O’zining Kalomini va uning tafsirini bizga to’g’ri o’rgatuvchi ustozlarni yuborgan Zotga beadad hamdu sanolar va barcha shariat ilm sohiblarining ustozi bo’lmish Rasuli akram (sollalohu alayhi vasallam)ga, ahli oilalariga va ilm yetkazishda sobitqadam bo’lgan barcha ulamolarga Allohning salomi bo’lsin
“Tafsir” so‘zi arabcha-“ فَسَّرَ، يُفَسِّرُ، فّسِّرْ، تَفْسِيْرٌ” so‘zidan olingan bo‘lib, lug‘atda “bayon qilish, ochib berish va ravshan qilish” ma’nolarini anglatadi.
Abu Hayyon o‘zining “Al-Bahrul Muhit” nomli kitobida: …tafsir kalimasi “ketishlik uchun yalong‘ochlashga” ham ishlatiladi”-deydi.
Sa’lab aytadi: الْفَرَسَ فَسَّرْتُ desangiz go‘yo “ otni yurushligini iroda qilib uni yalong‘ochladim” degan bo‘lasiz[1].
Tafsir so‘zining istiloh (olimlar o‘rtasidagi urf) dagi ma’nosiga esa olimlar tomonidan quyidagicha ta’riflar berilgan:
- Tafsir uchun boshqa aqliy ilm sohalarida bo‘lganidek cheklangan qoida yo‘q. Shu sababli “Tafsir nima?” degan savolga: “Tafsir — bu Allohning kalomini tushuntirib berishdir yoki tafsir Qur’on lafzlarini va ularning ma’nolarini ochib beruvchi ilmdir”, — deb javob beriladi;
- Tafsir juz’iy masalalarni ham, kulliy (umumiy) qoidalarni ham va qoidalarning yig‘indisidan hosil bo‘luvchi malakani ham o‘z ichiga oladigan ilmdir. Shunga ko‘ra, tafsirga ta’rif berishda Qur’on oyatlari mazmunlarini oson tushunish uchun zarur bo‘lgan ilmlar, masalan: lug‘at, sarf, nahv, balog‘at, mantiq, qiroat ilmlarini e’tibordan chetda qoldirmaslik zarur.
Mahalliy aholi Islomni qabul qilgach, avvalgi musulmonlar yangi musulmonlarga islom ilmlarni o‘rgata boshladilar. Bu ilmlar ichida tafsir ilmi ham bor edi. Ma’lumki, mintaqa tub aholisi islomdan avval ham ba’zi bir ilm va o‘z madaniyatiga ega bo‘lgan. Alloma Ibn Xaldun ta’kidlaganidek, ularda Islom ilmlarini qabul qilish va rivojlantirishga loyiq malaka bor edi. Bir oz vaqt o‘tishi bilan hadis maktabi shakllandi va ushbu maktab vakillari Qur’on tafsiri to‘g‘risidagi asarlarni jamlagan ilk avlod deb e’tirof qilindi. Ularning sardori Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy edi. “Kashf az-Zunun” nomli kitobda zikr qilinishiga ko‘ra, u zot “at-Tafsir al-kabir” nomli alohida bir tafsir kitobi ta’lif qilgan. Biroq, mazkur kitob bizgacha yetib kelmagan. Shunga qaramasdan, Imom Buxoriy tafsir ilmida ulkan asar qoldirib ketgan, uning “Jome’ as-sahih” kitobida Qur’oni Karim tafsiriga oid mingdan ziyod hadis mavjud.
Ikkinchi hijriy asrda tafsir ilmi hadisdan ajrab, alohida ilm bo‘lgandan so‘ng, Movarounnahrdan ulkan mufassirlar yetishib chiqdilar. Binga ko`plab misollar keltirishimiz mumkin. Mavzuyimiz doirasida biz Imom Nasafiyning “Madorik ut-tafsir kitoblarini bu yerda yorqin misol tarzida keltirishimiz o’rinli bo’ladi.
Nasafiyning “Madorik at-tanzil va haqoiq at-ta’vil” nomli tafsiri Bayzoviy va Zamaxshariyning tafsirlaridan qisqartirib olingan. Lekin muallif “Kashshof”dagi mo‘tazila e’tiqodiga muvofiq masalalarni chiqarib tashlab, ularni “ahli sunna” e’tiqodiga mos ravishda yozgan. Bu tafsir o’rtacha hajmda bo‘lib, unda qiroatlar, e’rob yo‘nalishlari bilan birga, “ Kashshof ”dagi balog‘iy nuqtalar, go‘zal iboralar, nozik ma’nolarni kashf qilish kabi fazilatlari jamlangan. Tafsirning uslubi “Kashshof”dagidek savol-javob uslubidadir. “Tafsiri Nasafiy“ haqida aytilgan maqtovlar ham talayginadir. Doktor Muniy Muhammad “Tafsiru Nasafiy” haqida shunday deydi: “Imom Nasafiy Imom Zamaxshariy aytib o‘tgan Qur’onning barcha balog‘at ilmiga doir qoidalarini qabul qildi. Uning kitobi isroiliyyotlarning deyarli keltirilmagani bilan ajralib turadi.”
Abul Barakot Nasafiy hanafiy mazhabida bo‘lgani. Shuning uchun o‘z tafsirida hanafiy mazhabini qo‘llab-quvvatlagan va ko‘plab dalillar keltirgan. Tafsirida mazhabning mashhur mujtahid olimlarining fikrlaridan foydalangan. Abul Barakot Nasafiy hanafiy mazhabining yetuk faqih olimi bo‘lganligi uchun uning ushbu tafsirini hanafiylikka oid mo‘tabar tafsirlardan sanaladi.
“Tafsiri Nasafiy” asari qisqa ham uzun ham bo’lmagan, so’zlari ancha yengil, talabalar uchun qulay uslubda yozilgan bo’lib, muallifning bu tafsirni yozishlikdagi asosiy maqsadlari ham aynan shu bo’lgan.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak ushbu kitobning boshqa kitoblardan ajratib turuvchi xususiyatlari talaygina. Bunga tarix ham guvohlik beradiki minglab tafsir kitoblari orasidan aynan “Tafsiri Nasafiy” asari asrlar davomida shar’iy ilm o’rganuvchi talabalardan qo’lma qo’l bo’lib, hozirgi kunga qadar mashhurlik bilan yetib keldi. Albatta bu tafsirning bugungi kundagi o’rni ham beqiyos. Sababi ushbu tafsirda ahli sunna val jamoadan bo’lmagan firqalarga Qur’on oyatlarining tafsirlari orqali javob berilgan bo’lib, adashgan firqalar ko’paygan hozirgi zamonda bu tafsir juda ham zarur manba bo’lib qolmoqda.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti
4-kurs talabasi Alisherov Fazlulloh
[1] Imom Zahabiy. At-Tafsir val Mufassirun. – Misr: Maktabatul vahba, 2005. – B.12.