Ulug’ alloma, hofiz Usmon ibn Saʼid bin Usmon ibn Amr Abu Amr al-Umaviy al-Qurtubiy ad-Doniy ibn Sayrofiy hijriy 371-yil (milodiy 981-yil)da Andalusning Qurtuba shahrida tavallud topganlar. Ilm-ma’rifat, din-u diyonat keng yoyilgan Qurtuba o’sha vaqtda Andalusning katta shaharlaridan biri edi. Imom Doniy ushbu shaharda o’sib ulg’ayganlar. Bu yerlar o’sha davrda Umaviylar xalifaligi boshqaruvi ostida bo’lib, u yerda ishlarni chiroyli tadbir qiluvchi va oqilona siyosat yurituvchi Mansur Muhammad ibn abu Omir Hojib hukm ishlarini amalga oshirardi. Hayotlik davrlarida Sayrofiy (ya’ni, pul ayirboshlovchi) yoki Ibn Sayrofiy deb laqablanganlar. Vafotlaridan keyin esa hayotining oxirgi yillarini yashagan Daniyaga nisbatan Doniy deb ataladigan bo’lganlar. Imom Zahabiy (hijriy 748-yil) o’zlarining “Ma’rifatul qurro” asarlarida Imom Doniyning tarjimayi hollari borasida bunday deydi: “U kishi o’z zamonasida “Sarrofning o’g’li” nomi bilan mashhur bo’lgan, bizning zamonimizda esa Abu Amr Doniy nomi bilan taniqlidir”. U kishining o’zlari haqida bergan xabarlariga ko’ra, ilm tahsilini erta yoshdanoq boshlaganlar. Dastlabki boshlang’ich ilmlarni ulamolarning majlislariga hozir bo’lib, ularga quloq tutib, eshitganlarini yozib borib o’rganar edilar. O’shanda u zot o’n besh yoshga yaqinlashib qolgan edi. Yigirma yoshga yetmasdan turib yurtining qorilaridan yetti qiroatni to’la o’tkazib oldilar. Shu yoshda u kishining bunday darajaga erishishlari u zotning ilmiy muhitdagi oilada tarbiya topganlari sababidandir. Chunki, otalari Said ibn Usmon muhaddislardan edi. Shuningdek, tog’alari Muhammad ibn Yusuf o’z zamonidagi qiroat ulamolaridan edi.
Imom Doniy Andalus shaharlari bo’ylab turli fanlarni o’rganishlik uchun kezib chiqdi. So’ngra, hijriy 393- yilning jumadul avval oyida otalarining vafotlaridan keyin, hijriy 397- yilning muharram oyining ikkinchi kunida mashriq davlatlariga ilmiy safar qildi. . Andalusdagi biror olim sharqqa safar qilib uning sof ilm chashmasidan olsagina olim deb e’tiborga olinardi. Dastlab, to’rt oy davomida Qayravonda turib, u yerdagi bir qancha muhaddislardan hadislar yozib oldi. . Oʻsha muhaddislar ichida Abul Hasan Al Qobisiy va boshqalar ham bor edi.
Soʻngra, hijriy 398- yilda Qayravondan chiqib Misr tomon safar qildilar. U yerga Ramazon hayitining ikkinchi kunida kirib bordilar va musulmonlar haj safariga chiqqungacha o’sha yerda qoldilar. Misr mamlakatida istiqomat qilgan paytlarida Misrlik, Bagʻdodlik, Shomlik va boshqa oʻlkalardan boʻlgan olimlardan Qurʼoni karim, hadis, fiqh kabi ilmlardan tahsil oldilar. Bu olimlar orasida Abu Muhammad ibn An Nuhas, Abul Qosim Abdul Vahhob ibn Ahmad ibn Munir, Xalaf ibn Ibrohim ibn Xoqon, Foris ibn Ahmad, Tohir ibn al Munʼim va bir qancha boshqa jamoalar ham bor edi.
Hijriy 398- yili Makkaga borib haj ibodatini ado etdilar. Makkada ham qiroat shayxlari va muhaddislardan taʼlim olib, hadis yozib oldilar. Abul Abbos Ahmad Al Buxoriy va Abul Hasan ibn Faros kabi yetuk olimlardan ham hadislar yozib oldilar. Soʻngra Misrga qaytib bir oy istiqomat qilib, yana magʻribga bordilar va Qayravonga bir necha oy turdilar.
Imom Doniy Andalusga hijriy 399 -yilda qaytdilar. Qurtubada hijriy 403-yilgacha yashadilar. Shu paytlarda Qurtubada fitnali vaziyatlar roʻy berayotgan edi. Imom Doniy u yerdan chiqib hozirgi Zaragoza shahrida yetti yil istiqomat qildilar. Yana u yerdan chiqib hijriy 409-yilda Daniyaga qaytdilar. Daniyada Mujohid Al Omiriy Abul Jaysh hukmron boʻlib qorilarni gʻoyatda ikrom qilar, siylar edi. Daniyada qorilar maktabi shakllangan edi. Ammo Imom Doniy bu iqlimga moslasha olmadi. Imom Doniy zohid inson boʻlib mol davlatdan yuz oʻgirgan inson edilar. Faqat Alloh roziligin istab amal qilardilar. Hokimning inʼomlaridan yuz oʻgirdilar va chiqib boshqa yurtlarga safar qilgandilar. Imom Doniy hijriy 417-yili yana Daniyaga qaytib umrlarini oxirigacha shu yerda yashab qoldilar.
Buyuk olim hijriy 444 (milodiy 1052) yili yetmish ikki yoshlarida vafot etdilar. Alloh Taolo u kishini Oʻz rahmatiga olsin.
Toshkent islom instituti 401-guruh talabasi Turg’unov Nuriddin