Har bir ilmning paydo boʻlishi va rivojlanishiga olib keladigan ijtimoiy sabablar mavjud bo‘lib, bu jarayonni anglash – uning metodologiyasi, vositalari, maqsadlari va intilishlarini yaxshi tushunishga yordam beradi. Diniy ilmlar tatbiqida hadis ilmi o‘ziga xos zaruriy oʻrin egallaydi. Hadis ilmi – rivoyatlar va ularning ishonchliligini baholashga qaratilgan ilmiy texnik bazaga ega bo‘lib, uni keyingi avlodlarga yetkazish vositasi sifatida rivoyat alohidalik kasb etadi. Oʻtmishdagi va hozirgi xalqlarning tarixi, mazhablar va dinlar, faylasuflarning nazariyalari, olimlarning tajribalari va ixtirolari bizga rivoyat va naql orqali yetib kelgan.
Hadislar bizga rivoyat bilan kelgani uchun, ularni sahihini zaifidan ajratishda, bizga yetib kelgan boshqa barcha rivoyat va xabarlarni o‘rganishda tanqidiy va tahliliy asoslarga suyanib foydalanish zarurdir. Hadis ilmi shariat ilmlarining ikkinchi manbasi hisoblanib, musulmonlardan boshqa millatlarda topilmaydi. Abu Bakr Bag‘dodiy ta’kidlashicha: “Alloh bu ummatni boshqa ummatga bermagan uch narsa bilan xosladi, ular – sanad, nasb va e’rob ilmalari bilan” deydilar. Bu ilmining vazifasi shariatni saqlab, keyingi avlodlarga o‘zgarish va qo‘shimchalarsiz yetkazish va Paygʻambarimiz sunnatlarini himoya qilish uchun amalga oshirishdir. Sunnatning rivoyatiga Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vassalam zamonlaridan katta e’tibor qilingan, chunki hadis – Allohning dinini to‘g‘ri fahmlash va yetkazish vositasidir. Shu sababli sahobalar U zotning hadislarini yod olib, bir-birlariga naql qildilar va din masalalarida kelishmovchilik yuzaga kelganida yoki biror masala noaniq boʻlganida Rasulullohning o‘zlariga murojaat qiladilar. U zotning barcha hadislari sahobalarning qalblarida va amallarida saqlanib keldi, biroq ularning birortasi hadisning barchasini toʻplay olmadi chunki ba’zi sahobalar tijorat bilan mashg‘ul bo‘lishgan, ba’zilari boshqa qavmlarga din o‘rgatish uchun ketishgan. Paygʻambar (s.a.v.) vafotlaridan soʻng sahobalar bu ulkan merosni oʻzlaridan keyingilarga yetkazish masʼuliyatini oldilar va oʻz saʼy-harakatlarini ikki maqsadga yoʻnaltirdilar: birinchisi – hadisni o‘z holicha keyingi avlodlarga yetkazish, ikkinchisi – hadisga tegishli bo‘lmagan qo‘shimcha kiritmaslik. Bu jarayon keng ilmiy harakatga aylanib, vaqt oʻtishi bilan shu xususidagi fanga asos solinib, bu fan oʻz istilohlari, qoidalari, kitoblari va tasniflariga ega boʻldi. Fandagi izlanishlarni hadis ulamolari avlodma-avlod davom ettirdilar. Aytish joizki, bu ilm, oʻzining ilk davridanoq sunnatni har qanday aralashma va zaiflikdan himoya qildi. Shuningdek, fan ulamolari oʻzlari belgilagan qonun-qoidalarni Qurʼoni Karim va Sunnatda belgilangan tamoyillar ustiga qurganlar. Bu tamoyillar hadisdagi tanqidiy manhajga ko‘ra qabul qilish va rad etish asoslarini tashkil etadi. Ularning asoslaridan biri yolgʻonni harom qilishdir. Alloh taoloning shunday soʻzi bor: “Yolgʻonni faqat Allohning oyatlariga iymon keltirmaydiganlargina toʻqirlar. Ana o‘shalar yolgʻonchilardir[1]”. Ibn Abdulbarr bu oyatni tafsir qilib shunday degan: “Menimcha, bu Allohga yoki Uning Rasuliga yolgʻon toʻqishdir[2]”. Shu sababli ulamolar fosiqning xabarini rad etish va qabul qilish uchun odillikni shart qilib, yolgʻon xabar naql qilishni harom qilish, munkar xabar rivoyat qilishni rad etish va uni qabul qilishda ehtiyotkor boʻlish prinsiplariga amal qilishgan.
Rivoyat ilmning paydo boʻlishi vahiyning Paygʻambar (s.a.v.) ga tushishi bilan bir vaqtda boshlangan bo‘lib, avvalgi vujudga kelgan ilmlardan hisoblanadi. Undagi birinchi rivoyat esa Xadija (r.a.)ning vahiy boshlanish qissasi bilan birga “Iqro” surasining boshlanishi haqidagi hadisni eshitib, rivoyat qilishlaridir[3].
Sahobalar davrida rivoyatlarga tanqidiy yondashish kam edi, chunki hadisni naql qiluvchilar ishonchli shaxslar edi, ular yolgʻon gapirmas edilar va yolgʻonni bilmas edilar, buyuk sahoba Anas ibn Molik (r.a.) aytganidek: “Biz yolgʻon gapirmas va bilmas edik[4]”. Shu sababli sahoba va tobeinlar fitnalar boshlanmaguncha isnodga eʼtibor bermas edilar. Ibn Sirindan shunday deganlar: “Ular isnod haqida soʻramas edilar. Fitna boshlangach, “Bizga roviylaringizni aytinglar” dedilar. Shunda biz ahli sunnadan boʻlganlardan rivoyat qilar edik, ahli bidʼatdan esa rivoyat qilmasdik[5]”. U kishi yana shunday degan: “Darhaqiqat, bu ilm dindir, diningizni kimdan olayotganingizga e’tibor beringiz[6]”.
Shu davrdan boshlab ulamolar roviylarning holati, ularning turli xususiyatlari haqida gapira boshladilar, bu jarayonlar esa muhaddislar orasida maʼlum maʼnoga ega istilohlar sifatida nomlandi. Shunday qilib, sunnatni saqlashga boʻlgan ehtiyoj kuchaydi, shuningdek, bu davrda sanadga eʼtibor berish, roviylarni taftish qilish va rivoyatlarni o‘rganish keng tarqaldi. Sayid ibn Jubayr, Ato ibn Abi Raboh, Muhammad ibn Sirin va Shaʼbiy kabi bir guruh tobeinlar, soʻngra Imom Zuhriy, Abu Ayyub as-Sixtiyoniy va Aʼmash kabi ulamolar roviy va rivoyatlar haqida ko‘p tadqiqotlar olib borishdi, tobeinlarning izdoshlari kelganidan keyin bu ilm mukammal ko‘rinishga ega bo‘ldi. Shu bilan birga ilmdan o‘z manfaati yo‘lida foydalanadigan baʼzi bir yolgʻonchilar ham paydo boʻldi. Shuʼba ibn al-Hajjojga o‘xshagan kishilar ularga qarshi chiqib, yolgʻonchilarni jazolatishdi. Shu o‘rinda ikki olim orasida bo‘lgan qissani eslatib o‘tamiz: “Hammad ibn Zayd Imom Shu’baga Aban ibn Abi Ayyoshning yoshi va ahliga hurmat qilib u haqida gapirmaslikni iltimos qildilar, u zot rozi boʻldilar. Ammo Abu Ayyoshning janozasida uchrashganlarida uzoqdan: “Ey Abu Ismoil (Hammad ibn Zaydning kunyasi), men bu qarorimdan qaytdim, u haqida gapirmasligim halol emas, chunki bu ish dindir[7]”, deb qichqirdilar.
Shuʼba va Sufyon as-Savriylardan soʻng, Yahyo in Sayyid al-Qatton va Ibn Mahdiylar keldi, soʻngra ularning shogirdlari, Ahmad ibn Hanbal, Yahyo ibn Maʼin, Ali ibn Madiniy va Is’hoq ibn Rahavayh kabi olimlar yetishib chiqdi. Bu davrda hadis ilmlariga doir jarh va taʼdil, illal va roviylar holati haqidagi kitoblar va tasniflar paydo boʻla boshladi. Bularning eng mashhuri Imom Buxoriyning “At-Tarix al-Kabir” asaridir.
Hadis rivoyatining paydo boʻlishiga sabab boʻlgan omillar, hadisning taftish ilmiga ham turtki boʻlgan. Hadis rivoyatini tanqidiy o‘rganish orqali zarur boʻlgan vositalarga ega boʻlish mumkin boʻldi, chunki oʻsha tanqidiy vositalarning aksariyati oʻsha davrda yaratilgan edi: roviylarni bilish, rivoyatlarni oʻz egalaridan o‘rganish ular sirasidandir. Bunga bir nechta omillar yordam bergan bo‘lib, quyidagilar: ularning zamonasi hadisning manbai boʻlgan nubuvvat asriga yaqinligi, islom fiqhi oʻzining ilk davrlaridanoq rivoyatlar bilan yoyilganidur. Shuning uchun, barcha mazhablar nazarida fiqhiy masalaga oid birorta hadisning yoʻq boʻlishi juda kam uchraydigan holat edi. Bir mujtahid olim bilmagan rivoyat boshqasidan topilardi. Bu esa fiqh va hadisni jamlagan olimlarga hadisning dalil sifatida yaroqliligini uning sobitligi va maʼnosi jihatidan tekshirishga yordam berdi. Shuningdek, muhaddislarning hadis ilmi bilan doimiy shugʻullanishlari, hadisni yozish va tasniflash bilan birga olib borilgan tanqidiy yondashuvni shakllantirdi. Hatto bunga bag‘ishlangan kitoblar yozildi va alohida bir ilm bo‘lib shakllandi.
Hadis ilmiga hamroh boʻlgan bu ilm, soha olimlarining sunnatni saqlashga qaratilgan e’tibori natijasi o‘laroq amalga oshirildi. Bu jarayon sunnatni ikkita xavfdan himoya qilishga qaratilgan edi: unga tegishli boʻlmagan narsaning qoʻshilishi va unga tegishli boʻlgan narsaning undan chiqarib yuborilishi. Barcha saʼy-harakatlar roviylar va rivoyatlar uchun ulkan meʼyorlar va tasniflarni keltirib chiqardi.
Hadis manhaji (metodologiyasi) quyidagi xususiyatlari bilan boshqa ilmlardan ajralib turadi:
- Moʻtadillik: bu amaliyot istiqro va tadqiq usullariga asoslangan;
- Muvozonat: insof asosida boʻlib, muhaddislar maʼlum asoslar va meʼyorlardan kelib chiqib roviylarni jarh (ta’na) yoki taʼdil (maqtov) bilan hukm qilishi, shu o‘rinda havoyi nafsga berilishdan tiyilishi shart. Ularning asoslariga: istiqro tahlili, taqqoslash, ilmiy bahs metodologiyasi, rivoyatlar tahlilida mantiqning ishlatilishi va tanqidiy yondashuv jarayonlari kiradi. Yuqoridagilardan anglashiladiki, muhaddislarning yo‘nalishlari, qonunlar ishlab chiqishdagi meyorlari puxta va mo‘tadil asoslar ustiga qurilganligi bilan oʻziga xosdir. Ulardan avval hech kim bu uslublarni qo‘llamaganligiga ishonch bildira olamiz.
Biz keltirgan ma’lumotlar ba’zi bir g‘arb olimlarining muhaddislar va hadis ilmi xususidagi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan da’volarini, ya’ni “muhaddislarning uslubi biron-bir qonun-qoidaga asoslanmagan” – degan da’volarini yo‘qqa chiqazadi. Holbuki, bu uslub Qurʼon va sunnatdan istinbot qilingan dalillarga tayanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar
- Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsir Hilol.
- Ibn Abdul-Bar. At-Tamhid. – Bayrut, Dar Kunuz
- Imom Al-Buxoriy. Jome’ as-Sahih.
- Imom Bazzor. Musnad. – Qohira, dar Al-Azhariyya.
- Doktor Samih Abdulloh. Takvin malakat al-hadisiya.
- Abu Abdulloh al-Hokim. Ma’rifat ulumu al-hadis.
- Al-Uqoyliy. Az-Zuafa al-kabir. – Bayrut: Dar Maktabatul ilmiyya.
- Imom Muslim. As-Sahih. Al-Jome’ as_sahih. – Turkiya: Dar Omiro.
- Shamsuddin az-Zahabiy. Miza’n al-Etidal. – Bayrut: Dar Ma’rifa.
[1] Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hilol Nashr. Nahl surasi, oyat 105.
[2] Ibn Abdul-Bar. At-tamhid. – Bayrut, Dar Kunuz, 1989. – 16J, 255B.
[3] Imom Al-Buxoriy. Jome’ as-Sahih. – Misr. Dar Sultoniyya, 2008. – Kitob Imon, Bob Vahiy boshlanish.
[4] Imom Bazzor. Musnad. – Qohira, dar Al-Azhariyya, 1988. – H 7288.
[5] Al-Uqoyliy. Az-Zuafa al-kabir. – Bayrut: Dar Maktabatul ilmiyya, 2020. – 1J. 96B.
[6] Imom Muslim. As-Sahih. Al-Jome’ as_sahih. – Turkiya: Dar Omiro, 1967. – 1J. 19B.
[7] Shamsuddin az-Zahabiy. Miza’n al-Etidal. – Bayrut: Dar Ma’rifa’, 1990. – 11B.






