Arab tilida qasam so`zining o`rniga yamin so`zi ham qo`llaniladi. Bu so`z lug’atda “o`ng tomon”, “o`ng qo`l” ma`nolarini anglatadi. Arablarda qasamga “yamin” so`zi ishlatilishining sababi shundaki, ularning odatlari bo`yicha kishilar o`zaro qasam ichishganda bir-birlarining o`ng qo`lidan tutib qasam ichishgan.
Shariatda esa biror narsani Allohning ismi yoki sifati bilan ta’kidlash yamin ya`ni qasamdir.
Yamin shar`iy istilohda quyidagicha ta`riflanadi:
“Alloh taoloning ismi yoki sifatlaridan birini zikr qilish ila ehtimoli bor bir ishni ta`kidlash – yamindir”.
Boshqa bir ta`rifda:
“Xabarni Allohning zikri yoki ta`liq ila kuchlantirish – yamindir”, deyiladi.
Qasamning sababi – qasam ichuvchi o`zining rostgo`yligini tinglovchiga ta`kidlashni yoki o`zini bir narsani qilish yoki tark etishga majburlashni qasd qilishidir[1].
Qasamning sharti – qasam ichadigan kishi aqlli, balog’atga yetgan va islomda bo’lishidir. Agar ushbu shartlardan birortasi bo’lmasa qasam hisoblanmaydi. Demak, bundan kelib chiqadiki, go`dak, devona va islomda bo’lmagan kishi qasam ichsa, qasam hisoblanmaydi.
Agar bir kishi majburlanib qasam ichsa ham qasam hisoblanmaydi.
عَنْ إِبْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أنَّ رَسُولُ اللهِ صَلَّى الله عَلَيهِ وَ سَلَّم قَالَ: (إِنَّ الله تَجاوَزَ عَنْ أمَّتِي الخَطَا وَ النِّسْيَانَ وَ مَا اسْتَكْرَهُوا عَلَيهِ). رَوَاهُ إبْنُ مَاجَه وَ البَيهَقِي
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Alloh taolo mening ummatimdan xato, unutish va majburan qilgan ishlarining gunohini kechirgandir”, dedilar.
Shariatda qasamning hukmi – qasam ichuvchi kishi to’g’ri narsaga rostgo’ylik ila qasam ichishidir. Agar qasam ichuvchi kishi mana shu ishlarni qilolmasa yoki qasami yaxshilikka bo’lmasa, qasamini buzib, kafforatini beradi.
Alloh taoloning ismlari va sifatlari bilan qasam ichiladi. Allohdan boshqa bilan – payg’ambar, Ka’ba, Qur’on bilan ichilgan qasam ham o’tmaydi.
Arab tilida qasam ichilganda Allohning nomiga و, ب , ت harflari qo’shilib: تَاللهِ ،بِاللهِ ،وَالله deb aytiladi. Agar qasam harfi hazf qilinib: اللهِ deb aytilsa ham qasam hisoblanadi.
Shariatda qasam uch xil bo’ladi:
- Yaminul-lag’v – behuda qasam.
Bir kishi bir narsani to’g’ri deb gumon qilib, uning aniq o’shanday ekanligiga ishonib qasam ichadi, so’ngra o’sha narsa qasam ichuvchining aytganiga teskari bo’lib chiqadi. Mana shunday qasamga yaminul-lag’v – behuda qasam deb aytiladi. Bunday qasam uchun kafforot ham, gunoh ham yo’qdir. Chunki Alloh taolo O`z kalomida: “Alloh sizlarni behuda qasamlaringiz uchun tutmas” , – degan.
Behuda qasam deganda o’ylab-o’ylamay, til o’rganib qolganidan ichiladigan qasamga aytiladi. Ayniqsa arablarda qasam lafzi oson chiqadi, ko’p ishlatiladi. Bu xuddi biz turkiy xalqlardagi har narsaga “Xudo haqqi”, deyaverishga o’xshaydi.
Demak, behuda qasam bilan inson gunohkor bo’lmaydi. Lekin behuda qasam ichishdan saqlanish kerak. Behuda qasam ichaverish insonni qasamxo’rlikka
olib boradi.
- Yaminul-g’omus – yolg’on qasam.
O’tgan zamonda bo’lib o’tgan bir ishni yolg’onligini bila turib, unga rost deb yoki rostligini bila turib, unga yolg’on deb qasam ichishga yaminul g’omus – yolg’on qasam deyiladi.
G’omus – arab tilida cho’kmoq, botmoq ma’nolarida ishlatiladi. Yolg’on qasamni bunday nom bilan atalishiga sabab u o’z egasini gunohga botiradi. Gunohlar esa do’zaxga cho’ktiradi. Bunday qasamga kafforot berilmaydi. Ya’ni, u gunohi kabira bo’lganligi uchun uni kafforot bilan poklab bo’lmaydi.
- Yaminul-mun`aqida – bir narsaga bog’langan qasam.
Kelajakda bir narsani qilish yoki qilmaslik uchun qasam ichishga yaminul- mun’aqid deb aytiladi. Bunday qasam ichgan kishi agar qasamini buzsa, kafforot to’lashi vojib bo’ladi. Shariatimizda bunday qasam bilan kelasi zamonga bog’lab qasam ichsa, joizdir. Ya’ni bir kishi: “Vallohi men madrasaga kiraman”, – deb aytsa-yu, lekin bu qasamining xilofini qilsa, kafforot to’laydi. Bir kishi qasam ichsa, so’ng o’sha qasamini buzish uning uchun yaxshi bo’lishini bilsa, qasamini buzadi va kafforot to’laydi.
عَنْ أَبِى هُرَيرَةَ، أَنَّ النَّبي صلى الله عليه وسلم قَالَ: مَن ْ حَلَفَ عَلَى يَمِيْنٍ فَرَأَى خَيْراً مِنْهَا فَلِيَكَفِّرْ عَنْ يَمِينِهِ، وَلِيَفْعَلْ. رَوَاهُ مُسْلِمٍ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib: “Kimki bir narsaga qasam ichsa-yu, so`ng boshqa narsani undan yaxshiroq ekanini bilsa qasamini buzsin va kafforotini bersin”, – dedilar.[2]
Toshkent islom instituti
302-guruh talabasi
Axmadillo G’ofurjonov
[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Kifoya. – Toshkent. Sharq. 2008. – 3 -juz. 6 -bet.
[2] Muhammad ibn Abdulloh al-xatib at-Tabriziy. Mishkotul Masobih. Bayrut. Dor ibn Hazm. 2018. – 2-juz’, 1019-bet.