“Arbaiyn” – “qirq” degani va iste’molda qirqta saylanma hadisdan iborat to‘plamlarga aytiladi. Ushbu uslubda asar yaratish islom olamida yaxshi bir an’anaga aylangan. Bunga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari sabab bo‘lgan:
قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: من حفظ على أمتي أربعين حديثا في أمر دينها بعثه الله فقيها و كنت له يوم القيامة شافعًا و شهيدًا
Ma’nosi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Kim ummatimga din ishlari borasida qirqta hadisni muhofaza qilib bersa, Alloh uni qiyomat kuni faqih qilib tiriltiradi hamda qiyomat kuni men unga shafoatchi va guvoh bo‘laman”.
Bu hadis juda ko‘p muhaddislar tomonidan rivoyat qilingan mashhur hadis hisoblanadi. Jumladan, uni imom Bayhaqiy Abu Dardo va Abu Hurayra roziyallohu anhumodan, Daylamiy Ibn Mas’ud va Ibn Abbos roziyallohu anhumdan, Abu Nu’aym ibn Mas’ud roziyallohu anhudan, Ibn Javziy esa Aliy roziyallohu anhudan rivoyat qilganlar.
Mazkur hadisi sharifning ilhomi bilan ko‘pchilik muhaddislar va ulamolar “Arbain” asarlarini yaratishgan. Bu tur hadis kitoblarini ikki qismga ajratish mumkin:
- Ma’lum bir mavzudagi hadislardan qirqtasini jamlagan asarlar. Masalan, odob-axloq, ilmning fazilati, Madinaning fazli haqida, hajga yoki tabobatga oid hadislardan tuzilgan arbainlar kabi.
- Islomning umumiy asoslarini ifoda etuvchi hadislardan tuzilgan arbainlar. Bularda mavzu cheklanmaydi. Bu tur arbainlar ichida eng mashhur va mo’tabari imom Navaviyning “Arbain”lari ekaniga shubha yo‘q.
Sharq adabiyotida «arbain» an’anasi mavjud bo‘lib, xalq orasida mashhur, eng sahih hadislardan 40 tasini saralab olib, uning mazmunini bir ruboiyda talqin qilingan.
Abdurahmon Jomiyning «Chihil hadis»ini Alisher Navoiy turkiyga tarjima qilgan. Shoirning niyati, asar muqaddimasida ta’kidlanganidek, «forsiydonlar idrok aylagan» qirq hadis mohiyatidan turkiyzabonlarni ham bahramand qilish edi. Bu hadislarni she’rga solishda esa barcha shoirlar ularning oson tushunilishini, yodda saqlanilishini ham nazarda tutganlar. Allohga itoat qilish Qur’onga itoat qilish bilan bo‘ladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish, tiriklarida shaxslariga itoat qilish bilan bo‘lsa, U zot vafotlaridan keyin esa, sunnatlariga, hadislariga amal qilish bilan bo‘lib kelmoqda.
Allohga itoat qilish bilan Payg‘ambarga itoat qilish alohida-alohida ikki xil narsa emas. Chunki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham doimo Allohning itoatida bo‘lganlar. Allohning itoatidan tashqari narsaga buyurmaganlar. Gap Alloh taoloning bevosita Qur’onda kelgan amrlariga itoat qilish bilan, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari vositasi ila kelgan amrlariga ham itoat qilish haqida ketmoqda. Qur’on Karim lafz va ma’no jihatidan Allohning Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga yuborgan ojiz qoldiruvchi vahiysidir.
Sunnat-hadis esa, ma’nosi Allohdan lafzi Payg‘ambardan bo‘lgan vahiydir. Din-diyonat, shariat va boshqa ma’nolarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z shaxsiy fikrlarini emas, Allohning vahiysini o‘z iboralari bilan taqdim etganlar.
Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vasflari haqida: “U havodan gapirmas. Bu faqat qilinadigan vahiydir ”, degan. Ya’ni, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning din, diyonat, shariat xususida aytgan har bitta gaplari Allohning vahiysidir. Shunday ekan u kishining so‘zlari shariatimizning ikkinchi manbai va bunga amal qilish muhim sanaladi.
Toshkent islom instituti talabasi Sulaymonov Shamsiddinxo‘ja