“Muxtasarul Viqoya” kitobi diyorimizda hanafiy mazhabi fiqhiga oid eng mashhur kitoblardan biri hisoblanadi. Bu kitobning asl nomi “Niqoya” bo‘lib, uni hijriy 745-sanada vafot etgan mashhur faqih Sadrush Shariy’a Ubaydulloh ibn Mas’ud Hanafiy yozgan. U bobosi Mahmud ibn Sadrush Shariy’aning “Viqoyatur rivoya fiy masoilil Hidoya” nomli kitobidagi eng asosiy hukmlarni keltirish ila qisqartirgan. “Muxtasarul Viqoya” asrlar davomida O’rta Osiyodagi madrasalarda darslik sifatida o’qitib kelinadi.
“Muxtasarul Viqoya” asarida ko’plab fiqhiy istilohlardan foydalanilgan. Fiqhiy istilohlarni bilish fiqh ilmini chuqur o’rganishda muhim ahamiyatga egadir. Qur’oni karim ilmlari, hadis, fiqhiy ilmlari kabilar sababli arab tilining mavqei oshdi. Qur’oni karim tili bo’lgani tufayli arab tili dunyo miqyosida keng yoyildi. Xususan, fiqh ilmining rivojida arab tilining ahamiyati katta bo’ldi.
“Bu borada fiqh ilmi va fuqaholar o’ziga yarasha xizmat qildilar. Ular oyati karima va hadisi shariflardan shar’iy ahkomlar chiqarishda arab tilining xususiyatlari va imkoniyatlarini keng tarzda ishga solar edilar. Boshqalar har bir matnning iborasidan ma’no chiqaradigan bo’lsa, faqihlar matnning iborasidan, ishorasidan, dalolatidan va taqozosidan ham ma’no chiqarar edilar… Natijada, o’ziga xos fiqhiy atamalar, so’zlar va istilohlar yuzaga keldi. Bular asta-sekin ko’payib bordi. Ularning ba’zilarini barcha fiqhiy mazhablar birdek ishlatsa, ba’zilarini har bir mazhab o’ziga xos ishlatadigan bo’ldi. Vaqt o’tishi bilan, fiqhiy lug’at kitoblariga ehtiyoj tug’ildi. Kitob yozish ishida hammadan peshqadam bo’lgan faqihlar bu ishni ham osonlik bilan yo’lga qo’ydilar. Har mazhabdan fiqh lug’ati bo’yicha kitob yozadigan ulamolar paydo bo’ldi. Ularning asarlari ulamolar, ilm toliblari va oddiy kishilarga ilmiy xizmat qila boshladi”.
“Muxtasarul Viqoya” asarida eng asosiy hukmlar berilgan. Bu kitob muxtasar o’rganish va yodlash uchun qisqa keltirilgan. Jaloliddin ad-Davvoniy bu kitobga yozgan sharhida asarga faqat fatvo berilgan hukmlargina keltirilganini aytganlar.
“Muxtasarul Viqoya” asarida namozga oid ba’zi fiqhiy atamalarning lug’aviy va istilohiy ma’nolarini tushunish fiqh ilmini mukammal bilishda muhim ahamiyatga egadir. Atamalarni tahlil qilishda Shayxul imom Najmiddin Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad Nasafiyning “Tilbatut tolaba fil istilahatil fiqhiyya”, Mahmud Abdurrohman Abdulmun’imning “Mu’jamul mustolahaati val alfaazil fiqhiyya” va Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Kifoya” kitobidan foydalanildi.
“Muxtasarul Viqoya” asarida namozga oid ba’zi fiqhiy atamalarning lug’aviy va istilohiy jihatdan tahlilini ko’rib chiqadigan bo’lsak, avvalo, “solat” (“الصلاة”) ya’ni “namoz” so’ziga etibor qaratamiz. Namoz lug’atda “yaxshilikka duo” ma’nosini anglatadi. Shariatda esa takbir ila boshlanib, salom berish ila tugaydigan, maxsus shartlari bor gaplar va ishlar namozdir. Namoz Isro kechasida farz bo’lgan. Besh vaqt namozning farzligi Qur’onda ham, Sunnatda ham, ijmoda ham qayta-qayta ta’kidlangan. Alloh taolo Niso surasi 103-oyatda: “Albatta namoz mo’minlarga vaqti tayin varz bo’lgandir”, degan.
Namoz bilan bog’liq ba’zi atamalarga e’tibor qaratilsa “Zavalush shams” (“الزوال الشمس”) quyoshning osmon o’rtasidan yoki markazidan og’ishi ma’nosini beradi. U esa soya qisqarishdan to’xtaganda bilinadi. Agar soya uzayishni boshlasa, quyosh zavolga ketgan bo’ladi. Va shunga ko’ra zavol soya uzayishiga sabab hisoblanadi.
“الشفق” (Shafaq) quyosh botgandan to xuftonning oxiriga qadar bo’lgan qizillikdir. Agar ketsa, shafaq ketdi, deyiladi. Ibn Batol aytadilar: U tun boshidagi quyosh nuridan qolgani va qizilligidir.
“وتر” (Vitr) so’zi “toq” degan ma’noni anglatadi. U juftning teskarisidir. Bundan tungi ma’lum namoz tushuniladi. “أوتر” deyilganda “vitr namozini o’qidi”, tushuniladi. Hanafiy mazhabiga ko’ra vitr namozini o’qish vojibdir.
“الاذان” (Azon) lug’atda “bildirish” degan ma’noni anglatadi. Shariatda esa farz namozning vaqtini maxsus qavl ila bildirishga aytiladi. Alloh taolo Juma surasi 9-oyatda: “Ey iymon keltirganlar! Juma kunidagi namozga chorlangan paytda Allohning zikriga shoshiling va savdoni qo’ying. Agar bilsangiz, ana shu o’zingiz uchun yaxshidir”, degan.
“الترجيع” (Tarji”) so’zi lug’atda “qaytarish” degan ma’noni anglatadi. Amalda esa azondagi “ashhadu”dan boshlanadigan jumlalarni avval o’zi eshitadigan darajada ichida aytib olib, keyin baland ovoz bilan aytishdir.
“التثويب” (Tasvib) azon bilan iqoma orasida iqoma aytish vaqti yaqinlashganini bildirib qo’yish. Bu ba’zi joylarda “As-solah!”, boshqa bir yerlarda “Qomat!” kabi iboralar bilan qilinadi.
“مِصر” (Misr) eng katta masjidiga o’zining aholisi sig’maydigan aholi yashaydigan joy. Ushbu ta’rif Saljiyga tegishli bo’lib, Abu Yusuf va Karxiy shunday deganlar: Barcha hukm chiqaradigan va hadni qoim qiladigan amir va qozisi bor joy.
“شرط” (Shart) so’zi lug’atda “alomat” degan ma’noni anglatadi. Shariatda bir narsaning vujudga kelishi unga bog’liq bo’lgan va o’zi o’sha narsadan tashqarida bo’lgan narsa “shart”dir. Misol uchun tahorat namozning shartlaridan biridir. Tahorat bo’lmasa, namoz vujudga kelmaydi. Ammo tahorat namozdan tashqarida qilinadi.
“قبلة” (Qibla) lug’atda “qarshida, ro’parada turgan narsa” degani.
Namozda Ka’bai Muazzama namozxonning yuzlanadigan tomonida bo’lgani uchun “qibla” deyiladi. Qiblaning Ka’ba tomon burilishi hijratning ikkinchi yili, rajab oyining yarmida bo’lgan. Kim Ka’bani ko’rib tursa, unga Ka’baning o’ziga yuzlanishi farz bo’ladi. Ka’bani ko’ra olmaydigan odam u tomonga yuzlansa kifoya qiladi. Namozxon badani va nazari bilan Ka’baga yuzlanadi. Ulamolar: “Ba’zi bir masjidlarning qiblasi 45 gradusgacha o’ng va chap tomonga burilgan bo’lsa, u masjidda namoz o’qish joiz. Lekin 45 gradus yoki undan ortiq bo’lsa, joiz emas. Chunki bunda namozxon qibla tarafdan boshqa tarafga yuzlanib qolgan bo’ladi”, deganlar.
“النية” (Niyat) so’zi “qasd qilish” degan ma’noni bildiradi. Shariatda qalbning Allohga qurbat hosil qilish uchun ibodatni ado etishga azm-u qaror qilishi niyatdir. Ibodatlar odatiy ishlardan niyat bilan farqlanadi. Nafl va sunnat namozlarga umuman namoz o’qishni niyat qilsa yetarli. Lekin, farz va vojib namozlarni qay birini o’qiyotganini tayin qilishi shart. Masalan “Asr namozini”, deydi. O’qilayotgan namozning rakatlari sonini aytish shart emas, chunki farz va vojib namozlarning qay biri necha rakatligi ma’lum. Va yana niyatni tili bilan aytsa yaxshi, aytmasa ham joiz hisoblanadi.
Xulosa o’rnida shuni aytish joizki, biz uchun fiqh ilmi qanchalik ahamiyatli bo’lsa, fiqh istilohi ilmi ham shunchalik zarurdir.
Toshkent islom instituti talabasi
Muhammadodilova Isloma Mashrabjon qizi