Olamlarni yaratgan Alloh taologa bitmas tuganmas hamdu sanolar, ikki olam sarvari habibimiz Muhammad Mustafoga (s.a.v.), va ul zotning as’hoblariga, zavjayi muatahharot onalarimizga beadad durudu salovatlar bo’lsin.
Amma ba’d:
Alloh taolo Anbiyo surasida marhamat qilib “Har bir jon o’limni totib ko’rguvchidir, biz sizlarni yomonlik va yaxshilik ila imtihon uchun sinaymiz, hamda bizgagina qaytarilursiz” (35-oyat) dedi.
Ana shunday biz yaxshiliklar va yomonliklarga ro’baro bo’lib sinalamiz. Bugungi kunimizda ko’plab ogohlantirishlarga qaramasdan, insonlarning ba’zilari hidoyat istayabman deb, asli hidoyat bo’lgan mazhablaridan, bemazhablikka, yaxshilikdan yomonlikka ko’chmoqdalar. Nima yaxshi-yu nima yomon ekanini quyida keladigan chinakam ulamolar so’zlarida bayon qilsak.
Ibn Taymiya r.a. (bemazhablar bu olimni o’zlariga rahnamo deyishadi) aytadilar:
“Agar kimdir uyini sotsa, keyin qo’shnisi undan shuf’a haqini (qo’shnilik haqlaridan bir haq bo’lib, qo’shnisiga “men seni qo’shningman, unga emas menga sotasan” deyish haqi) talab qilsa, keyin shu qo’shnining o’zi uyini sotgan paytida, boshqa qo’shnilariga shuf’a yo’q desa, bu ish ijmoan joiz emas”. Ya’ni shuf’a bor deganida hanafiylardan hujjat keltirib, yo’q deganida shofe’iylardan hujjat keltirib, u mazhabdan bu mazhabga sakrab yurishi joiz emas.
Ma’mur ibn Roshid r.a. aytadilar: “Bir kishi qo’shiq eshitish va ayollarning orqasiga kelish borasida ahli Madinani so’zini olsa, mut’a nikohi va pul almashtirish masalasida ahli Makkani so’zini olsa, mast qiluvchi ichimlik borasida ahli Ko’fani so’zini olsa, Allohni bandalarini eng yomoni bo’libdi”.
Imom Navaviy r.a. dedilar: “Uning ko’rinishi: agar xohlagan mazhabini xohlagan hukmiga ergashish joiz bo’lsa, unda shahvatiga ergashib, mazhablarning ruxsatlarini olishda bemalol bo’lib qoladi, halol-harom, vojib-joizlar o’rtasida ixtiyorli bo’lib qoladi. Bu esa majburiyatini yechilishiga olib boradi. (Ya’ni shariatdagi hech bir ish majburiy bo’lmay qoladi). Islomning avvalgi asrlarida esa bunday bo’lmagan. Chunki u paytlarda barcha hodisotlarni hukmlarini o’z ichiga olgan va tanilgan mazhabning o’zi bo’lmagan. Shunga ko’ra musulmon kishi o’zi ergashadigan mazhabini ta’yin qilib, unda mustahkam turishi lozim bo’ladi”.
Shayx Valiyulloh Dehlaviy r.a. aytadilar: “Bilingki, albatta insonlar birinchi va ikkinchi yuzyillikda aynan bir mazhabga ergashishlikda jam bo’lmagan, ikkinchi yuzyillikdan keyin esa insonlar orasida o’zlarining ko’z o’ngidagi mujtahidlarini mazhabini tutish har joylarda zohir bo’ldiki, aynan bir mujtahidga suyanmagan kishi juda ham ozchilikni tashkil qildi. Bu narsa, mazhabga ergashish o’sha zamondayoq vojib bo’ldi”.
Yana ko’plab ulamolarni o’qib o’rganar ekansiz mazhabda turish, unda mustahkam bo’lish, asli hidoyat ekanini bilib boraverasiz. Sahobayi Kiromlardan sodir bo’lgan rivoyatlardan yana biri: “Bir kuni Ibn Mas’ud r.a. safarda namozni 4 rakat o’qidi, shunda odamlar unga “Usmonga r.a. nisbatan aybli ish qildingizmi? namozni 4 rakat o’qidingizmi?” deb so’rashdi. Ibn Mas’ud r.a. shunda “Xilof qilish yomondir” deganlar” (Abu Dovud rivoyati). O’zi Ibn Mas’ud r.a. odatda qasr o’qir edilar. Namozni to’liq o’qishlari, o’z nazdilaridagi yaxshisini qo’yib, joizni qilishlari, xilof chiqish, fitna va yomonlikdan saqlanganliklari uchundir.
Xulosa o’rnida shuni aytamizki, mazhabini qo’yib bemazhablikni tutayotganlar, ixtilofli masalani ko’tarib fitnaga sabab bo’layotganlar, yaxshilikni qo’yib yomonlikni olayotganlar, ibrat nazari bilan yaxshilab qarasinki, Allohning imtihonida yaxshilik ila sinalayaptimi yoki yomonlik? – e’tibor qilsin. Barchamizni borar joyimiz Allohgadir. Alloh o’zining haq hidoyatidan ayirmasin (Amin).
Ushbu maqola
Taqiy Usmoniy hazratlarining
“Usulul ifto va adabuhu” asari asosida
Ahlidddin Qurbonov tomonidan tayyorlandi.