islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Hazrat Mir Alisher Navoiy (9 fevral 1441 yil – 3 yanvar 1501 yil)

Hazrat Mir Alisher Navoiyning hayoti va ijodi haqida qanday ma’lumotlarni bilasiz?

Hazratning asl ismi Nizomiddin Mir Alisher bo‘lgan. U 9-fevral 1441-yil Hirotda(hozirgi Afg‘onistondagi shahar nomi) tug‘ilib, shu yerda umrining asosiy qismini o‘tkazgan. Navoiyning otasi G‘iyosiddin Bahodir temuriylar xonadoniga yaqin bo‘lgan. She’r zavqi va iste’dodi erta uyg‘ongan. Bolalikdanoq yosh Alisher Farididdin Attorning „Mantiqut-tayr“ asarini yod olgan, Sharafiddin Ali Yazdiy nazariga tushgan, Mavlono Lutfiy yosh shoir iste’dodiga yuqori baho bergan, Kamol Turbatiy e’tirofini qozongan. Sayyid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad kabi ustozlardan ta’lim olgan, Abdurahmon Jomiy bilan ijodiy hamkorlikda bo‘lgan. Navoiy 1469 yilgacha temuriylar orasidagi ichki nizolar sababli Hirotdan yiroqda yashagan. Husayn Boyqaro Xuroson taxtiga o‘tirgach (1469), Navoiy hayoti va ijodida yangi bosqich boshlanadi, muhrdorlik (1469) mansabiga, vazirlik (1472) va Astrobod hokimligi (1487) ga tayinlanadi. 1480-1500 yillar mobaynida o‘z mablag‘lari hisobidan bir necha madrasa, 40 ta rabot (safardagi yo‘lovchilar to‘xtab o‘tish joyi), 17 ta masjid, 10 ta xonaqoh, 9 ta hammom, 9 ta ko‘prik va 20 ta hovuz qurdiradi. Husayn Boyqaro Alisher Navoiyga „muqarrabi hazrati sultoniy“(„sulton hazratlarining eng yaqin kishisi“) degan unvonni beradi. Unga ko‘ra Hazrat Mir Alisher Navoiy davlatning barcha ishlariga aralasha olardi. Alisher Navoiy tarjimayi holi o‘z davrida Xondamir, Vosifiy, Husayn Boyqaro, Bobur kabi tarixchi va davlat arboblarining asarlarida aks etgan.

Quyida e’tiboringizga Mir Alisher Navoiy hayotiga taalluqli 17 ta ma’lumotlarni taqdim qilamiz:

  1. Navoiyning ilmga bo‘lgan ishtiyoqi erta uyg‘onib, 4 yoshida maktabda ta’lim ola boshlagan;
  2. Navoiy hazratlari 7 yoshida Farididdin Attorning «Mantiqut-tayr» asarini yoddan bilganlar;
  3. 7 yoshli Nizomiddin Mir Alisher buyuk muhaddisimiz Buxoriy hazratlarining olti mingdan ziyod hadisi shariflarini yod bilgan;
  4. Mir Alisher 7-8 yoshlaridan boshlab g‘azallar yoza boshlagan;
  5. Alisher Navoiy «muqarrabi hazrati sultoniy» («sulton hazratlarining eng yaqin kishisi») degan unvonni olgan. Unvon Navoiyga davlatning barcha ishlariga aralashish huquqini bergan;
  6. Turkiy tilni qayta tiriltirgani Navoiyning ma’naviyatimiz uchun ulkan jasorati bo‘lgan. Zahiriddin Muhammad Bobur “Turkiy til bila to she’r aytibdurlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas”, – deb yozsa, Husayn Boyqaro “Mir Alisher turk tilining o‘lik jasadig‘a Masih nafasi ila jon ato etdi”,- deb ta’kidlagan;
  7. Alisher Navoiy o‘n besh-o‘n olti yoshlarida ham turkiy, ham forsiyda ijod qiladigan “ikki tilli” shoir sifatida tanilgan;
  8. Alisher Navoiy o‘smirlik yillarida o‘zi sevgan shoirlarning 50 ming baytdan ortiq she’rlarini yod bilgan;
  9. Alisher Navoiy turkiy tilda yozgan she’rlariga Navoiy, forsiy tildagi she’rlariga Foniy deb taxallus qo‘yadi;
  10. Shoirning forsiy she’rlar to‘plami “Devoni Foniy” deb nomlangan. Navoiyning sevgilisi sifatida tasvirlanadigan “Guli” ismi faqat xalq og‘zaki ijodida, Navoiy haqidagi rivoyat va afsonalarda uchraydi xolos. Guli nomi Navoiyning hayoti haqida ma’lumot beruvchi yozma manbalarning hech birida uchramaydi;
  11. Navoiy asarlarida Farhod-komil inson timsolidir. U bolaligidan ilmga chanqoq bo‘ladi va bir marta o‘qigani sira yodidan chiqmaydi. Farhod o‘n yoshga yetganda hamma ilmlarni egallab bo‘ladi;
  12. Navoiy taxminan 18-19 yoshlarida Abdurahmon Jomiy bilan tanishadi. Jomiy uni ham farzand, ham shogird sifatida qadrlaydi. Keyinchalik bu ikki ulug‘ shoir o‘rtasidagi ustoz va shogirdlik munosabatlari yanada mustahkamlanib, ijodiy hamkorlikka aylanadi;
  13. Samarqand Navoiyning hayoti va ijodida muhim ahamiyat kasb etadi. Alisher 1464 yilda Samarqandga keladi va bu yerda madrasada tahsil olib, ilm-fan, adabiyot va san’at bilan tanishadi;
  14. 1469 yili Navoiy do‘sti Husayn Boyqaroning taxtga chiqishi munosabati bilan 90 baytdan iborat “Hiloliya” qasidasini yozadi (“hilol” – yangi chiqqan oy);
  15. Navoiy o‘z jamg‘armasi hisobidan Hirotda va butun Xuroson mamlakatida 300 dan ortiq inshootlar qurdirgan;
  16. Alisher Navoiy 16 ta adabiy janrda ijod qilgan;
  17. Navoiy turkiy tilidagi ilk “Xamsani” 2 yil davomida yozadi. Dunyoning 64 tilga tarjima qilingan bu asar 51 ming misradan ortiq. Shoirning lirik merosi umumiy hajmi 50000 misradan ortiq «Xazoyinul-maoniy» nomli to‘rt devon (1491-1498)ga jamlangan.

Alisher Navoiy 1501-yil 3-yanvarda vafot etdi. Uni dafn etish vaqtida maydalab yomg‘ir yog‘ib turgan edi. Buni tarixchi Xondamir “hatto tabiat ham motam tutdi” deya ta’riflagan.

Hikmat bostoni

Biz Hazrat Alisher Navoiyni mutafakkir shoir deb ulug‘laymiz. Mutafakkir sozining ma’nosi tafakkur sohibi, keng va chuqur salohiyatga ega bolgan kishi degani. Bu ish har qanday iqtidorli qalam ahlining ham qo‘lidan kelavermaydi. Shuning uchun dunyoda shoir-u yozuvchi ko‘p o‘tgan bo‘lsa-da, ulardan juda oz qismigina bu sharafli nomga loyiq ko‘rilgan.

Mutafakkir adib, birinchidan, chuqur bilim, keng dunyoqarash, katta hayotiy tajribaga ega bo‘lishi, ikkinchidan, hayot, inson va umrning ma’no-mazmuni, ezgulik va yovuzlik, muhabbat va nafrat, halol va haram, fan va baqo, nafosat va qabohat, do‘stlik va dushmanlik, diyonat va xiyonat kabi azaliy hamda abadiy tushunchalarning mohiyatini teran anglab etishi va falsafiy nuqtayi nazardan tahlil qila olishi, uchinchidan, fikr-mulohazalarini turli badiiy tasvir vositalari yordamida aniq, lo‘nda va ta’sirchan ifodalash mahoratini egallashi kerak. Bu esa hamma ijodkorlarga ham nasib etavermaydigan buyuk maqom.

Hazrat Alisher Navoiy asarlari, yaxlit olganda hayot qomusiga o‘xshaydi. Chunki biron-bir hayotiy masala, insonga xos qadriyat  va tuyg‘ular, fazilat va illatlar yo‘qki, u qalam olmagan bo‘lsa! Birinchi  Prezident Islom Karimov ta’biri bilan aytganda: “Buyuk gumanist shoirimiz faoliyati va ijodiga teran nazar tashlasak, uning dahosi ijtimoiy hayotning, mafkura va madaniyatning barcha sohalarini qamrab olganidan hayratga tushamiz“.

Darhaqiqat, hech narsa Hazrat Alisher Navoiyning teran nigohidan chetda qolmagan. Aytaylik, ota-onaning farzand hayotidagi o‘rni va farzandning ota-ona oldidagi burchi haqida shunday yozadi:

Boshni fido ayla ato qoshig‘a,

Jismni qil sadqa ano boshig‘a.

Tun-kunungg‘a aylagali nur fosh,

Birisin oy angla, birisin quyosh.

Mazmuni: “Otangning qoshiga boshingni fido, onangning boshiga jismingni sadqa qil. Birini tuningni yoritadigan oy, ikkinchisini kuningni charog‘on etadigan quyosh deb bil.“

Ota-onaning farzand hayotida tutgan o‘rnini hech kim bundan ortiq tariflab berolmasa kerak: dunyo uchun oy bilan quyosh qanchalik ahamiyatga ega bo‘lsa, farzand uchun ota-ona ham shunchalik qimmatga ega! Chindan ham, oy tufayli tun, quyosh sababli kun yorug‘ bo‘lganidek, ota farzand hayotining tunini yoritsa, ona kunini nurga to‘ldiradi. Ulardan biri bo‘lmasa, kecha-kunduzning yarmi yorug‘, yarmi qorong‘iday tuyuladi.

Mutafakkir ustoz va shogird munosabatlari xususida fikr yuritar ekan, “ Haq yo‘lida kimki mashaqqat chekib, senga birgina harf o‘rgatgan bo‘lsa, yuz xazina boylik bilan ham uning haqini ado etolmaysan“, deydi:

Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qimish ranj ila,

Aylamak bolmas ado oning haqin yuz ganj ila.

Bu- ustoz va shogirdning o‘zaro munosabati to‘g‘risidagi shoirning falsafiy xulosasi. Darhaqiqat, ustozning maqomi buyuk-uni hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. ”Ustoz otangdek ulug‘“, degan maqol bejiz aytilmagan. Bir donishmanddan uning ma’nosini so‘raganlarida: “Chunki otam meni ko‘kdan yerga tushirgan bo‘lsa, ustoz yerdan yana ko‘kka ko‘tardi“, deb javob bergan ekan.

Yoshlarga qarata esa shunday deydi:

Yigitlig‘da yig‘ ilmning maxzani,

Qarilig‘ chogi sarf qilg‘il ani.

Avvalo, yoshlikda egallangan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabi mustahkam bo‘lishi ma’lum. Qolaversa, keyin hayot tashvishlariga ko‘milib, Ilm egallashga fursat ham, imkon ham qolmaydi. Bora-bora, xalq ta’biri bilan aytganda, “xotira ham aytganni qilmaydi “.

Mutafakkir shoir insonlik mohiyatini uning ijtimoiy faoliyatida-jamiyatga foydali kasb bilan shug‘ullanishi, xalqqa manfaati tegishi, odamlarning og‘irini engil qilishida deb biladi. Uning xalq g‘amini o‘z g‘ami deb bilmaydigan odamni odam qatoriga qo‘shmasligi bejiz emas:

Odamiy ersang, demag‘il odami

Onikim,yo‘q xalq g‘amidin gami.

Bu- Hazrat Alisher Navoiyning inson haqidagi qarashlari tizimida eng muhim nuqta. Zero, shoirning o‘zi ham xalqqa qancha ko‘p foydang tegsa, bu narsaning o‘zingga foydasi ko‘proq, degan aqida bilan yashagan:

Naf’ing agar xalqqa beshakdurur,

Bilki, bu naf’ o‘zungga ko‘prakdurur.

Hazrat Alisher Navoiyning nuqtayi nazariga ko‘ra, mol-u dunyoni yig‘ish emas, balki xayrli ishlarga, xalq farovonligi yo‘lida sarflash kerak. Uning o‘zi shunday yo‘l tutadi va boshqalarni ham shunga da’vat qiladi. Shoirning yozishicha, pul-u boylikning quliga aylangan, jonini tikib mol-u dunyoga intilgan kishi hech qachon aziz bo‘lmaydi:

Hargiz bo‘lmas johu diram zori aziz,

Jon naqdi berib, siym xaridori aziz.

Xalq hayotini eng chuqur qatlamlarigacha, ikir-chikirlarigacha yaxshi bilgan, xalq og‘zaki ijodidan to‘la xabardor shoir oz  asarlarida xalq maqol-matallari, obrazli iboralardan keng foydalanadi, kundalik turmushdan olingan hayotiy tashbehlarni ko‘p qo‘llaydi. O‘z navbatida, zamonasining barcha ilmlarini egallagan, hayotning butun achchiq-chuchugini totgan donishmand shoirning ko‘rgan-kechirganlarining xulosasi sifatidagi teran mazmunli, lo‘nda hikmatlari xalq orasiga shunchalik singib ketganki, ularning qaysi biri xalqniki-yu, qaysi biri Navoiyniki ekanligini ajratib bo‘lmaydi. Misollar:

Bilmaganni so‘rub o‘rgangan olim va orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim.

********

O‘z-oz o‘rganib dono bo‘lur, qatra-qatra yig‘ilib daryo bo‘lur.

********

Tilga ixtiyorsiz-elga e’tiborsiz.

********

Aytar so‘zni ayt, aytmas so‘zdan qayt.

********

Sihhat tilasang, ko‘p ema, izzat tilasang, ko‘p dema.

********

 Hazrat Alisher Navoiy tarjimayi holi o‘z davrida Xondamir, Vosifiy, Husayn Boyqaro, Bobur kabi tarixchi va davlat arboblarining asarlarida aks etgan. O‘zbek olimlari Ozod Sharafiddinov, V.Mahmud, M.Oybek, Yahyo G‘ulomov, Izzat Sulton, A.Zohidov, V.Abdullaev, A.Qayumov, S. G‘anievalar Mir Alisher Navoiyning hayot yo‘li haqida asarlar yozishgan. Ulug‘ shoirning asarlari ko‘p tillarga tarjima qilingan. 1947-yilda Komil Yormatov “Alisher Navoiy” filmini suratga oldi. O‘zbekistonda Alisher Navoiy nomidagi viloyat, shahar, kutubxonalar, universitet, maktablar, poytaxtdagi metro stansiya, markaziy ko‘chalar  bor.

Hazrat Alisher Navoiy ijodi -muazzam ummon. Bu ummonga sho‘ng‘igan har bir g‘avvos o‘z imkoni darajasida ma’no marvaridlarini qo‘lga kiritishi shubhasiz. Ulug‘ shoir, she’riyat sultoni Alisher Navoiy hikmatlari hayotdan olinganligi, shaklan go‘zal, mazmunan teran, badiiy jihatdan yuksak ekanligi uchun hech vaqt oz ahamiyatini yo‘qotmay, barchaga ma’qul bo‘lib kelmoqda.

TII “Tillar” kafedrasi katta o‘qituvchisi

Faxriddin Yernazarov

 

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. Алишер Навоий.Ҳикматлар.Тошкент.”O‘zbekiston”2011.
  2. https://tafakkur.net/alisher-navoiy.haqida.
420600cookie-checkHazrat Mir Alisher Navoiy (9 fevral 1441 yil – 3 yanvar 1501 yil)

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: