islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Zamonlar qo‘ng‘irog‘i

Annotatsiya. Ushbu maqolada XX asr o‘zbek ma’rifatparvar shoiri, zabardast tilshunos, tarixshunos olim, ilk o‘zbek matbaatchilaridan hisoblangan adabiyot vakili Is’hoqxon Ibratning “Mezon uz-zamon” deb nomlanuvchi ilmiy asari tahlil qilinadi. Maqolada asarda o‘rin olgan mezonlarning yangi asr vakillari uchun ham ibrat bo‘la olishi, ularni hushyorlikka chaqirishi ifoda etilgan.

Is’hoqxon To‘ra Ibrat shoir va olim, noshir va pedagog, din arbobi va islohotchi sifatida umrini Vatan va millat manfaatiga qaratdi. Shoir hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyatini varaqlar ekanmiz, uning har bir sahifasida hikmat va ibrat maktabidan ingan ma’rifatning guvohi bo‘lamiz. Bu o‘rinda uning «Lug‘ati sittati alsina», «Jome’ ul-xutut», «Tarixi Farg‘ona», «Mezon uz-zamon» kabi ilmiy, pedagogik hamda badiiy asarlaridagi ma’lumotlar, Ibratni yaqindan bilgan zamondoshlarining xotiralari va o‘sha davr vaqtli matbuotida e’lon qilingan Is’hoqxon Ibrat haqidagi maqolalar muhim o‘rin tutadi. Ma’rifatparvar shoir, maorifchi Ibrohim Davronning quyidagi so‘zlari buning dalili: «Is’hoqxon to‘ra din, ilm-fan va adabiyotda ustozi komilligi bilan butun Farg‘ona va O‘rta Osiyoda inkor etib bo‘lmas darajada bir mavqei mumtoza tutmushdur”.

Bizning tadqiqot obyektimiz hisoblangan Is’hoqxon To‘ra Ibrat qalamiga mansub «Mezon uzzamon» asari 9 mezon hamda muqaddima qismlardan tarkib topgan bo‘lib, turfa zamonlar va shu zamon insonlarini, ularning fazilatlari, dunyoqarashlarini o‘z zamonalarining tarozisiga solib o‘lchaydi. Muallif kishilarni hushyorlikka, ilimli bo‘lishga undar ekan “Qur‘on” oyatlari va hadislardan ustalik bilan o‘z o‘rnida foydalanadi. “Mezon-barobar qiladurgan tarozudur. Bu asrlarni, zamonlarni vazn qiladur. So‘ngra mezon-bir natija hosil bo‘lur. Biz bu mezon ila o‘z asrimizni tortamiz. Avvalgi zamon va keyingi zamonlarning bo‘lak tarozusi bor”. Zamonlar o‘tib borar ekan, bir zamon insoni ikkinchi birining kelajagi uchun ibrat, o‘rnak ko‘zgusi bo‘lmog‘i lozim. Kelajak chiroyli, mustahkam, ishonchli, poydevor asosiga qurilsagina gullab yashnashi, yana rivojlanishi barchamizga ma’lum. Asarning birinchi mezoni butun ulamo, fuzalo va avomning hayoli faqat boylik to‘plash, imorat qurish va hashamat bilan band va bu ko‘rguliklarning sababi beilmlik hamda madaniyat yo‘qligi ekanlidini ta’kid etadi. Muallif ushbu ilmsizlik illatini tarbiya yordamida bartaraf etmoqlikni aytib o‘tadi. Ilm o‘rganmoq joiz ekanligi fikrini hadislar orqali isbot etib o‘tadi. “Utlubul-ilma-va lav kana bis-siyn”. Ikkinchi bir hadislari “Al-ilm-u izzud-dunya va-sharaful-oxirati”. Asar muallifi qiyinchiliklarning hammasi ilmli ma’rifatli xalqning yo‘qligi, mushkulotlarga oltin kalit faqat ilm bo‘la olishini ayatadi. “Ilm va hunar maktab-madrasa bilan bo‘ladi. Emdi dunyo va oxirat rohati ilm ekan, nimaga o‘qitmadikki, bizdan keyingi avlodlarimiz rohatda bo‘lmadilar”. Ma’lumki, barcha zamonlarda ham makonlarda ham ma’rifatli bo‘lishga da’vat etiladi.

Bugungi biz yashab turgan zamon ham bundan mustasno emas, albatta. Hozirda ilm uchun juda keng va katta imkoniyatlar mavjud va bu imkoniyatlar kun sayin oshib bormoqda. “Mezon uz-zamon” asarining oltinchi mezon hozirgi asrning eng dolzarb muommolarini bundan bir asr ilgari ham mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi. “Bu mezonda ahlimizning ortiqcha, xudo va payg‘ambarimiz buyurmagan mashaqqat va sarflarga duchor o‘lib, rasm-u urfi om bo‘lg‘oni ko‘rsatiladur” Bu muammolar necha zamonlar o‘tmasin, o‘zining og‘ir yukini xalqimiz, millatimiz yelkasiga ortib kelayotganligi ko‘p afsuslar bilan ifodalangan. Bu muammolar bizning o‘ylab topilgan urf-odatlarimizdir. Avvalo, dafn marosimlari borasida so‘z yuritiladi. “Mayyitning bechora sag‘irlari” -Voy otam, voy onam” birla ovora o‘shal kuni besh yuz sarf bo‘lsa, bir yil ichinda yana besh yuz sarf bo‘lur. Payshanba kuni kelib, shabiy payshanba degan osh…emdi o‘likka”. Undan so‘ng xalqimizning to‘ylari haqida yozilganlarini o‘qib anglashimiz mumkinki, bizning bu og‘riqli nuqtamiz ancha uzoq davrlardan beri mavjud. To‘y bir kunlik ammo shu bir kun uchun isonlar umr bo‘yi yig‘ganini sochadi va bu ham yetmaydi qarz bilan chiqqan to‘yboshi endi bu qarzlardan qutulish yo‘llarini izlaydi. Insonlar boshqalarning o‘zlariga beriladigan baholarini o‘tkazadigan nikoh, fotiha to‘ylari va to‘ylarga ketadigan xarajatlari bilan o‘lchaydi. Bularning hech biri ikki yoshning baxti uchun bir pullik foydasi yo‘q. Ular faqat shuhratni o‘ylaydilar, “mana bu balolar ustimizdagi og‘ir bir yukdir. Buni ko‘tarub, maqsadga yetish bisyor qiyindur”.

Yettinchi va sakkizinchi mezonlar libos borasidagi munozaralar xususida, o‘sha davrdagi odamga emas, libosga ixlos qo‘yishning, dunyoparastlikning yomon oqibatlari haqidadir. Bir o‘rinda xalqimiz fe’liga xos bo‘lgan jihat xususida: “Turkiston saxovati, muruvvati ko‘p firqani gado qiladur. Libosga ishonadurlar. Agarda libosda dinga xabar bo‘lsa edi, al iymanu iqrorun bil-lison va tasdiqun bil-qalb, ya’ni, islom manbalarida keltirilganidek iymon til bilan iqror bo‘lib, qalb bilan tasdiqlashdir demay, al-iymanu qalansuvatu-l-arabi va jubbatuhu-t-tijoriya, ya’ni, iymon arabcha kiyim-u ko‘rinishda der edilar”, -deb aslida mukammal iymon tilda ham, qalbda ham Alloh roziligi uchun savob ishlarga qo‘l urmoq va sunnatga amal qilmoqlikda ekanini kuyunchaklik bilan uqtiradi. Bu mavzu bugungi kunda ham o‘z globalligini yo‘qotgani yo‘q.

Zero, mutafakkir ta’kidlaganidek, millatning ma’naviy yuksakligi kitob va ilm saodati nuktadonligi bilan ushbu muammolarga barham berishi mumkin. To‘qqizinchi mezonda esa o‘tmish va zamon voqealari muqoyasa qilinadi. Muhim xulosalar chiqariladi. Ibrat o‘z davrining donishmandi sifatida millat va yoshlar tarbiyasi xususida ko‘p o‘ylanadi. Yoshlarni vaqtlarini uvol-u gunohlar bilan tahditomuz fikrlar bilan zoye’ ketkazmasdan, ming yillik ilm-u ijoddan ma’rifatlanishga chaqiradi. Ibrat ilk bor «Matbaai Is’hoqiya» matbaasida nur taratayotgan quyosh tasviri ichida ilm so‘zini o‘yib yozgan, go‘yo ilm nur taratayotgan quyoshga o‘xshatilgan. Bu ramziy tasvir matbaasida nashr etilgan barcha kitoblarga tushirilgan hamda bugunga qadar ham bu ramziy timsol ma’rifat bulog‘i bo‘lgan ko‘pgina kitoblarda saqlanib turibdi.

Biz bugungi kunda milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari qadam qo‘yar ekanmiz, ana shu millat fidoyilarining kasbini kamol toptirgan darg‘alar masnaviyxonlik, hofizxonlik, navoiyxonlik kabi umuminsoniy qadriyatlarimizni millatimiz ong-u shuurida uzoq tarixga ega tafakkur singari yangidan tiklashimiz lozim. Zero, jamiyatimiz taraqqiyot, Yangi bir tamaddun Uchinchi Renessansga qadam qo‘yishi arafasida xalqimiz ilmdan uzoqlashmay, jadid ma’rifatparvarlarimizda ham ta’kidlanganidek ko‘r-ko‘rona fisqu-fasod va illatlarga berilmay, hayotning, dunyoning shakligagina emas, balki mazmun-mohiyati, istiqboliga diqqatli bo‘lishlari, nihoyat ularni bu saodatga erishtiruvchi yagona hidoyat ilmu-ma’rifat ekanini anglashlari dasturul amaldir.

Sarlavhada yozilganidek bu asar zamonlarning “qo‘ng‘irog‘i”. U zamonni, zamon kishilarini diniy, dunyoviy ilmlarni mukammal egallashga, kasb-hunarli bo‘lishga, yakdillikka undab o‘z bongini urishdan charchamaydi. Zero, millat istiqboli uchun to‘siq bo‘layotgan illatlardan xalos bo‘lishga chaqiradi.

Toshkent islom instituti Axborot-resurs markazi

kutubxonachisi: Rasulov Boboravshan Alisher o‘g‘li

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

  1. Yo‘lchiyev Q. Is’hoqxon To‘ra Ibrat o‘quv metodik qo‘llanma. – Farg‘ona.: O‘qituvchi, 2018. 15-16-betlar.
  2. Is’hoqxon To‘ra Ibrat. Tanlangan asarlar. Mezon uz-zamon. –T.: Ma’naviyat, 2005.
  3. www.jadid.uz Ibrat.
  4. Ibrat. Tanlangan asarlar. –Toshkent.: Ma’naviyat. 2005.
  5. Dolimov U. Is’hoqxon To‘ra Ibrat. –T.: Sharq, 1994.

446 Is’hoqxon To‘ra Ibrat. Tanlangan asarlar. Mezon uz-zamon.

390010cookie-checkZamonlar qo‘ng‘irog‘i

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: