islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Musulmon zolim bo`lmas!

Annotatsiya. Mazkur maqolada bugungi kunda musulmon jamiyatida yomon ko’rilgan, ammo har sohaga sezdirmay sizib kirib borayotgan illatlardan biri – zulm haqida so’z yuritiladi. Islom manbalari, hadislar asosida zulmning ta’rifi, uning turlari sharhlangan. Bundan tashqari Naqshbandiy, Navaviy kabi olimlarning ushbu hadislarga bergan sharhlari o’rganilgan. Xulosa o’rnida musulmon inson zulmning hech bir ko’rinishini qilmasligi, uni bor kuchi bilan qaytarishi kerakligi “Musulmon zolim bo’lmas” degan g’oya ostida fikrlar berilgan.

Kalit so’zlar: zulm turlari, mazlumning duosi, eng tahlikali shirk, nafs bilan kurash, odamlar uning tilidan va qo’lidan ozor ko’rmaydigan kishi, vidolashuv haji.

إِنَّمَا يُؤَخِّرُهُمْ لِيَوْمٍ تَشْخَصُ فِيهِ الْأَبْصَارُ} ﴿42﴾ {وَلَا تَحْسَبَنَّ اللَّهَ غَافِلًا عَمَّا يَعْمَلُ الظَّالِمُونَ

“(Ey Muhammad), Allohni zolimlarning qilayotgan amallaridan hargiz g’ofil deb o’ylamang. U faqat ularni ko’zlar qotib qoladigan kunga qoldiradi, xolos.”

Ushbu oyat mazlumlar uchun umid, tasalli, zolimlar uchun esa tahdiddir. Bu oyatga ahamiyatsiz zolimlar dunyoda ham, oxiratda ham huzur-halovat topmaydilar. Insof, vijdon, mehr-shafqat, mehribonlik tuyg’ularining tobora kamayib, mazlumga sabr tilab, zolimga pand-nasihat unutilayotgan bir davrda yashayotgandekmiz. Mo’min kishi zulm tarafdori bo’lmaydi, zulmni olqishlamaydi, zulm qarshisida sukut saqlamaydi, ko’ngli aslo zulmga rozi bo’lmaydi. Musulmon haq va adolatning yonida, mazlumning umididir. Zero u Haqqa tobe’dir, Haq yo’lining yo’lovchisidir. Biladiki, modomiki haq va adolatning xizmatida ekan, Allohning rahmati va yordami o’zi bilan birgadir.

Zulmga qarshi turish, o’zimiz zolimlardan bo’lib qolmasligimiz uchun zulm o’zi nima ekani haqida tasavvur hosil qilsak. Xo’sh zulm o’zi nima?

Zulm so`zi lug`atda – “biror narsani o`z o`rniga qo`ymaslik” ma’nosini anglatadi

Istilohda esa zulm – bu haddan oshish, o`zganing haqqiga tajovuz qilish, o`zganing moli, joni va obro`siga nohaq ravishda daxl qilish ma’nolarini bildiradi.

Zulm qilayotgan shaxsga nisbatan – zolim, zulm ko`ruvchiga nisbatan – mazlum atamalari ishlatiladi.

Abu Zarr G`iforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan Hadisi Qudsiyda Nabiy sollallohu alayhi vasallam izzat va buyuklik sohibi bo`lgan Robbilari Alloh taolodan rivoyat qilib aytadilar: “Alloh taolo: “Ey bandalarim, Men zulmni O`zimga harom qildim. Bas, sizlar ham bir-biringizga zulm qilmangiz!…”, degan” (Imom Muslim o`z “Sahih”larida keltirganlar).

Zulmning turi juda ko`p. U kimga nisbatan ishlatilayotganiga ko`ra ikki qismga bo`linadi:

Kishining o`z nafsiga, ya’ni o`ziga-o`zi zulm qilishi;

O`z nafsiga nisbatan sodir etiladigan zulmning eng kattasi shirk hisoblanadi. Chunki, shirk agar tavba qilinmasa, kishini abadiy shaqovatga duchor etadi. Eng tahlikali shirk esa, kishining o`z nafsidir.

Alloh taolo Luqmon surasining 13-oyatida bunday marhamat qiladi:

“…Albatta, shirk eng katta zulmdir”.

Chunki, mushrik har qanday sherikdan pok Allohga bir maxluqni tenglashtirib, uni xoliq darajasiga ko`taradi.

Katta-kichik gunohlar shirkdan keyin turadigan zulm sanaladi. Banda gunoh-ma’siyatga qo`l urishi bilan o`zini dunyoyu oxirat badbaxtligiga giriftor qiladi va bu nafsga nisbatan ochiq zulmdir.

Naqshbandiya ta’limoti arboblari nafsning holini “soxta iloh” deb ta’riflaydilar: “Eng tahlikali soxta iloh nafsimizdir. Biz uni ichimizda saqlaymiz, o`z qo`limiz bilan boqamiz, ulg`aytiramiz. U xuddi ilohdek, har bir aytganini, buyurganini bajaramiz. U xuddi, do`st kabi, o`zimiz kabi ko`rinadi, ammo munofiqdir: shayton bilan, yomonliklar bilan hamkorlik qiladi. Nazorat ostida tutilmasa, bizga xiyonat qiladi. Mahrumiyati aniq va doimiy bo`lgan dunyo o`yinida soxta jilva, joziba va go`zalliklar bilan aldab, vaqtimizni o`ldiradi… Qaytish bo`lmaydigan bir nuqtaga kelganida esa: “Eh, koshki tuproq bo`lib ketsam edi”, deb qoladi. Hayhot, endi qaytish faqat hisob maydonigadir”. Nafsning yo`rig`iga yurish shirkning bir ko`rinishidir, havoi nafsini Yaratgan Zotga sherik qilishdir.

O`zgalarga zulm qilish.

Ushbu zulmning haromligi haqida bir qancha hadislarni keltirib o`tish mumkin.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Zulm Qiyomat kunida zulmatlarga aylanadi”, dedilar (Buxoriy va Muslim rivoyat qilganlar).

Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo zolimni ma’lum vaqt qo`yib qo`yadi. Oxiri (bir kuni) uni (azob bilan) ushlaganida, aslo qutulib keta olmaydi”, dedilar. So`ng Nabiy sollallohu alayhi vasallam quyidagi oyatni o`qidilar:

“Parvardigoringiz (ahli – egalari) zolim bo`lgan shaharlarni ushlaganida, mana shunday ushlar. Uning ushlashi – azobi alamli va qattiqdir” (Hud surasi, 102-oyat; Buxoriy va Muslim rivoyatlari)

Odamlar orasida adolat o`rnatish va zulm-zo`ravonliklarga butunlay barham berish, shak-shubhasiz, islomning eng oliy maqsadlaridandir. Chunki, adolat har qanday boshqaruv tizimi yoki sivilizatsiya uchun tamal toshi vazifasini o`taydi. Binobarin, jabr – zulm xalqlarning tinkasini quritish, jamiyatni ostin-ustin qilish, hayotiy dunyoni zahar-zaqqumga aylantirib, Oxiratda Alloh taolo g`azabini olib kelishning asosiy sababchilaridan hisoblanadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uch duo mustajobdir. Mazlumning duosi, musofirning duosi va ota-onaning farzandiga qilgan duosi”, dedilar.

Nabiy sollallohu alayhi va sallam birinchi va so`nggi hajlari bo`lmish vidolashuv hajida Arafa kuni, Quyosh botish taraddudini ko`rar ekanlar, Qasvo otli tuyalariga minib, Batnul Vodiy degan joyga keldilar va odamlarga va’z qildilar. So`zlari orasida: “Shak-shubhasiz, qonlaringiz (jonlaringiz), mollaringiz va obro`laringiz bamisli ushbu hurmatli shahar, ushbu hurmatli oy va undagi ushbu hurmatli kunning hurmati kabi bir-biringizga harom (va daxlsiz)dir!!!”, dedilar.

Imom Navaviy Nabiy sollallohu alayhi va sallamning ushbu so`zlariga izoh berar ekan, ya’ni nima uchun musulmonlarning jonlari, mollari va obro`lari daxlsiz, poymol etilmaydigan va o`zaro bir-birlari uchun hurmatli va harom ekanligini aytar ekanlar, bu narsalar aynan Makkaning hurmati, Zulhijja oyining hurmati va undagi Arafa kunining hurmati kabi o`ta hurmatli va daxlsiz ekanligini urg`ulaganlari mazkur narsalar, ya’ni musulmonlarning jonlari, mollari hamda obro`lari bir-birlari uchun o`ta hurmatli va unga daxl etish, poymol qilish o`ta shiddatli darajada harom ekanligini anglatishini aytib o`tdilar. Aks holda, Nabiy sollallohu alayhi va sallam Makkaning hurmati, Zulhijjaning hurmati va Arafa kunining hurmatini misol qilib keltirmas edilar.

Yana bir hadisi sharifda esa Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir munkar ishni ko`rsa, uni qo`li bilan qaytarsin. Agar bunga qodir bo`lmasa, tili bilan qaytarsin. Agar bunga ham qodir bo`lmasa, qalbi bilan o`sha ishni yomon ko`rsin. Bu esa iymonning eng zaifidir”, dedilar (Muslim rivoyati).

Zulmning har qanday turidan saqlanuvchi, haqiqiy musulmon kishi qanday sifatlarga ega bo’lishi kerak , degan savol tug’iladi. Bu savolga quyidagi asli qisqa bo’lsa ham ko’p ma’noni bildiruvchi hadisdan javob olamiz.

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ ﷺ قَالَ : “الْمُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ الْمُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ وَالْمُهَاجِرُ مَنْ هَجَرَ مَا نَهَى اللهُ عنْهُ” .

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Musulmon – musulmonlar uning tili va qo’lidan omonda bo’lgan kishi. Muhojir – Alloh qaytargan narsani tark qilgan kishi” dedilar.

Bu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juda balogʼatli iboralarni ishlatganlar. Yaʼni «sin», «lom» va «mim» harfi bor kalima ishlatdilar. Shu harflar qatnashgan soʼzda boshqalarga salomatlik yetkazishga sabab boʼlish, taklif va aziyatga sabab boʼlmaslik, salomat boʼlish, salomatlik hosil qilish maʼnolari bor. Arap سِلم )silm (soʼzini اِفعال )ifʼalun( bobiga oʼtkazilsa, boshqaning oldida boʼyin egish maʼnosida boʼladi. Islomning asosiy maʼno-maqsadi bandaning Аlloh taolo oldida boʼyin egishidir.

Demak, musulmon biron kishiga ozor bersa, oʼzining musulmonlik maʼnosini bildiruvchi مُسلم (muslimun) kalimasidagi boshqalarga salomatlik yetkazish maʼnosiga zid ish qilgan boʼladi. Go’yo bu hadis musulmonning taʼrifi. Yaʼni musulmon barcha musulmonlar uning tili va qoʼlidan salomat boʼlgan insondir.

Hadisda barcha musulmonlar omonda, deyishimizga sabab المسلمون (almuslimuna) koʼplik shaklida aytilganidir. Аgar «vov» va «nun» jamlangan ismga alif-lom kirsa, istigʼroqni ifoda etadi. Yaʼni barcha musulmonlar uning ozoridan saqlangan boʼladi. Biron bir musulmon uning tili va qoʼlidan ozor chekmaydi.

Ulamolar aytishicha, bu yerda musulmonlar soʼzi gʼolib eʼtibordan aytilgan. Bu gap musulmonlar yurtida, musulmonlar jamoasi ichida aytilgan. Bu degani musulmonlardan boshqalarga ozor bersa boʼladi degani emas. Demak, musulmon boʼlmaganlar ham musulmondan ozor koʼrmasin deyilmoqchi.

Nima uchun hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ozor bermaslik aʼzolari sifatida faqat kishining tili va qoʼlini zikr etdilar? Chunki inson koʼpincha tili yoki qoʼli bilan ozor yetkazadi. Til bilan boshqaning qalbini sindiradi, soʼkadi, taʼnay-u dashnom qiladi, gʼiybat qiladi. Qoʼl bilan uradi, ustidan yozib ozor beradi. Demak, odatda ozor yetkaziladigan aʼzolar zikr etildi. Maqsad salomatlikni shu ikkisigagina cheklash emas, balki mutloq zarar yetkazishdan qaytarilgan.

Bu hadis islomiy hayotning asosi hisoblanadigan hadislardan biridir. Goʼyo islomiy muosharat ahkomlari shundan shoxlab chiqadi. Masalan, jamoat bilan namoz oʼqishning fazilati va uning savobi ziyoda boʼlishi hadislarda aytilgan. Lekin bir odamning jismidan doim yiring oqib turadi. Bu odam jamoatga borsa, odamlar aziyatlanadi. Bunday insonning jamoatga borishi joiz emas. U uyida namoz oʼqishi kerak. Boshqalarga ozor berishdan saqlanishi kerak.

Hajarul asvadni oʼpish juda ham fazilatli amal. Hadisda kim hajarul asvadni oʼpadigan boʼlsa, goʼyo u Аlloh taolo bilan koʼrishganday boʼladi deyilgan. Uning hamma gunohi afv qilinadi. Bundan ortiq qanday fazilat boʼlishi mumkin?! Hamma shu fazilatga ega boʼlishga intiladi. Lekin hamma Hajarul asvadga oʼzini uradigan boʼlsa, tiqilinch va izdixom boʼladi. Mana shunday vaqtda Hajarul asvadni oʼpishga buyurilmaydi. Boshqaga ozor berib Hajarul asvadni oʼpishdan qaytariladi. Hajarul asvadni oʼpib savob olaman degan odam boshqalarga ozor berib, gunohkor boʼlib qolishi ham mumkin.

Demak, shariat hamma sohada zararni eʼtiborga olgan. Hech qachon musulmon kishi tarafidan boshqalarga ozor yetmasin. Yaʼni birovga ozor yetkazmaslik dinning asli mohiyatidar.

Hozir oʼzimizning holimizga bir qaraylik: oʼzi sahih musulmonmizmi yoki unday emasmi?! Biz boshqaga ozor bermaslikni odatimiz va xulqimizdan ham chiqarib yubordik. Uni dinning hissasi deb tushunmaydigan boʼlib qoldik. Noxush narsalarni koʼchalarga tashlaymiz, insonlarga bundan ozor yetadi. Masjidga borib shunday joyda turib namoz oʼqiymizki, oldimizdan boshqa odam oʼta olmaydi. Shunda oʼtuvchi gunohkor boʼlmaydi, aksincha yoʼlni toʼsib olib namoz oʼqigan gunohkor boʼladi. Chunki bir chekkada namoz oʼqib boshqaga ozor bermaslikka imkoniyati bor edi.

Hojatxonalarda suvni oqizishga ham eʼtiborsizlik qilamiz. Boshqa odam ortimizdan kirib aziyatlanadi. Bu kabira gunoh, sagʼira emas. Bu yerda ozor berish bor. Bularni diniy hayotimizdan tashqari narsa deb tushunib qoldik. Baʼzi musulmon boʼlmagan qavmlar islomiy muosharatning ahkomlarini ixtiyor qildilar va natijada Аlloh taolo ularga dunyo taraqqiyotini berdi. Buni koʼrib turibmiz.

Muhammad Shafeʼ hazratlari ajoyib va hikmatli bir gapni aytib, shunday der edilar: «Botil va nohaqlikning tabiatida yuksalish va rivojlanish quvvati yoʼq. Nohaqlikda hattoki dunyoviy eʼtibordan boʼlsada rivojlanish quvvati yoʼq. Zero, Qurʼoni karimda bunday deyiladi:

{وَقُلْ جَاءَ الْحَقُّ وَزَهَقَ الْبَاطِلُ إِنَّ الْبَاطِلَ كَانَ زَهُوقًا}

“(Ey Muhammad) ayting: “Haq keldi, botil esa yo‘q bo‘ldi. Chunki botil hamisha yo‘q bo‘luvchidir”.

Agar musulmon bo‘lmaganlar jamiyatining yuksalayotgani va taraqqiy etayotganini ko‘rsangiz, shuni bilingki, ular haq va insoniy xislatlardan nimalarnidir ixtiyor qilishgan. Ana shu narsa ularni yuksaltiryapti. Agar ular haqdan nimalarnidir olmaganlarida, yuksalish bo‘lmas edi. Chunki nohaqlikda yuksalish tabiati yo‘q.

Hozirgi paytda Amerika, Britaniya va boshqa musulmon bo‘lmagan mamlakatlarga qarasangiz biz ularni harqancha so‘kmaylik taraqqiy etganini ko‘ramiz. Albatta buning sababi bor. Ular muosharatda, ya’ni boshqa insonlar bilan aloqada, ijtimoiy masalalarda haqiqiy shariat ko‘rsatgan uslubni ixtiyor etganlar. Imkonlari boricha ilm olishga intiladilar, birovning haqqiga xiyonat qilmaydilar. Astoydil mehnat qiladilar. Ularda o‘zlariga munosib darajada omonatdorlik va insof bor. Poraxo‘rlik esa yo‘q hisobida. Ularda hamma o‘z ishini bilib qiladi. Ular mana shunaqangi go‘zal axloqlarni ixtiyor etganlar. Shu sababdan rivojlanganlar, o‘zlaridagi kufr va fojirliklari sabab taraqqiy topmaganlar, albatta. Ular haq va adolatning ba’zi sifatlarini o‘zlarida mujassam qilganliklari uchun taraqqiy etganlar.

Ular kalta shim kiygani uchun yoki raqs tushgani uchun yoki bo‘lmasa faxsh va ochiq-sochiqlikni tarqatganlari uchun taraqqiy etayotganlari yo‘q. Balki ularda ilm-fan, ishlarni chin dildan qilish, omonatdorlik borligidan shunday darajaga yetganlar. Bu narsalar aslida bizda bo‘lishi kerak edi. Ular mazkur sifatlarga amal qilib taraqqiy etdilar. Ular mana shu sifatlarni o‘zlarida mujassam qilishgani bois, Alloh taolo adolatiga ko‘ra ularga dunyoni berdi. To‘g‘ri, kufr sababli oxiratlari barbod, lekin ular insoniy sifatlarga ega bo‘lganlari uchun dunyoviy jihatdan taraqqiyotga erishdilar. Bizchi? Biz nima qildik? U sifatlarning hammasini tark etdik. Natijada xor-u zor bo‘ldik. O‘zimiz odamlarni Islom diniga kirishiga to‘g‘onoq bo‘lib turibmiz.”

Demak, musulmon tili va qoʼli bilan biron insonga ozor yetkazsa, islomga munosib boʼlmagan ishni qilgan boʼladi. Musulmon inson zulmning hech bir ko`rinishini qilmasligi, agar zulmga duch kelsa, uni bor kuchi bilan qaytarishi lozim. Zero, bu ish musulmonning musulmon birodari ustidagi haqlaridan biridir. Alloh taolo har birimizga hech kimga ozor berib, zulm qilib qo’ymasligimiz va hech kimdan zulm ko’rmasligimizda O’zi tavfiq bersin.

 Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti talabasi Xo’jayor Amina

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. Toshkent, “Tafsir-books” nashriyoti, 2023

Hikmatulloh Abiyev. Sahihi Buxoriy sharhi 2-jild. Toshkent Hilol nashr nashriyoti, 2022

Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy “Qirq hadis hikmati” Toshkent, Qamar media MChJ nashriyoti, 2021

Mahmud As’ad Jo`shon, «Tasavvuf va go`zallik”, Shayx Muharram Nuriddin Jo`shon hazratlarining ikkinchi xotira anjumanidagi so`zlaridan. Toshkent, Adolat nashriyoti, 2004

Boborahim Mashrab “Kulliyot” Mumtoz she’riyat. Toshkent, Muharrir nashriyoti, 2017 – 30-B

Islom.uz web-sayti

Ahlisunna.uz web-sayti

438370cookie-checkMusulmon zolim bo`lmas!

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: