islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Shayx Ibrohim Samannudiy

U kishi fazilatli imom, alloma, ziyrak aql sohibi, muhaqqiq va mutqinlar davomchisi, tengsiz muharrir, mujaddidlardan biri, Misr diyoridagi qori-yu muqrilar shayxi: Fazilat sohibi alloma shayx Ibrohim Shihota ibn Aliy ibn Aliy ibn Muhammad ibn Ashriy ibn Isaviy Samannudiy Shofeiy misriy rohimahulloh. Nasablari yetti qiroat imomlaridan biri Ibn Omir Dimashqiyga boradi.

U zot rohimahulloh Misrning g‘arbidagi “Samanud” shahrida hijriy 1333-yil sha’bon oyining 22-kuni dushanba kunida tug‘ilganlar. Bu milodiy 1915-yil 5-iyulga to‘g‘ri keladi. Ota-onalari misrlik bo‘lishgan. Otalari atoqli olim, fozil kishi bo‘lib, tajvid va qiroat ilmida sanoqli imomlardan edilar.

Yoshlik chog‘larida eng avval shayx Aliy Qonundan – o‘sha paytda qishloqdagi kotiblar muhfizi – dars olganlar. U kishidan Imom Hafsning Osimdan qilgan rivoyatlari bo‘yicha Qur’oni karimni yod olganlar. O‘sha paytda 10 yoshda edilar.  O‘n ikki yoshga yetganlarida onalari vafot qiladilar. Shayxlari u kishiga yetti qiroat bo‘yicha yozilgan kitob “Shotibiyya”ni yodlashni maslahat beradilar. Uni bir yilda yodlab bo‘ladilar. Keyingi yilda ana shu yetti qiroatni mukammal o‘rgandilar. So‘ngra “o‘nlikni tamomlovchi uchta qiroatdagi marvarid” she’riy manzumasini yodlab, 3 qiroatni ham mukammal o‘rganib chiqdilar. So‘ngra Ibyoriyni “Minhatu mavlal bir fima zadah kitaban nashr” she’riy manzumasini va yana Imom Tabboxni “Hibatul mannan fi mushkilatil avjuhil Qur’on” matnini yodlaydilar. So‘ngra qolgan qiroatlarni ham to‘la-to‘kis o‘rganib chiqadilar. Keyinchalik arab tili fakultetida o‘qib yurgan kezlari nahv, uruz va qofiya ilmlari va boshqa ilmlarni o‘zlashtiradilar.

Shayx Samannudiy Samanud shahrida egallashlari mumkin bo‘lgan barcha ilmlarni egallagach, Qohira muhofazasiga ko‘chib ketadilar. O‘sha paytda yigirma sakkiz yosh edilar. Qohiradagi qorixonalardan birida o‘zlariga bir shayxni ustoz tutib oldilar. Bu milodiy 1944-yilda edi.

1945-yilda Al-azhar universiteti qiroat, tajvid, rasmul-mus’haf va fosilalar borasida musobaqa o‘tkazishini e’lon qiladi. Shayx Samannudiy bu musobaqada qatnashib, g‘olib bo‘ladilar va birinchi o‘rinni egallaydilar. Shayx Samannudiyni musobaqada musobaqa qo‘mitasi raisi bo‘lgan Shayx alloma Aliy ibn Muhammad Zobba’ni o‘zlari imtihon qiladilar. Shayx Zobba’ u zottan har gal “Toyyiba” to‘g‘risida so‘raganlarida Shayx Tobbaxning tahrirlaridan javob berardilar. Buni ko‘rgan Shayx Zobba’ juda ham ajablandilar va Alloma Mutavoliyni “Fathul karim fi tahriri avjuhil Qur’onil karim” kitoblarini “Azmariyni yo‘llari”dan yodlashni maslahat berdilar.

Shundan so‘ng Shayx Sammannudiy u kitobni mahkam ushlab, Shayx Hanafiy Saqodan dars olib, yodlashga kirishib ketdilar. Sanadda u kishi bilan Shayx Mutavoliyni o‘rtalarida faqat bir kishi Shayx Halil Janayniy bor edilar. U kishini huzurlarida 4 yil ilm o‘rgandilar. Bu yillar mobaynida u zotan  avvalo “Toyyibatun nashr” yo‘lidan o‘nta qiroatni, so‘ngra unga qo‘shimcha bo‘lgan to‘rtta qiroatni ham o‘rgandilar.

Shayx Ibrohim ibn Aliy Samannudiy Misriyning vafotlari hijriy 1429-yil Muborak ramazon oyining 7-kuni dushanba kuni tonggida ro‘y berdi. Dunyodagi, xususan, Misr arab respublikasidagi musulmonlar umrini qur’on va uning ahliga xizmat qilish bilan o‘tkazgan ulug‘ shayx Samannudiyni vafotlarini xabari bilan dahshatga tushishdi. U zot 96 yoshdan ko‘proq umr ko‘rdilar. Oxirgi yillarida qattiq bemor bo‘lishlari u zotning azimatlarini, Qur’onga va qiroat ilmiga qilgan xizmatlarini kamayib qolishiga sabab bo‘lolmadi. U zotning yozgan asarlari 30 tadan oshiq bo‘lib, ularning ichida she’riy va nasriy asarlari ham mavjud.

 

Toshkent islom instituti talabasi

Jo‘rayev Muhammadali

426080cookie-checkShayx Ibrohim Samannudiy

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: