islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Mahmudxoja Behbudiy-turkistonlik jadidchilik harakatining yo‘lboshchisi va milliy ma’rifat rahnamosi

“Jafokash shoir Behbudiyning nomini musulmon Sharqi hurmat bilan tilga oladi, chunki 20 yil mobaynida o‘zining ongi va insoniy qadru-qimmatini bilgan barcha mavjudotni erkin hayot, nur va ma’rifat uchun kurashga chorlab keldi”. (Sadriddin Ayniy)

Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida qanday ma’lumotlarni bilasiz?

Mahmudxo‘ja Behbudiy (1875-1919)– olim, yozuvchi, o‘zbek  dramaturgiyasining  asoschisi, publitsist  va jamoat arbobi bo‘lgan. Shuningdek bu zot o‘zbek jadidchilar harakati yetakchisi bo‘lgan. Alloma Mahmudxo‘ja Behbudiy buyuk ma’rifatparvar va yetakchi jadidchi sifatida milliy madaniyatimiz tarixidan mustahkam o‘rin egallaydi.   Mahmudxoja Behbudiy “Oyna” gazetasi asoschisi,  Mahmudxo‘ja  Behbudiy 200 dan ortiq o‘zbek va tojik tillaridagi nashrlar muallifi bo‘lgan. Bu zot yangicha o‘quv metodikasi yetakchisi hisoblanadi. XX asr oʻzbek adabiyoti va sanʼatida, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarida faol ishtirok etgan, millat maʼrifati, ozodligi, hurligi yoʻlida mardonavor kurashgan bu ulugʻ allomaning sermashaqqat va sermahsul faoliyati tarix sahifalaridan mangu oʻrin egalladi, avlodlar uchun ibrat maktabi boʻlib qoldi.  Mahmudxo‘ja Behbudiy yangi usuldagi maktablarning asoschisi va targ‘ibotchisi, yangi darsliklarning ilk muallifi ham bo‘ldi. Mahmudhoʻja Behbudiy milliy til masalasiga katta eʼtibor berdi.  Mahmudhoʻja Behbudiy millatning taraqqiyoti uchun bir necha til bilishi shart deb hisoblar edi.

1875-yilning 19-yanvarida (hijriy 1291 10-zulhijja) Mahmudxoʻja Behbudiy Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlogʻida diniy oilada dunyoga kelgan. Otasi Behbudxoʻja Solihxoʻja oʻgʻli turkistonlik Ahmad Yassaviyning avlodlaridan boʻlgan, ona tomondan bobosi Niyozxoʻja urganchlik boʻlib, amir Shohmurod davriida (1780-1785) Samarqandga kelib qolgan.

Dastlab Mahmudxoʻja Behbudiy Samarqand shahridagi madrasasida, keyin esa Buxoro shahrida tahsil olgan. U o‘z ustida qunt va sabot bilan ishlash orqali u shariatning yuksak maqomlari–qozi, muftiy darajasigacha koʻtarildi. 1899-1900-yillarda Mahmudxoʻja Behbudiy buxorolik doʻsti Hoji Baqo bilan haj safariga bordi. Mahmudxoʻja Behbudiy safar chogʻida koʻp ajoyib xodisalarga guvoh boʻldi. Xususan safarda u yangi maktab haqidagi qarashlarini mustahkamlaydi.1903-yilda Mahmudxoʻja Behbudiyning tashabbusi va gʻayrati bilan Samarqand atrofidagi Halvoyi, Rajabamin qishloqlarida yangi maktablar ochildi. Alloma ushbu maktab­lar uchun darsliklar tuzdi. Ketma-ket uning “Risolai asbobi savod” (1904), “Risolai jugʻrofiyai umroniy” (1905), “Risolai jugʻrofiyai Rusiy” (1905), “Kitobat-ul atfol” (1908), “Amaliyoti islom” (1908), “Tarixi islom”(1909) kabi kitoblarini yozdi.1903-1904-yillarda Mahmudxoʻja Behbudiy  Moskva, Peterburg shaharlariga boradi, 1906-yilda bu zot Qozon, Ufa, Nijniy Novgorod shaharlarida boʻladi. Bular sayohat emas, xizmat safari edi. 1906-yilning 23-avgustida Nijniy Novgorodda Rusiya musulmonlarining turmush va madaniyati muammolariga bagʻishlangan qurultoy chaqiriladi. Mahmudxoʻja Behbudiy bu qurultoyda ulugʻ adib turkistonliklar guruhini boshqardi va  nutq soʻzladi.

Mahmudhoʻja Behbudiy nazarida maʼrifat uchun faqat maktabni oʻzi kifoya qilmasdi. Zamon va dunyo voqealari bilan tanishib bormoq, millat va ona Vatanning ahvolidan, kundalik hayotidan ogoh boʻlmoq kerak edi. Binobarin, millat uchun shunday oyna kerak ediki, unda u oʻz qabohatini ham, malohatini ham koʻra olsin. Mana shu ehtiyoj va zarurat alloma Mahmudhoʻja Behbudiyni teatr va matbuot sari boshladi.  Shu sabali “Padarkush” asari maydonga keldi. Xullas, 1911-yilda yozilgan “Padarkush” dramasi 1913-yildagina bosilib chiqadi. Kitob jildidagi “Borodino jangi va Rusiyaning fransuzlar bosqinidan xalos boʻlishining yubiley sanasiga bagʻishlanadi”, degan yozuv va uning Tiflis senzurasining ruxsati bilan chop etilishi shuni koʻrsatadiki, ish oson koʻchmagan. Pyesa bosilib chiqqandan keyin ham uni sahnaga qoʻyish uchun yaqin bir yil vaqt ketdi. Muallif bu haqdagi xatlarga javoban kinoyaomuz: “Turkistonda bekor odam yoʻqki, xalq uchun ishlasa. Bekor kishi yoʻqki, teatru sahnasiga chiqib, “masxarabozlik” qilsa”, deb yozgan edi.

“Padarkush”–oʻzbek dramachiligining hamma yakdil eʼtirof etgan birinchi namunasidir. Mutaxassislar uni ham janr, ham mazmuniga koʻra yangi oʻzbek adabiyotini boshlab bergan bir asar sifatida baholaydilar. Muallif “Milliy fojia” deb atagan, 3 parda 4 manzarali bu drama hajman juda ixcham, mazmunan nihoyatda soda asar. U jaholat va nodonlik, oʻqimagan bolaning buzuq yoʻllarga kirib, oʻz otasini oʻldirgani haqida hikoya qiladi. Orqa-oldini oʻylamagan boyning Toshmurod ismli oʻgʻli bor edi. Oʻgʻli oʻqimagan. Boy atrofdagilarning gapiga kirmaydi, oʻgʻlini oʻqitmaydi, oqibatda u koʻcha bezorilariga qoʻshiladi. Restoranda maishatga puli yetmay, sheriklarini tunda uyiga boshlab keladi. Boy uygʻonib, ularni sezib qoladi. Lekin ular boyni oʻldirib, pulini olib ketadilar.

Jaholat va nodonlik otaning ham, bolaning ham boshiga yetadi. Agar butun millat shu ahvolga tushsachi? “Padarkush” nomli spektakl avval Samarqandda 1914-yilning 15-yanvarida sahnada qoʻyildi. “Xalq nihoyat koʻp kelib, bilet yetmagani va joyni yoʻqligi uchun uch-toʻrt yuz kishi qaytib ketdi”, deb yozadi mahalliy matbuot. 1914-yilning 27-fevralida Toshkent shahrida Abdulla Avloniyning “Turon” truppasi Kolizey (hozirgi Savdo birjasi binosi)da oʻz faoliyatini “Padarkush”nomli spektakl  bilan boshlagan edi. Spektakl oldidan mashhur Munavvar qori teatrning jamiyat hayotidagi roli va oʻrni haqida nutq soʻzlaydi. Boy rolini Abdulla Avloniyning oʻzi ijro etadi. Mahalliy matbuot bu kunni “tarixiy kun” deb yozadi.

1913-yildan Mahmudhoʻja Behbudiy matbuot ishlari bilan shugʻullanadi. Aprel oyidan “Samarqand” gazetasini chiqaradi. Gazeta turkiy va forsiy tillarda, haftada ikki marta, dastlab ikki, soʻng toʻrt sahifada chop etilgan. 45 ta sonidan keyin moddiy tanqislik tufayli chiqishi toʻxtagan. Oʻsha yilning 20 avgus­tidan u “Oyna” jurnalini chiqara boshlaydi. Bu suratli haftalik jurnal asosan oʻzbek tilida boʻlib, unda ixcham forsiy sheʼrlar, maqolalar, ruscha eʼlonlar ham berib borilardi…

1913-yilda Mahmudhoʻja Behbudiy shu yillari nashr ishlari bilan qizgʻin shugʻullandi. “Nashriyoti Behbudiya” nomi bilan oʻz xususiy nashriyotini ochdi. 1913-yilda Abdurauf Fit­ratning “Bayonoti sayyohi hindi” asarini ruschaga tarjima qildirib, nashr qillindi. Turkiston xaritasini tuzib, bosmadan chiqardi. Kutubxonani yoʻlga qoʻydi. Oʻsha davr vaqtli matbuotida “Behbudiy kutubxonasi” haqidagi xabarlar chiqa boshlangan edi.

Mahmudhoʻja Behbudiy milliy til masalasiga katta eʼtibor berdi. Bu zotning “Oyna” jurnali maʼrifat va madaniyat tarqatishda juda katta xizmat qildi. Unda millat va uning haq-huquqiga, tarixiga til-adabiyot masalalariga, dunyo ahvoliga doir qiziqarli maqolalar, bahslar berib borilgan. Ayniqsa, til masalalari muharrirning hamisha diqqat markazida boʻlgan. Mahmudhoʻja Behbudiy millatning taraqqiyoti uchun bir necha til bilishni shart hisoblardi. Masalan, jurnalning 1913-yil avgust, birinchi-nishona sonidayoq, “Ikki emas, toʻrt til lozim” degan maqola bilan chiqqan edi.

Fitratning jurnalda bosilgan maqolalaridan biri “Himmat va saboti boʻlmagan millatning haqqi hayoti yoʻqdur”, deb nomlangan. Adib taraqqiyot va turmushda Ovroʻpodan yer va osmon qadar uzilib qolgan Turkistonning fojiali ahvolidan soʻz ochgan edi. (1915-y. 7-son). “S.A.” imzoli kishining “Har millat oʻz tili ila faxr etar” (1914-y. 35-son) maqolasida boshqa tillarni oʻrganish qatorida har bir millat oʻz tilining muhofazasi bilan shugʻullanishi shart, degan fikr juda koʻp dalillar bilan isbot qilib beriladi. Ulugʻ maʼrifatchi tillarning bir-biridan oʻrinli lugʻat olishini tabiiy jarayon deb qaraydi. Eng boy tillardan boʻlgan ingliz tilini ham “oʻn minglar ila begona lugʻatlarni majburan olganligini” dalil qilib koʻrsatadi va masalaning boshqa jihatiga-yagona adabiy til, til birligiga diqqatni qaratadi.

Mahmudhoʻja Behbudiy Toshkentda Turkiston rus sovet hukumati rahbarlari bilan muzokaralar olib bordi lekin u ham natija bermadi. Oqibatda    Mahmudhoʻja Behbudiy 1919-yilning bahori 25-martda Shahrisabzda qoʻlga olinib, sirli bir tusda Qarshi shahrida qatl qilinadi. Uning qatli haqidagi xabar oʻsha paytdagi poytaxt boʻlgan Samarqandga rosa bir yildan keyin maʼlum boʻldi. 1920-yilning aprelida butun Turkiston motam tutadi. Oʻnlab marsiyalar yoziladi. “Behbudiyning sagʻanasini izladim” deb nomlanadi. Abdurauf Fitratning bir sheʼri. Sadriddin Ayniyda bir emas, uch sheʼri bor.

1926-37 yillarda 11 yil davomida Qarshi shahri Behbudiy nomi bilan yuritildi. Biroq uning asl qiyofasi xalqdan sir saqlandi. Adib nomining adabiylashtirilishi shunchaki bir niqob edi. Qarshi shahriga uning nomi qoʻyilgan oʻsha 1926-yildayoq u mansub boʻlgan jadidchilikni aksil­inqilobiy, aksilshoʻroviy harakat sifatida qoralash kampaniyasi bosh­lab yuborilgan edi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, buyuk mutafakkir Mahmudhoʻja Behbudiyning ilmiy, ijodiy, pedagogik faoliyati va merosi alohida ahamiyatga ega. 2020-yilda xalqimiz tarixining murakkab davrlarida, maʼrifat mashʼalani baland koʻtarib chiqqan ulugʻ alloma va jamoat arbobi Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 145-yilligi keng nishonlandi. XX asr oʻzbek adabiyoti va sanʼatida, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarida faol ishtirok etgan, millat maʼrifati, ozodligi, hurligi yoʻlida mardonavor kurashgan bu ulugʻ allomaning sermashaqqat va sermahsul faoliyati tarix sahifalaridan mangu oʻrin egalladi, avlodlar uchun ibrat maktabi boʻlib qoldi. Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi stipendiyani tashkil etilishi ham yurtimiz yoshlari qalbida yuksak bilim va maʼrifatlik, vatanparvarlik tuygʻulari joʻsh urib turadi, faxr va iftixorni eslatadi.

“Tillar” kafedrasi katta oqituvchisi Faxriddin Yernazarov tomonidan  tayorlandi.

Foydalanilgan Internet saytlari

  1. www.uz
  2. www.ziyouz.uz
    3. www.wikipedia.org
  1. www.yuz.uz.news
  2. www.ziyoratga.uz
451090cookie-checkMahmudxoja Behbudiy-turkistonlik jadidchilik harakatining yo‘lboshchisi va milliy ma’rifat rahnamosi

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: