi ila qaytarib berilgan narsada ham shuf’a yo’q. Lekin, ayb xiyori ila mahkamasiz qaytarib berilgan narsada shuf’a bor.
Sotgan yoki sottirgan yohud zomin bo’lgan odamga shuf’a haqqi yo’q. Xarid qilgan yoki xarid qildirgan odamga shuf’a haqqi bor.
Shuf’ani buzilish holatlari: Shuf’aga haqqi bor odam: «Agar menga falon so’m bersang, shufani talab qilmayman», deb sulh tuzgan bo’lsa sulh botil bo’ladi. Ayni paytda bu botil sulh uning shuf’a haqqini buzadi. Uni shafiy’ning o’limi ham buzadi. Lekin xaridorniki buzmaydi. Shafiy’ mahkamadan oldin shuf’a haqqi bor mulkni sotsa, savdo botil bo’ladi. Chunki, u qo’lida bo’lmagan molni sota olmasdi. Ayni paytda, u endi shuf’a haqqini ham talab qila olmaydi. Negaki, uning botil savdosi o’zining shuf’a haqqini ham botil qiladi.
Shafiy’ xaridorlardan birining hissasini oladi. Sotuvchilardan emas. Masalan, besh kishi o’zlariga sheriklik mulki bo’lgan hovlini sotdi. Ularning hovlisiga qo’shni bo’lgan odam shuf’a talab qildi. Uning beshdan birini olishga haqqi bor.
Agar Zaydning sotib olganiga taslim bo’lsa-yu, boshqasi olgani zohir bo’lsa, yoki ming tangaga savdo bo’lgani xabari kelsa-yu, undan oz bo’lib yoki misliy narsaga sotilgan bo’lib chiqsa, shuf’a haqqi soqit bo’lmaydi. Agar qiymatli narxga sotilgan bo’lib, uning qiymati ming tanga yoki undan ko’p bo’lsa, shuf”a haqqi qolmaydi.
Shuf’a sobit bo’maydigan o’rinlar:
Kishi ko’chmas mulk evaziga nikohlangan, ayol kishi unga ko’ra xulu qilingan, uning evaziga hovli yoki boshqa narsalar ijaraga olingan, hun sulhi tuzilgan, qul ozod qilingan, evazsiz xiba qilingan, xiyor shart bilan sotilgan (agar xiyor soqit bolsa, shuf’a bor), fosid savdo qilingan (fasx haqqi soqit bo’lsa shuf’a bor), ko’chmas mulklarda shuf’a yo’q. Va yana o’zaro sheriklar ko’chmas mulkni taqsimlab olishsa, shu qismat bilan bo’lgan sheriklar uchun shuf’a yo’q.
Xulosa shuki, har bir davlat o’zining xalqi orasida adolat, tinchlik, bir-biriga bo’lgan mehr-muhabbat, ijtimoiy-siyosiy rivojlanishga intiladi. Va yana tabaqalanishni yo’qotishni olg’a suradi. Bularning oldini olishlik islom shariatinig har bir masalalarida ko’rish mumkin. Birgina shuf’a masalasi insonni ezgulik, adolat, vatanparvarlik, va tenglikka olib boradi. Va yana urush-janjal, nizoga olib boradigan yo’llarni to’sibgina qolmay, tabaqalanishni ham oldini oladi. Qaysi ish bo’lmasin uning poydevori mustahkam bo’lsa, o’sha ish uzun umr ko’radi. Davlatning poydevori oila va mahalladan tashkil topadi. Bilinadiki,shuf’a masalasida ham birinchi bo’lib shafiy’likka ega, bir eshikdan kirib-chiqadigan kishilar undan keyin xos bir yo’ldan qatnaydigan kishilar deyildi. Shuf’ada qanchalik qo’shnichilikka e’tibor berilganini va unda har bir qo’shni shuf’aga teng sherik bo’ladi deyishlik, tabaqalanishni yo’q qilishga e’tibor qaratilganini ko’rasiz. Bugungi kunda jamiyat orasida bu masalalarga amal qilish juda kamayib ketganligi sabab qaridosh-urug’, mahala-ko’y va davlatlar o’rtasida juda ko’p nizo-janjallar ko’payib bormoqda. Shunday ekan, qaysiki jamiyat bu masalalarga to’liqligicha amal qiladigan bo’lsa, ana o’sha jamiyatda osoyishta va farovon hayot hukm suradi.
TII talabasi Abdurazzoqxojaev Mashrabjon
Foydalanilgan adabiyotlar
Ubaydulloh ibn Masudning Muxtasar ul viqoya kitobi
Burhoniddin mag’inoniyning Hidoya kitobi
Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning Kifoya kitobi 3-juz
Maqsudxo’ja ibn Mansurxo’janing Majma’ ul-maqsud 2- juz
Islom.uz