Sohibqiron Amir Temur haqida qanday ma’lumotlarni bilasiz?
Sohibqiron Amir Temur-buyuk davlat asoschisi hisoblanadi. U Hindiston hamda Xitoydan Qora dengizga qadar, Sirdaryo va Orol dengizidan Fors qoʻltigʻiga qadar gʻoyat katta hududni qamrab olgan markazlashgan ulkan saltanatga asos soldi. Bundan tashqari Amir Temur davlatiga Kichik Osiyo, Suriya, Misr va shimoliy gʻarbda Quyi Volga, Don bo’ylari; shimoliy-sharqda Balxash koʻli va Ili daryosigacha; janubiy sharqda esa Shimoliy Hindistongacha bulgan mamlakatlar buysundirildi. Amir Temur davlatni aql-zakovot va huquqiy asos bilan idora etgan. Uning “… davlat ishlarining toʻqqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim”, degan soʻzlari buning yorqin dalilidir.
Sohibqironning bunyodkorlik sohasidagi tarixiy xizmatlari beqiyosdir. Tarix bu koʻhna dunyoda oʻtgan koʻp jahongirlarni biladi. Lekin Amir Temurning ulardan farqi shundaki, u umr buyi bunyodkorlik bilan mashgʻul bulgan. Uning “Qay bir joydan bir gisht olsam, oʻrniga o’n gʻisht qoʻydirdim, bir daraxt kestirsam, oʻrniga o’nta kuchat ektirdim”, degan soʻzlari buning yorqin isbotidir. Amir Temurga har bir zafarli voqea va sevinchli hodisani muhtasham meʼmorlik obidasi barpo etish bilan nishonlash odat boʻlgan. Shu maqsadda Hindiston, Sheroz, Isfahon va Damashqning mashhur usta hunarmandlari mamlakatda hashamdor imorat-u inshootlar bino qilganlar. Amir Temur zabt etgan mamlakatlarning bir qator shaharlari (Bagʻdod, Darband, Baylaqon)ni qayta tikladi. Amir Temur Tabrizda masjid, Sherozda saroy, Bagʻdodda madrasa, Turkistonda mashhur shayx Ahmad Yassaviy qabri ustiga maqbara qurdirgan boʻlsada, lekin asosiy eʼtiborini ona shahri Kesh va poytaxti Samarqandga qaratdi. Keshda otasining qabri ustiga maqbara, oʻgʻli Jahongirga maqbara bilan masjid qurdirdi. Amir Temur hukmronligining ilk davrida Kesh shahrini poytaxtga aylantirish niyatida boʻlib, uning obodonchiligiga katta ahamiyat berdi, bu yerda mashhur Oqsaroy qad koʻtardi. Amir Temur Keshni Movarounnahrning madaniy markaziga aylantirishga harakat qildi. Shu boisdan bu shahar “Qubbat ul-ilm val-adab” unvoniga ega boʻldi. Saltanat poytaxti Samarqand Amir Temur davrida ayniqsa gullab yashnadi. Shaharda Isfahon, Sheroz, Halab, Xorazm, Buxoro, Qarshi va Kesh shaharlarining meʼmor-u binokorlari qoʻli bilan saroylar, masjidlar, madrasalar, maqbaralar quriladi. Shahar tashqarisida esa bogʻ-rogʻlar va boʻstonlar barpo etiladi. Xususan Shohizinda meʼmoriy majmuasiga mansub Shodimulk ogʻo maqbarasi, Shirinbeka ogʻo maqbarasi va boshqa quriladi. Shaharda Bibixonim jome masjidi, Amir Temurning qarorgohi Koʻksaroy va Boʻstonsaroylar qad koʻtaradi. Umuman olganda Samarqand shahri Amir Temur davrida oʻzining qadimiy oʻrni Afrosiyobdan birmuncha januroqda butunlay yangitdan qurildi. Shahar tevaragi mustahkam qalʼa devori bilan oʻralib, Ohanin, Shayxzoda, Chorsu, Korizgoh, Soʻzangaron va Feruza kabi nomlar bilan ataluvchi 6 ta darvoza oʻrnatildi. Movarounnahrning dehqonchilik vohalarida, xususan Zarafshon vodiysida oʻnlab sugʻorish tarmoqlari chiqarilib, dehqonchilik maydonlari kengaytirildi. Yangi qishloqlar barpo etildi. Mashhur tarixchi Ibn Arabshohning yozishicha, Amir Temur Samarqand atrofida qad koʻtargan bir qancha yangi qishloqlarni Sharqning mashhur shaharlari Dimashq (Damashq), Misr, Bagʻdod, Sultoniya va Sheroz nomlari bilan atadi. Amir Temurning fikricha, Samarqand kattaligi, goʻzalligi hamda tevarak-atrofining obod etilganligi jihatidan dunyodagi eng yirik shaharlardan ham ustunroq turmogʻi lozim edi.
Amir Temur Movarounnahrda markazlashgan davlat tuzish yoʻlida kurashdi, Movarounnahrni birlashtirishdan manfaatdor boʻlgan mahalliy zodagonlardan iborat ijtimoiy kuchlar (mulkdor dehqonlar, harbiylar, hunarmandlar, savdogarlar va ruhoniylar) yordamida tarqoq mulklarni birlashtirish uchun kurash olib bordi. Amir Temurning bu davrdagi faoliyati Oʻrta Osiyo xalqlarining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti taraqqiyoti yoʻlida shubhasiz ulkan ijobiy ahamiyat kasb etadi. Mamlakatda tarqoqlik tugatilib, markazlashgan davlatning tashkil topishi ijobiy oqibatlarga olib keldi. Xoʻjalikning asosi boʻlgan dehqonchilikda muayyan siljishlar roʻy berdi. Yangi-yangi ariq (kanal)lar qazilib, dehqonchilik maydonlari kengaydi. Hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo rivojlandi, fan va madaniyat ravnaq topib, shaharlar obodlashdi va gavjumlashdi. Amir Temur biror mamlakatni tasarrufiga olishdan avval albatta oʻsha joy aholisiga tinchlik yoʻlini taklif etgan, bu yoʻl inkor etilgan holdagina harbiy kuch ishlatgan.
Amir Temur hayotligi chogʻidayoq saltanatni asosan toʻrt qism (ulus)ga boʻlib, oʻgʻil, nabiralariga taqsimlab bergan: Xuroson, Jurjon, Mozandaron va Seyiston (markazi Hirot) Shohruxga, Gʻarbiy Eron, Ozarbayjon, Iroq va Armaniston (markazi Tabriz) Mironshohga, Fors, yaʼni Eronning janubiy qismi (markazi Sheroz) Umarshayxga, Afgʻoniston va Shimoliy Hindiston (markazi Gʻazna, keyinchalik Balx) Pirmuhammadga berilgan. Amir Temur davlati oʻziga xos tartib-qoidalarga asoslangan holda idora etilgan. Amir Temur asos solgan bu davlat Xuroson va Movarounnahrda XVI asr boshigacha mavjud boʻlib, Shayboniyxon tomonidan tugatilgan.
Shoʻrolar tuzumi davrida Amir Temur. shaxsi va faoliyatiga adolatsizlik bilan yondoshib, bir yoqlama baho berilib kelindi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng bunday qarashlarga barham berildi. Amir Temurning jahon tarixida tutgan oʻrni oʻz joyiga qoʻyila boshlandi. Oʻzbekistonda uning faoliyatini oʻrganishga va uni ommalashtirishga keng yoʻl ochildi. Uning nomi Oʻzbekistonda abadiylashtirildi. Koʻplab shahar va qishloqlardagi shoh koʻchalar, maydonlar, metro stantsiyasi, jamoa xoʻjaliklari, maktablar, kinoteatrlar va boshqa joylar uning nomi bilan ataldi. Islom Karimov tashabbusi va rahnamoligida Toshkent, Samarqand, Shahrisabz va boshqa shaharlarning markaziy maydonlarida Amir Temurga haykal oʻrnatildi, Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida Temuriylar davri muzeyi barpo etildi (1996), “Amir Temur” ordeni taʼsis etildi (1996) va Xalqaro Amir Temur jamgʻarmasi tashkil qilindi (1995). Toshkent, Samarqand va xorijiy mamlakatlarda YUNESKO rahbarligida hazrat Sohibqiron tavalludining 660 yilligi keng nishonlandi (1996). Amir Temur haqida ikki qismdan iborat badiiy film, spektakllar va sheʼriy hamda nasriy asarlar dunyoga keldi.
Sohibqiron Amir Temur davlat ahamiyatiga ega boʻlgan har bir masalani hal etishda, shu sohaning bilimdonlari va ulamolari bilan maslahatlashardi. Odatda tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, tarix, adabiyot, tilshunoslik ilmi namoyandalari, shuningdek ilohiyot va din sohasidagi mashhur ulamolar bilan suhbatlar oʻtkazardi. Amir Temur saroyida ulamolardan mavlono Abdujabbor Xorazmiy, mavlono Shamsuddin Munshi, mavlono Abdullo Lison, mavlono Bahruddin Ahmad, mavlono Nuʼmonuddin Xorazmiy, Xoʻja Afzal, mavlono Alouddin Koshiy, Jalol Hokiy va boshqalar xizmat qilardi. Hazrat Alisher Navoiyga Amir Temurning ilm va maʼnaviyat aqliga koʻrsatgan gʻamxoʻrligi juda yoqar edi. Bu haqda Navoiy hazratlari shunday degandi: Agar Temur qayerda fan, madaniyat va sanʼat ahlini uchratsa, ularni oʻz homiyligiga olar, ularga izzat-ikrom koʻrsatar, ularning tarbiyasiga ahamiyat berar hamda bu zotlardan oʻz oliy majlisida nadim (maslahatchi) sifatida va boshqa lavozimlarda foydalanardi. Amir Temur davrida savdo va hunarmandchilik gʻoyatda rivojlandi. Yangi bozorlar, savdo rastalari barpo qilindi. Ispan elchisi Klavixo Samarqand bozorlarida bugʻdoy va guruchning moʻlligi va arzonligi haqida gapirib, shahar hunarmandchiligi mahsulotlarini-atlas, har xil ip va jun toʻqima mollar, moʻynali va ipakli poʻstinliklar, attorlik mollari, ziravor va dorivorlar, zarhal va boshqa mollarning serobligini ham taʼkidlaydilar. Bu davrda Xitoy va Hindistondan Oʻrta Osiyo orqali Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlariga yoʻnalgan asosiy xalqaro savdo yoʻli-“Buyuk ipak yoʻli”ni nazorat qilinib, savdo karvonlari qatnovi xavfsizligini taʼminlashda, rabotlar, qalʼalar, koʻpriklar qurish yoʻlida muhim chora-tadbirlar koʻrdilar va Sharq bilan Gʻarb oʻrtasida savdo-sotiq va elchilik aloqalarini har tomonlama rivojlantirishga gʻoyat katta eʼtibor berdilar. Amir Temur eng muhimi, Eron, Ozarbayjon va Iroqdagi mayda hukmdorlar oʻrtasidagi tarqoklikka barham berib, bu bilan nafaqat Movarounnahr, balki Uzoq va Yaqin Sharq mamlakatlarining iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga, xalqlar va mamlakatlarni bir-biri bilan yaqinlashtirishga ulkan hissa qoʻshdi. Amir Temur Yevropaning Fransiya, Angliya va Kastiliya kabi yirik qirolliklari bilan bevosita savdo va diplomatik aloqalar oʻrnatdi.
Sohibqiron Amir Temur olimlarga nisbatan seriltifot podshoh edi. U bilmdon hamda sofdil kishilarga katta ishonch bildirar edi. U tarixchilar, faylasuflar va boshqa bilimdonlar bilan suhbatlashish uchun taxtdan tushib, ularning yoniga kelar edi.
Sohibqiron Amir Temurning namunali ishlaridan biri shu ediki, sayyidlar, olimlar, din peshvolari va solihlarni izzat-hurmat qilish shart deb hisoblardi. Ularga g’amxo’rlik qilib, katta nafaqa, alohida maosh, yashashi va salomatligi uchun barcha zarur narsalarni ajratib,nazorat qilib, e’tibor qaratib turardi.
Sohibqiron Amir Temur ilmiy munozaralar uyushtirar, bu munozaralarda mantiqiy savollar bilan ilm ahllarini lol qoldirgan ulamolarni o’ta hurmat qilar edi, muomalada o’ta oddiylik kabi olijanob fazilat egasi edi.
Sohibqiron Amir Temur davrida faqirlar va tolibi ilmlarning vaqflardan maoshlari va mudarrislarning tajribasiga qarab belgilangan aniq haqlari bor edi.
Sohibqiron Amir Temur davrida qonunshunoslik ilmi madrasalarda keng o’rnatilgan hamda u iqtisodiy qarashlar tizimida uning saltanat poydevori haqida fikrlari markaziy o’rin tutadi.
Fan sohasidagi yangi kashfiyotlar Amir Temurni qiziqtirgan, uzoq muddatli safarlarida tuyalarga ortilgan kutubxona unga hamroh bo’lgan. Amir Temur o’z hayotida besh narsaga qat’iy e’tiqod qilganligi yani Alloh, tafakkur, qilich, imon va ularning biri kitob ekanligiga alohida bitik deb ko’rsatilgan.
Tarixchilarning ma’lumotiga qaraganda, sohibqiron harbiy yurishlarda olimlar-u ulamolarga va ularning uyiga kirgan odamlarga zarar etkazilmagan.
Sohibqiron Amir Temur ko’p vaqtini shatranj o’yini ustida o’tkazgan. O’z davrining mashhur shatranjchilari bilan bemalol bellasha olgan.
Sohibqiron Amir Temurning aqliy qobiliyatlari va qiziqishlari ko’lami kishini hayratga solar edi. Uning hukmdorligi bitilgan tarixlarda tibbiyot, astronomiya va ayniqsa, arablar, forslar va turklar tarixi sohasidagi bilimlari madh etiladi. U zavq bilan olimlarning munozaralarida kirishib, kopincha g’olib bo’lardi.
Sohibqiron Amir Temur jonboz quruvchi edi, u ajoyib bog’-rog’li muhtasham inshootlar barpo etdi, shahar va qishloqlarni tikladi. Sug’orish tizimlari barpo etildi va ta’mirlandi, rasmiy tarix ta’biriga ko’ra, u ekin ekishga yaroqli bir qarich yerni ham bekor qo’ymas edi.
1370 yil mart oyida Sohibqiron Amir Temur Samarqandga qaytib, uni o’z davlatining poytaxti qilib, keyin qonunlarning va o’z hokimiyatining davlat tizimini tartibga soldi.
Toshkent islom institui
“Tillar” kafedrasi katta o’qituvchisi
Fahriddin Ernazarov
Foydalanilgan adabiyotlar
- uz.wikipeddia.org
- “Темур тузуклари” 2016-2021- www.temurtuziklari.uz