islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Muhammad Mubin qori “Mubinxon qori” degan nom bilan tanilganlar. O’z davrida Qur’on ilmini mukammal egallagan bo’lib, u kishi “Bulbul qori” laqabini olganlar.

Nasabi:

Otalari: Muhammad Amin domla bo’lib, u kishi “Aminjon mahdum domla” degan nom bilan mashhur bo’lgan. Aminjon mahdum Andijon shahrining Izboskan tumanida yashab o’tgan Habibulloh qorining o’g’li. Onasi Zulayxo xonimni “Achaxon oyim” deb ham atashgan. U Andijonning eng peshqadamlaridan Abdussame’ xalfa domlaning qizi bo’lgan.

Tavalludi:

Muhammad Mubin qori dada 1914-yil 11-yanvar kuni (hijriy 1332-yil 14-safar) Andijon shahri, Chuqur Masjid mahallasida ilmli va taqvodor oilada tavallud topganlar. Aminjon mahdum domlaning 6 nafar farzandi bo’lib, Muhammad Mubin ularning to’ng’ichi edi. Bo’lajak Quron xodimi Muhammad Mubin qorining go’daklik chog’larida Aminjon mahdum domla oilasi bilan To’qmoq mahallasiga ko’chib o’tadi. U yerda yashab yurgan kezlari Ors qishlog’idagi katta jome’ masjidda bir muddat imom xatiblik vazifasini o’taydi. Masjidning boloxonali darsxonalari bo’lib, domlaning o’zlari bu joyda shar’iy ilmlardan dars ham beradilar. Quron ta’limini esa To’qmoqlik Nabijon qori aka olib boradilar. Aminjon mahdum domla bo’lajak Quron xodimi Muhammad Mubin qorini ikki yoshidan boshlab ko’zi o’rganib, qulog’i “pishib tursin” degan maqsadda darsxonaga o’zi bilan olib borar edi. Dastlabki ilmni otasidan olgan Muhammad Mubin qori Nabijon qori aka qo’lida Quron yodlashga kirishadi. “Xamirturush”i Quron ilmi bilan qorilgan yosh talaba Allohning kalomini 9 yoshida taroveh namozida xatm qilib beradi. Yana ikki yillik takror bilan Quron hifzini takomillashtirish natijasida u katta jamoatlarda ham xatmga o’ta boshlaydi. Hatto ba’zi katta jamoatlar o’zlarining “jajji imom”ini bo’ylariga tenglash maqsadida oyog’i ostiga sandal qo’yib berishar edi. Bolaning bu darajaga yetishida odatdagidek, otaning mehnati va himmati katta asos bo’lgan, desak xato qilmagan bo’lamiz. Aminjon mahdum domlaning farzandining ilk qadamlarini Quron va ilm dargohida bosishini ta’minlashi hamda: “O’g’lim hofizi Quron bo’lgunicha biror kun biror joyda yotib qolmaganman, doimo u bilan birga yotib, birga turganman”, degan gaplari so’zimizning yaqqol dalilidir. Muhammad Mubin qori dada 12-14 yoshlar orasida bosh og’rig’i kasali bilan qattiq betob bo’ladilar. U kishining burunlaridan ketayotgan qonni ko’rgan Achaxon oyim bir kuni onalarcha jonkuyarlik bilan Aminjon mahdum domlaga: “Bolani o’qitaverib, o’qitaverib, oxiri kasal qildingiz” deb yuboradi. Quronga bo’lgan e’tiqodi junbushga kelgan Aminjon mahdum domla shiddat bilan: “Quron o’qigan kasal bo’lmaydi, bo’lmaydi, bo’lmaydi” deya o’z qat’iyatini izhor qiladi.

So’ng Alloh taolo shifo berib, Muhammad Mubin qori dada sog’ayib ketadilar va barkamol inson bo’lib yetishadilar.

Oilaviy hayoti: 

Muhammad Mubin qori dada 18 yoshda uylanadilar. Kelin Mohro’yaxon Xoliqberdi domlaning qizi edi. U taqvoli, iffatli, bilimdon, xushxulq inson bo’lgan. U Quron xodimining xizmati uchun yaralgan, shu vazifa uchun tarbiyalangandek edi, go’yo. Keling, buning sirini oilaga “ahli bayt”dek xizmat qilgan Muhammad Mubin qori dadaning yaqin shogirdlaridan biri, andijonlik marhum Odilxon eshondan eshitaylik: Andijon shahri markazida joylashgan mashhur Jome’ madrasasining bosh mudarrisi Xoliqberdi (Abdulxoliq ham deb atashgan) mahdum ismli ulug alloma bo’lgan. Ilmi, ibodati, taqvosi va fazli ulugligidan u kishini “Hazrat domla” deb atashar edi. Yoshlari to’qsonga borganda ayollari qarib qolib, u kishiga parvo qilolmay qolgan ekan. Muxlislari domlaga yana bir ayolga uylanishlarini maslahat berishadi. Shundan so’ng Xoliqberdi mahdum domla bor davlatini farzandlariga taqsimlab berib, o’zlari yashayotgan hovlida uylanadilar. Yoshi chamasi 35 yoshlardagi Qatorteraklik kelin – Saidaxon chiroyli bir juvon bo’lib, xo’jazoda ekan. Ular uch yilga yaqin birga yashab, qiz farzand ko’radilar. Bu ayol Hazrat domlaning izzatini nihoyatda joyiga qo’yib, parvona bo’lib xizmat qilgan, duosini olgan ekan. Saidaxon ba’zi kundoshlik sababli yetadigan aziyatlarga ham sabr qilib yashagan ekan. Hazrat domla vafotlaridan oldin Saidaxon oyimga: “Qizim Mohro’yaxon voyaga yetsa, uni Hofizi Quronga uzatasiz”, deb vasiyat qiladilar. Bu qizga otasidan juda ko’p davlat meros bo’lib qoladi. Keyinchalik, Mohro’yaxon ulg’ayganida onasi surishtirib, axtarib, Mubin qori dadani topib, o’zi xaridor bo’lib, qizlarini u kishiga uzatadilar. Ular kelin kuyovga bitta aravada sarpo qilib keladilar. Qori dadamning ayollari juda odobli, bilimli, hayoli ayol edi. U ayolni hamma hurmat qilib, “Katta aya” deb chaqirar edi”.

Muhammad Mubin qori dada bilan Mohro’yaxon oyim juda chiroyli turmush qurdilar. Dastlab korgan farzandlari Ubaydulloh, Pirzodaxon va Oyazimxonlar go’daklik chog’larida vafot etdilar. Keyinchalik Alloh taolo ularga salohiyatli farzandlar berdi. Shahzodaxon, Sharifaxon Muhammadiy qori, Rahmatulloh qori, Shohidaxon, Mohzodaxonlarning barchalari Islom va Quron yo’lida o’zlariga xos xizmat qilganlar. Hozirda bu farzandlarning uch nafari vafot etgan. Alloh rahmat qilsin!

Muhammad Mubin qori dada yoshlari ulg’ayib qolgan ota-onasining xizmatini ado etish, oilani halol rizq bilan ta’minlash maqsadida mahsido’zlik, teri oshlash kabi yumushlar bilan shug’ullanganlar. Terini bo’yoq berib, ayvon, so’ri kabi ochiq joylarda quritishar, uning tayyor bo’lishiga bir necha kun ketar ekan. Agar shu muddat orasida shamol turib yoki bir sabab bilan teriga zarar yetsa, ish keyingi yakshanbaga qolib ketar ekan. Bir safar mana shu hol ketma-ket ro’y beribdi. Natijada bir necha “yakshanba” boy berilibdi. Tirikchilikning asosiy manbai bo’lib turgan sababning uzilib qolganidan, necha kunlik mehnatining qayta -qayta zoe bo’lganidan xafa bo’lgan qori dada bir kun shunday lutf bilan xitob qilgan ekan:

Davomi bor…

Toshkent islom instituti talabasi Abdipattayev Muhammadamin

364490cookie-checkQurʼon xodimi | 1-qism
1 та фикр мавжуд

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: