Muzeylar tarixi haqida qanday ma’lumotlarni bilasizlar?
Avvalo, insoniyat hayotida muzeylar paydo bo’lish tarixiga qisqacha to’xtalib o’tamiz. Muzey-yunoncha so’z bo’lib, muza, muzeun so’zidan kelib chiqqan. Muzeun – bu go’zal buyumlar saqlanadigan joy degan ma’noni anglatadi. Dastlabki muzeylar ham aynan funksional jihatdan hozirgi muzeylardan unchalik farq qilmagan. Ular ham noyob buyumlarni saqlash va namoyish qilish vazifasini bajargan. Ammo qadimda muzeylar alohida muassasa sifatida faoliyat ko’rsatmasdan, ma’lum vaqtlarda yoki birorta tadbir tarkibida o’tkazilgan, shuningdek, buyumlarga eksponat sifatida qaralmagan, balki kolleksiya namunasi sifatida e’tibor berilgan. Chunki turli mavzulardagi noyob buyumlar aholining o’ziga to’q tabaqasi, amaldorlardan iborat kolleksionerlar tomonidan yig’ilgan va xalqqa namoyish etilgan.
Malumotlarga ko’ra, muzeylar dastlab antik davrda Yunoniston va Rimda vujudga kelgan. Ayni shu davrda kolleksiyalar to’plash an’anasi shakllangan. Yunonistondagi Gelikon tog’i yonida turli tasvirdagi yodgorliklar saqlanadigan joy muzeylarning ilk ko’rinishlaridan biri hisoblangan. San’at, madaniyat va fanda erishilgan yutuqlarning namunalaridan iborat kolleksiyalar to’plash Yevropada Uyg’onish davrida dastlab, Italiyada, so’ng esa Angliya, Fransiya, Germaniya va boshqa mamlakatlarda an’anaga aylandi. Italiyada XV asrda moddiy-madaniy buyumlarni yig’ish va namoyish etish ishlari aniq tizim asosida tashkil etilgan bo’lsa, XVI-XVII asrlarga kelib, Fransiya, Angliya, Germaniyada ham muzeylar tashkil etish odat tusiga kirgan. 1753- yil ochilgan Londondagi ”Britaniya muzeyi”, 1793- yil tashkil etilgan Parijdagi ”Luvr” muzeyi G’arbiy Yevropadagi ilk ommaviy muzeylar sanaladi.
XIX asrga kelib dunyo miqiyosida ko’plab yirik muzeylar vujudga keldi. 1819- yilda Madriddagi ”Prado muzeyi”, 1873- yilda Moskvadagi ”Tarix muzeyi”, 1852- yilda Sankt-Peterburgdagi ”Ermitaj”, 1870- yilda Nyu-Yorkdagi ”Metropoliten” muzeylarini misol qilib keltirish mumkin. O’sha davrlarda ko’plab davlatlarda bo’lganidek, O’rta Osiyoda ham katta muzeylar barpo etilgan.Toshkentda ilk muzey 1876- yilda ochilgan, u hozirgi “O’zbekiston tarixi davlat muzey”idir. Yurtimizdagi dastlabki muzeyning faoliyati A.P.Fedchenko, N.A. Mayev, V.F.Oshanin, I.V.Mushketov, V.V.Bartold kabi olimlarning sa’y-harakatlari va tashabbuslari bilan shakllanib borgan.
XX asrda O’zbekiston hududda ko’plab muzeylar, shunindek, sohalari qamrab olgan muzeylar bilan birga, badiiy va uy muzeylar ham tashkil etildi.
Ayniqsa, 1991-yil O’zbekiston davlat mustaqilligiga erishgandan so’ng yurtimizda muzeylar faoliyatida keng o’zgarishlar ro’y berdi. 1994- yil 23- dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ”Respublika muzeylari faoliyatini yaxshilash chora-tadbirlari to’g’risida” qaror qabul qilindi. Ayni shu qaror asosida o’rganilayotgan ”O’zbekiston Davlat san’at muzeyi” yangidan ta’mirlandi.
2008-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ”Muzeylar to’g’risida”gi Qonun qabul qilindi. Bu qonun hujjatining parlament tomonidan qabul qilinishi yurtimizda bu sohaning keng ko’lamda rivojlanishi uchun asosiy me’yor vazifasini o’tash bilan birga muzeylar faoliyatiga davlat va jamiyat miqiyosida yuqori darajada e’tibor berilishini ko’rsatib berdi.
Shuningdek, yurtimizda bir qancha yangi muzeylar tashkil etilishi mustaqillik yillarida muzey sohasiga o’lgan e’tiborning naqadar rivojlanib borganligini ko’rsatadi. Jumladan, 1996- yil 14- avgust kuni ”Olimpiya shon-shuhrati muzeyini tashkil etish to’g’risida”, 1997- yil 24- yanvarda ”Temuriylar tarixi Davlat muzeyini tashkil etish to’g’risida”, 2002- yil 8-noyabr kuni ”Qatag’on qurbonlari xotirasi”muzeyi faoliyatini tashkil etish to’g’risida Vazirlar Mahkamasi qarorlari qabul qilindi.
Mamlakatimiz muzey sohasini rivojlantirish bugungi kunda olib borilayotgan islihotlar va taraqqiyot rejamizning dolzarb masalalaridan biriga aylanib bormoqda. Buning uchun muzeylardagi ashyo va kollektsiyalarni chuqur o’rganib, ularning bebaho qadr-qimmatini xalqimizga ochib berish, bular to’g’risida yoshlar ongida nazariy bilimlarini boyitish lozimdir. Hukumatimiz tomonidan bu sohani rivojlantirish bo’yicha 2017-2027 yillarga mo’ljallangan dastur ishlab chiqilishininng belgilanishi, yurtimizning taraqqiyot dasturi bo’lmish ”Harakatlar strategiyasi”da muzey sohasini rivojlantirishning ko’rsatib o’tilganligi bejiz emas, albatta. Muzeylar orqali ona Vatanimizning ko’hna tarixi naqadar moddiy madaniyat yutuqlariga boy ekanligini, ajdodlarimiz bilim va tafakkuri, dunyoqarashi, san’ati, mahorati, iqtidori yuqori darajada ekanligini bugun dunyoga namoyish etib berishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-mart kuni “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi to’g’risidagi hamda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg’armasi mablag’larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to’g’risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida“ Qarori e’lon qilindi. Bu hujjat madaniyat va san’at tizimini takomillashtirish maqsadida qabul qilinganligini keying yillarda madaniyat, xususan, muzey sohasidagi islohatlardan anglash mumkin.
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi
Muzeylar tabiiyki, madaniy merosning ajralmas qismidir. Sayohatchilar qay o‘lkaga borar ekan, eng avvalo ularning muzeylarini tomosha qiladilar va shu orqali mamlakat tarixi, madaniyati, san’ati va adabiyoti bilan yaqindan tanishishadi. Quyida dunyo tan olgan eng ko‘hna besh muzey haqda ma’lumot beramiz.
Uffitsi muzeyi. Italiya (1575)
Ushbu muzey Yevropa san’atini o‘zida aks ettiruvchi eng muhim va yirik inshootlardan biri sanaladi. Muzey Florensiyadagi saroyda joylashgan bo‘lib, u 1560-1581 yillarda qurilgan. Uffitsi tarixi 1559-yillarga borib taqaladi, Florensiya qiroli Kozimo I qasrda shaharning ko‘zga ko‘ringan ustalarini yiqqan. Kelasi yildan boshlab Jorjio Vazari ismli hunarmand ishga kirishgan. Biroq 1974 yilda Vazari vafot etadi, ishni uning jiyani Bernardo Buontalenti davom ettiradi. Yil o‘tib galereya bitkaziladi, unda oilaviy yig‘ilishlar o‘tkaziladi. Keyinchalik muzeyga aylantiriladi.
Britan muzeyi. Buyuk Britaniya (1753)
O‘z davrida bu tarixiy-arxeologik bino jahonning eng katta muzeyi hisoblangan. Avvaliga muzeyda faqat Qadimgi Rim va Qadimgi Yunonistonga oid tarixiy ashyolar joylashtirilishi ko‘zda tutilgandi. Lekin ular qatoriga turli san’at buyumlari va arxeologik topilmalar ham qo‘shiladi. Ular Londonga Britaniya imperiyasining turli kolonnalaridan olib kelingan, shu tariqa muzey noyob surat, medal, kitob, tanga kabi buyumlarga to‘lib borgan.
Ermitaj. Rossiya (1764)
Rossiyaning yirik madaniy-tarixiy obyekti bo‘lmish ushbu muzeyda san’at namunalari talaygina. Muzey beshta binodan iborat bo‘lib, bir-biriga eshiklar orqali ulanib ketgan. Ermitajni yaratish g‘oyasi Yekaterina II tomonidan taklif qilingan. Imperator xonim savdogardan Gorsovskiy kolleksiyasini sotib olgach, ushbu 220 ta kartinani joylashtirish uchun muzey tashkil qilgan. Bir muddat bino Kichik Ermitaj nomi bilan atalgan. Hozir esa Rossiyaning eng ko‘zga ko‘ringan maskanlaridan biri.
Vatikan muzeyi. Vatikan (1769)
Ayni vaqtda muzey Papa saroyi va shaharning qimmatli kolleksiyalarini o‘zida jamlangan yirik inshoot sanaladi. Vatikan muzeyini noyob buyumlari 1769 yildan boshlab yig‘ila boshlangan. U yerda 50 mingga yaqin eksponatlar, shuningdek 1400 ta zal mavjud. Ushbu kichik mamlakat aynan shu muzey tufayli har yili minglab sayyohlarga to‘ladi.
Luvr. Fransiya (1793)
Bu muzey nomini eshitmagan odam kam topiladi. Luvr – qadimiy va boy, shuningdek qiziqarli tarixiy kolleksiyalarni o‘zida jamlagan, nozik did sohiblarini san’at asarlari bilan bag‘riga chorlovchi g‘aroyib binodir. Uni qurish ishlari ming yillar davom etgan, Parijning dovrug‘ini oshirishda katta xizmati bor. Aytish lozimki, u aholi uchun 1793 yildan boshlab eshiklarini ochgan. 2018 yilda muzeyga 10 mln sayohatchi tashrif buyurgan va bu rekord natija hisoblanadi.
Toshkent islom instituti Tillar kafedrasi
katta o’qituvchisi Faxriddin Ernazarov
Foydalanilgan adabiyotlar
- Обид Тангиров, Тамара Нуридинова ва бошқалар. Ўзбекистон Давлат санъат музейи фондидаги ноёб меъморчилик ҳамда археологик ашёлар тарихига доир.Тошкент: Musiqa, 2019. 5-7бетлар.
2.https://oyina.uz