islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Etnik muammo: Tushuncha va tamoyillari

So’nggi paytlarda  dunyo  davlatlarining  ijtimoiy-siyosiy  hayotida qarama-qarshilik  va  kuzatilayotgan  keskinliklar  o’z  navbatida,  etnik masalani  yanada  dolzarb  darajaga  ko’tarmoqda.  Bir tarafdan migratsion jarayonlar ortidan xalqlar orasida differentsiya va integratsiya jarayonlari kuchayib  ketayotgan  bo’lsa,  boshqa  bir  tarafdan  millatlar  o’rtasida  o’zarokeskinlik  holatlari  ham  ortib  bormoqda.  Bu nafaqat demokratik institutlar  yaxshi  rivojlanmagan  davlatlarda,  balki  rivojlangan davlatlarda ham  kuzatilmoqda va  ba’zi holatlarda  ular  mojaro  darajasiga yetmoqda.

Etnik so’zi  yunoncha  “ethnos”  so’zidan  olingan  bo’lib,  pagan  yoki  kofir ma’nolarini  bildirgan.  Dastlab, bu  so’z  Rim  imperiyasida  xristian bo’lmagan  xalqlarga  nisbatan  ishlatilgan. Ammo XIX asr o’rtalariga kelib “irq” va “alohida bir xalq” ma’nosida qo’llanila boshladi.

Bugungi kunda esa etnik  so’zi  asosan  “kamchilik  muammosi”  va  “irqlar  munosabati” ma’nosida  ishlatiladi.  Etnikchilik  ko’pincha  ezilgan  yoki  kamsitilgan ozchilikni  tashkil  etuvchi  guruhlarga  qarata  qo’llanilmoqda  va  ularni  o’z milliy-davlatini  tashkil  etgan  millatlardan  ayirish  maqsadida ishlatilmoqda.[1]  Ya’ni, bir etnik  guruh  o’z  davlatini  tashkil  etib  millat nomini olmoqda, u davlatda yashovchi boshqa etnik guruhlar esa etnik  ozchilik yoki diaspora nomida qolmoqda [2].Aslida, ko’pchilikni tashkil etuvchi dominat guruhlar  ozchiliklardan  nisbatan  oz  “etnik”  ma’noga  ega  bo’lmasa-da, gegemon (hukmron)  etnik  birliklar  o’zlarining  ijtimoiy  va  madaniy tushuncha va afsonalarini “tabiiy” holga aylantirganidan so’ng “etnikligi” ko’rinmay qoldi.[3] Hukmron etnik guruhlar barcha etnoslarni birlashtiruvchi milliylikning targ’ibotchisi va himoyachisiga aylandi.

Davlatning xavfsizligi  va  barqarorligi  bir  jihatdan  etnoslararo munosabatlarning  yaxshi  yo’lga  qo’yilganligiga  bog’liq  bo’lsa-da,  uzoq  va barqaror  yashashi  hukmron  etnik  guruhga  ko’proq  mas’uliyat  yuklaydi. Holbuki,  millat  va  davlat  orasida  juda  katta  farq  mavjud  bo’lib, davlatning funksiyasi barchani irqi, dini va e’tiqodidan qat’i nazar teng va  adolatli  boshqarishdir.  Bu yerda asosiy  masala  milliy  davlatlarga tegishli. Sababi hukmron etnik guruh o’zining milliyligini aks ettiruvchi tili, dini, madaniyati va  urf-odatlari saqlanib qolishini  xohlaydi va bu tabiiy  holat  bo’lib,  ong  ostida  shakllangan  jarayondir.  Bugungi kunda dunyodagi  davlatlarning  deyarli  barchasi  qaysidir  ma’noda  lingvistik davlatlar ekani ham bejiz emas.

Shu bois,  etnik  muammo  tushunchasi  va  uning  kelib  chiqish  sabablari, ko’rinishi  va  tamoyillari  alohida  va  atroflicha  ko’rib  chiqishni  taqozo etadi.  Avvalo  shuni  ta’kidlab  o’tish  kerakki,  etnik  muammo  turli  etnik guruhlarning  o’zaro  munosabatlaridagi  siyosiy,  ijtimoiy  yoki  huquqiy muvozanatning buzilishidan  kelib  chiqadi.  Bu jarayonda, etnik o’zlikni anglash masalasi alohida o’rin tutadi.

Ma’lumki, o’zlikni  anglash  kunlik  hayotda  bir  qancha  qulayliklar yaratadi.  ya’ni,  shaxsning  o’zligini  bilishi,  nimani  o’ylashi,  nimani bajarishni  bilishini  va  h.z.  Boshqalarning  kim  ekanini  bilish  esa ularning  o’y-xayollari  va  xatti-harakatlarini  taxmin  qilishni qulaylashtiradi.  Insonning  kim  ekaniga  oid  bilimlar  insonlar  o’rtasida o’zaro  munosabatlarni  tartibga  solishni.  O’z  navbatida,  jamiyat  ham insonlarga shaxsiyatini (o’zligini) tanitadi.[4] Masalan, bir kishining  “men o’zbekman”,  “men  o’zbekistonlikman”,  “men  vrachman” deyishi,  uning kimligini,  qaysi  madaniyat  va  maslak  sohibi  ekanini  bildirishi bilan birga,  bir  jamoaga  mansubligini  ham  bildiradi.  Shunday ekan,  shaxs  identiteti (o’ziga xosligi) jamoaviy ko’rinishdagina mavjud bo’la oladi. Jamoaviy  identifikatsiyani  (kim  ekanini  va  o’ziga  xosligini  bilish, anglashni) bildiruvchi birinchi darajali belgilar: til, din, madaniyat, urf-odatlar,  vatan,  tarixiy  voqealar  va  kunlik  jarayonlar  hamda  kelajakka bo’lgan  umidlar  asosida  shakllanadi  va  rivojlanadi.  Tadqiqotchi  Finniy ta’kidlaganidek,  “Ma’lum  bir  vaqtda  shaxsning  etnik  o’ziga  xosligini ifoda etuvchi elementlar bilan bog’liq komponentlar ayni paytda, shaxsning o’zining identifikatsiyalashuvidir”.[5]

Bu,  ayniqsa,  jamiyatda  kamchilikni tashkil  etuvchi  etnoslarda  sezilarli  bo’lib,  ular  jamoaviy identifikatsiyasini himoya qilishda hissiyotga ko’proq moyil bo’ladi. Chunki, ularda  uchun  jamiyatga  oidlik  va  farqlilik  tushunchalari  juda  yuqori rivojlangan bo’ladi.

Etnik  xilma-xillik  va  mansublik  masalasi  butun  dunyo  davlatlari  va jamiyatlarga  xos  tuyg’udir.  Lekin  ularning  hammasida  ham  etnik  muammo    mavjud emas.  Tabiiy savol tug’iladi:  qaysi holatlarda etnik muammo  yuzaga keladi?  Albatta,  har  bir  davlat  va  jamiyatda  etnik  muammo  kelib chiqishining  siyosiy,  iqtisodiy,  ijtimoiy,  madaniy,  geografik  va  boshqa turli-tuman o’ziga xos  jihatlari  borligini ta’kidlab o’tish lozim. Shunday bo’lsa-da,  bu  borada,  umumqabul  qilingan  nazariy  va  amaliy  yondashuvlar deyarli  etnik  muammo  mavjud  bo’lgan  barcha  davlat  va  jamiyatlar  uchun  mos keladi.

Etnik  muammo  etnik  o’ziga  xoslikni  to’ldiruvchi  yoki  bildiruvchi omillardan  biridir.  Shu  bois,  siyosatshunoslik  va  sotsiologiya  fanlarida etnik  muammo  etnik  o’ziga  xoslikni  o’rganish  tamoyillari  bilan  bog’liq holda  tadqiq etiladi. Bugungi kunda etnik muammoni o’rganuvchi uchta asosiy tamoyil va yondashuv  shakllangan  bo’lib,  ulardan  birinchisi  “boshlang’ich  (primordialism)  nazariyasi”. Bu  nazariya  etnik  bog’liqliklarning  tabiiy shakllangan va tarixan (primordial)  mavjudligini ilgari surgan holda etnik muammoni tabiiy holat ekanini qayd etadi. Unga qarshi boshqa ikki nazariy yondashuvlar “instrumental”  (instrumentalism)  va  “konstruktiv” (constructivism)  nazariyalar  esa  irqchilik bo’yicha bahs yuritgan holda, uning tabiiy  shakllanuvchi  xususiyat  emasligini,  balki  sub’ektlar  ta’sirida yuzaga  kelishini  ilgari suradi.

Xulosa qilganda,  etnik  muammolar  hozirgi  davrda  eng  ko’p  bahs-munozaralarga  sabab bo’layotgan  masalalardan  hisoblanadi.  Sababi etnikmuammo  deyarli barcha  ijtimoiy-siyosiy,  iqtisodiy  va  boshqaruv muammolarining tarkibiga kirib ketgan.  Yuqorida biz etnik muammolarni o’rganishda  keng  qo’llaniladigan  uch  asosiy  nazariy  yondashuvlarini ko’rib chiqamiz.

Birinchisi  praymordializm  nazariyasi  bo’lib,  bu  nazariya  etnik ziddiyatlarni  tabiat  qonuniyati  sifatida  baholaydi.  Bu, mashhur ingliz olimi Tomas  Gobbsning “inson-insonning  bo’risi”  tamoyilidan  kelib chiqadigan  “bitmas-tuganmas”  mojarolar  va  ular  orasidagi  raqobatni anglatuvchi  omillarni  bildiradi.  Praymordializm bu – raqobatbardosh dunyoda etnik o’ziga xoslik  masalasi  o’z naslini davom ettirish uchun doimiy baxs  va  munozara  markazida  bo’lib  qoladi,  degan  asosiy  xulosani  ilgari suradi.

Ikkinchi nazariya – instrumentaliz, unga ko’ra, inson tabiati vahshiylik ruhidan emas, balki foyda ko’rishlik va ochko’zlikdan tarkib topadi. Ochko’z va o’z manfaatlarini ko’zlagan ijtimoiy-siyosiy guruhlar  uchun  qo’l ostidagi etnik  guruhlar  bir  vositadir.  Yana bir ingliz  olimi  Adam  Smitt  ilgari surgan  inson  ratsional  va  foydali  bir  mavjudod  degan  fikridan  kelib chiqib,  etnik  guruhlar  har  qanday  mojaroga  kirishda  o’z  foydalarini o’ylaydi.  Bunda etnik guruhning yetakchilari asosiy rolni  o’ynaydi  va olomon esa ularning qo’lida qurol vazifasini bajaradi.

Uchinchi  nazariya bu  –  yondashuv konstruktivizm bo’lib, u etnik  shzlikni anglashni asosan  ijtimoiy  omil  bilan  bog’liq  deb  biladi.  Etnik  o’ziga xoslik gendan keluvchi muqarrar va o’zgarmas emas, balki bir necha sabablarga ko’ra  (urushlar,  mustamlaka,  globallashuv,  integratsiyalashuv,  migratsiya  va hokazo)  o’zgaruvchan  hisoblanadi.

Ko’rinadiki, etnik o’ziga xoslik modern davr bilimining ijodidir.  Konstruktivizmning bir ko’rinishi bo’lgan institutsionalizm esa etnik muammolarning kelib  chiqishini  davlat institutlarining  qanchalik  sog’lom  va  demokratik,  resurslarning  teng va adolatli taqsimoti amalga oshirilishi bilan bog’laydilar.

Umuman olganda, etnik  muammo  o’ta  qaltis  bo’lib,  chuqur  bilim  talab etadigan  mavzu. Globallashuv sharoitida  etnik  identifikatsiyaga  ta’sir omillarining  kuchaygan,  mediya  asrida  ijtimoiy  tarmoqlarda millatchilik va irqchilikni targ’ib qiluvchi  provakatsion  harakatlar  ko’paygan bir  davrda etnik  masalalar  bo’yicha  puxta  ishlangan  strategiya  va  dasturlarga  ega bo’lishi, bu masalada ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish har  bir davlat va jamiyat oldidagi ustuvor vazifalardan biri bo’lib qolmoqda.

Toshkent islom instituti talabasi

Haydaraliyev Muhammadbobur

[1] Eriksen T. H., Ethnicity and Nationalism: Anthropological Perspectives. London: Pluto Press. Second edit. 2002. – P. 15-25.

[2] Bu barcha davlatlarga to’g’ri kelmasligini ta’kidlab o’tish lozim. Ba’zi davlatlarda etnik so’zini o’rniga millat  so’zi  ishlatiladi.  Masalan,  O’zbekistonda  yashovchi  millatlar  ko’rinishida.  Qiyoslash  maqsadida Turkiyani  oladigan  bo’lsak,  turklardan  boshqa  xalqlar  masalan,  kurdlar,  lazlar  millat  sifatida qaralmaydi, balki ular etnik guruh deb ataladi.

[3] Yuval-Davis N., Gender and Nation. London: Sage Publications, 1997. – P. 92

[4] Hogg Michael A. and Vaughan Graham M., Social Psychology. Pearson 7 edit. London, 2013.  

[5] Phinney, J. Ethnic identity in adolescents and adults: A review of research. Psychological Bulletin, № 108, 1990. – pp. 499–514.

387720cookie-checkEtnik muammo: Tushuncha va tamoyillari

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: