Allohning oyi
Ramazon oyi Alloh taolo tarafidan berilgan ulug‘ ne’mat. Uning qadriga chinakam yetadiganlar ruhlari modda qorishmasidan qurb va rizo olamiga yuksalganlardir. Ular rahmat va mag‘firat bulutlaridan quyilayotgan sharros marhamat yomg‘irini, in’om va ehson shamolini, olamni to‘ldirgan nurni his qilishadi. Shuning uchun Rasululloh sollalohu alayhi vasallam Rajab oyi ko‘ringanda ushbu duoni ko‘p takrorlardilar. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
اللَّهمَّ بارِك لنا في رَجبٍ وشعبانَ وبلِّغنا رمضانَ
“Ey Alloh, biz uchun Rajab va Sha’bonda baraka ber, bizni Ramazonga yetkaz”[1].
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu muborak oyning qadrini va u Allohning oyi ekanini yaxshi bilganlari uchun uni zavqu shavq bilan kutardilar. Zohiridan narini ko‘ra olmaydigan bizlar Ramazonni siyom va qiyom oyi deb bilamiz, xolos. Aslida, bu oy biz bilganimiz va o‘ylaganimizdan ulug‘roq. Chunki, u Allohning oyi. Bandalar o‘n bir oy davomida kechayu kunduz dunyo ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib, ruh va uning taqozolari hamda oxirat va uning vojibotlaridan burilib ketadilar. Shuning uchun Alloh taolo ularga Ramazon oyini ikrom qildi. Ular bu oyda moddiyat zanjirlaridan qutilib, dunyo ishlari mashaqqatlaridan xalos bo‘ladilar. Shunday ekan, inson Ramazonni Allohga yaqinlashish fursati deya sifatida g‘animat bilsin.
Inson nima uchun yaratilgan?
Alloh taolo aytadi:
وَمَا خَلَقْتُ الْجِنَّ وَالْإِنسَ إِلَّا لِيَعْبُدُونِ
“Men jin va insni faqat O‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim. ”[2].
Ushbu oyati karima inson nima uchun yaratilganini ochiq bayon qilmoqda. U ham bo‘lsa, yaratgan Rabbiga ibodat qilmoqligidir. Farishtalar ham Unga ibodat qiladilar. Biroq, nafslari ibodatga tabiatlantirilgani uchun ularning ibodati majburiy. Ularda ibodat moddasidan boshqasi yo‘qligi bois o‘zlarida ibodatga zid yoki unga xalal beruvchini his qilmaydilar. Ular ibodatdan lazzat olmaydilar. Ammo, inson fitrati qorishiq. Unda havoi nafs, his-tuyg‘ular, gunohga boislar, yashashi uchun bajarishi kerak bo‘lgan ehtiyoj kabi to‘siqlar bor bo‘la turib ibodatga taklif qilingan. Demak, insonning ibodatdagi fazli boshqalarnikidan, hatto farishtalarnikidan ham ko‘proq.
Ibodatning ikki qismi
Shu o‘rinda noto‘g‘ri tushunchalar sababli ko‘pgina xato fikrlar kelib chiqishi oldini olib bir muhim jihatni bildirib o‘tishi lozim. U ham bo‘lsa, ibodat ikki turdan, ya’ni bevosita va bilvositadan iborat ekanidir. Birinchisi, aynan o‘zi ibodat. Ya’ni, uni bajarishda Allohga bo‘yin egish va Unga qulliq qilishdan boshqa maqsad ko‘zlanmagan namoz, ro‘za va haj kabi amallar.
Ikkinchisida asliy maqsadidan Allohga qullik qilish tomoni ko‘zlanmagan bo‘lib, balki uni ado etuvchisi biror hojati yoki dunyoviy bir maqsadini ravo qilishni maqsad qiladi. Lekin, unda shariat chegarasini rioya etgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga ergashgan, Rabb taoloning roziligini niyat qilgan bo‘ladi. Bu bilan uning ushbu amali ibodat hisoblanib, Alloh taolo unga ajr beradi. Masalan, halol kasbni olaylik. Inson bu bilan o‘zi va oilasi ehtiyojlarini qondirish payida harakat qiladi. Ammo, bu amalda u shar’an vojib bo‘lgan nafs va oila haqqini ado etishni niyat qilsa, shu niyati unga amalini ajr beriladigan ibodatga aylantirib beradi.
Birinchi tur ibodat afzal va oliydir. “Men jin va insni faqat O‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim. ”[3] oyatidan qasd qilingan ma’no ham shu. Shariat biror holatda ham bu ibodatni tark etishga ruxsat bermaydi. Agar birinchi va ikkinchi tur ibodati o‘zaro zid kelib qolsa, birinchisi muqqaddam turadi. Masalan, shifokor xalq xizmatida. Ularni davolaydi. Lekin, xalq xizmati shar’an ham qanchalik ulug‘ sanalmasin, buni bahona qilib, namozni tark qila olmaydi. Chunki, namoz bevosita ayni o‘zi ibodat. Uni bilvosita, ya’ni ayni o‘zi emas, balki boshqa vosita bilan ibodatga o‘zgargan amal sababidan tark qilib yoki kechiktirib bo‘lmaydi.
Shayx Muhammad Taqiy Usmoniyning
asar va maqolalari asosida
“Hadis va islom tarixi fanlari”
kafedrasi katta o‘qituvchisi A.G‘iyosov
[1] Муснади Баззор, 6496-ҳадис.
[2] Зориёт сураси 56-оят.
[3]Зориёт сураси 56-оят.