islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Imom A’zamning islom olamida tutgan o’rinlari

Annostatsiya: Ushbu taqdim etilayotgan tezisda Abu Hanifa rahimahullohning hayoti va ijodi hamda fiqh maktablari haqida so’z boradi.

Kalit so’zlar: Fiqh, Mazhab, Ijtihod, Abu Hanifa

Abu Hanifa rahimahulloh yuksak axloq sohibi va taqvodor bo‘lganlari uchun ham ko’plab muhaddis va fuqaho olimlar u zotning fazllarini doimo yodga olib, u kishi haqlarida xayrli so’zlarni aytib maqtaydilar. Abu Hanifa rahimahulloh Rasulullohning (s.a.v.) ishlari va so’zlari haqida rivoyat qilingan hadislardan sahihlarini va oxirgilarni qabul qilardilarki, shu jihatlari bilan u qishining fiqhiy dalillari va shar’iy hukmlari boshqalarniikidan ustunroq turadi. Bunga ko’pgina ulamolar guvohlik berishgan. Abu Muti’ al-Hakam aytadi: “Sufyon Savriydan ko’ra faqihroq bo’lgan hadis olimini ko’rmadim, Abu Hanifa esa undan ko’ra fiqh ilmini biluvchiroq edi. Abu Muti’ning bu so’zlari Yazid ibn Xorud tomonidan ma’qullangan. Hasan ibn Ali (r.a.) aytadilar: “Men Yazid ibn Xoruddan eshitgan edim, unga bir kishi ” Ey Abu Xolid! Bilgan faqihlaring orasida olimrog‘i kim? deb so‘raganda u: ” Abu Hanifa”, deb javob qaytarganlar”.

Hasan ibn Ali (r. a.) yana aytadilar: “Men Abu osimga “Fiqh ilimda Abu Hanifa ustunroqmi yoki Sufyon Savriymi?” deb so’ragan edim, u: “Abu Hanifaning quli Sufyon Savriydan faqihroq”, deb javob berdi”.

Bu so’zlardan maqsad Savriyning (rohimahulloh) sha’nini  pasaytirish emas, balki asli maqsad tengqurlari va zamondoshlari orasida Imom Abu Hanifaning ilmda va fiqhda tutgan o’rinlarini, martabalarini bildirishdir. Zero, Abu Hanifa rahimahulloh ularning orasida eng faqihrog‘i va sunnatni yaxshi bilib, undan dalil olishga moxirrog‘i edilar. Hadis ilmini yaxshi bilganlari, undan sahihlarini ajrata olganlari uchun ham obro’-e’tiborlari o’zgalarnikidan ziyod bo’lishi tabiiy holdir. Ijtihod darajasiga yetgan ko’pgina olimlar va muhaddislar Abu Hanifaning zamondoshlaridan ilmu fazlda ustun ekanlarini isbot qilishgan. Sajjod aytadi: “Men va Abu Muslim ikkovimiz Yazid ibn Horunning huzuriga bordik, u Bag‘dodga Mansur Mahdiynikiga kelgan edi, Abu Muslin unga: “Ey Abu Xolid! Abu Hanifa va uning kitoblarini o’qish haqida nima deysiz?” deb suradi. U aytdi: “Agarda shariat ahkomlarini yaxshi bilib, faqih bo’lishni istasangizlar, uning kitoblarini o’qinglar, chunki men faqihlardan birontasi ham uning kitobini o’qishni tark qilganini bilmayman”.

Imom Shofeiy (rahimahulloh Abu Hanifa rahimahullohga baho berib: “… Odamlar fiqhda Abu Hanifaga boqimandadirlar”, “Abu Hanifadan ko’ra fiqhni bilguchiroq kishini ko’rmadim”, deganlar. Makkiy ibn Ibrohim esa: “Abu Hanifa odamlar orasida eng bilimdoni edi”, deydi.

Ibn Dovud al-Xaribiy Abu Hanifaning musulmonlarga qilgan ulkan xizmatlarini, sunnatni saqlashdagi va islom fiqhini rivojlantirishdagi mehnatlarini eslab: “Musulmonlar o’z namozlarida Abu Hanifaning haqqiga duoi xayr qilishlari lozim”, degan ekan.

Izlagan odam kitoblarda Abu Hanifaning ilmlari, taqvolari, fiqh ilmining rivojiga qo’shgan ulkan hissalari haqida yozilgan ko’plab maqtov iboralarini o’qishi mumkin. Biz bu yerda “Hanafiy ulamolari tarjimasi”, “Bag‘dod tarixi”, “O‘tganlardagi ibratlar”, kabi kitoblarda kelgan ba’zi ta’riflardangina foydalandik.

 Ilmi va fiqhining dong‘i yer yuziga yoyilgan va shogirdlari eng buyuk va uzoq hukmda davom etgan ikki ulug‘ davlat – Abbosiylar va Usmoniylar davlatlarida ta’limu fatvoda yetakchi maqomlarda bo‘lgan Abu Hanifa rahimahullohning fiqhiy mazhablari hozirgi kunda yer yuzidagi ko’pgina davlatlarda shar’iy hukmlar olishda asos bo‘lib, ilmiy markazlardayu fatvo idoralarida yagona tayanch bo‘lib kelmoqda. Hozirgi kunda bir yuz yigirma milliondan ortiq musulmoni bor Pokistonda, qirq milliondan ko’p musulmon yashaydigan Turkiyada, shuningdek Afg‘oniston, Bangladesh, Shom, Iroq diyorlarida hozirgi kunga qadar ilmiy markazlarda hanafiy mazhabi o’qitilib, shu mazhab asosida fatvolar chiqariladi. Bulardan tashqari Movarounnahr diyoridagi mamlakatlarda va musulmonlar yashaydigan boshqa ko’pgina joylarda musulmonlar hanafiy mazhabi asosida ibodat qilib kelmoqdalar. Xulosa qilib aytganda, dunyodagi musulmonlarning ko’pi hanafiy mazhabi ta’limotiga amal qiladi.

Butun Islom olamiga ta’limoti yoyilgan shunday yetuk faqih, ishonchli imom, buyuk alloma Abu Hanifa rahimahullohning yozgan kitoblari, musanafotlari ham noyob ilmiy asarlardirki, zamonlar osha musulmonlar tayanadigan ilmiy manba’ va asos bo‘lib qolishi tabiiydir. Ma’lumki, Abu Hanifa rahimahulloh ilmni birinchi bo‘lib yozgan, uni boblarga ajratgan, foydalanishga qulay bo‘lish uchun tartibga solgan edilar.

“Mu’jamul musannifin”, ya’ni, “Musanniflar qomusi” kitobining muallifi aytadiki, Imom Abu Hanifaning ilmi kalom, fiqh, hadis, sarf ilmlarida bir necha kitoblari mavjuddir, shular jumlasidan: “Kitob as-solat” (Namoz ahkomlari kitobi), “Kitob al-Manosik” (Haj kitobi”, “Kitob ash-shurut” (Shartnomalar haqida kitob), “Kitob al-faroiz” (Meros ilmi haqida kitob), “Kitob al-olim val-mutaallim” (Ustoz va shogird haqida kitob), “Kitob al-fiqh al-akbar” (Ulkan fiqh kitobi), “Kitob al-vasiya” (Vasiyatnoma kitobi) va boshqalar.

Abu Hanifa rahimahullohning mazkur musannafotlari haqida qisqacha ma’lumot:

  1. “Kitob as-solat”. Abu Muqotildan rivoyat qilinganki, u aytdi: “Abu Hanifaning birinchi kitobi ushbu kitobdir”.
  2. “Kitob al-Manosik”. Bu kitobni Abu Hanifa rahimahulloh ustozlari imom A’mash hajga borishni niyat qilgan vaqtida unga atab yozganlar. Chunki A’mash Ali ibn Mus’irni Imom Abu Hanifaga yuborib, undan haj manosiklari borasida bir kitob ta’lif qilib berishni so’ragan. Shunda Abu Hanifa bu kitobni yozib, Ali ibn Mus’iran A’mashga berib yuborgan. Shu boisdan bu kitob haj manosiklari haqida yozilgan birinchi kitob hisoblanadi.
  3. “Kitob al-faroiz”. Al-Muvaffaq aytishicha, meros ilmida birinchi qilingan kitobdandir.
  4. “Kitob ash-shurut”. Imom Quduriyning ustozi shayx Abu Abdulloh aytishicha, Abu Hanifa rahimahullohning shartnomalar haqidagi ushbu kitobi bu mavzudagi bitilgan birinchi kitobdir.
  5. “Kitob al-olim val mutaallim”. Bu kitob savol va javob tariqasida chiroyli uslubda bitilgan kitobdir.
  6. “Kitob al-fiqh al-akbar”. Bu kitob ahli sunna val jamoa aqidasi xususida bitilgan mashhur kitobdir. Mavlono Aliy Qoriy bu kitobni sharh qilgan.
  7. “Kitob al-vasiya”. Bu kitob qozilarga pand-u nasihatdan iborat bo‘lib, Imom Abu Yusuf va boshqalarga atab bitilgan.

Abu Hanifa rahimahullohning mashhur musannafotlari ushbulardir. zamondoshlari bo‘lmish yetuk olimlar ham, undan keyin o’tgan allomalar ham u zotni ilmda, fiqhda misli yo’q, imom deb e’tirof etishgan.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti

402-guruh talabasi Mansurov Xursanali

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Imom A’zam hayot yo’li va fiqh usullari. Musannif Qodirov Zohidxon Otaxon o’g’li. Toshkent “Movarounnahr” 1999.
  2. Imom A’zam – buyuk imomimiz. Toshkent. “Alouddin Mansur” 1999
  3. “Imom A’zam asarlari”, “Mavarounnahr” nashriyoti, 2003 yil, Toshkent.
  4. “Islom ensiklopediyasi” , Davlat milli nashriyoti , 2004 yil, Toshkent.
  5. “Hidoyat” jurnali, 2002 yil, 7-son.
  6. “To’rtta imomlar e’tiqodi”, Muhammad ibn Abdurrahmon.
  7. “Islom yo’nalishlar, mazhablar, oqimlar”, davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent-2000, Husniddin Zuhriddinov.

395990cookie-checkImom A’zamning islom olamida tutgan o’rinlari

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: