islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Muhaqqiq  alloma Shuayb Arnaut

Muhaddis va muhaqqiq olim Shuayb ibn Muharram  Arnautiy hijriy 1346-yil, milodiy 1928-yil  Damashq shahrida dunyoga keldi. Otasi Muharram asli albaniyalik bo’lib, keyinchalik Shomga ko’chib kelgan. Alban millatiga mansub oilada dunyoga kelganliklari uchun “Arnaut” nisbatini olgan. Zero, usmonli turklar albanlarni “Arnaut” deb nomlashgan.

Alloma dastlabki diniy ta’limni ota-onasidan oldi.  Yoshlik chog’laridayoq  Damashq masjid va madrasalariga qatnab, arab tilining nahv, sarf, adabiyot va balog’at kabi fanlarini puxta egallaydi.   Yosh olim Damashqning o’sha davrdagi eng ko’zga ko’ringan ulamolaridan dars oldi. Xususan, shayx Solih Farfuriy va shayx Orif Davjiylarni alohida eslab o’tish lozim. Bu ikki shayx Shomning mashhur ulamosi shayx Badruddin Hasaniyning shogirdlari bo’lishgan.

Alloma Arnaut arab tili grammatikasi va adabiyotiga oid kitoblarni, jumladan  Ibn Aqilning “Sharhi alfiyyatu Ibn Molik”, Ibn Hojibning “Kofiya”, Zamaxshariyning “Al-Mufassal”, Ibn Hishom Ansoriyning “Shuzuz az-zahab” va Jurjoniyning “Asrorul balog’a” kabi kitoblarini ustozlaridan o’qib o’tkazdi.

Bir muddat harakat qilib arab tili ilmlarini puxta o’zlashtirgach, alloma bor e’tiborini fiqh ilmini o’rganishga qaratdi. Ko’plab fiqhiy kitoblarni, xususan hanafiy fiqhiga oid asarlarni ustozlari huzurida ta’lim oldi. Bular qatorida  imom Shurunbuloliyning “Maroqul faloh”, imom Musiliyning “Al-Ixtiyor”, imom Quduriyning “Muxtasar” va alloma Ibn Obidinning  “Raddul muhtor” kabi asarlarini qayd etish mumkin. Alloma Arnaut qariyb yetti yil umrini fiqhni o’rganishga sarfladi. Usulul fiqh, tafsir va  mustalahul hadis kabi ilmlarni puxta egallagan chog’ida allomaning yoshi o’ttizlardan oshgan edi.

  Fiqh ilmi bilan mashg’ullik asnosida alloma hadislarni ham chuqur tadqiq etish, sahih va zaif hadislarni aniqlashtirishga doir kitoblarni ham ilmiy tahqiq qilishga zarurat borligini anglaydi.  Shundan so’ng shaxsan ushbu mas’uliyatli vazifani amalga oshirishga kirishadi. Natijada  1955-yildan boshlab arab tili ilmlaridan dars berishni to’xtatadi. Islomiy merosni tahqiq qilishga kirishgan alloma 1958-yil Damashqdagi “Al-maktab al-islamiy” nomli  nashriyotda ish boshlaydi. Yigirma yil mobaynida tahqiq va tashiq bo’limi boshlig’i sifatida faoliyat yuritadi. Turli xil ilmlarga oid  yetmish jilddan ortiq kitoblarini bevosita o’zi  tahqiq qiladi yoki ilmiy guruhga rahbarlik qiladi.

1982-yilda Amman shahridagi “Muassasatur risala” nashriyotiga ishga o’tdi.   Bu yerda ham islomiy merosni o’rganish guruhiga samarali tarzda rahbarlik qildi. Aytish mumkinki, shayxning islom merosini tahqiq qilishdagi eng muhim yutuqlari aynan shu muassasada yuzaga chiqdi.

 “Al-maktab al-islomi” nashriyotidagi tahqiq qilgan kitoblari: imom Bag’aviyning “Sharhis sunan” kitobi (16 mujallad), imom Navaviyning “Rovzatut tolibiyn” kitobi (shayx Abdulqodir Arnaut bilan birgalikda, 12 mujallad), alloma Ibn Manzurning “Muxtorul ag’oniy”  (12mujallad), alloma Ibn Muflih hanbaliyning  “Al-mubdi fiy sharhi muqni” kitobi (10 mujallad), alloma Ibnul Javziyning  “Zadul masiyr fiy ilmit tafsiyr” kitobi ( shayx Abdulqodir Arnaut bilan birgalikda, 9 mujallad) va boshqa ko’plab kitoblarni tahqiq qilganlar.

“Muassasatur risala” nashriyotidagi tahqiqotlari: Imom Zahabiyning “Siyari a’lamin nubalo” kitobi (25 mujallad), imom Tahoviyning  “Sharhi mushkilul osor “ kitobi (16 mujallad), “Sunani Termiziy” (16 mujallad), “Sunani Nasoiy” (12 mujallad), “Sunani Doraqutniy” (5 mujallad), “Sunani Ahmad ibn Hanbal” (50 mujallad) va ko’plab kitoblarni tahqiq qilganlar.

Alloma shuayb Arnaut ko’plab olimlarning e’tirofiga sabab bo’lgan. Shulardan shayx Abul Hasan Nadaviy “Tadqiqotchi muhaqqiq olim”, Shayx Abdul Fattoh Abu G’udda “Mahoratli muhaqqiq olim” deya ta’riflashgan.

Alloma Shuayb Arnaut  hijriy  1438-yil muharram oyning 26-sanasida, milodiy 2016-yil 27-oktabrda Urdun poytaxti Amman shahrida vafot etdi.

Toshkent islom instituti 401-guruh

talabasi Raimov Nuriddin

384100cookie-checkMuhaqqiq  alloma Shuayb Arnaut

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: