Ulug‘ mutafakkir Mir Alisher Navoiy ijodining shunday bir qirrasi borki, bu – uning davlat arbobi, temuriylar saroyining dongdor vakili sifatida bildirgan ijtimoiy-falsafiy fikrlari bo‘lib, bu haqda ba’zi o‘rinlarda fikr yuritilgan.
Alisher Navoiy ona tilida ulug‘ adabiy asarlar yaratib, xalq¬ning ma’naviy olamini yuksaltirish barobarida temuriylar davlatining barqarorligi va davomiyligi uchun ham kurashib, bu ishda o‘zini mas’ul deb bildi. Shu bois, u nainki do‘sti Husayn Boyqaroga nasihat qilish, uni ogohlantirib turish, ulug‘ va ezgu ishlarga yo‘llash bilan cheklandi, balki Boyqaro farzandlari – shahzodalarga davlatchilik asoslarini, Amir Temur o‘gitlari va an’analarini o‘rgatish, tanbeh va nasihatlar orqali ta’sir etib turishni o‘z burchi deb bildi.
Shuningdek, Iroq va Kurdiston hokimligiga tayinlangan shahzoda Badiuzzamonga davlat boshqaruvining dasturi bo‘ladigan o‘ttiz ikki banddan iborat maktub yuboradi. Maktub, garchi, nasihat usulida yozilgan bo‘lsa-da, uning zamirida talab va ogohlantirish ohangi yotadi. Agar bu fikrlarni umumlashtirsak, Navoiy quyidagi uch jihatga e’tibor qaratganini ko‘ramiz:
– shohning o‘zi shariat talablariga amal qilishi va boshqalardan ham shuni qat’iy talab etishi lozim;
– raiyatning ahvolidan doimo xabardor bo‘lib turish, adolat istab kelganlarning arzini muntazam ravishda eshitib, zolimlarni jazolash, shoh va fuqaro orasida o‘zaro ishonch va muhabbatni qaror toptirish;
– devonda ish yuritishni qat’iy intizom asosida yo‘lga qo‘yish, ta’magirlik, poraxo‘rlik, sustkashlikka yo‘l qo‘ymaslik.
Navoiy yana shuni ta’kidlaydiki, mamlakatning halol, vijdonli kishilarini, obro‘-e’tiborga ega ulamolar, arboblarni qadrlash va ularga suyanish lozim.
Siyosat, adolat va dodxohlik asosiga qurilgandagina davlat mustahkamlanadi. Mazlumlar himoya qilinsa, yomonlar, talonchi va firibgar-fitnachilar jazolansa, bu boshqalarga ibrat bo‘ladi. Ulug‘ shoir nasihat qilib yozadi: «Alassaboh haramdan chiqqach, devonda o‘ltirib dodxoh so‘rulsa, dag‘i dodxoh so‘rarda o‘zluk bila mashg‘ulluq qilinsa, agar bir mazlumg‘a birovdin zulme o‘tgan bo‘lsa, zolimg‘a andoq siyosat qilsakim, o‘zga zolimlarg‘a mujibi intiboh bo‘lsa».
Shundan so‘ng podsho arkoni davlat(amirlar, vazirlar)ni yig‘ib, unda «mulk va mol ishi» muhokama qilinishi kerak. Navoiy davlat ishida mashvarat, ya’ni kengashib ish qilishni qayta-qayta ta’kidlaydi. Kengashlarda nafaqat «arkoni davlat», balki nufuzli shaxslar, donishmand hakimlar ham qatnashishi mumkin. Ammo har birining o‘z o‘rni, o‘z mavridi bor. Demak, davlat miqyosidagi muhim ishlarni a’yonlar, arkoni davlat, birinchi navbatda, xayrixoh, pokdil, haqgo‘y odamlar bilan maslahatlashib, keyin qarorlar qabul qilgan ma’qul. Albatta, davlat ishida ta’jil (tez bajarilishi kerak bo‘lgan) ishlar ham bor. Bunda shoh o‘zi qaror qabul qilishi shart. Shuningdek, ba’zi tadbirlarni tavakkal qilib amalga oshirishga to‘g‘ri keladi, deb davom ettiradi Navoiy, ammo shunda ham eng yaqin odamlar bilan maslahatlashish foyda beradi.
TII jtimoiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi
Badiyev Shukurjon