Mahsulotlarni import qilishga tegishli hukmlar.
Zamon o‘zgargan sayin hayotni barcha jabhalari o‘zgarib bormoqda. Har kun har xil yangiliklar dunyo yuzini ko‘rmoqda. Oziq-ovqat, dori-darmon, qurilish, mexanika, hisob-kitob, tabiiy va ilmiy fanlar borasida turli tuman yangiliklar kashf qilinmoqda. Musulmon inson chiqayotgan har bir yangilikdan ko‘r-ko‘rona foydalanmay, har bir narsani mohiyatini, aslini bilmog‘i lozim bo‘ladi. Chiqayotgan narsa iste’molga yaroqlimi, islom dini bunga qanday munosabat bildiradi, bu narsani iste’moli haqiqatan ham o‘zim uchun foydalimi degan savollarni berish, aynan musulmon ummatini fitratiga mos hisoblanadi.
Lekin hozirgi zamonda bunday savollarga javob topish bir tomondan qiyinlashgan bo‘lsa, boshqa tomondan yengillashdi. Qiyinlashgan tomoni hozirgi kunda bunday savollar tug‘diradigan mahsulotlarni o‘ta darajada ko‘payib ketdi. O‘zimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bir tomonda tursin, xorij davlatlardan shu darajada ko‘p mahsulotlar kirib kelmoqdaki ularning har biriga yuqoridagi savollarni berib chiqishga har bir musulmonni toqati yetmaydi.
Osonlashgan tomoni bu savollarni butun xalq nomidan beradigan davlat va diniy idoralarni borligidir.
Xorijdan kirib kelayotgan mahsulotlarga har bir davlat oz’ shartlarini qo‘ygani, shartiga nomuvofiq kelgan mahsulotlarni qabul qilmay shartnomani bekor qilgani, yoki iste’molga yaroqsiz deb tamg‘a qo‘ygani singari, shariatimizni ham bu mahsulotlarni qabul qilishda o‘z me’yorlari va shartlari bor.
Aslini olganda mahsulot import qilinadimi, yoki o‘zimizda ishlab chiqariladimi aynan iste’mol qilinadigan mahsulotlarni, shariatimiz talabi bu mahsulot halol bo‘lib, insonga zarar bermasligidir.
Shar’iy me’yorlar haqida aytib o‘tishdan oldin davlat qo‘ygan shartlar bilan tanishib chiqsak maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Hayvon go‘shti yeyish xususida hukm berishda insonlarning bir qismi isrofga yo‘l qo‘yar ekan, boshqa bir qismi esa, haddan tashqari ta’qiqlar keltiradi. Islom dini butun bashariyatni shunday so‘zlar bilan haq yo‘lga da’vat etgandir:
“Ey odamlar, yerdagi halol, pok narsalardan yenglar va shaytonning izidan ergashmanglar. Shubhasiz, u sizlarning ochiq dushmanlaringizdir[1]” (Baqara surasi – 168).
Islom barcha insonlarga xitob etib, bevosita o‘zlari uchun ulkan yer yuzi dasturxonidan pok bo‘lgan har narsani yeyishlarini buyuradi va ba’zi insonlarga Alloh taolo halol qilgan pok narsalarni yomon ko‘rsatish bilan halolni harom qilib olishlariga sabab bo‘lgan va bu tariqa o‘zlarini pok bo‘lgan narsalardan mahrum etib zalolat jarligi yoqasiga boshlagan shaytonning yo‘liga kirmaslikka chaqiradi.
Va yana mo‘min kishilarga shunday xitob qiladi:
“Ey mo‘minlar, sizlarga rizq qilib berganimiz- pokiza narsalardan yenglar va agar Allohning o‘zigagina ibodat qilguvchi bo‘lsangizlar, U zotga shukr qilingiz! U sizlarga faqatgina o‘laksa, qonni, to‘ng‘iz go‘shtini va Allohdan o‘zgaga atalib so‘yilgan narsalarnigina harom qildi. Endi kimki zolim va haddan oshmagan holida, nochor vaziyatda qolsa, gunohkor bo‘lmaydi. Albatta Alloh mag‘firat qiluvchi, rahimdildir“[2] (Baqara surasi-172-173).
Mo‘minlarga hol bo‘lgan bu amr bilan Alloh taolo o‘zlariga ehson pok narsalardan yeyishga va evaziga shukr qilishlikka buyuradi. Ayni paytda mazkur oyati karimada va yanaboshqa bir necha oyatda eslatib o‘tilgan bu to‘rt narsadan boshqasini harom qilinmaganligi ochiq bildiriladi. Haromlarning bu to‘rt qismida birlashgani quyidagioyati karimada ham ta’kidlanmoqda:
“Ayting: “Menga vahiy qilingan Qur’onda yeydigan kishi uchun harom qilingan narsani ko‘rmayapman. Magar o‘laksa yo to‘kilgan qon, yoki to‘ng‘iz go‘shti bo‘lsa-chunki u haromdir-yoxud Allohdan o‘zga uchun atalgan fosiqlik bo‘lsa (haromdir). Bas, kim zolim va tajovuzkor bo‘lmagan holda muztar bo‘lib qolsa (masalan, ochlikdan o‘lmaslik uchun u narsalardan yeyish bilan gunohkor bo‘lmas), Zero Parvardigoringiz mag‘firatli, mehribondir”.
Qur’oni Karimning Moida surasida esa haromlar o‘zining yanada keng va ochiq ifodasini topgan: “Sizlarga o‘laksa, qon, to‘ng‘iz go‘shti, Allohdan boshqa birovning yo‘lida so‘yilgan narsa, bo‘g‘ilib o‘lgan, urib o‘ldirilgan baland joydan kulab o‘lgan, (boshqa biron hayvon bilan) so‘zishib o‘lgan va yirtqich hayvon tishlab o‘ldirgan jonivorlar harom qilindi. Magar (bu jonivorlarni joni chiqmasdan turib) so‘yib yuborishga ulgurib qolgan bo‘lsangiz, haloldir. Yana butlarga atab so‘yilgan hayvonlar (go‘shtini iste’mol qilish) va (fol) cho‘plardan qismatingizni so‘rashingiz (ham sizlarga harom qilindi)[3]” (Moida surasi – 3).
Haromlarning sonini o‘ntaga chiqargan bu oyat bilan to‘rt qism bo‘lib eslatgan avvalgi oyatlar o‘rtasida hech bir qarama-qarshilik yo‘q. Faqatgina keyingi oyat oldingi oyatlarga tafsir bo‘lib kelgan. Zero, bo‘g‘ilib o‘lgan, urib o‘ldirilgan, baland joydan qulab tushgan, boshqa biron hayvon tomonidan suzib o‘ldirilgan hamda yirtqich hayvonlar tomonidan tishlib o‘ldirilgan hayvonlarning barchasi o‘limtik hisoblanadi. But va sanamlar poyida so‘yilgan hayvonlar ham Alloh taolodan boshqasiga atab so‘yilganlar hukmida bo‘lib harom sanaladi. Magaram shu o‘rinda haromlar asosan to‘rt qism, mufassal o‘laroq esa o‘n qismdan iborat degan xulosaga kelish mumkin.[4]
Toshkent islom instituti talabasi 404-guruh
talabasi Abdulhamidov Abdunabi
Foydalanilgan adabiyotlar:
[1] Abdulaziz Mansur. “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”. “Toshkent islom universiteti” nashriyoti, Toshkent. 2004.
[2] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Tafsiri hilol”. Toshkent. “Hilol Nashr”, 2007
[3] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Tafsiri hilol”. Toshkent. “Hilol Nashr”, 2007
[4] Yusuf Qarzoviy. “Islomda halol va harom”. “Doru Ibn Xaysam” nashriyoti, Misr. 2005.