Bizga haqiqatni izlab topish, to‘g‘ri e’tiqodda sobit bo‘lish ne’matini ato etgan Alloh taologa hamd-u sanolar bo‘lsin. U zot har qanday nuqson va kamchiliklardan pokdir. Yaratilganlarga xos bo‘lgan jism, shakl, makon va zamon kabi holatlar Alloh taologa nisbat berilmaydi. Chunki U barchasining yaratuvchisi bo‘lib, O‘zi yaratgan narsalarga o‘xshashdan mutlaqo yiroqdir.
Islom ulamolari azaldan e’tiqod masalalarida ixtiloflardan ehtiyot bo‘lib, Qur’on va sunnat dalillariga tayangan holda Allohning zotiga munosib bo‘lgan sifatlarni isbot etganlar. Ammo ba’zi firqalar oyat va hadislardagi ba’zi lafzlarni zohiriy ma’noda tushunib, Allohni jismoniy makon bilan bog‘lashga uringanlar. Bu esa, Allohning yuksakligini yaratganlar o‘lchovi bilan o‘lchashga olib boradi.
Olamning yaratuvchisi biror joyda emas, ammo mushabbiha, mujassima va karromiylar Alloh taoloning quyidagi oyatiga ko’ra uni arsh ustida deb hisoblaydilar:
“Rohman Arshni egalladi” (Toha surasi, 5 oyat).
Bizning dalilimiz shuki, makondan holi bo‘lish Alloh uchun azalda sobitdir, chunki makon qadim emas, balki yaratilmishdir. Alloh taolo makonda joylashuvchi emas va biz ilgari bayon qilganimizdek, U zotdan o‘zga barcha narsalar hodisdir. Agar U makon yaratib bo‘lgandan keyin unda joylashgan deb faraz qilinsa, demak, U o‘zining ilgari bo‘lgan holatidan o‘zgargan bo‘lar edi. Agar U zot makon paydo bo‘lishidan oldin unda joylashgan bo‘lsa, bu imkonsiz bo‘lar edi.
O‘zgarish va hodisalarga moyillik esa hodislik alomatlaridandir, holbuki, bu qadim bo‘lgan zot uchun imkonsizdir. O‘z navbatida, oyatning ma’nosi ham turlicha bo‘lishi mumkin. Chunki “istivo” lafzi ba’zan kamol topish ma’nosida ishlatiladi. Alloh taolo Muso alayhissalom haqida bunday degan:
“Qachonki u voyaga yetib, mukammal bo’lganida…” (Qasos surasi, 14 oyat).
Shuningdek, “istivo” g‘alaba va hukmronlik ma’nosida ham keladi, masalan, kimdir biror yurt ustidan hokimiyatni qo‘lga kiritganida falonchi falon shahar ustida istivo qildi deyiladi.
Bu ma’noda shoir G’uvays ibn G’avs (Al-Axtal) Bashir ibn Marvon haqida bunday degan:
“Bashir Iroq ustida istivo qildi,
Na qilich bilan, na qon to‘kib”.
Barqarorlik (istiqror) haqida Alloh taolo bunday deydi:
“va (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi” (Hud surasi, 44 oyat).
Bu oyat qat’iy dalil bo‘la olmaydi, chunki unda boshqa ehtimollar mavjud. Ammo ustun ma’no sifatida bu yerda istilo (hokimiyatni egallash) tushuniladi. Chunki Alloh taolo bu bilan o‘zini madh qilmoqda. Odamlar orasida istivo (barqarorlashish) odatda hokimiyatni egallash ma’nosida tushuniladi. Misol uchun, shoirlar shunday ma’noda ishlatganlar. Shunday ekan, bu oyatda ham “Arshga istivo qilish” “uni egallab, hukmronlik qilish” degan ma’noda kelgan.
Bu maxsus ravishda (biroq cheklangan holda) Arsh eng buyuk mavjudotlardan biri bo‘lgani uchun ishlatilgan.
Mujassimalarning matnlarni zohiriy tushunishiga javob:
Jismiy shaklda tasavvur qiluvchilar Qur’on va hadislarning zohiriy ma’nolariga tayanadilar.
Salaflarning yo‘li shuki, oyatlarga iymon keltiramiz, ularning ta’vilini Allohga topshiramiz, Allohni hech narsaga o‘xshatmasdan (tashbih qilmasdan) tasdiqlaymiz, bu oyatlar haqida chuqur tafakkur qilish bilan shug‘ullanmaymiz, Alloh nima degan bo‘lsa, aynan shu haqiqatdir.
Xalaflarning (keyin kelgan ulamolar) yo‘li shuki, oyatlarni Allohning zotiga va sifatlariga munosib bo‘lgan tarzda ta’vil qilamiz, ammo bu ta’vil Allohning haqiqiy maqsadi ekanini qat’iy tasdiqlamaymiz, chunki bunga dalil mavjud emas.
- “U Zot osmonda ham ilohdir, yerda ham ilohdir” (Zuxruf surasi, 84 oyat).
Bu oyatda Allohning osmondagi uluhiyati tasdiqlanmoqda, Uning Zoti osmonda joylashgani emas. Bu til odatlaridan biriga o‘xshaydi. Masalan, “Falonchi Buxoro va Samarqandda amirdir” deyilganda, bu uning jismonan har ikkala joyda ham borligini emas, balki uning hokimiyati va hukmronligi har ikkala joyda ham o‘rnatilganini bildiradi. Xuddi shunday, Allohning Zoti osmonda ham, yerda ham bo‘lishi imkonsizdir, lekin Uning rububiyati va uluhiyati har ikkala joyda ham mavjud.
- “Osmondagi Zot sizlarni iztirobda harakatlanib turgan yerga yuttirib yuborishidan omonda bo’ldingizmi?” (Mulk surasi, 16 oyat).
Bu oyatda “osmondagi” deganda Allohning uluhiyati va qudrati nazarda tutilgan, Uning jismi osmonda ekanligi emas.
- Allohning ustunligi – Uning mutlaq qudrati.
“U bandalari ustidan g‘olibdir” (An’om surasi, 61 oyat).
Bu oyatda “ustida” degan so‘z Allohning bandalariga mutlaq hukmronligi va g‘olibligini bildiradi, jismoniy joylashuv emas.
- Qur’onning nozil qilinishi va Jabroil alayhissalomning kelishi.
“Albatta, Biz uni muborak kechada nozil qildik” (Duxon surasi, 3 oyat).
Bu oyatda “nozil qilish” yuqoridan pastga tushirishni anglatadi. Bu yerda Qur’onni olib keluvchi Jabroil alayhissalom nazarda tutilgan, chunki u osmondan tushgan edi.
- Allohning huzuridagi farishtalar – jismoniy yaqinlik emas.
“Albatta, Robbingiz huzuridagi zotlar…” (A’rof surasi, 206 oyat).
Bu oyatda “huzurida” deganda Allohga nisbatan yaqin martabada va hurmatli maqomda bo‘lish nazarda tutiladi, jismoniy yaqinlik emas.
Salafning yo‘li eng xavfsizdir, xalafning yo‘li esa eng ahkam va aqlga to’g’ri keluvchidir, chunki salafning yo‘li oddiy odamlar uchun xavfsizroqdir, ular kalomning nozikliklarini tushunmaydilar. Lekin ilmda chuqur bilimga ega bo‘lgan va kalom ilmining nozik jihatlarini o‘rganib chiqqanlar uchun ijtihod qilish maqsadga muvofiqdir.
Muhammadsiddiq AHMADJONOV,
TII 4-kurs talabasi