islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Abbosiylar tojining duri sanalmish Horun ar-Rashid Ibn Mahdiy hijriy 170-193, milodiy 786-809 yillarda xalifalik qilgan. Haqiqatan ham, Horun ar-Rashid tarixdagi eng ulug‘ podshohlardan biri bo‘lgan. Uning davrida Islom davlati ravnaq topdi. Avval misli ko‘rilmagan to‘kinchilik, farovonlik, boylik zamoni bo‘ldi. Islom davlati o‘zining eng yuqori cho‘qqisini zabt etdi, istiqlolga erishib, ulug‘vorlik kasb etdi. Bu davrda Islom davlati quvvatlandi, turli sohalarda ilgarilab,ilm sohasida buyuk yutuqlarga erishdi. Uning salohiyati, qudrati, qadr-qiymati oshdi.

Suyutiy aytadi:«Ar-Rashidning davri yaxshilik davri bo‘lgan. U davr husni-jamolda to‘ylar va bayramlar kabi edi».

Horun ar-Rashid shijoatli inson edi. Rum yurtlariga o‘zi lashkarboshi bo‘lib borar, otasining davrida ularni bo‘ysundirgan edi. U o‘sha vaqtlarda yigirma yoshda edi. Shu bilan birga u nihoyatda taqvodor bo‘lib, har bir ishda Allohdan qo‘rqardi. U to‘qqiz marta haj qilgan. U haqida «Bir yili haj qilib, bir yili g‘azot qiladi», degan gaplar tarqalgan.

U voizlarning gaplariga quloq solar, Alloh taolodan qo‘rqib yig‘lar edi. U xalifalarning eng afzallaridan, ularning eng fasohatlilaridan, olimlaridan, karamlilaridan bo‘lgan. Uning fazilatlari ichida eng ulug‘i ilmga rioyasi edi. Baytul Hikmatning ishini rivojlantiradi. Xiraqla va Vizantiya iqlimlari fath qilinganidan keyin u yerlardan ko‘plab kitoblar keltirildi. Horun ar-Rashid tarjima ishlarini olib borishni Yuhanno ibn Misavayhga topshirdi. Baytul Hikmatda tarjimonlar bilan birga ko‘chiruvchilar, xazinachilar, muqovachilar va boshqa xizmatchilar ham faoliyat olib boradigan bo‘lishdi. Shuningdek, madaniyat va ma’rifat sohasida ko‘plab ishlarni amalga oshirdi. Misli ko‘rilmagan mazkur ishlardan butun olamni yorituvchi ziyo taraldi. Zulmatga cho‘mgan Yevropa o‘rta asrlarda ayni Horun ar-Rashid boshlab bergan ma’rifatdan ta’sirlanib uyqudan uyg‘onadi. Horun ar-Rashid haqida g‘arazgo‘ylik niyatida juda ko‘p mish-mishlar tarqalgan, botil gaplar aytilgan, tuhmatlar qilingan. Banu Abbosning eng ulug‘i bo‘lgan bu inson haqida laxvga, aroqxo‘rlikka berilgan, degan gaplar xam yozilgan.

Ar-Rashid islom va arab madaniyatining ko‘zga ko‘ringan arbobiga aylandi. U tarixdagi eng mashhur arablardan biri sifatida ta’riflangan. O‘zidan keyingi barcha Abbosiy xalifalari uning avlodlari edi. Horunning taxtga kelishi haqida mashhur shoir va sozanda shunday al Mavsiliy shunday degan: “Horun taxtga chiqqanda quyosh yashiringan joyidan qanday chiqib, dunyoni nurga to‘ldirganini ko‘rmadingmi?”.

Uning hukmronligi haqida mashhur arab tarixchisi Al Mas’udiy shunday degan: “Saltanatining ulug‘vorligi va boyligi shunchalik buyuk ediki, gullab-yashnash shunchalik yirik bo‘ldiki, bu davr „Eng ajoyib davr“ deb nomlandi”.

 

Toshkent islom instituti talabasi

Malikov Marufjon

417541cookie-checkHorun Ar-Rashid

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: