Barchani dunyoga keltirgan, duogo’y bo’lgan mo’tabar onalar, qadrdon opa-singillar va g’amxo’r qizlarning oilada, jamiyatda tutgan oʻrni beqiyosdir. Alloh taolo Paygʻambar Muhammad sollallohu alayh vasallam orqali muhtarama ayollarning qadr-qimmatini yuksaklarga koʻtarib, Oʻzining kalomi sharifida ham ular uchun alohida sura nozil qildi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam ham oʻzlarining hadisi shariflarida ayollarga oid barcha masalalarni, jumladan, ularning jamiyatdagi oʻrni, oiladagi, farzand tarbiyasidagi roli, ilm tarqatishdagi masʼuliyati kabilarni batafsil bayon qilib berdilar. Saodat asridan to zamonamiz ulamolarigacha, barchalari oʻzlarining ilmiy asarlari va kitoblarida ayollar uchun alohida boblar ajratishgan.
Bugungi kunga kelib, ayollarning jamiyatdagi oʻrni kengayib, oila mustahkamligi, farzand tarbiyasi kabi masalalarni oʻrganish, turli salbiy oqibatlarning oldini olish ishlariga eʼtibor kuchayib bormoqda.
Islom dini ozoda va koʻrkam tashqi koʻrinishni maʼqullaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan bir hadisda u zot: “Albatta, Alloh goʻzaldir va goʻzallikni sevadi”, deganlar. (Imom Muslim “Sahih”da Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilgan. 147- hadis).
Odamzodning tabiatida goʻzallikka intiluvchanlik bor boʻlgani uchun oʻzgalar koʻziga chiroyli koʻrinishni xohlab, oʻziga oro berishda vaqtini ayamaydi. Ayniqsa hozirgi kosmetologiya sanoati rivojlanib, uning mahsulotlari dunyo boʻylab keng tarqalgan bir paytda. Yuqorida aytganimizdek, Islom dini tashqi koʻrinishni yaxshilashni toʻliq taqiqlamaydi. Aksincha, shunday holatlar borki, oʻziga oro berish shart yoki matlub boʻladi. Masalan: er-xotinlik aloqalarini yaxshilash maqsadida Islom dini ayolning er uchun, erning ayol uchun bezanib yurishini tavsiya qiladi. Bu borada Abdulloh ibn Abbosning quyidagi soʻzlari rivoyat qilinadi: “Ayolimning men uchun ziynatlanishini yaxshi koʻrganimdek, men ham ayolim uchun ziynatlanishni yaxshi koʻraman”.[1] Shuning uchun ham Islomda tashqi koʻrinishga oro berish umumiy holda ruxsat etilgan. Biroq bu ishda harom qilingan ayrim holatlar mavjud. Sabablari esa quyidagilardir:
- a) agar kofir yoki axloqsiz odamlarga oʻxshash uchun qilinsa;
- b) agar Alloh yaratgan tashqi koʻrinishning oʻzgarib ketishiga olib keladigan gʻayritabiiy narsalar bilan oʻz holatini oʻzgartirsa, mana shu sabablardan birginasi mavjud boʻladigan boʻlsa ham, tashqi koʻrinishni yaxshilash joiz emas.
Endi goʻzallik salonlarida aksariyat qoʻllaniladigan muolajalar hamda ularning meʼyorlari bilan tanishib chiqsak:
Boshqa jins vakillarining sochini olish yoki turmaklash. Bu man qilingan.
Soch boʻyash. Tim qora, shuningdek, ayol kishini axloqsiz yoki buzuq koʻrinishga olib keluvchi ranglarga boʻyalmasa, soch bo’yashga ruxsat bor.
Sochni butunlay qora rangga boʻyashning man qilinganligi quyidagi hadisda keltirilgan: Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim qaysi qavmga oʻxshasa (yaʼni oʻzini oʻxshatsa), u oʻshalardandir”. (Abu Dovud, 4031-hadis. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan).
Qosh terish va shaklini o’zgartirish. Bu ish taqiqlangan, chunki bunda qoshning asl tabiiy shakliga aralashish bordir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qosh teruvchi va qosh terdiruvchi ayollarni ochiq-oydin laʼnatlaganlar.
Ibn Maʼsud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Mijozning avrat boʻlmagan joylaridan tuklarni ketkazish gunoh emas. Masalan: yuzdan (qoshlardan tashqari), qoʻldan, oyoqdan va hokazo. Xuddi shu meʼyorlar lazerli epilyatsiyaga ham taalluqlidir.
Boshdagi sochlarni kesish hamda turmaklash. Ayollarga soch kestirish va turmak qilishga ruxsat berilgan. Ammo sharti shuki, turmak uslubi erkaklarnikiga oʻxshamasligi kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarama-qarshi jins vakillariga taqlidni man qilganlar. Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Jahannam ahlidan boʻlmish, men ularni koʻrmagan ikki toifa kishilar bor. Ularning birinchisi, sigirlarning dumiga oʻxshaydigan qamchilarni koʻtarib yuruvchilar boʻlib, ular bilan odamlarni uradilar. Boshqalari esa kiyingan boʻlsalar ham, lekin yalangʻoch ayollardir. Ular (oʻzlarining bunday koʻrinishlari bilan) boshqalarni Allohning amrlariga itoatsizlikka undaydilar va oʻzlari ham (behayoliklari bilan) Unga itoatsiz boʻladilar. Ularning boshi tuyaning oʻrkachiga oʻxshaydi. Ular jannatga kirmaydilar va uning hidini ham hidlamaydilar, vaholanki, uning hidi juda ham uzoq masofadan seziladi”. (Muslim “Sahih”da Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan. 2128-hadis).
Hadisning sharhi. “Kiyingan boʻlsalar-da, yalangʻoch” iborasida shariat talablariga javob bermaydigan tarzda kiyingan ayollar nazarda tutilgan. Ular oʻta yupqa matodan tikilgan yoki badanga juda yopishib turgani sababli tananing shaklini yaqqol koʻrsatib turuvchi kiyimlarni kiyishadi. Agar koʻylak, ishton yoki hattoki plash ham badanga yopishib, uning shakli koʻrinib turgan boʻlsa, mazkur hadisda aytilgan ogohlantirish ushbu ayollarga taalluqli boʻladi. Shuningdek, harir boʻlmasa-da, badanni toʻliq bekitmaydigan (masalan, yirtiqlar, V shaklidagi qirqimlar, kalta yoki bilakni yopmaydigan yenglar va hokazo) kiyimlar ham shular jumlasidandir.
Sochlarga keladigan boʻlsak, ularni boshning tepa qismiga yigʻib olish haromdir. Chunki bunday turmakda bosh aslidan koʻra kattaroq koʻrinib, tuyaning oʻrkachini eslatadi. Odatda sochlar ensa(gardan)da yigʻiladi, hadisda kelgan tarzda emas. Agar sochlar boshning pastki qismida, roʻmol tagidan koʻrinib qolmaydigan qilib yigʻilsa, ana shu uslub afzaldir. Ayrim muhaddislarning aytishicha, yuqoridagi hadis nomahram erkaklarning huzurida boshini egmasdan, koʻzini yerga qaratmaydigan ayollarga ham taalluqli boʻladi. Bunday ayollar jannatning hidini ham hidlamaydilar.[2]
Makiyaj. Agar surtilayotgan moddalarda harom hisoblangan birikmalar boʻlmasa, bunga ruxsat bor. (Kosmetologik vositalarda sintetik spirt ishlatilgani sababli ulardan foydalanishga ruxsat beriladi).
Ayolning tashqi koʻrinishini yaxshilashga oʻz-oʻzidan ijozat berilgan boʻlib, makiyaj ham mana shu jumlaga kiradi. Bu ishning harom boʻlishi esa zeb berilgan tana aʼzolarini nomahram erkaklarga koʻrsatuvchi ayollarga taalluqlidir. Bu uning gunohi boʻlib, buning uchun oʻzi javob beradi. Shu sababli kosmetologning mijozga makiyaj qilishiga ruxsat beriladi. Agar mijoz makiyajni notoʻgʻri ishlatadigan boʻlsa, yaʼni bezatilgan yuzini nomahramlarga koʻrsatsa, u holda bu gunohga kosmetolog emas, balki oʻsha ayolning oʻzi masʼul boʻladi.
Pedikyur va manikyur. Agar oyoqlarga va qoʻllarga harom moddalar surtilmaydigan boʻlsa, bunga ruxsat etiladi. Shuni aytib oʻtish kerakki, tahoratning haqiqiy boʻlishining shartlaridan biri tirnoqning ustiga suv tegishi hisoblanadi. Uning ustiga boʻyoq (lak) surtilgan boʻlsa, suv unga yetib bormaydi. Shu bois, tahorat qilishdan oldin lakni ketkazish lozim boʻladi. Agar tahorat qilish vaqtida tirnoqda lak boʻlsa, tahorat haqiqiy hisoblanmaydi.[3]
Endi kosmetik jarrohlikka tegishli hukmlar bilan tanishib chiqiladi:
Bu mavzu boʻyicha taqdim qilingan ilmiy ishlar munoqasha qilinib, u haqda boʻlib oʻtgan tortishuvlarni eshitib, Islom Konferensiyasi Tashkiloti qoshidagi xalqaro Islom Fiqhi Akademiyasi quyidagicha qaror qiladi.
Birinchi: Kosmetik jarrohlikning taʼrifi: Kosmetik jarrohlik insonni zohiriy jismidagi bo’laklaridan birini oʻzgartirish orqali chiroy kiritish yoki shikast yetganligi sababli vazifasini qayta izga tushirish uchun xizmat qiladigan jarrohlik
Ikkinchi: Kosmetik jarrohlik mobaynidagi umumiy shartlar va normalarga amal qilish:
- Jarrohlik shar’iy e’tibor bilan amalga oshirilgan bo’lmog’i lozim. Masalan, vazifani qayta yo’lga qo’yish, aybni isloh qilish va xilqatni asliga qaytarish.
- Jarrohlik umid qilingan manfaat o’rniga zararni oshirib yubormasligi kerak. Bu ishni mutaxassis va ishonchli kishilar amalga oshirmog’i lozim.
- Jarrohlik amaliyotini qiluvchi tabib yoki hamshira oʻsha kasbning ahli va mutaxassisi boʻlishi va bu masʼuliyat Akademiyaning 142-raqamli qaroriga muvofiq boʻlishi.
- Jarrohlik amaliyoti bemorning izni bilan bo’lishi.
- Tabib ongli va voqe boʻlishi mumkin boʻlgan xatarlarni ko’ra-bila oladigan boʻlishi lozim.
- Jarrohlikdan taʼsiri oz boʻlgan boshqa muolaja boʻlmasligi lozim
- Sharʼiy manbalarga muxolif boʻlmasligi kerak.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda u zot: «Igna bilan badaniga surat chizuvchi ayol va chizdiruvchini, soch ulaydiganni va ulatadiganni, husn uchun tishlarining orasini ochuvchini va Alloh xalq qilgan narsani oʻzgartiruvchini laʼnatlagan», deb aytdilar» (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan qilingan rivoyatda keltirilishicha, soch ulovchi ayol va soch ulatuvchi ayol, igna bilan badaniga surat chizuvchi ayol va chizdiruvchi, ogʻriqsiz badaniga surat chizuvchi laʼnatlangan. (Abu Dovud rivoyati). Va yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻzini ayollarga oʻxshatuvchi erkakka hamda oʻzini erkakka oʻxshatuvchi ayolga bunday qilishni man etganlar.
- Davolanish qoidalariga amal qilmogʻi. Nomahram biqan xoli kolmaslik, avratlarni ochmaslik va shunga oʻxshash narsalardan chetlanish. Zarurat uchun yoki majbur boʻlib qolganda zarari yoʻq.
Uchinchi: Sharʼiy ahkomlar:
- Kosmetik jarrohlik zarurat va hojat yuzasidan sharʼan joizdir.
- a) Jismdagi aʼzoning shaklini Alloh xalq qilgan holatiga qaytarish;
Alloh Qurʼonda bu haqida: «Batahqiq, Biz insonni eng goʻzal tuzilishda yaratdik», deb aytgan (Tiyn surasi, 4-oyat).
- b) Jism aʼzosiga taniqli maʼlum vazifasini qaytarish;
- v) Xalqiy ayblarni isloh qilish. Masalan, yirtilgan lab, qiyshiq burun, xol, barmoq va tishlarning ortiqchasi yoki barmoq yopishib qolib, uning shu tarzda turishi moddiy yoki maʼnaviy zarar keltirsa;
- g) Baxtsiz hodisalar sababli, misol uchun, yongʻin, maʼlum bir kasallik va boshqa shunga oʻxshash narsalar natijasida shikastlangan terini olib tashlab, sog’ terini yamash amaliyoti; koʻkrak bezi kasallikka olib borishidan xavfga tushilsa, uning baʼzi qismini yoki barchasini olib tashlash; soch toʻkilib ketganda soch ekish.
- d) badbasharalikni yoʻqotish, xususan, bu nafsiy aziyatga sabab boʻlsa.
- Kosmetik jarrohlik amaliyoti tibbiy muolaja boʻlmay, balki insonning tekis xilqatini oʻz havoyi nafsiga ergashib yoki boshqalarga taqlid qilib, rag’batlarini roʻyobga chiqarish maqsadida boʻlsa, joiz emas. Jumladan, yuzni muayyan koʻrinishda koʻrinish uchun yoki firib qasdi va adolatni buzish maʼnosida boshqacha tusga kiritish, burun shaklini oʻzgartirish, labni katta yoki kichik qilish va koʻz shaklini oʻzgartirish, lunjni kengaytirish kabilar.
- Agar vazn biror kasallikni keltirib chiqarsa, uni ilmiy vositalar bilan kamaytirish. Jarrohlikdan boshqa yoʻl qolmasa, zarardan omonda boʻlish sharti bilan jarrohlik amaliyoti oʻtkazish joiz.
- Ajinni jarrohlik yoʻli orqali yoki ukol orqali modomiki kasallik holati boʻlmasa, zarardan omonda boʻlish sharti bilan joiz emas.
- Qizlik pardasi baxtsiz hodisa yoki zoʻravonlik oqibatida yoki majburlash bilan yirtilib ketgan boʻlsa, uni tikish joiz. Ammo fohishalik sababli oʻsha qilgan gunohini yopish uchun boʻlsa, sharʼan joiz emas. Bu amaliyotda shifokor ayollar boshchilik qilishlari lozim.
- Mutaxassis tabib tibbiy amallarda sharʼiy qoidalarga amal qilishi va jarrohlik qildirayotganlarga nasihat qilishi lozim. Chunki «Din nasihatdir», deyilgan.[4]
Islom Alloh taoloning mukammal barcha zamon va makonlarga salohiyatli dini o‘laroq, inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Islomda inson hayotining arzimaydigan tomonlari yo`q, balki inson hayotining barcha sohalari baravar e’tiborga sazovordir. Shuningdek, Alloh taolo insonni eng go`zal suratda yaratgan. Uni sabablarsiz o`zgartirishga hech kimning haqqi yo`q. Shunday ekan, boshqa din vakillariga taqlid qilib, xilqatni o`zgartirish musulmonning ishi emas.
Imom Buxoriy nomidagi
Toshkent islom instituti
talabasi Rahmatova Nafosat
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:
- uz
- uz
- Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Kifoya. 3-juz. –T: “Hilol-Nashr”, 2021. -640 b.
- Navaviyning “Sahihi Muslim”ga sharhi, 17-jild, 190-bet; “Ihyaat Turas” nashr.
- Muftiy Suhayl Tarmahomed Muftiy Ibrohim Desoiyning mulohazalari ila Jamiatul Ulama, Darul Ifta
- “Tafsir ibn Kasiyr”, 1-jild, 459-bet.
[1] “Tafsir ibn Kasiyr”, 1-jild, 459-bet.
[2] Navaviyning “Sahihi Muslim”ga sharhi, 17-jild, 190-bet; “Ihyaat Turas” nashr.
[3] Muftiy Suhayl Tarmahomed Muftiy Ibrohim Desoiyning mulohazalari ila Jamiatul Ulama, Darul Ifta
[4] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Kifoya. 3-juz. –T: “Hilol-Nashr”, 2021. -640 b.