islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Payg‘ambarimizning ko‘rinishlari qanday edi?

Payg’ambarimiz alayhissalomning rang ro’ylari benihoya chiroyli, gavda tuzilishi va a’zolarining mutanosibligi rivoyatlarda bunday tasvirlanadi: Payg’ambar alayhissalomning yuzlari oppoq, nuroniy, ko’zlari katta, qorachig’lari timqora, oqi qizg’ishga moyil, kipriklari quyuq, qoshlari uzun, ingichka, qirra burunlarining uchi xiyol egilgan, tishlari guruch donasidek oppoq, orasi ochiqroq, peshonalari keng, yuzlari dumaloq, soqollari quyuq, ko’kraklari keng, gavdali, bilaklari uzun, kaftlari, oyoqlarining tovoni keng, o’rta bo’y, miqtidan kelgan, jundor odam edilar; ko’kraklarida pastga qarab o’sgan mayin yollari bor edi, kulganlarida tishlari xuddi marvarid donalaridek yarqirab ketardi, gapirganlarida shu’lalanib, og’izlaridan nur taralayotgandek bo’lardi, bo’yinlari ham gavdalariga g’oyat mos edi.

Baro ibn Ozib: “Umrimda qora sochlari quloqlarini bosib tushgan, qizil to’nli payg’ambar alayhissalomdan kelishganroq odamni ko’rgan emasman”, deydi. Abu Hurayra: “Men rasulullohdan ko’ra chiroyli odamni ko’rmaganman. Quyosh xuddi u kishining yuzidan balqigandek tuyulardi, kulganida yuzidan nur yog’ilib, shu’lasi devorlarga tushardi”, deb eslaydi. Ibn Abu Holaning hadisida: “Payg’ambar alayhissalomning yuzi xuddi o’n to’rt kunlik oydek nurlanib turardi”, deyilgan. Hazrati Ali rasululloh haqida gapirib: “Payg’ambar alayhis-salom dastlab ko’rgan odamga vajohatli tuyulardi, yaqindan bilgandan keyin esa eng suyukli kishisiga aylanib qolardi. Men rasulullohdek odamni avval ham, keyin ham ko’rmadim”, deydi.

Payg’ambar alayhissalom tozalikda, xushbo’ylikda, ifloslik va najosatdan yiroqlikda alohida xususiyatlarga ega edilarki, bunday fazilatlar u zoti muborakdan boshqa kishida topilmasdi. Alloh taolo rasulullohni shariatining pokizaligi bilan yanada yuksak kamolotga erishtirdi. Payg’ambar alayhissalom: “Islom dini pokizalik asosiga qurilgan”, deya marhamat qilganlar. Anas: “Payg’ambar alayhissalomdagi xushbo’y hid men hidlab ko’rgan anbarlarning, iforning va boshqa mushku anbarlarning atiridan yoqimliroq edi”, degan. Jobir esa “Payg’ambar alayhissalom yuzimni silab qo’ygan edi, u kishining qo’lidan xuddi attor (atir sotuvchi)ning qutisidan taralgandek dimog’imga gup etib xushbo’y is urildi”, deydi. Ko’plarning ta’kidlashicha, sarvari olam xushbo’y narsalarni iste’mol qilsalar ham, qilmasalar ham u kishi bilan ko’rishgan odamning qo’lidan kechgacha yoqimli hid kelib turarkan. Agar rasululloh, biron bolaning boshini silab qo’ysalar, kechgacha o’rtoqlari uning yonidan ketolmay qolisharkan. Imom Buxoriy katta tarixida Jobirdan rivoyat qilishicha, mushk-anbar ufurib turgan ko’chadan yurgan odam bu yerdan shubhasiz rasululloh o’tganlarini bilar ekan.

Payg’ambar alayhissalom aqlda komilliklari, zehnlari o’tkirligi, hissiyotlarining kuchliligi, tillarining biyronligi, harakatlarining chaqqonligi, axloqlarining go’zalligiga qaraganda u zoti muborakni hech shubhasiz eng aqlli va eng xushyor inson deb e’tirof etish kerak. Sarvari olam ilgari o’qib, xat-savod chiqarmagan, maxsus saboq olmagan, dunyoviy va diniy kitoblarni ko’rmagan, bo’lishlariga qaramay odamlarga juda ko’p ilmlarni o’rgatdilar, shariatni barpo etdilar, odamlarning shaxsiy va jamoat ishlarini boshqarishlari, xalqqa qo’llagan siyosatlari, betakror xulq-atvorlari va ajoyib turmush tarzlari u kishi aql-zakovatda komil, idroklari teran zot ekanliklarini isbotlab turibdi. Payg’ambar alayhissalom namoz o’qiyotganlarida orqadagi narsalarni ham xuddi oldilaridagidek aniq-tiniq ko’rardilar. Alloh taoloning Shuaro surasidagi: “Alloh namozga turgan paytingizdagi harakatlaringizni ham ko’rib turadi”, degan 219-oyati bevosita yuqoridagi fikrlarning tasdig’idir. Hazrat Oisha roziyallohu anho: “Payg’ambar alayhissalom qorong’ida ham xuddi yorug’ paytdagidek ko’raverar, Xulkardagi o’n bir yulduzni bemalol sanay olardi”, deydi. Rivoyatlarda aytilishicha, rasululloh zamonasining pahlavoni Rakonani kurashda yengib, Islom diniga da’vat etgan ekanlar. Abu Hurayra: “Men payg’ambar alayhissalomdan ko’ra tez yuradigan odamni uchratmaganman. U kishi yo’lga chiqqanida yer xuddi qatlamadek qatlanib, qisqarayotgandek tuyular, biz qiynalib yursak u kishi aksincha yayrab odimlar, xuddi tepalikdan pastga tushayotgandek bemalol qadam tashlardi. Kulganida ovozini balandlatmay tabassum qilar edi”, deydi.

Toshkent islom instituti

401-guruh talabasi

Habibullayev Akmalxon

371200cookie-checkPayg‘ambarimizning ko‘rinishlari qanday edi?

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: