O’z zamonasida yetuk allomasi, imom, faqih, mujtahid, shariat sultoni, tariqat burhoni Faxriddin Qozixon rohmatullohi alayhning to’liq ismlari Alloma Faxriddin Abul Mahosin Hasan ibn Mansur ibn Abul Qosim Mahmud ibn Abdulaziz O’zgandiy Farg’oniydir. Tug’ilgan yerlari Farg’onaning O’zgan shahridir. Qaysi sanada tug’ilganliklari to’g’risida ma’lumotlar yo’q. U kishi dastlabki ilmlarini o’z ona shaharlarida olganlar. So’ngra bobolarining shogirdi Zahiriddin Hasan ibn Ali ibn Abdulaziz Marg’inoniydan ta’lim oladi. Farg’onada ta’lim olganlaridan keyin o’z davrida ilm o’chog’i bo’lgan shahar Buxoroga ilm yo’lida safar qiladi. U yerda boshqa ustozlardan ta’lim oladi. So’ng o’sha yerda hayotlarining oxirigacha kitoblar tasnif qilib, shogirdlarga ta’lim berib o’tadilar. Faxriddin Qozixon rohmatullohi alayh hazratlari hijriy 592-yil (milodiy 1196yil) Ramazon oyining 15-sanasi dushanba kechasida vafot etganlar. Yettita qozilarning yoniga dafn qilinganlar. 589-yilda vafot etganlar ham deyiladi.
Bu kishining ta’lim olgan ustozlari Imom ibn Is’hoq ibn Ismoil ibn Abu Nasr Safariy Ansoriy, Imom Nuriddin Abul Hasan Ali ibn Abdulaziz Marg’inoniy, Abu Is’hoq Ibrohim ibn Ali Marg’inoniy kabi ustozlardan fiqh ilmini o’rgangan. U kishining fiqh ilmidagi silsilasi mazhabimiz asoschisi Imomi A’zam Abu Hanifa (rohmatullohi alayh)ga borib ulanadi. Bu silsila Faxriddin Qozixon (rohmatullohi alayh) hazratlaridan Imomi A’zamga o’nta vosita orqali ulanadi, o’n birinchisi esa Imom A’zam (rohmatullohi alayh)dir.
Imom Faxriddin Qozixon rohmatullohi alayhning ustozlari silsilasi:
- Imom Faxriddin Qozixon.
- Zahiriddin Hasan ibn Ali ibn Abdulaziz Marg’inoniy.
- Burhoniddin Kabir Abdulaziz ibn Umar ibn Moza hamda Muhammad ibn Abdulaziz (bu kishi Faxriddin Qozixonning bobolaridir).
- Shamsul aimma Saraxsiy.
- Shamsul aimma Halvoiy.
- Abu Ali Nasafiy.
- Abu Bakr Muhammad ibn Fazl (bu kishi Chor Bakrlardan biridir).
- Ustoz Abdulloh Sabzamuniy.
- Abu Abdulloh ibn Abu Hafs.
- Abu Hafs al-Kabir.
- Imom Muhammad.
- Imom Abu Hanifa.
Burhonul Islom Zarnujiy o’zlarining mashhur kitoblarining oltinchi bobi oxirida quyidagi satrlarni keltiradi: “Ustozimiz shayx, qozi, imom Faxrulislom Qozixon: “Faqih uchun doimo fiqh kitoblaridan birontasini yod olib yurishi lozimdir. Shunda uning uchun bundan keyin fiqhga oid nima eshitsa, yodida saqlab qolishi oson bo’ladi”, der edilar”. Ushbu kitobning boshqa bir nusxasining sharhida esa: “Mutafaqqih (fiqh ilmini hosil qilishni xohlagan kishi) uchun fiqh kitobi nusxalaridan biron bir nusxani yod olib, uni doimo takror qilib yurishi lozimdir. Shunda uning uchun bundan keyin (fiqhdan o’sha nusxasini yod olganidan keyin) fiqh masalalaridan eshitgan narsasini yodlab olish osonlashadi. (Chunki fiqh kitoblaridagi masalalarning aksari bittadir)” deb kelgan. Yuqorida keltirganimiz “Ta’limul mutaallim”ning mualliflari Burhonul Islom Zarnujiy rohmatullohi alayh ham bu kishining shogirdlaridan bo’lgandir. Faxriddin Qozixon rohmatullohi alayhning yana bir shogirdlaridan biri Buxoroda sadrlardan bo’lgan Sadrulislom Tohir ibn Mahmud ibn Ahmad ibn Abdulaziz Buxoriydir. U otasi Sadrulkabir Burhoniddin Buxoriy ham imom Faxriddin Qozixon rohmatullohi alayhdan ta’lim olgandir. Faxriddin Qozixon rohmatullohi alayhning yana bir shogirdlaridan biri Abul Vajd Shamsul a’imma Muhammad ibn Abdusattor Kardariydir. Ma’lumotlarga qaraganda, dastlabki fiqh ilmini yoygan zot Abu Zayd Dabusiy bo‘lsa, undan keyin bu ilmni qayta jonlantirgan zot Shamsul a’imma Kardariy deb e’tirof etiladi. Bu kishining mashhur shogirdlaridan biri esa “Kanzud daqoiq” asarining muallifi Hofizuddin Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiydir. Bu kishi Faxriddin Qozixon rohmatullohi alayhga nabira shogird bo’ladi. Faxriddin Qozixon rohmatullohi alayhning “Fatovoi Qozixon” asari boshqa fatvo kitoblari orasida juda ham mashhur va ma’lumdir. Bu asardan fiqh ilmidagi ko’plab olimlar, muftiylar, qozilar o’z hayotlarida, fatvo berayotganida, kitoblarida juda ham ko’p foydalanishadi. Qosim ibn Qutlubg’o “Qozixonning sahih degan fatvolari boshqalardan afzal hisoblanadi”, deganlar. Shayxul Islom Husayriy (bu kishi ham Faxriddin Qozixonning shogirdlaridandir) u kishini eslab: “U bizning sayyidimiz, qozi, imom, ustoz, millatning faxri, Islomning ustuni, Sharqning muftiysidir”, deganlar. U kishi bir nechta kitoblar tasnif etganlar. Ular quyidagilar:
- ىواتفلا (Al-Fatovo). Bu kitoblari u kishining shoh asaridir. Bizning bitiruv malakaviy ishimizning ikkinchi qismi mana shu asarga bag’ishlangan. Bu asar juda ham mashhur. Bir necha bor nashr qilib chiqarilgan. Boshqa tillarga ham tarjima qilingan. Nomlari – “Fatovoi Qozixon” hamda “Fatovoi Xoniya”dir.
- يلامﻷا (Al-Amoliy). Ma’nosi “imlolar” deganidir. Bunday nomdagi asarni avval imom Abu Yusuf yozganlar. Abu Yusufning bu asarlari hanafiy fiqhidagi kitoblarning Navodir yoki “Zohirur rivoya”dan boshqa masalalar martabasiga mansubdir.
- تاعقاولا (Al-Voqeot). Ma’nosi “voqealar” deganidir.
- رضاحملا (Al-Mahozir). Ma’nosi “majlislar, jamoatlar, hozir bo’lganlar” deganidir.
- تادايزلا حرش (Sharhuz Ziyodot). Bu asarlari “Zohirur rivoya” masalalariga mansub bo’lgan imom Muhammad ibn Hasan Shayboniyning “Az-Ziyodot” (“Ziyodalar”) nomli kitoblariga yozgan sharhlaridir.
- ريغصلا عماجلا حرش (Sharhul Jomi’us Sag’ir). Bu asarlari ham “Zohirur rivoya” masalalariga mansub bo’lgan imom Muhammad ibn Hasan Shayboniyning “Al-Jomi’ as-sag’ir” (“Kichik to’plam”) nomli kitoblariga yozgan sharhlaridir. Bu asar 2 mujalladli kitob .
- ءاضقلا بدا حرش (Sharhu adabil qazo). Bu asarlari imom Sodrushshahid Umar ibn Abdulaziz ibn Mozza al-Buxoriy Xassofning (hijriy 483-536) “Adabul qazo” nomli kitoblariga yozgan sharhlaridir.
Imom Qozixonning “Al-Fatovo” asarlaridan boshqa biror asarlari saqlanib qolmagan.
Toshkent islom instituti talabasi
Bannayev Abdulbori