Oqila ismi jismiga mos qiz. Uning tarbiyasi va odobida oilasining ahamiyati katta. Keksa bobosi har doim nabiralarining tarbiyasi va xulqi uchun o’zi jon kuydiradi. Bu oilada barcha nabiralarning qiziqish va iqtidorlari inobatga olinadi. Oqilaning akasi quruvchi bo’lishni xohlaydi, uning qizqishlarini barcha hurmat qiladi va mashhur quruvchi bo’lishiga ishonadilar. Oqila esa shifokor bo’lishni, o’zgalarga qiyin vaqtda ko’mak berishni istaydi. Buning uchun unga oila a’zolari barcha sharoitlarni muhayyo qilgan. U ayni paytda tibbiyot kollejining ikkinchi bosqich talabasi. Oqilaning kichik ukasi sportchi bo’lmoqchi. Uni ham o’zi uchun alohida barcha sport anjomlari bilan jihozlangan xonasi bor. Oilaning kattasi bo’lmish Fozil bobo har kech taomdan so’ng nabiralarini jamlab bir, ikki soat odob axloq mavzusida gaplashadi. Suhbatlarning aksar qismi o’zgalarni mazah qilmaslik, kattalarga ehtiromli bo’lish, kichiklarni izzat qilish, turli til ofatlaridan ehtiyot bo’lish borasida bo’ladi. Bugun Fozil bobo nabiralariga Hujurot surasi 12-oyatining ushbu qismi asosida va’z nasihat qildi:
وَلَا يَغْتَب بَّعْضُكُم بَعْضًا ۚ أَيُحِبُّ أَحَدُكُمْ أَن يَأْكُلَ لَحْمَ أَخِيهِ مَيْتًا فَكَرِهْتُمُوهُ ۚ
…Biringiz biringizni g’iybat qilasin! Sizlardan biror kishi o’lgan birodarining go’shtini yeyishni xohlaydimi?! Uni yomon ko’rasizlarku, axir![1]
Shu kech bolalar g’iybatning bu dunyo va oxiratdagi zararlari haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo’ldilar.
Ertasi kuni Oqilani o’qish joyidan amaliyot uchun o’likxonaga olib borishdi. Bu ularning ilk amaliyotlari bo’lib, dastlabki kunlari yuragi bo’shlar kirmasligi ham mumkin deyildi. Oqila o’zi intilayotgan sohasiga juda qattiq kirishishni maqsad qilgani uchun mayitlar solingan muzxonaga kirishga qaror qildi. Ammo o’qituvchi mayit a’zolarini tushuntirishni boshlashi bilanoq talabalar orasida shovqin turdi. Kimdir “suv beringlar suv, xushini yo’qotdi” – dedi vahima bilan. Xushini yo’qotgan talaba Oqila edi. U o’zi o’ylaganidan ancha qo’rqoq ekan. Mayitni ko’rishi bilan o’zini bilmay qoldi. Uyiga kelganida ham ovqat yegisi kelmas, amaliyot darslari ko’z oldidan ketmasdi. Bir haftagacha o’qishga bora olmay uyida yotdi. Haftaning dam olish kunida uni ko’rgani yaqin dugonasi Sohiba qo’lida olma va allaqanday shirinliklar ko’tarib kirib keldi. Ular ancha vaqt suhbatlashishdi. Sohiba kursdoshi Laylo haqida ancha gapirdi.
– Ayniqsa oxirgi paytda bu qizni qadam olishi o’zgargan, dedi u bosh chayqab. Kecha ham darsdan qochdi, qayoqqa ketganini hech kim bilmasmish,- dedi.
– Ha jim yurgandan qo’rqish kerakda o’zi, dedi Oqila ham Sohibani ma’qullab. Sohiba yana ancha vaqt Layloni g’iybat qilib kechga yaqin ketdi. U ketgach Oqila biroz o’rniga cho’zilishni ma’qul ko’rdi.
Shu orada xonasini eshigi taqillab yana Sohiba kirib keldi.
– Ha biror narsangni unutdingmi dedi Oqila o’rnidan qo’zg’alib.
– Kechki ovqatni sen bilan birga yeb ketaqolay deb qaytdim, dedi Sohiba qo’lidagi haltalarni xontaxta ustiga qo’yib – ke o’tir, dedi.
– Ovora bo’libsanda, dedi Oqila uni yoniga borib xushlamaygina o’tirarkan. – Sumkangdan namuncha badbo’y hid chiqayabdi, dedi beixtiyor burnini yopib.
– Ol, ol yeyaver, jigarini sen ye, o’pkasini men yeyman, dedi Sohiba Layloni bo’laklangan go’shtlarini xontaxta ustiga qo’yib.
– Axir sen qanday yeyabsan bularni, Oqila majolsiz gapirar, ammo o’zi ham har qancha yomon ko’rsa ham Layloning go’shtlaridan yemoqda edi. – Suyaklarini yaxshilab oxirigacha ye, der edi Sohiba chaynalib…
– Oqila, Oqila tur qizim senga nima bo’ldi, namozshom vaqtida uxlamagin deb necha marta aytamana! Oqila onasining ovozidan uyg’onib ketdi. Uning miyasida bobosining g’iybat haqida aytagan gaplari, amaliyot xonasi va hozirgina ko’rgan daxshatli tushi qorishib ketgan edi. Bularning barchasi g’iybat naqadar yomon illat ekanini uqtirayotgandek edi.
…Oradan yillar o’tib tirishqoq mutaxassis Oqila Fozilova shahar markaziy shifoxonasining bosh shifokori maqomiga ko’tarildi. Har kuni insonlar uning qabuliga navbat kutib turardilar. U ko’plab insonlarning hayotini saqlab qoldi. Ammo hech qachon o’zgalarni g’iybat qilmadi. G’iybat bor davralarni tark etdi. Imkon topganida boshqalarni ham rahmatli bobosi kabi g’iybat qilmaslikka chorlar edi.
Oxunjon Ahmad va
Muattar Abdulqayum
[1] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima va tafsiri.