islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Ayol merosxo’rlar va ularga belgilangan ulushlar

Ayol merosxo’rlar o’n toifaga bo’linadi.

1.Qiz.

Sulbdan bo’lgan o’z qizlarining merosdagi holatlari uch turlidir:

Birinchisi: Yolg’iz, o’z tengi va asabasi yo’q qizga merosning yarmi tegadi.

Ikkinchisi: Agar qizlar ikkita va undan ko’p bo’lsalar hamda ular bilan birga asabalar bo’lmasa, ularga merosning uchdan ikkisi tegadi.

Uchinchisi: Qizlar boshqalar bilan birga asaba bo’ladilar. Misol uchun, mayyitning ortidan qizlari bilan birga o’g’illari ham qolsa, o’g’illar bilan qizlar ham asaba bo’ladilar.

Bu holda ular bir erkakka ikki ayol hissasi qoidasi asosida merosni bo’lib oladilar.

2.Ona.

Onaning meros olishdagi holati uch xil bo’ladi:

Birinchisi: Merosxo’rlar ichida meros qoldiruvchining farzandlari va o’g’lining o’g’illari yoki ikki va undan ortiq aka – uka, opa – singillari bo’lsa, ona oltidan bir meros oladi.

Ikkinchisi: Merosxo’rlar ichida birinchi holat zikr qilingan merosxo’rlar va jufti halol bo’lmasa, merosni ota va ona bo’lib oladigan bo’lsa, onaga merosning uchdan biri tegadi.

Uchinchisi: Agar ota – ona bilan birga mayyitning jufti haloli ham meros oladigan bo’lsa, onaga jufti haloldan qolgan merosning uchdan biri tegadi.

  1. O’g’ilning qizi, o’g’il nabiraning qizi hokazo.

Bu bandda zikr qilingan merosxo’rlarning holatlari olti xil bo‘ladi:

Birinchisi: Mayyitning ortidan o’z qizi yoki o’g’li hamda ularga teng merosxo’ri qolmaganda o’g’ilning qiziga merosning yarmi tegadi.

Ikkinchisi: Mayyitning ortidan o’z qizi yoki o’g’li hamda ularga teng merosxo’ri qolmay, ikkita yoki undan ortiq o’g’ilning qizi qolsa, ularga merosning uchdan ikkisi tegadi.

Uchinchisi: O’g’ilning qizlari, o’g’ilning o’g’illari bilan asabaga aylanadilar. Bunda ularga bir erkakka ikki ayol hissasi qoidasi asosida meros bo’linadi.

To’rtinchisi: Mayyitning ortidan bitta o’z qizi va o’g’ilning qizi qolsa, o’g’ilning qiziga oltidan bir meros tegadi.

Beshinchisi: O’g’ilning qizi o’g’il tomonidan hajb qilinadi.

Misol uchun, mayyitning ortidan uning o’g’li va o’g’lining qizi qolsa, merosning hammasi o’g’ilga tegadi. O’g’ilning qiziga hech narsa tegmaydi.

Oltinchisi: O’g’ilning qizini ikki va undan ortiq o’z qizi hajb qiladi. Bu holda o’g’ilning qizi merosdan hech narsa olmaydi.

 Ammo o’g’ilning qizi bilan birga o’zi bilan teng darajadagi yoki undan past darajadagi erkak nabiralardan bo’lsa, o’g’ilning qizi ular bilan birga asaba o’laroq meros oladi. Bunda bir erkakka ikki ayol hissasi qoidasi asosida meros bo’linadi.

  1. Ona tomonidan bo’lgan momo va hokazo.
  2. Ota tomonidan bo’lgan momo va hokazo.

Ota tarafdan bo’lgan momo va ona tarafdan bo’lgan momoning merosdagi holati ikki xil bo’ladi:

Birinchisi: Ona bo’lmaganda va bitta hamda undan ko’p sahih momo bo’lganda oltidan biri tegadi.

Ikkinchisi: Momoning merosdan hajb bo’lishi.

Agar mayyitning onasi bo’lsa, qaysi momo bo’lishidan qat’iy nazar momolarning hammasi hajb bo’ladilar. Agar mayyitning otasi bo’lsa, ota tarafdan bo’lgan momo hajb bo’ladi. Ona tomondan bo’lgan momoni ota hajb qilmaydi.

  1. Tug’ishgan opa – singil.

Tug’ishgan opa – singil deyilganda ota bir, ona bir opa – singillar ko’zda tutiladi. Tug’ishgan opa – singillarning merosdagi holatlari besh xil bo’ladi:

Birinchisi: Yolg’iz qizning aka – ukasi ham bo’lmasa, merosning yarmini oladi.

 Ikkinchisi: Tug’ishgan opa – singillar ikkita yoki undan ortiq bo’lsalar va asaba bo’lmasa, uchdan ikkini bo’lib oladilar.

Uchinchisi: Tug’ishgan opa – singil boshqa bilan birga asaba ham bo’ladi. Bitta yoki bir nechta tug`ishgan opa – singil bilan birga bitta yoki bir nechta tug’ishgan birodar bo’ladigan bo’lsa, qizlar ham asabaga aylanadilar va merosni bir erkakka ikki ayol hissasi qoidasi asosida bo’lib oladilar.

To’rtinchisi: Tug’ishgan opa – singil boshqaga qo’shilib asaba bo’ladi.

Agar tug’ishgan opa – singilga qiz yoki o’g’ilning qizi qo’shilsa va tug’ishgan aka yoki uka bo’lmasa, tug`ishgan singil asabaga aylanib qoladi va farz egalaridan ortib qolgan merosning hammasini oladi.

Beshinchisi: Tug’ishgan opa – singillarning merosxo’rligi erkak farzand merosxo’rlar va ota tufayli bir yo’la soqit bo’ladi-tushib ketadi. Erkak farzand merosxo’rlar deganda o’g’il, o’g’ilning o’g’li… Shu tariqa davom etadiganlar anglanadi.

  1. Ota bir opa – singil.

Ota bir opa – singillarning merosi olti xil bo’ladi:

Birinchisi: Ota bir opa yoki singil bir o’zi bo’lsa, opa singilisi ham, aka – ukasi ham bo’lmasa, merosning yarmini oladi.

Ikkinchisi: Ota bir singillar ikkita bo’lsalar, ota bir birodar bo’lmasa, ota bir ikki singilga merosning uchdan ikkisi tegadi.

Uchinchisi: Ota bir bitta singil bilan birga mayyitning tug’ishgan singlisi bo’lsa va ota bir singil bilan ota bir birodar bo’lmasa, ota bir singil uchdan ikkiga takmila o’laroq oltidan bir oladi.

To’rtinchisi: Ota bir opa – singil boshqa bilan birga asaba ham bo’ladi. Bitta yoki bir nechta ota bir opa singil bilan birga bitta yoki bir nechta ota bir birodar bo’ladigan bo’lsa, ota bir singillar ham asabaga aylanadilar va merosni bir erkakka ikki ayol hissasi qoidasi asosida bo’lib oladilar.

Beshinchisi: Ota bir opa – singil boshqaga qo’shilib asaba bo’ladi.

Agar ota bir opa – singilga qizmi yoki o’g’ilning qizimi qo’shilsa, ota bir singil asabaga aylanib qoladi va farz egalaridan ortib qolgan merosning hammasini oladi.

Oltinchisi: Ota bir opa – singillarning merosxo’rligi erkak farzand merosxo’rlar tufayli hajb bo’ladi. Erkak farzand merosxo’rlar deganda o’g’il, o’g’ilning o’g’li… Shu tariqa davom etadiganlar anglanadi.

  1. Ona bir opa – singil.

Meros ilmida ona bir aka-uka va opa-singillarni qo`shib “Bani Axyof” deb ataladi. Bani Axyofning meros olishlari uch turli bo`ladi:

  1. Agar Bani Axyofdan erkak bo’lsin, ayol bo’lsin bir kishi meroxo’r bo’lsa oltidan birini oladi.
  2. Bani Axyoflar ikki kishi yoki undan ko’p bo’lsalar merosning uchdan birda sherik bo’ladilar.
  3. Bani Axyoflar merosdan hajb qilinadilar.

Ularni meros qoldiruvchining far’i – farzandlari yoki asli – otasi yoki bobosi hajb qiladi.

Ona bir opa – singillarning merosdagi haqlari ham xuddi ota bir aka – ukalarning merosdagi haqlariga o’xshaydi.

  1. Xotin.

Xotinning meros olishi ikki xil bo’ladi:

Birinchisi: Erning farzandi bo’lmasa, xotin merosning to’rtdan birini oladi. Erning farzandi meros oluvchi ayoldanmi yoki boshqa ayoldanmi farq qilmaydi.

Ikkinchisi: Erning farzandi bo’lsa, xotin merosning sakkizdan birini oladi.

10.Qul ozod qilgan ayol.

Ozod qilingan qulning farz egalari va asabalari bo’lmasa, uning merosini uni ozod qilgan ayol oladi. Shuningdek, ayol kishi ozod qilgan sobiq qul keyin o’zi ham boshqa bir qulni ozod qilgan bo’lsa va o’sha keyin ozod qilingan kishining farz egalari hamda asabalari bo’lmasa, mazkura xoja oyim uning ham valosini oladi.

Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi Abdullayeva Robiya

Ilmiy rahbar: “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi o’qituvchisi

Ibragimova Surayyo

391470cookie-checkAyol merosxo’rlar va ularga belgilangan ulushlar

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: