Hofiz ul-kabir Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurrahmon ibn Fazl ibn Bahrom ibn Abdussamad Tamimiy Samarqandiy ad-Dorimiy 182-hijriy sanada Samarqand shahrida dunyoga keldilar. U zotning bobolari asli arab boʻlib, fath sababli Xurosonga ko’chib kelgan va shu yerni vatan qilib qolganlar.
Muhammad ibn Ibrohim ibn Mansur Sheroziy aytadilar: ” Imom Dorimiy aqlda, fahmda, fazlda, dinda yetuk edilar. U zotning yodlash vohalari, halimliklari, bosiqliklari, tirishqoqliklari, dunyoda zohidliklari, ibodatlari zarbulmasal qilingandir”.
Zohirul Xatib Samarqandiy aytadilar: “Men Ahmad ibn Hanbalning huzurlarida bo’lganimda u kishiga Imom Dorimiyni zikr qilindi. Shunda u zot: “Imom Dorimiy sayyidlardan edilar. Kufr keltir, deyilganda ham, dunyo va boyliklar taklif qilinganda ham qabul qilmaganlar” , – deb aytadilar.
Shurayh ibn Yunus Bog’dodiydan: “Ey ahli Xuroson, agar oralaringizda Abdulloh ibn Abdurrahmon Dorimiy bo’lsalar sizlarga qanday ham yaxshi, deganlarini eshitdim”. Muhammad ibn Abdulloh ibn Mubarrad Mahramiy aytadilar: “Ey ahli Xuroson, modomiki, oralaringizda Abdulloh Dorimiy bor ekanlar, boshqa kishi bilan mashg’ul bo’lmanglar”. Bandor aytadilar: “Dunyo huffozlari to’rttadir: Muhammad ibn Ismoil Buxoriy, Muslim ibn Xajjoj Nisoburiy, Abdulloh ibn Abdurrahmon Dorimiy va Abu Zar’ata ar-Roziy.
Imom Dorimiy bir qancha ilmiy ishlarni Samarqandda boshladilar. Xurosondagi ulamolar huzurida ham bo’ldilar. Bundan tashqari Iroq, Shom, Misr, Makka, Madina diyorlarida bo’lib, u yerlik ulamolardan ham foydalandilar. Hadis ilmidagi qilgan asosiy harakatlari esa Samarqandda zohir bo’ldi.
Imom Dorimiyning eng mashhur kitoblari “Sunani Dorimiy” bo’lib, bu kitob mo’tabar olti kitobning biridir, deyilgan. Ulamolar “Sahih” kitob egalari, deb beshta imomga ittifoq qildilar. Bular Buxoriy, Muslim, Termiziy, Abu Dovud, Nasaiylardir. Lekin oltinchisida ixtiloflar bor. Ba’zilar “Sunani ibn Moja” va yana ba’zilar “Muvatto’i Molik” deyishsa, boshqalari “Sunani Dorimiy” deyishadi.
“Sunani Dorimiy” oltinchi kitoblikka haqli ekaniga dalil shuki, u isnodda zaif kishilarning ozligi, jumhur ulamolardan ajramaganligi, inkor etilgan gaplarning topilmasligi jihatidan ajralib turadi.
Imom Dorimiy hadis ilmi bilan chegaralanib qolganlari yo’q, balki tafsir, fiqh kabi ilmlarda ham yetuk olimlardan edilar. Qur’oni Karimning ba’zi juzlariga tafsir yozganlar, lekin tafsirlari bizgacha yetib kelmagan. Imom Dorimiyning “Sunan” kitoblaridagi hadislarning ko’p qism, fiqhga oid ekanligi ma’lum boldi. Bu kitob boshqalardan ajralmaganligi, noaniq so’zlar topilmasligi bilan mashhurdir. Bu kitobning ismi to’g’risida ulamolar orasida biroz ixtiloflar bo’lgan. Imom Zahabiy, Ibn Saloh, Mulla Ali Qori kabi ulug’ zotlar “Musnad” deb, Alouddin Mag’latoydek zotlar esa “Sahih” ham deb nom berishdi. Lekin Imom ibn Hajar, Suyutiy ta’kidlaganidek, bu kitob kishilar orasida “Sunan” deb nomlangan. Imom Dorimiyning ushbu “Sunan” kitoblari 3465 ta hadisni o’z ichiga olgandir.
Imom Dorimiyning ustozlari ko’p. Shulardan Abu Musahhar Damashqiy, Marvon ibn Muhammad, Abulvahhob ibn Said, Nazr ibn Shumayyil, Yazid ibn Horun, Said ibn Omir Zab’iy, Ja’far ibn Avn, Zayd ibn Yahyo ibn Abiyd Damashqiy, Vahb ibn Harir, Xolid ibn Muhammad, Habbon ibn Halol, Ashhol ibn Hotam Jumahiy, Zahhok ibn Muhammadlardir. U zotning shogirdalari va u zotdan rivoyat qilgan imomlar: Imom Buxoriy(“Sahih”laridan boshqa kitoblarida rivoyat qildilar), Imom Muslim, Imom at-Termiziy, Imom Nasoiy, Abu Dovud, Hasan ibn Sabboh, Abu Zar’ata Damashqiy, Umar ibn Muhammad, Bujayriy, Ja’far ibn Muhammad Farobiy, Abdulloh ibn Ahmad ibn Hanbal va boshqalardir. Imom Dorimiy Marv shahrida 255-hijriy sana, Zulhijja oyining sakkizinchi kuni vafot etdilar. Arafa – Juma kuni dafn etildilar.
Toshkent islom instituti
302-guruh talabasi
Axmadillo G’ofurjonov