Tas’hiyl — “التسهيل” lug’atda “osonlashtirish”, “yengillatish”, “qulay qilish” deganidir.
Istiholda esa, hamza harfini (ء) yengilroq qilib, hamza (ء) va fatha ( ) orasidagi bir holda o’qishga nisbatan ishlatiladi. (To’g’ri o’qishni o’rganish uchun ustozingizga yoki audio/videodarsliklarga murojaat qilish kerak.)
Tas’hiyl belgisi mus’haflarimizda qora qalin nuqta (•) bilan belgilanadi.
Hafsning Osimdan qilgan rivoyatida ikki xil tas’hiyl mavjud:
1) Vojib tas’hiyl;
2) Joiz tas’hiyl;
Vojib – bajarilishi shart bo’lgan, qoriga qiroat borasida tanlash imkoni berilmagan va tark qilish bilan gunohkor bo’linadigan holatni bildiradi;
Joiz – bajarilishi ixtiyoriy bo’lgan, qoriga bir necha holatdan birini tanlash imkoni berilgan, birini qo’yib boshqasini qiroat uchun tanlashi orqali gunohkor bo’lmaslikni bildiradi.
1. Hafsning Osimdan qilgan rivoyatida VOJIB tas’hiyl faqat bitta: Fussilat surasi 44-oyatida: ءَا۬عۡجَمِیࣱّ so’zida bor.
Birinchi hamzani tahqiq (100%li qilib) o’qiymiz, ikkinchi hamzani (alifning ustida qora nuqta qo’yilgan) esa, hamzadan kuchsiz, fathadan kuchliroq tas’hiyl qilib o’qiymiz.
ءَأَعۡجَمِیࣱّ so’zidagi har ikki hamza qat’iydir. Imom Osim rohimahullohning birinchi roviysi Imom Sho’ba rivoyatida ءَأَعۡجَمِیࣱّ so’zining ikkala hamzasi tahqiq (100% talaffuz) qilib o’qiladi.
2. Hafsning Osimdan qilgan rivoyatida 3 so’zda, ularning har biri ikki martadan takrorlanga, 6 o’rinda JOIZ tas’hiyl mavjud:
a) An’om surasi 143 va 144-oyatlarda kelgan
ءَاۤلذَّكَرَیۡنِ
so’zidagi lozim madni tas’hiyl qilib o’qish joiz;
b) Yunus surasi 59-oyati va Naml surasi 59-oyatida kelgan
ءَاۤلله
so’zidagi lozim madni tas’hiyl qilib o’qish joiz;
c) Yunus surasi 51 va 91-oyatlarida kelgan
ءَاۤلۡـَٔـٰنَ
so’zidagi lozim madni tas’hiyl qilib o’qish joiz;
Qur’on shunday nozil bo’lgan. Endi, qoidasini so’raydigan bo’lsangiz, yuqoridagi 3 kalimada masala kalimaning asliga borib taqaladi.
Qarang, hamza arab tilida talaffuzi murakkab harflardan. Harflar, hamma tillardayam, bo’g’iz tomonga qancha siljisa, talaffuzi qiyinlashaveradi. Bo’libam hamza bo’g’iz tubidan chiqadigan harf, bu kalimalarda yonma-yon qo’shunli bo’lib kelgan.
So’zlarning asli:
أالله
أالذكرين
أالان
birinchi hamza qat’iy hamza, so’roq yuklamasi “-mi?” ma’nosini beradi;
ikkinchi hamza – artikl lamini avvalgi so’zga ulash uchun kelgan vasliy (ulovchi) hamza;
Arab tili ham yengillikka intiluvchi til. Ikki hamzadan birini yengillatish kerak bo’ladi. Bizda ikki yo’l bor:
1. Ibdal – almashtirish.
Qo’shhamzaning ikkinchisini alif madga almashtiramiz. Shundan keyin qarasak, mad harfidan so’ng aniqlik artiklining haqiqiy sukuni turgan ekan. Ikkisi bir so’zda, avval alif, keyin sukunli harf = so’zli lozim mad bo’ladi.
Hosil bo’ldi:
ءَاۤلذَّكَرَیۡنِ
ءَاۤلله
ءَاۤلۡـَٔـٰنَ
Mus’haflarimizda shu shakli yozilgan, chunki shunday o’qish avla (yaxshiroq) hisoblanadi, deydilar.
2. Tas’hiyl – yengillatish.
أالله
أالذكرين
أالان
so’zlaridagi ikkinchi hamzani yengillatib, tas’hiyl qilib o’qiymiz.
Bu ikki holatda qori o’zi istagan yo’lni tanlab o’qishiga ruxsat beriladi. Yuqoridagi so’zlarda ikki xil o’qish mumkinligiga 10 qiroat imomlari ittifoq qilganlar. Mus’haflarda qay birida o’qish avloroq bo’lsa, shunisi yoziladi. Bu qoidaga ko’ra: الترتيب للأولوية Ketma-ketlik – qay biri yaxshiroq bo’lsa, shunga ko’ra bo’ladi, degani.
P.S: Rasmlardagi izohlar buyuk muqri’ Abul Hasan Muhyiddin Kurdiy rohimahullohga tegishli. الدقائق المحكمة في شرح المقدمة في علم التجويد kitobiga yozgan hoshiyalaridan.
Toshkent islom instituti Tahfizul Qur’on
kafedrasi o’qituvchisi Najmiddinova Robiya