Alloh taolo Qur’oni karimni bandalariga rahmat o‘laroq nozil qildi. U bandaning hayotidagi dasturul amal bo‘lib, uning ko‘rsatmalariga ko‘ra hayotiga mezonlar qo‘yadi. Hozirgi kunda biz o‘qib turgan mushaflar dastlab bunday ko‘rinishda bo‘lmagan. Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga O‘z kalomini Jabroil alayhissalom vositasida vahiy qildi. Qur’on Rasulullohning qalblarida yod bo‘lib jamlanardi va sahobalariga ham yoddan yetkazar edilar. Sahobalar roziyallohu anhumlarda ham yoddan eslab qolish salohiyati juda kuchli bo‘lgan. Sahobalar Qur’on oyatlarini Rasulullohdan yodlab olishar va ularni ahli oilalariga, farzandlariga va boshqa sahobalarga yetkazishar edi. Shu tarzda Allohning kalomi qalblardan qalblarga o‘tib kelardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ba’zi sahobalarga shu vaqtning o‘zidayoq Qu’ronni yozib qo‘yishga buyurganlar, lekin, u vaqtda yozish vositalari kam bo‘lgani sababli teri, yapaloq tosh va qog‘oz parchalariga yozilgan edi.
Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning Qur’onni yaxlit mushaf holatiga keltirilishida qilgan xizmatlari beqiyosdir. Zayd ibn Sobit ibn Zahhoq Ansoriy Alhazrajiy roziyallohu anhuning kunyasi Abu Sa’iddir. Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilib kelganlarida u zot o‘n bir yoshda bo‘lib, qarindosh urug‘lari bilan birgalikda musulmon bo‘lgan edi. Badr va Uhud janglarida yosh va nimjon bo‘lgani sababli Rasululloh jangga chiqishiga izn bermadilar. Badrda asirga tushgan kishilardan o‘qish va yozishni o‘rganib oldi. Xandaq jangida yosh bo‘lishiga qaramay tuproq tashib mehnat qilardi. Rasululloh u zotni ko‘rib: “Qanday yaxshi bola ekan-a?” deb, erkalar edilar. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu juda zehni o‘tkir, salohiyatli edi. U zot o‘ylab-o‘ylab, yoshga aloqasi yo‘q bo‘lgan, Rasulullohga yaqinlashtiradigan ish topdi. Bu albatta, ilm edi. Onasiga bu fikrini aytganida, onasi Nuvvora roziyallohu anho uni qo‘llab-quvvatlab, Rasullullohni huzurlariga olib bordilar va dedilar: “Ey Allohning Rasuli, mana bu o‘g‘limiz Zayd ibn Sobit Allohning kitobidan o‘n yettita surani yoddan biladi. Ularni sizga qanday nozil bo‘lgan bo‘lsa, shunday tilovat qiladi, o‘qish-yozishni ham qoyillatadi. U sizning yaqiningizda bo‘lmoqchi. Agar istasangiz, uni bir eshitib ko‘ring”, dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning yod olgan narsalarining ba’zisini eshitib ko‘rdilar. Qarasalar, bolaning nutqi ravon. Ayniqsa, uning o‘qish yozishni bilishi u zotni xursand qildi. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuga yahudiylarning yozuvini o‘rganishga buyurdilar. U zot yarim oyga qolmay yahudiylarning yozuvini o‘rganib oldi. Rasululloh yahudiylarga xat yozadigan bo‘lsalar, xatni u zot yozar, ular u zotga yozsalar, Zayd ibn Sobit uni o‘qib berar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amrlariga ko‘ra, suryonchani ham Allohni fazli bilan o‘n yetti kunda o‘rganib oladi. O‘tgan ishlarning hammasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Zayd ibn Sobitga bo‘lgan ishonchlarini oshirdi va o‘zlariga nozil bo‘layotgan Qur’oni karim oyatlarini yozib boradigan vahiy kotibi qilib oldilar. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu vahiylarni yozib borish bilan bir qatorda, yodlab ham borar edi. Nihoyat, Qur’onning hammasini yodlab, Rasululloh sollalohu alayhi vasallamdan o‘tkazib olgan ansorlardan biri bo‘ldi. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasullulloh sollallouhu alayhi vasallam davrlarida Qur’onni to‘rt kishi jam qilgan. Barchalari ham ansorlardan. Muoz ibn Jabal, Ubay ibn Ka’b, Zayd ibn Sobit va Abu Zayddir[1]. [Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilganlar]
Yana Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ummatim ichidan ummatimga eng rahimlisi Abu Bakrdir. Ularning Allohning amrida eng ashaddiysi Umardir. Ularning hayoda eng sodig‘i Usmondir. Ularning Allohning kitobiga eng qorisi Ubay ibn Ka’bdir. Ularning merosni eng yaxshi biluvchisi Zayd ibn Sobitdir. Ularning halol va haromni eng yaxshi biluvchisi Muoz ibn Jabaldir”, dedilar[2].
Demak, Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu Qur’oni karimni yod bilish bilan birga, Meros ilmini ham yaxshi bilgan ekan. Buni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari e’tirof etganlaridan ham bilib olishimiz mumkin.
Yuqorida Qur’oni karim Rasululloh sollalohu alayhi vasallam davrlarida sahobalarning qalbida jamlangani va muyassar bo‘lgan narsalarga yozib qo‘yilganidan xabardor bo‘lindi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hayotlik vaqtlarida yana vahiy tushib qolar, degan umidda Qur’on jamlanib kitob shakliga keltirilmagan edi. Lekin, u zotdan so‘ng Abu Bakr roziyallohu anhu davrida bo‘lib o‘tgan: dindan qaytgan murtadlar va musulmonlar orasidagi janglar natijasida Qur’onni to‘liq yoddan biladigan 70 sahoba shahid bo‘lishdi. Bundan Umar roziyallohu anhu qattiq havotirga tushdi, Qur’onga zarar yetishidan qo‘rqib, buni Abu Bakr roziyallohu anhuga bildirdi. Qur’onni yaxlit kitob shakliga keltirish taklifini berdi. Dastlab, Abu Bakr roziyallohu anhu ikkilandi, chunki, bu ish Payg‘ambar sollallolu alayhi vasallam davrlarida qilinmagan edi. Kayinroq esa Abu Bakr roziyallohu anhu ham bu ishning zarur ekanini angalab yetdi va Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuni chaqirib bu ishni amalga oshirishni u zotga topshirdi. Chunki, Zayd ibn Sobit Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan juda ko‘p birga bo‘lgan, Qur’onni eng yaxshi yod olgan va uni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida yozgan, Payg‘ambarimiz vafot etgan yillarida Jabroil farishtaga Qur’onni avvalidan oxirigacha o‘tkazganlarida u zot sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo‘lgan edi[3]. Bu jarayon haqida Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning o‘zlari shunday rivoyat qiladilar:
“Yamoma ahlining qatlida Abu Bakr menga odam yubordi. Borsam, Umar ibn Xattob uning oldida ekan. Abu Bakr: Umar kelib menga: Yamoma kuni Qur’on qorilari ichida qatl ko‘payib ketdi. Men boshqa joylarda ham qorilar ichida qatl ko‘payib ketib, Qur’onning ko‘pi ketib qolishidan qo‘rqyapman. Menimcha, Qur’onni jamlashga amr qilishing kerak”, dedi. Men Umarga “Qanday qilib Rasululloh qilmagan narsani qilasan?!”, dedim. Umar menga: “Allohga qasamki bu yaxshilikdir!”, dedi. U menga qayta-qayta murojaat qilaverdi. Oxiri Alloh mening qalbimni o‘sha ishga ochdi. Umar lozim ko‘rgan ishni lozim ko‘rdim”.
Zayd aytadi: “So‘ng Abu Bakr menga: “Albatta, sen yosh, oqil odamsan. Seni ayblaydigan joyimiz yo‘q. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida vahiyni yozar eding. Qur’onni izlab topib jamlagin”, dedi. Allohga qasamki, menga biror tog‘ni joyidan ko‘chirishni buyurganlarida, men uchun Qur’onni jam qilishni amr qilganidan ko‘ra og‘ir bo‘lmas edi. Men: “Qanday qilib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qilmagan ishlarini qilasizlar”, dedim. U menga: Allohga qasamki, bu yaxshilikdir!”, dedi. Abu Bakr menga qayta-qayta murojaat qilaverdi. Oxiri Alloh mening qalbimni Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumoning qalbini ochgan narsaga ochdi. Qur’onni izlab, xurmo daraxtlari po‘stloqlari, tosh parchalari va odamlarning qalblaridan jamlay boshladim. Tavba surasining oxirini Abu Huzayma Ansoriydan topdim. Undan boshqadan topmadim: “Batahqiq, sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan Rasul keldi…dan boshlab ikki oyat. Sahifalar Abu Bakr vafot qilgunicha uning huzurida turdi. So‘ng Hafsa bint Umar roziyallohu anhoning huzurida turdi[4]. Buxoriy rivoyat qilgan.
Yuqoridagi hadisdan Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning Qur’onni jamlanishidagi ulkan hissasi yaqqol namoyon bo‘lganini ko‘rish mumkin. Umar va Zayd ibn Sobit roziyallohu anhumlar Qur’onni puxta yodlashganiga qaramay, Abu Bakr roziyallohu anhu bu ishning mustahkam va ishonchli bo‘lishiga harakat qilib, masjidda “Kimning qo‘lida yozilgan Qur’oni bo‘lsa va uning Payg‘ambarimiz huzurida yozilganiga ikkita guvohi bo‘lsa, bizga olib kelsin, Qur’onni jam qilishga xalifaning buyrug‘i bo‘ldi!”, deya e’lon qildi. Ikkovlari masjidda o‘tirib, guvohlarni tekshirib, nihoyatda aniqlik bilan bir yildan ortiq vaqtda Qur’onni jamlab berdi. So‘ng ko‘pchilikka ko‘rsatdilar, hamma rozi bo‘ldi. Agar biror harfi o‘rnida bo‘lmasa, minglab yod olganlar qarshi chiqar edi[5].
Hazrati Abu Bakrdan so‘ng, Umar roziyallohu anhuning xalifalik davrida ham Madina ahliga ustoz bo‘lgan Zayd ibn Sobitning ehtiromi baland edi. Umar roziyallohu anhu u zotga ta’lim uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan edi. Barcha safarlarda Zayd ibn Sobitni o‘z o‘rniga Madinaga qo‘yib ketar edi. Madinaning olimi va qozisi edi u zot.
Vaqt o‘tishi bilan Islom davlatining chegarasi kengayib, ko‘plab xalqlar musulmonlikni qabul qilib, musulmonlarning soni ko‘payganidan so‘ng Qur’onni o‘qishda turli kelishmovchiliklar chiqa boshladi. Orada katta fitna chiqish xavfi tug‘ildi. Xalifa Usmon roziyallohu anhuning davrida Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhu bundan ogohlantirib, fitnaning oldini olish choralarini ko‘rishni taklif qildi. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Huzayfa ibn Ya’mon Usmonning oldiga keldi. U Shom ahli hamda Iroq ahli bilan Armaniston va Ozarbayjonni fath qilishda g‘azot qilayotgan edi. Ularning qiroatdagi ixtiloflari Xuzayfani dahshatga solgan edi. Huzayfa Usmonga: “Ey mo‘minlarning amiri, bu ummat Kitob atrofida yahudiy va nasorolarning ixtilofiga o‘xshash ixtilofga tushmaslaridan oldin saqlab qol!”, dedi. Usmon Hafsaga odam yuborib: “Bizga sahifalarni berib yubor. Ulardan mushaflarga nusxa ko‘chiramiz. So‘ngra senga qaytarib beramiz”, dedi. Hafsa ularni Usmonga yubordi. U Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Zubayr, Sa’id ibn Oss va Abdurrahmon ibn Xoris ibn Xishomga buyurdi, ular undan mushaflarga nusxa ko‘chirdi.
Usmon uch kishilik qurayshliklar jamoasiga: “Agar sizlar Zayd bilan Qur’ondagi biror narsada ixtilof qilib qolsangiz, Quraysh tili bilan yozinglar. Albatta, u ularning tilida nozil bo‘lgandir”, dedi.
Ular shunday qildilar. Nihoyat, sahifalarni mushaflarga ko‘chirib bo‘lishgach, Usmon sahifalarni Hafsaga qaytarib berdi. Keyin har bir yurtga ular ko‘chirgan bir mushafni yubordi. Undan boshqa yozilgan barcha narsani kuydirishga buyurdi”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Yuqoridagi hadisdan ochiq-oydin ko‘rinib turibdiki, avval boshda Abu Bakr roziyallohu anhu davrlarida Qur’onning zoye bo‘lishdan qo‘rqib, Qur’onning jamlanishida ishtirok etgan Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu Usmon roziyallohu anhu davrlarida paydo bo‘lgan qiroatda bo‘ladigan ixtiloflar sabab Qur’on jamlanishida ham salmoqli hissa qo‘shdi. Ular ko‘chirilgan bir nusxa mushaf bilan Madina ahliga ustoz bo‘ldi. Bu ham Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning katta fazl egasi ekanligiga yana bitta katta dalildir. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu Umar, Usmon, Ali va Muoviya roziyallohu anhumlar davrida Madinada qozilik, fatvo, qiroat va meros bo‘yicha rais edi. U zot hijratning 45-yilida vafot etdi. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu ummatning Qur’oni uchun, uning hozirgi holatda jam bo‘lib, keyin keladigan avlodga o‘zgarishsiz saqlanib qolishida ulkan xizmatlar qildi. Alloh u zotdan rozi bo‘lsin.
Foydalanilgan adabiyotlar:
[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.Hadis va hayot:26-juz. Hilol nashr—2011.-B99.
[2]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.Hadis va hayot 26-juz. – Hilol nashr, 2011, -B.99
[3] Shayx Muhammad Ali Sobuniy. At-Tibyan fiy ulumil Qur’on. Dorus Siroj—2023.—B.120-121
[4] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qur’on ilmlari.Hilol nashr—2011.-B.217
[5] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qur’on ilmlari. – T: Hilol nashr. 2007. – B 224.
Toshkent islom instituti 303-guruh talabasi Yulduz RAVSHANOVA






