Bugun Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari rahbarlari seminari bo‘lib o‘tdi. Seminarni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, s.f.d., professor M.Muhammadsiddiqov ochib berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qo‘mitasi raisining birinchi oʻrinbosari, t.f.d., prof. D.Maxsudov so‘zga chiqib, Diniy-ma’rifiy sohada kadrlar tayyorlash sifatini yangi bosqichga ko‘tarish, diniy taʼlim tizimidagi mavjud muammolar, ularning yechimlari va istiqboldagi rejalar haqida so‘z yuritib, quyidagilarni zikr qilib o‘tdi:
- Jahondagi yetakchi islom ta’lim muassasalari, xususan, Azhar va shu kabi yetakchi ta’lim muassasalari tajribalarini o‘rgangan holda yurtimizdagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalaridagi ta’limning jozibadorligini oshirish lozimligi;
- Chet el talabalarini ham yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga jalb qilish maqsadida yangi adabiyotlar yaratish, o‘quv dasturi va rejalarini qayta shakllantirish, ijtimoiy va diniy fanlarni zamon talablari darajasida shakllantirish zarurligi;
- Ta’lim jarayonlarini tashkil qilish, o‘quv dasturlarini qayta ishlab chiqish, xorijdan yetuk malakali mutaxassislarni jalb qilish kabilarda mavjud ta’lim mazmunini saqlab qolgan holda boshqa yetakchi ta’lim muassasalarining ta’limga oid hujjatlaridan shablon sifatida foydalanish kerakligi;
- Ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijadorligini oshirish maqsadida diniy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini nazorat qilib borish mexanizmini joriy qilish muhimligi;
- Talabalarda ta’lim bilan bir qatorda o‘z sohasi bo‘yicha tajribani ham shakllantirish maqsadida bitiruvchi kurs talabalarining amaliyotlarini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, ilmiy tadqiqot markazlari va mahallalarda tashkil etilishi choralarini ko‘rish hamda Iqtidorli ustoz va talabalarni rag‘batlantirib borish mexanizmlarini joriy qilish lozimligi;
- Shu bilan bir qatorda, “Qur’on va tajvid” o‘quv kurslariga o‘xshash bir shaklda Aqidaviy bilimlarni ham xalqqa yetib borishiga xizmat qiladigan, xalqning turli yod g‘oyalarga ergashib ketish orqali jabr ko‘rishini oldini oladigan o‘quv kurslarini tashkil etish ham muhim hisoblanishi;
- Din va davlat munosabatlarini tartibga solinishida Qur’on va sunnatda keltirilgan ko‘rsatmalarni o‘rganib kelajak avlodga o‘rgatish va bunda jahon tajribasidan keng foydalanish kerakligi.
Seminar davomida M.Muhammadsiddiqov so‘zga chiqib Diniy taʼlim muassasalarida oʻtkazilgan attestatsiya natijalari, ijtimoiy-gumanitar fanlarning oʻqitilish ulushini oshirish, taʼlim sifatini yanada takomillashtirish hamda oʻquv reja va dasturlarini yangilash xususida so‘zlab, davlat tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlardan foydalangan holda oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqish bugungi kun davr talabi ekani ta’kidlandi. Mazkur maqsadni amalga oshirish va ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida diniy ta’lim muassasalarida oldin 25 foizni tashkil qilgan ijtimoiy-gumanitar fanlar ulushi 40 foizga yetkazilganini qayd etdi.
Shuningdek, diniy fanlarda klassik an’analarni saqlab qolgan holda, dunyodagi ilg‘or diniy ta’lim muassasalaridan namuna olgan holda zamonaviy diniy adabiyotlarni shakllantirish, zamonaviy diniy fan tarmoqlarini yaratish lozim ekani, mazkur fan tarmoqlari va adabiyotlarni shakllantirishda yurtimizdagi ilmiy tadqiqot markazlari bilan yaqindan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerakligi ham alohida ta’kidlandi.
Shundan so’ng diniy ta’lim muassasalarida 2024-25 o’quv yili I-semestr yakunlari bo’yicha talabalar o’zlashtirishining dastlabki tahlillari bo’yicha Hadis ilmi maktabi rektori B.Amanov, Imom Termiziy O’MITM direktori K.Islamov, Jo’ybori Kalon O’MITM direktori O.Sharipova hamda Xoja Buxoriy O’MITM direktori O’.G’uzarovlar so’zga chiqishdi.
Yig’ilganlardan taklif va mulohazlar tinglanib, seminarning asosiy qismi yakuniga yetdi.
Respublikaning barcha hududidan tashrif buyurgan Ta’lim muassasa rahbarlari seminarga mezbonlik qilgan Toshkent islom instituti binosini aylanib, talabalar bilan uchrashishdi.
TII Matbuot xizmati