Bandalariga mehribonligidan yo’lchi yulduzlar berib, najot yo’lini ko’rsatgan va qalbga oshiqlikni ne’mat qilgan Alloh taologa O’zining Rahmati qadar hamd-sanolar bo’lsin.
Yaratilishi dunyo va oxirat uchun rahmat qilib berilgan, hayotining har jabhasida biz ummatlarga faqat yaxshilik ulashgan Habibimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga salovat va durudlar bo’lsin.
Oshiqlik- inson qalbini poklaydi, agarchi Zoti oliy bo’lgan Allohga va Uning Habibiga bo’lgandagina haqiqiy poklanishga vasila bo’ladi.
Inson hayoti davomida jamiyat bilan yashar ekan, albatta qalbida kimgadir moyillik va taskinlik his qilib intilishi bor. Ana shu intilish Alloh belgilagan chegaralar bilan bo’lsa va haqiqiy Muhabbatga loyiq Zotni sevishga intiqlik bo’lsa inson sakinat, halovat va iymoniy quvvat topadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sevish va Uzotga yaqin bo’lish yo’llarini Ulamolar doim izlashgan va Allohning tavfiqi bilan bizga buning sababiyatlarini ham yozib ketishgan.
Quyida Oshiqlik va Rasululloh sollalohu alayhi vasallamga yaqin bo’lishga dalolat qiluvchi sabablardan ba’zilarini keltirib o’tamiz, shoyad Alloh taolo barchamizga bu ne’matni nasib etsa:
- Nabiy (sollallohu alayhi va salam)ni yaxshi ko‘rish U zot bilan jannatlarda birga bo‘lishga sabab bo‘ladi. Anas ibn Molik (raziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishicha, bir kishi Nabiy (sollallohu alayhi va salam)dan qiyomat haqida so‘rab: «Qiyomat soati qachon?», dedi. Nabiy alayhissalom unga: «Qiyomat uchun nima tayyorlagansan o‘zi?» U «Hech narsa!», – dedi – «Lekin, men Alloh va Uning Rasulini yaxshi ko‘raman». Shunda Nabiy (sollallohu alayhi va salam): «Sen o‘zing yaxshi ko‘rganlaring bilan birga bo‘lasan!», dedilar. Anas (raziyallohu anhu) aytadilar: «Biz hech narsadan Nabiy (sollallohu alayhi va salam)ning mazkur «Sen o‘zing yaxshi ko‘rganlaring bilan birga bo‘lasan!», degan so‘zlaridan xursand bo‘lganimizchalik xursand bo‘lmaganmiz». (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyatlari)
- Abu Zarr (raziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishicha, u kishi (Payg‘ambarimizga): «Yo Rasululloh, bir kishi bir qavmni yaxshi ko‘radiyu lekin ularning amalidek amal qilolmaydi?», dedi. Shunda Nabiy (sollallohu alayhi va salam): «Sen, ey Abu Zarr, albatta yaxshi ko‘rganlaring bilan birga bo‘lasan», Shunda Abu Zarr (raziyallohu anhu): «Men Alloh va Rasulini yaxshi ko‘raman», dedi. Nabiy (sollallohu alayhi va salam) yana: «Sen yaxshi ko‘rganlaring bilan bo‘lasan», dedilar (Imom Ahmad, Abu Dovud va Doramiy rivoyatlari).
- Abu Bakr (raziyallohu anhu) hikoya qiladi: «Madinaga hijrat qilayotgan paytimiz edi. Juda ham tashna edim. Suv qo‘shilgan sut keltirib, uni Nabiy (sollallohu alayhi va salam) ga uzatar ekanman, «Iching yo Rasulullah!», Nabiy (sollallohu alayhi va salam) uni ichdilar va mening chanqog‘im bosildi” dedilar.
- Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va salam) kun bo‘yi xodimlari Savbonning ko‘ziga ko‘rinmadilar. Oxiri, U kishi kelganlarida Savbon: «Yo Rasulalloh, meni yolg‘izlatib, sog‘intirib qo‘ydingiz», dedi va yig‘lab yubordi. – «Shunga yig‘laysanmi?!», dedilar Rasululloh (sollallohu alayhi va salam). – «Yo‘q, ey Rasululloh», dedi Savbon (raziyallohu anhu), – «Lekin, men jannatdagi Sizning makoningiz haqida o‘yladim, so‘ng o‘zimning makonim haqida o‘yladim. Va (Siz bilan bitta makonda bo‘lolmayman, deya, Sizdan ayro tushib), vahshat va yolg‘izlikka duchor bo‘lishim haqida o‘yladim». Shunda mana bu oyat nozil bo‘ldi: «Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, ana o‘shalar payg‘ambarlar, siddiqlar, shuhadolar va solih kishilardan iborat – Alloh in’omiga sazovor bo‘lgan zotlar bilan birga bo‘lurlar. Ular esa eng yaxshi hamrohlardir» (Niso surasi, 69-oyat).
- Nabiy (sollallohu alayhi va salam) o‘z masjidlarida juma kunlari hali U kishiga minbar tiklanishidan oldin bir daraxt tanasining yonida turib, mav’iza qilardilar. Shunda sahobalar xutba davomida U kishini ko‘rib turishlari oson bo‘lardi. Payg‘ambarimiz mazkur daraxt tanasini ushlab turib, va’z qilardilar. U kishiga minbar qurib berilgach, uni tark etib, minbarga chiqib ma’ruza qiladigan bo‘ldilar. Bir kuni Nabiy (sollallohu alayhi va salam) dan ajragani uchun boyagi to‘nkaning ingrayotganini eshitdik, deya hikoya qiladilar sahobai kiromlar. Shunda Nabiy (sollallohu alayhi va salam) minbardan tushib kelib, to‘nkani oldiga keldilar va uni silar ekanlar: «Shu yerga ko‘milib, so‘ngra jannatda men bilan birga bo‘lishga rozimasmisan?!», Shundan so‘ng to‘nka tinchlandi.
- Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Ey oʻgʻilcham, bu mening sunnatimdir. Kim mening sunnatimni oʻz hayotiga tatbiq etsa, batahqiq, menga muhabbat qilibdi. Kim meni yaxshi koʻrsa, jannatda ham men bilan birga boʻladi”.
Tahfizul Qur’on kafedrasi oʻqituvchisi
Zafar qori Mahmudov