Alloh taolo Qur’oni karimni insonlar hidoyat topishi uchun tushirdi. Payg’ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamni esa bu Kitobni bayon qilib tushuntirib berishi uchun jo’natdi. Salafi solih sahobalar Qur’onga qattiq ehtimom bilan e‘tibor berardilar. So’zimizning dalili sifatida Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning quyidagi so’zlarini keltiramiz: “O’zidan boshqa iloh yo’q bo’lgan zotga qasamki, Alloh taolo Kitobidan qaysi bir oyat tushgan bo’lsa, men uni kim haqida nozil bo’lgan, qayerda nozil bo’lgan, bilaman. Agar biror kishining Allohning kitobini mendan ko’ra ko’proq bilganini eshitsam, albatta, uni oldiga borardim, – deganlar.
Darhaqiqat, Qur’on ilmini bilish biz uchun to’g’ri yo’lni ochib beruvchi yagona vositadir. Bu ummat ulamolari Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan keyin Qur’oni karimni tushunish va tadabbur qilish uchun sahobalar roziyallohu anhumlar davridan boshlab bugungi kungacha jidd-u jahd qilib kelmoqdalar. Ushbu tafsir kitoblarida usulut tafsir borasida sahobalar va tobeinlar roziyallohu anhumlarning gaplari yoki oyatlarni zohiridan hukm chiqarib mutashobihatlarga ergashib ketganlarga raddiyalarini uchratmaymiz.
Ulardan keyin ulamolarimiz bu sohada haq va to’g’ri yo’lni bayon qiladigan, botilga raddiya beradigan fan ishlab chiqdilar. Bu sohada bor kuchlari bilan keyingi musulmon ahli uchun hidoyat mayog’i bo’lsin deb kitoblar ta’lif qildilar. Ular sof Qur’on manbaalarini istefoda qilishda insonlarga tashqi va ichki to’siqlarni ko’rsalar, bu mone’larni uzoqlashtirdilar. Ular har bir zamonda Qur’oni karimni ummat uchun barakali va davomli bo’lishiga xizmat qildilar.
Mana shunday barakali jidd-u jahdlardan biri Hind diyorining shayxi U zot shavvol oyining o‘n to‘rtinchi chorshanba kunida Hindistonning poytaxti bo‘lgan Dehliy shahridan 150 chaqirimda joylashgan Yupi shtatining Muzaffarnagar qishlog‘ida tavallud topdilar.
Kunyalari Abu Abdulaziz, laqablari Qutbiddin bo‘lib, ismi shariflari Valiyyulloh Qutbiddin Ahmaddir. Atrofga maʼlum mashhur bo‘lgan ismlari Shoh Valiyyulloh Dehlaviydir. Otalarining ismi Shayx Abulfayz Abdurrohim ibn Vajihuddindir. U zot nasab jihatdan ota tomondan Hazrat Umar roziyallohu anhuga borib yetadilar, shuning uchun yana u zotga foruqiy deb ham nisbat berilgan. Ona tomondan esa buyuk imom Muso Kozim rahmatullohi alayhiga boradilar[1].
U zot otalari Abdurrohimning eng suyukli farzanlaridan bo‘lib, yoshlik chog‘idayoq o‘tkir zehn, go‘zal odob-axloq, behuda narsalarga ko‘ngil qo‘ymagan va sofdilliklari bilan boshqa farzanlaridan ajrab turardilar. Otalari u zotning taʼlim-tarbiyalariga yoshliklaridan boshlab juda qattiq eʼtibor berganlar. Besh yoshga yetganlarida maxsus madrasaga berdilar va yetti yoshda Qurʼoni karimni to‘liq yod oldilar. So‘ng boshlang‘ich madrasada arab va o‘sha davrning asosiy va rasmiy tili bo‘lgan fors tilini mukammal o‘rgandilar. O‘n yoshga yetganlarida “Kofiya”ning sharhi «Sharhi Mulla Jomiy»dan dars ola boshladilar, shuningdek, otalari ham yetuk imomlardan bo‘lgani bois, otalarida «Mishkotul Masobih», «Sahihul Buxoriy», «Shamoil Termiziy», “Bayzoviy”[2] va «Madorik Tanzil» (Tafsiri Nasafiy) kabi kitoblarning bir chetdan o‘qiy boshladilar. Shuningdek, fiqh fanidan «Sharhi Viqoya» va “Hidoya” asari, usulul fiqhdan “Husomiy”[3] va «Tavzih va Talvih» asari, kalom ilmidan «Sharh Aqoid» kabi asarlardan ham taʼlim ola boshladilar.
U zot hayotlarini Qur’on va sunnatga yangilik kiritgan musulmonlarga raddiya berish bilan o’tkazdilar. Bu yo’lda barcha ilm va harakatlarini sarfladilar. Ko’plab foydali kitoblar ta’lif qildilar. Usulut tafsir borasida yozilgan mo’jaz kitobi “Al-Favzul kabir fi usulit tafsir” deb nomlanadi. Ushbu kitobni ilm tolibi kasal qalbi bilan o’rganishni boshlasa, unga Qur’on tafsiri ilmi eshigini ochiladi. Qur’on uslubiga munosib bo’lmagan tafsirlarga sabab bo’layotgan ko’p mushkilotlar yechiladi. Bu kitobdan Hindiston yarimorolidagi universitet va madrasalarda darslik sifatida foydalanishgan. Biz keyingi maqolalarimizda so’z yuritadigan mavzuimiz ham aynan “Al-Favzul kabir fi usulit tafsir” asaridir. Shoh Valiyulloh Dehlaviy hazratlari hayotlari davomida ummat uchun juda ko’p kitoblar sadaqai joriya qilganlar. Islom ummati uchun tengsiz xizmatlari bilan ajralib turadilar. Bizga esa ularning ilmiy meroslarini o’rganib, buyuk zotlarning yo’llarini davom ettirishimiz kerak bo’ladi.
Toshkent islom instituti
403-guruh talabasi
Muhammadodilova Sahoba