islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Imom at – Termiziyning “Al – jome” asari

Imom Termiziy (to’liq ismlari Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn az-Zahhoq Abu Iso as-Sullamiy az-Zariyr al-Bug`iy at-Termiziy)[1] 209/824 yili Termiz yaqinidagi Bug` (hozirgi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududida joylashgan) qishlog`ida o‘rta hol bir oilada tavallud topgan. At-Termiziy nomi bilan mashhur bo‘lishiga sabab uning butun hayoti va faoliyati (yoshligidan boshlab) Termiz shahri bilan chambarchas bog`liq bo‘lgan.

At-Termiziy yoshligidan g`oyatda tirishqoq, idroki va zakovatli bo‘lib, bu fazilatlari bilan o‘z tengdoshlaridan batamom ajralib turgan. Uning yoshlik chog`laridan ilmga o‘ta qiziqish va ishtiyoqi o‘sha davrning qo‘pgina ilmlarini, ayniqsa, hadis ilmini chuqur egallashida baralla namoyon bo‘ldi. Diniy va dunyoviy fanlarni, ayniqsa hadis ilmini alohida qiziqish bilan o’rgangan bu boradagi ilmlarini yanada oshirish uchun ko’pgina Sharq mamlakatlariga borgan.

Shu bilan birga, at-Termiziy o‘zi yoshlikdan qiziqqan Payg`ambarimiz Muhammad alayhisalomning hadislarini to‘plashga alohida e‘tibor bilan qaraydi, bu borada har qanday qiyinchiliklarga bardosh beradi. U o‘zi o‘qigan yoki birorta roviydan eshitgan hadisni alohida qog`ozlarga qayd qilib, ularning asli va isnodini izchillik bilan aniqlagach va qayta-qayta tekshirib, to‘g`riligiga to‘liq ishonch hosil qilgach, ularni alohida, alohida maxsus qog`ozlarga qayd qilib borgan. Turli roviylardan eshitgan hadislarining to‘g`riligiga shubha va ikkilanish bo‘lganda, ularni ham ajratib, alohida, batartib yozib borgan. Shu tariqa, hadislarning to‘g`riligi, isnodi tadqiq qilinganligi yoki shubhalilari turli tabaqalarga bo‘linib, ular sahih (to‘g`ri, ishonchli), hasan (yaxshi, ma‘qul), zaif (bo‘sh, ishonchsiz), g`ariyb (g`alati) kabi xillarga ajratilgan. At-Termiziy o‘z asarlarida keltirilgan hadislarni ushbu tabaqalar asosida ko`rsatib o‘tgan[2].

Hadis ilmini egallashda va takomillashtirishda Imom at-Termiziy o‘z davrining ko‘pgina mashhur muhaddislari, jumladan, Imom al-Buxoriy, Imom Muslim-ibn al-Hajjoj, Abu Dovud, Qutayba ibn Sa‘id, Ishoq ibn Muso, Mahmud ibn G`iylon, Said ibn Abdurrahmon, Muhammad ibn Bashshor, Ali ibn Hajar al-Marvaziy, Ahmad ibn Muniy, Muhammad ibn al-Musanno, Sufyon ibn Vaqiylardan tahsil olgan[3].

 Hijriy uchinchi asr (milodiy to‘qqizinchi asr) hadis ilmining rivojida oltin davr hisoblanadi. Dastlab bu davrda yashab ijod qilgan Imom al-Buxoriy, Imom Muslim kabi allomalarning sermahsul faoliyati katta ahamiyat kasb etadi. Mana shu davrdan boshlab Payg`ambar (s.a.v.) sunnatlari rivojlanib, bu holat hadis ilmi taraqqiyotida katta rol o‘ynaydi. Mana shu paytdan etiboran Payg`ambarimiz Muhammad alayhisalom hadisi shariflari birvarakayiga to‘planib qolmasdan, balki ular saralanib, toifalarga bo‘lina boshladi. Ular sahih (to‘g`ri, ishonchli), hasan (yaxshi, ma‘qul) zaif (bo‘sh) kabi guruhlarga bo‘linib, chuqur tadqiq qilingan holda ilmiy tarzda tartibga solindi. Imom at-Termiziy o‘z ustozlari Imom al-Buxoriy, Imom Muslim asos solgan xayrli ishni chuqur mas‘uliyat va katta ixlos bilan davom ettirib, hadisshunoslikning ilmiy asosda rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shdi, musulmon dunyosidagi eng nufuzli muhaddislardan biri darajasiga ko‘tarildi.

At-Termiziy o‘z ilmiy-ijodiy faoliyati davomida o‘ndan ortiq asarlar yaratdi. Uning ilmiy-ma‘naviy merosida, shubhasiz. «Al-Jome» asari katta ahamiyatga egadir. Bu asar «Al-Jome as-sahih» («Ishonchli to‘plam»). «Al-Jome al-kabir» («Katta to‘plam»), «Sahih at-Termiziy», «Sunan at-Termiziy» («Termiziy sunnat-lari»)[4] nomlari bilan ham yuritiladi.

Imom at-Termiziyning ilmiy-ma‘naviy merosida salmoqli o‘rin tutuvchi «Al-Jome as-sahih» («Ishonchli to‘plam») nomli asari olti sahih hadis to‘plamlaridan biri bo‘lib, u yuqorida qayd etilganidek, «Al-Jome al-kabir», «Sahih at-Termiziy» «Sunan at-Termiziy» kabi nomlar bilan ham yuritiladi. Tarixchi Ibn Hajar al-Asqaloniyning yozishicha, at-Termiziy ushbu asarini 270/884 yilda, ya‘ni qariyb oltmish yoshlarida, ilm-fanda katta tajriba orttirib, imomlik darajasiga erishgandan keyin yozib tugatgan. «Al-Jome al-kabir» ning qo‘lyozmalari dunyoning bir qancha shaharlarida mavjud bo‘lib, jumladan, Toshkentda, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ham saqlanmoqda.

Abu Iso at-Termiziyning shoh asari bo‘lmish «Al-Jome as-sahih» hadis ilmida katta ahamiyatga ega muhim manbalardan hisoblanadi. Eng avvalo shuni aytish kerakki, muallif o‘z asarini alohida-alohida boblarga bo‘lib, imkoni boricha, har bir hadis roviylarini keltirib, har bir hadisdan keyin uning ishonchli yoki ishonchsizlik darajasini aniqlab, alohida ko‘rsatadi. Imom Termiziyning ushbu asari «As-Sunan» («Sunnatlar») nomi bilan («Sunan at-Termiziy») kabi nomlar bilan ham ataladi. Bunday nom bilan atalishining sabablaridan biri unda fiqh masalasiga doir ahkom hadislar juda ko‘p keltirilganligidir. Shu bilan birga, asarda pand-nasihat, axloq-odob, go‘zal xulqu fazilatlar xususida ham juda ko‘p hadisi shariflar keltirilganki, bu darajadagi hadislar hech bir muallif asarida uchratilmaydi, desak mubolag`a bo‘lmasa kerak. Tarkibiy jihatdan asar quyidagi boblarga bo‘linadi: tahorat, salot (namoz), zakot, ro‘za, haj, janoza, nikoh, emizish, taloq, savdo-sotiq, qozilik ahkomlari, tovon to‘lash, me‘yor, sayd, qurbonlik, nazr-nuzur, iymon, siyratlar, jihod, kiyim-kechak (libos), taomlar, ichimliklar (alashriba), xayr-ehson va saxovat, tabobat, farzlar, vasiyatnomalar, xayrixoxlik va taqdir, xuruju fitnalar, bashoratlar, shahodatlar, zohidlar, jannat sifatlari, jahannam sifatlari, ilm, izn so‘rash va odob masalalari, Qur‘on fazilatlari, qiroat, tafsir, duolar, manoqiblar (fazilatlar), illatlar[5].

Boblar asarda sarlavha tarzida, bo‘limlarga bo‘lingan holda tuzilgan bo‘lib, muayyan bobga doir keltirilgan hadislar ushbu bo‘lim mazmunini to‘la-to‘kis ifodalaydi. Ushbu bobga doir masala bo‘yicha muallif bir, ko‘pincha esa, bir qancha hadislarni keltiradi, so‘ng bu masala yuzasidan boshqa ulamoyu faqihlarning fikrlarini ham batartib keltiradi. Undan keyin, rivoyat qilingan. hadisning sahih, hasan, zaif yoki g`aribligi darajasiga o‘z munosabatini bildiradi. Shundan so‘ng, hadisning roviylari, sanadlari va sanad o‘z ichiga olgan illatlari xususida ham o‘z fikrini bayon qiladi. Shuningdek, mazkur hadisning boshqa yo‘llar bilan qilingan rivoyatlari, shu masala xususida boshqa munosib hadis bo‘lsa, ular haqida ham zikr etib o‘tadi.

Xulosa sifatida shuni aytishimiz mumkinki, imom at – Termiziy hadis ilmida imom Buxoriydan keyingi ulug’ allomalarimizdan biridir. Imom at-Termiziyning “Al – Jome” asari hadis ilmining nodir qo’llanmalaridan biri hisoblanadi. Imom at-Termiziy asarining o’ziga xos jihati – asarda muallif o‘z maqsadini – bu roviylar haqidami, hadislarning darajasi xususidami, hadislardagi illatlarni bayon qilishdami, fiqhiy boblardagi ma‘nolardami – bildirishda ochiq-oydin va tushunarli holda ifoda qiladi. Ya’ni ushbu asar oddiy xalq tilida tushunarli tilda yozilganligi bilan nihoyatda qimmatlidir. Shu bilan bir qatorda olim o‘z kitobida faqat eng to‘g`ri (asahhu) hadislar bilan chegaralanib qolmaydi. U sahih va eng to‘g`ri (asahhu), hasan, zaif, solim (sog`lom), illatli hadislarni ham zikr qiladi.

Toshkent islom instituti

matbuot xizmati xodimasi

Eshonqulova Hurriyat Suvonqul qizi

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. “O’rta Osiyo allomalarining ilmiy merosi” uslubiy qo’llanma. N.A.Jumayeva. Buxoro., “Durdona” nashriyoti, 2013 – yil.
  2. https://shosh.uz
  3. https://uzhurriyat.uz

371373cookie-checkImom at – Termiziyning “Al – jome” asari
1 та фикр мавжуд
  1. Xalilulloh

    1.Maqolada imloviy xatolar ko’p.
    2. Olim, hayoti va asari borasida jiddiy ilmiy xatoga yo’l qo’yilgan.
    3. Maqolani yozishdan oldin soha mutaxassisiga ko’rsatish maqsadga muvofiq.
    4. Foydalanilgan manbalarga qaraganda deyarli ko’chirma bo’lib qolgan.

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: