islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Sahihi Buxoriyning so’ngi ikki yuz yildagi mashhur sharhlari (2-qism)

  • “Al-manhal al-hadis fiy sharhi al-hadis”

Bu kitobning muallifi Al-Azhar Jomeasining tafsir va hadis fanlari ustozi, Shayx va Doktor nomi bilan tanilgan alloma, doktor Muso Shohin Loshindir.

Alloma Muso Shohin 1920-yilning 6-aprel sanasida Misr Arab Respublikasi Qolyubiyya viloyatida tavallud topgan.

Muso Shohin o’z qishlog’idagi Qur’on maktablarida yoshlik chog’idayoq Qur’oni Karimni to’liq yod olgan.

1946-yilda Al-Azhar Jomeasining Usulud-din fakultetida bakalavrlik bosqichini, 1948-yilda Arab tili fakultetida magsitrlik darajasini tamomlaydi.

1965-yilga kelib, Usulud-din fakultetida tafsir va hadis ilmiga doir doktorlik ilmiy ishini yoqladi.

Doktor Muso Shohin Al-Azhar Dorulfununida o’qituvchi, bo’lim rahbari, fakultet dekani, doimiy ilmiy hay’at raisi, rektor o’rinbosari lavozimlarida turli yillarda faoliyat yuritdi.

Doktor Muso Shohin uzoq va sabotli, sermahsul ilmiy hayot yo’lini bosib o’tdi va 2009-yilning 6-yanvar kuni vafot etdi.

Alloma dars olish va berish, ilmiy ish qilishdan tashqari Islom dinini butun insoniyatga yetkazish yo’lida umr bo’yi g’ayrat ko’rsatdi. Turli davlatlardagi teleko’rsatuvlar, radio eshittirishlar, teleradio loyihalarda qatnashdi. Jumladan, Misrda 1000ga yaqin, Qatarda 500 ta, Saudiya Arabistonida 50 ta, Buyuk Britaniyada 20 ta silsilaviy teleko’rsatuv va radio eshittirishlarda o’z chiqishlari bilan qatnashdi.

Bundan tashqari, u turli gazeta va jurnal nashrlaridagi ilmiy maqolalari bilan ham faol bo’ldi. Masalan, Misrda 50 ta, Qatarda 10 ta, Saudiya Arabistonida 5 ta ilmiy maqolalari chop etildi.

Shuningdek, Doktor Muso Shohin 1997-yili Misr Arab Respublikasining fan, san’at va adabiyot yo’nalishi bo’yicha birinchi darajali medali bilan taqdirlandi.

Shayx Muso Shohinning “Al-manhal al-hadis fiy sharhi al-hadis” asari 4 jild sifatida Livan davlatining Bayrut shahrida “Al-mador al-Islamiy” nashriyoti uyida 2002-yilda chop etilgan.

Kitobning uslubi haqida muallifning o’zi muqaddimasida shunday yozadi:

“Men hadis ilmi talabalariga darslarni o’zlashtirishi va jamlab olishiga yordam va osonlik bo’lishi taqdim qilgan bu uslub eng yangi metodlardan hisoblanadi. Men bu kitobda Al-Azhar Universiteti o’quv-uslubiy bo’limi talabalar uchun o’qitilishini shart qilib qo’ygan va tanlab bergan hadislarni sharhladim.

Men o’sha tanlangan hadislarni 4 yillik o’quv darslik sifatida taqsimladim. Shundan birinchi yili talaba 50ta, qolgan uch yilning har birida esa 80 tadan hadisni to’liq sharhlari bilan o’qiydi. Men ushbu sharhda Sahihul Buxoriyning ko’plab boblarini qamrab oldim. Har bir bobdan eng muhim va jamlovchi hadislarni ajratib olib naql qildim. Shuningdek, men bu sharh uslubimda iboralarni aniq-ravshan tarzda keltirib, ilmiy ma’lumotlarda esa eng ishonchli va eng muhimlari bilan kifoyalanishni ma’qul deb topdim. Avvalo, har bir hadisni keltirgach, hadisni maqsadlarini o’z ichiga olgan uning umumiy ma’nosini yozdim. Buni talabaga hadisning ma’no va mazmunini fikrlash va chuqur tushunish imkonini beradigan yengil va oson uslub bilan amalga oshirdim. Buning ketidan arab tili bo’limlariga kiradigan grammatik tahlil, balog’at faniga qoidalari va kalimalarning ma’nolarini beradigan qismlarni qo’yib taribladim. Oxirida esa hadisning fiqhini, unga tegishli shar’iy hukmlarni va undan olinadigan ahkomlarni yoritdim”.

  • “Al-manhal al-azb al-furot fiy sharhi ahadis al-ummahot min sahih al-Buxoriy”.

Bu kitobning muallifi Azhari Sharifning tafsir va hadis fanlari ustozi Shayx Abdula’aliy Ahmad Abdula’aliydir. Bu zot 1920-yili Misr Arab Respublikasi Sharqiyya viloyati Zaqoziq qishlog’ida tavallud topgan.

Yoshlik davridayoq Qur’oni Karimni to’liq yod olgan Shayx Abdula’aliy keyinchalik Zaqoziq Islomoy ilmlar institutiga o’qishga kiradi va bu dargohni muvaffaqiyatli tamomlaydi. Oliy ma’lumotni esa 1946-yili Qohirada Azhari Sharifning Usulud-din fakultetida qo’lga kiritadi. So’ngra Azhari Sharifning institutlarida hamda Kuvayt va Jazoir davlatlaridagi Azhari Sharifning filiallarida dars beradi.

1965-yilda Magistr, 1980-yilda esa Doktorlik ilmiy unvonlariga ega bo’ladi. Shayx Abdula’aliy 75 yoshida 1995-yil 28-oktabrda vafot etgan.

Musannifning ushbu “Al-manhal al-azb al-furot fiy sharhi ahadis al-ummahot min sahih al-Buxoriy” asari Misrning Qohira shahrida “Azhariyya” maktabasida 1989 yilda nashr etilgan. Shuningdek, 1992-yilda Misrda “Al-Amanah” matbaasida ham nashr qilingan. Muallif maqtovga sazovor ilmiy hayot yo’lini bosib o’tgan.

“Al-manhal al-azb al-furot fiy sharhi ahadis al-ummahot min sahih al-Buxoriy” asari haqida muallifning o’zi muqaddimada shunday yozadi:

“Men hadis matni ostida, ishonchli hadis ekanligini isbotlash maqsadida 6 sahih to’plam sohiblaridan o’sha hadisni kim qaysi raqam bilan keltirganini zikr qildim. So’ngra hadisning eng birinchi roviysi bo’lmish kishining tarjimai holini keltirdim. Buni ketidan hadisning shar’iy maqsadini ham bayon qilgan holda uning ma’nosini bildirib o’tdim. So’ngra hadisda kelgan lafzlarning lug’aviy sharhini, hadisning fiqhini, undan tushunib olinadigan hukmlarni, Nabaviy ko’rsatmalarni birma-bir sanab o’tdim. Bundan tashqari, hadisning balog’at faniga doir yerlarida balog’aviy jihatlarini va undagi buyuk hikmatlarni, hadislardagi insonparvarlik tamoyillarini bildirgan hikmatlarni ham chiqarib berishga harakat qildim. Shuningdek, hadislardagi shar’iy ahkom-u foydalar hamda ijtimoiy-axloqiy asoslarni ham keltirdim”.

Xulosa qilib aytsak, 19-20 asrlarda ham yuqoridagilarga o’xshash Al-jome’ as-sahih asariga bitilgan ko’plab foydali sharhlar mavjud.

Yana shuni aytish o’rinliki, Imom Buxoriy va uning asarlari hamda ularga yozilgan sharhlar qiyomatgacha muqaddas Islom ta’limoti asoslarini bayon etadigan muhim manbalar bo’lib qolaveradi.

 

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti

4-kurs talabasi Mirboboyev Mirabbos

manbalar asosida tayyorladi.

 

 

400950cookie-checkSahihi Buxoriyning so’ngi ikki yuz yildagi mashhur sharhlari (2-qism)

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: