islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Moziyga nazar, yoxud Ko’kaldosh madrasasi shakllanish tarixi

Toshkent shahri me’moriy obidalari haqida so’z ketganda Ko’kaldosh madrasasini zikr qilmaslikni iloji yo’q. Xo’ja Axror Valiy jome masjididan janubiy-g’arbroqda qadimgi shahristonning kunbotar chekkasida Chorsu bozori uzra Toshkent shahrining eng a’lo mumtoz me’moriy inshootlaridan biri Ko’kaldosh madrasasi savlat to’kib turibdi. Madrasa nomlanishiga qaraganda Baroqxonning o’g’li Toshkent hokimi Darveshxon dargohida eng oliy lavozimlaridan biri bo’lmish “ko’kaldosh” degan mansabni egallagan, ismi sharifi aytilmagan siymo tarafidan bunyod etilgan ko’rinadi.

 Ko’kaldosh madrasasi ham o’ziga o’xshagan boshqa o’rta asrlar oliy ta’lim dargohlari singari ham turarjoy, ham  jamoat maqsadidagi imorat hisoblanadi. Tuzilishi to’g’ri to’rtburchak bo’lmish madrasaning ajoyib va purviqor bosh peshtoqi janub tomonga qaragan. Umumiy madrasaning hajmi 63 x 45 bo’lib, bosh fasadni yuzaga keltirgan baquvvat peshtoqning balandligi 20 metrdir. Har ikki tarafdan peshtoqqa burchaklarida guldasta minoralari ikki qavatli arkada – ravoqchalar silsilasi bo’lgan azamat qanotlar taqalib turibdi. Guldasta minoralar ichida ravoqsimon tuynukchalar bo’lgan. Bir mahallar peshtoqning har ikki tarafida feruza koshinlar bilan qoplangan baland gumbazlar ham bo’lgan, ana shu gumbazlar ostida madrasa, masjid va darsxona joylashgan edi. Bosh fasadning ravoqchalari – tokchalari murakkab ravoqlar bilan, fasad qanotchalaridagi ravoqchalarining tokchalari esa qadama terrakota qo’shilgan o’yma naqshlar bilan bezatilgan. Fasadning hashamdorligi olti burchakli kamgachlardan tarkib topgan deraza panjaralari bilan ham yanada boyitilgan bo’lgan. Ko’kaldosh madrasasi bosh fasadiga toshsupa – binoning tashqi hovlisi tashqaridan, esa jamoat zallari – ikkinchi qavatda kutubxonasi bo’lgan miyonxona – vestibyo’l ham taqalib turadi. Miyonxonada tirsaksimon yo’laklar – dahlizlar hovliga olib borgan, shu tahlit hatto darvoza lang ochib qo’yilganda ham madrasa ichkari hovlisi tashqaridan ko’rinmagan. Miyonxonadan kunbotar tarafda – masjid, kunchiqar tarafda esa darsxona joylashgan bo’lgan.

         Madrasa hovlisi 38 x 27 shaklda bo’lib, sal-pal og’dirilgan, uning bosh o’qida esa ancha chuqur ravoqsimon ayvonlar ochilgan. Madrasa hovlisi perimetri bo’ylab ikki qavatda ham 80 dan ziyod hujralar bilan o’rab olingan. Hujralarga kirib chiqish joylari birinchi qavatda ravoqsimon tokchalar, ikkinchi qavatda esa o’ziga xos lojiya – poyostona ayvoncha bilan alohida ajratib ko’rsatilgan. Mudarris va talabalar istiqomat qiladigan hujralar ancha obod bo’lgan. Har bir hujra eshigi bo’sag’asida to’g’riburchak yoki kvadratsimon chuqurcha – poygoh bo’lgan. Hujraga kiruvchilar ana shu joyga oyoq kiyimlarini yechib kirganlar. Ana shu poygohning o’zida tagida obrezi – suvni shimib oluvchi quduqchasi bo’lgan, tashnov ham bo’lgan. Hujralarining devorlarida esa kitoblar uchun tokchalar, ovqat va cho’y qaynatish uchun xonaki pechkasimon uchoqlar – kaminlar ham bo’lgan. Hujralar devorlarini bezab turgan kitoba bitiklar va naqsh-u nigorlar, afsuski zamonlar silsilasida yo’qlik qa’riga singib ketgan. Madrasaning hovliga qaragan fasadlari esa g’ishtin mozaika bilan g’aribgina bezatilgan bo’lgan.

So’nggi yuzyillikda Ko’kaldosh madrasasi yillar to’zoniga uchragan, qayta tiklangan va ba’zida esa mukammal qayta ta’mirlangan. XVIII asrning birinchi choragida mazkur imorat madrasa tariqasida ishlatilmagan, tasdiqlanmagan ma’lumotlarga qaraganda karvonsaroyga ham aylantirilgan emish. Madrasa ikkinchi qavati g’ishtlari 1830-1831-yillar Qo’qon xoni tomonidan qo’yilgan shahar hokimi Lashkar Beklarbegi tomonidan buzib ko’chirilib, unda olingan g’ishtlarni shaharning Registon maydonida barpo etilgan Beklarbegi madrasasi qurilishiga ishlatilgan. Shu taqlid hujralarning soni keskin kamayib ketgan. Biroq shu yili Ko’kaldosh madrasasi toshkentlik ustalar tomonidan qayta ta’mirlangan. Ta’mirlash amalga oshirilgan sana ham, ta’mirlash ishlarini olib borganda moliyalashtirgan shaxs ham, quruvchi shaxs ustalarning nomi ham xattot Boboxo’ja tomonidan madrasaning bosh darvozasi tepasidagi koshin plitkalariga abadiy muhrlagan.  O’sha yillar bu ta’mirlash ishlariga Amir lashkar Shodmonbek o’g’li Jahongirbek homiylik qilgan bo’lsa, Avaz Muhammad va A’lo Valiylar qurilish ishlarini olib borgan bosh ustalari sanalgan. Ana shu ta’mirlashdan so’ng madrasa masjidi va darsxona tepasida qo’shaloq gumbaz ham buzib tashlangan ehtimoli ham bor. Ta’mirlashdaan so’ng madrasa hayoti asta sekin o’z iziga tushib ketdi. XIX asrning 60-yillarida Qo’qon xoni Mullaxon ibn Sheralixon 1853-yilda Toshkent hokimi etib tayinlangach Ko’kaldosh madrasasiga vaqf yerlarini ajratish to’g’risida farmon chiqaradi. Bu vaqf yerlari faqat yerlar bilan cheklanib qolmay do’kon, karvonsaroylarni ham o’z ichiga olgan. Ko’kaldosh madrasasi Qo’qon xonlari uchun qal’a bo’lib xizmat qilgan. Masalan, 1860-yili qo’zg’alon ko’targan toshkentliklarga qarata bu binodan turib to’plardan o’t ochilgan. Zambaraklar uchun maydonchalar esa uzoq vaqt Ko’kaldosh madrasasi sharqiy fasadi supasida bo’lgan.

1868, 1886 va 1902-yillarda Toshkentda sodir bo’lgan kuchli zilzilalar oqibatida bosh peshtoq ravog’i ag’darilib tushdi. 1903-yili esa shahar aholisining mablag’i evaziga bosh fasadga oid binoning tepa qismlari va hovli fasadlari ham qayta ta’mirlangan. Yig’ilgan puli faqat peshtoqning ravog’ini ta’mirlashga yetgan. Peshtoqning o’zi esa ta’mirlanmay qolgan. Burchak mirorachalarida uncha katta bo’lmagan guldastalar tiklangan, bosh ravoqning burchaklarida esa naqshinkor fonussimon fonarlar o’rnatilgan.

 1930-yili Ko’kaldosh madrasasi omborxonaga aylantirilgan, keyin esa turli muassasalarning idoralari sifatida foydalanilgan. 1937-yil O’zbekiston o’tmish yodgorliklarini muhofaza qilish qo’mitasi g’arbiy fasad qismini ta’mirlashni amalga oshirdi. Fasad devorlari butunlay ko’chirib olinib, qaytadan terib chiqilgan. Ana shu ta’mirlashlarning hammasi 1946-yildagi zilzila tufayli yer bilan yakson bo’lgan.

XX asr o’rtalari Ko’kaldosh madrasasi uchun tub burilishlar davri bo’ldi. U ilmiy izlanishlar o’chog’iga aylandi va restavratsiya qilindi. Imoratning bosh fasadi qayta tilandi va bosh peshtoq yulduzsimon naqshlar bilan qayta ziynatlandi. Biroq burchak minoralarining guldastalari va imoratning ikkinchi qavati hujralari qayta tiklanmasdan qolib ketaverdi.

1990-yil madrasa O’zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga o’tkazildi. Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan katta restavratsiya ishlaridan so’ng binoning ikkinchi hayoti boshlandi. Ikkinchi qavat hujralari, hovlidagi baland ayvonlar qayta tiklandi.  Janubiy peshtoqda va uning baland ravog’i toqchalarida tuzilishi murakkab bo’lgan koshinkor girexlar majmuasi ajoyib tarzda qayta yaratildi. Shimoliy peshtoqning eng tepasiga esa Qur’oni karimdan kitobalar keltirilgan koshinkor frizlar joylashtirildi. Hovliga yam-yashil chimzor barpo etilib, daraxt va butalar ko’chatlari o’tkazildi. Ko’kaldosh madrasasi bosh peshtoqi darvozaxonasi tepasida 1831-yilda amalga oshirilgan ta’mirlash haqida guvohlik beruvchi kitoba bitik saqlanib qolingan. Madrasaga kiraverishdagi yog’och darvozalar ham katta mahorat bilan chiroyli qilib yasalgan. Burchak minoralarida esa guldastalar qayta tiklandi. Madrasa bosh peshtoqining naqshlari ham ancha bosiq bo’lib naqsh-u nigor majmuasi uni butunlay qoplab olmagan. Balki peshtoq ravog’I toqchalarida joylashgan va qo’ng’iroqsimon rangdagi terrakota qadamlar galma-galdan keladi.

Peshtoqning eng tepasida zamondoshimiz Habibulloh Solih tomonidan 2006-yili amalga oshirilgan Qur’oni karim oyatlari asosida kitoba bitiklar joy olgan. 2007-yil Toshkent shahri Islom Hamkorlik Tashkiloti tomonidan “Islom madaniyat poytaxti” deb e’lon qilinishi ham Toshkent shahridagi tarixiy obidalarga bo’lgan e’tiborni har qachongidan ham orttirib yubordi. Tabiiyki bu jarayonlardan Ko’kaldosh madrasasi ham chetda qolmadi.

Bugungi kunda Ko’kaldosh madrasasi azaliy vazifasi – ma’rifat dargohi funksiyasini bajarmoqda, ayni mahalda sayyohlar va tomoshabinlar uchun ham doimo ochiq.

Toshkent islom instituti 4-kurs

talabasi Xamidov Abdulbosit

392850cookie-checkMoziyga nazar, yoxud Ko’kaldosh madrasasi shakllanish tarixi

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: