islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Mustaqillik- oliy ne’mat

“Mustaqillik” so‘zining ma’nosini bilasizmi? Mustaqillik deganda nimani tushunasiz?

“Mustaqillik” so‘zi mustaqil holat; bog‘liq, qaram bo‘lmagan holat; davlatning ichki va tashqi ishlarda boshqa davlatga qaram bo‘lmay faoliyat ko‘rsatish ma’nosini anglatadi.

Mustaqillik azaldan insoniyatning orzu-umidlari, armon va iztiroblarini o‘zida mujassam etadi. Darhaqiqat, inson tabiatning gultojisi sifatida hamisha ozodlik, erkinlik va hurriyatga intilib yashaydi. U qalbida o‘zini hamisha har jihatdan erkin his qilishga, tahlikasiz hayot kechirishga ehtiyoj sezadi. Shuning uchun ham insoniyat tarixida turli xil davrlarda ozodlik va tenglik uchun intilib yashagan.

Mustaqillik tenglik sari qo‘yilgan birinchi qadamdir. Chunki tenglik bo‘lmagan joyda kimdir kimgadir tobe bo‘ladi. Mutelik bor joyda hukmronlik, o‘zgalar hisobiga yashash kabi illatlar bo‘ladi. Bu mustamlakachilikning belgilaridan biri hisoblanadi. Tenglik so‘zining qudrati shundaki, u odamlarning o‘zaro munosabatlaridan tortib, mamlakatlararo munosabatlargacha hamma narsani me’yor- mezonga soladi.

Istiqlol- o‘zaro hurmat, bir-birini tan olish, bir- birini qadrlash asosida mamlakat fuqarolari o‘zaro munosabatida ham, jahon davlatlari o‘rtasidagi aloqalarda ham ana shu umuminsoniy qadriyatlarga tayanish, ana shu umumiy mezonlarda asosida yashash demakdir. Mustaqillik- jamiyatdan ajralmagan holda dunyo muammolari va o‘z taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan istiqbol haqida o‘ylashdir. Istiqlol- erkin dunyoqarash, erkin tafakkurga suyanib yashash salohiyatidir.

Mustaqil yashashga, mustaqil fikrlashga, o‘z taqdirini o‘zi belgilashga, o‘z hayotini o‘zi izga solishga qodir odam ziddiyatlarni osonlik bilan yengadi, dunyoning shiddatli muammolari qarshisida dovdirab qolmaydi. Bu oddiy hayotiy haqiqatni davlat mustaqilligiga ham qiyoslash mumkin.

Mustaqillik mustamlakachilikning har qanday shaklini, u taqozo etadigan to‘siqlar va zo‘ravonliklarni inkor etadi. Mustaqillik jahon taraqqiyotining ilg‘or tajribalari asosida o‘z ravnaqining o‘ziga xos tamoyillarini ishlab chiqish bilan birga yagona zamin, yagona makon taqdirini belgilashda o‘zaro hamkorlikning yangi, sifat jihatidan yuqori bo‘lgan, umuminsoniy manfaatlarga mos keladigan andozasi asosida yashash demakdir.

Mustaqillik- tabiatan ongli yashash, ongli munosabatni qaror toptirish mezoni.

Vatanimiz tarixiga nazar solsak, Mustaqillik imkoniyatlarini oldindan payqagan, mamlakat ijtimoiy-siyosiy jarayonlarining borishini to‘g‘ri kuzatib, to‘g‘ri baholay olgan O‘zbekiston ittifoqdoshlari orasida birinchilardan bo‘lib, o‘z mustaqilligini e’lon qildi: 1991-yil 31-avgust kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi Bayonot O‘zbekiston hukumatining siyosiy yo‘lini to‘la qonunlashtirib berdi. 1991-yilning avgustida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi va ana shu qonun doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining bundan keyin O‘zbekiston SSRni O‘zbekiston Respublikasi deb atash, 1-sentyabrni Mustaqillik kuni deb e’lon qilish, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ittifoqning va uning tarkibiga kiradigan barcha mustaqil davlatlarning oliy qonun chiqaruvchi idoralariga, barcha xorijiy davlatlarga va jahon hamjamiyatiga murojaat qilib, ularni respublikaning davlat mustaqilligi e’lon qilingan hujjatni tan olishga da’vat etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki huquqiy poydevori edi.

“O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezident Qarori (PQ-264-son, 18.07.2024-y.) qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, Mustaqilligimizning 33 yillik shonli sanasi chinakam umumxalq bayrami, ozodlik va saodat ayyomi sifatida ko‘tarinki kayfiyatda kutib olinadi hamda mamlakatimizning bugungi taraqqiyot darajasi, yuksalish sur’atlariga munosib tarzda nishonlanadi.

Tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari “Bir bo‘lsak–yagona xalqmiz, birlashsak–Vatanmiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda o‘tkaziladi.

Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san’at sohalari va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Farmonda qayd etilishicha, O‘zbekiston mustaqilligini mustahkamlash, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlarni samarali amalga oshirish, o‘zining yorqin iste’dodi, ko‘p qirrali ijodiy, ilmiy-amaliy faoliyati bilan xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, mamlakatimizda ilm-fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirish, yoshlarimizni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ulkan xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun” faxriy unvonlar berildi.

Mustaqillik–davlatning ichki va tashqi ishlarda boshqa davlatlarga qaram bo‘lmay faoliyatda ko‘rsatishi, mustaqil tamoyillariga rioya etish davlatlararo o‘zaro munosabatlarda yetakchi, hukmron qoidadir. Har bir davlatning mustaqilligini tan olish o‘zaro tinch-totuv yashashning prinsiplaridan biridir. U BMT ustavi va xalqaro shartnomalar va deklaratsiyalar mustahkamlab qo‘yilgan.

Mustaqillik tufayli O‘zbekiston xalqaro miqyosda o‘zini tanitish, ayni paytda xalqaro huquq me’yorlari asosida jahondagi barcha davlatlar bilan teng hamkorlik qilish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Jahon xaritasida O‘zbekiston yangi, yosh mustaqil davlat sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi.

Iqtisodiyotda tub o‘zgarishlar qilish uchun imkoniyat yaratildi. Ya’ni jahon amaliyoti isbotlagan bozor iqtisodiyotiga o‘tish uchun sharoit barpo etildi. Mulkka munosabat tubdan o‘zgarib, jamiyatda yangi mulkdorlar sinfini shakllantirish uchun imkon ochildi.

Mustaqillik sababli O‘zbekiston Respublikasi ko‘p imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Mustaqillik sababli dunyoga yo‘l ochildi. Mustaqillik tufayli O‘zbekiston o‘zining armiyasi, bayrog‘i, madhiyasi va yangi konstitutsiyasiga ega.

Mustaqillik xalqning ma’naviy uyg‘onishi uchun to‘la imkoniyat yaratdi. Yurt tarixi, qadimiy madaniyat tiklana boshladi. Xalqning azaliy urf-odatlari, ma’naviy qadriyatlari unga qaytarib berildi. Dinga munosabat mutlaqo ijobiy tomonga o‘zgardi. Shunday qilib, qo‘lga kiritilgan Mustaqillik o‘zbek xalqi tarixida tamoman yangi davrni boshlab berdi, milliy dunyoqarashda yangicha tafakkur shakllana bordi. Xalq kelajakka ishonch bilan qaray boshladi. O‘z yurtining to‘la xo‘jayini ekanligini, o‘z taqdirini o‘zi belgilash imkoniyatini qo‘lga kiritganligini his qila boshladi. Mustaqillik- oliy ne’mat. Mustaqillikni qadriga yetaylik. Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

Mustaqillik bayrami muborak bo‘lsin! Yashasin mustaqil yangi O‘zbekiston!

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. A. Ibrohimov va boshqalar. Vatan tuyg‘usi.Toshkent-“ O‘zbekiston”-1996. 447 bet

Internet saytlari:

  1. uz.wikipedia.org
  2. anhor.uz
  3. gazeta.uz

“Tillar” kafedrasi katta o‘qituvchisi

Faxriddin Yernazarov

433060cookie-checkMustaqillik- oliy ne’mat

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: