islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Anvarshoh Kashmiriyning ilm talabi

Kashmiriy 5 yoshga kirgach, avvalo Qur’on ilmini o’rgana boshladi. So’ngra o’sha vaqtda ommalashgan forsiy kitoblarni o’qidi. 2 yilda Alloh qodir qilgunicha mukammal o’rganib, shu sohada yetuk malakaga ega bo’ldi. Forsiy kitoblardagi ilm va irfonlarni o’zida jamladi.

Alloh taolo Kashmiriyga bergan o’tkir zehni orqali oz muddatda tengdoshlaridan o’zib ketdi. Yoshi hali 10 ga to’lmasdan, unda forsiy tilda nasr va she’rlar yozishda chuqur malaka hosil bo’ldi.

Forsiy kitoblarni o’qib bo’lgach, arab tili ilmlari: nahv, sarf, fiqh va usulul-fiqh ilmlarini o’rganishga kirishdi. Kashmiriyning otasi shar’iy ilmlar borasida chuqur ilmga ega fozil inson edi. Kashmiriy bu ilmlarni otasidan o’rgandi.

Mana shu boshlang’ich kitoblarni o’rganishi asnosida ustozi javob berishi uchun katta kitoblarni ko’rishga undaydigan qiyin savollarni so’rar edi. Otasi o’g’li haqida shunday der edi: “U mendan “muxtasarul quduriy” darsida savollar so’rar ediki, men unga javob berish uchun mabsut kitoblariga murojaat qilishga majbur bo’lar edim. Men uni shunday daqiq o’rganishdan qaytarib, bor e’tiborini quduriy matnini tushunishga qaratishini aytar edi. Lekin baribir foydasiz edi”

Otasi yana aytadi: “Men unga dars berish uchun shahridagi boshqa olimning qo’liga topshirsam, u kishi ham Kashmiriyning ko’p savol berishidan shikoyat qilar edi.”

Shayx Anvarshoh Kashmiriy odati, darsdan chiqqan vaqtida sukut saqlagan holda xotirjam chiqar edi. Shu yoshdagi tengdoshlari qiziqadigan o’yin-kulgilarga qiziqmas edi. Bu xislatlarning barchasi bu go’dakning kelajakda katta ishlar kutib turganini ko’plab fazl va salohiyat egalari ta’kidlashar edi.

Otasi aytadi: “O’g’lim Kashmiriyga duo olish uchun yurtimizdagi duosi ijobat bo’ladigan orif shayxning huzuriga olib bordim. Shayx uni ko’rib: “Bu bola barcha ilmlarda asrining yetuk olimi bo’ladi”,-dedi.”

Shayx Kashmiriy mantiq kitoblarini o’qish asnosida ta’liq va o’z fikrini bayon qilib ketar edi. O’sha zamon ulamolari buni ko’rgach: “Bu bola o’z asrini G’azzoliy va Roziysi bo’ladi”, -deb aytishar edi.

12 yoshida fatvo beradigan darajada arab tili, fiqh, hadis va tafsir fanlarida mukammal ilmga ega bo’ldi.

Anvarshoh Kashmiriy o’z yurtidagi ilm buloqlaridan yetarli ilmga ega bo’lgach, ilm talab qilishdagi salaflar yo’lini tutib, safar qilish fikri tug’ildi. Ota-onasi va go’zal manzarali, musaffo havoli yurtini tark qilib, shimoli-g’arbdagi Panjob hududiga ilm talab qilish uchun safar qildi. Bu hijriy 1305-yilda sodir bo’ldi. U yerda 3 yil turib, o’z asri va yurtining mohir ulamolari va bir necha shar’iy ilmlarda mutqin bo’lgan, mohir ulamolarning ilmlaridan manfaat oldi.

Lekin, Anvarshoh Kashmiriy o’zi o’rgangan bu ilmlarga qanoat hosil qilmadi. Balki ilmini yanada ziyoda qilishga haris edi. Hijriy 1310-yil Devband qishlog’idagi o’sha davrning rabboniy ulamolar beshigi sanalgan “Al-jomeatul islomiyya dorul-ulum” da ilm olish uchun safar qildi. O’sha vaqtda bu jome’a barcha ilmlarda: hadis va mustalahul-hadis, tafsir va usulut-tafsir, fiqh va usulul-fiqh va boshqa aqliy ilmlarda ham katta va yetuk ulamolari borligi bilan boshqa jome’alardan ajralib turar va afzal hisoblanar edi. Bu jome’a Hindiston diyorini nurlantirgan porloq quyosh edi. Nabaviy sunnatni ilm yo’nalishida ta’liman va ulamolar hayotida esa amalan tiriltirgan edi. O’sha davrda uzoq davom etgan turfa xil bid’at-xurofotlarni ketkazishda katta xizmat qilgan.

Anvarshoh Kashmiriy bu jome’ada ko’p fazilatli ulamolarni topdi. Ular yetuk ilmlari va daqiq qobiliyatlarini muloyim so’zlari va amallariga qorishtirib yuborgan edilar. Ular sunnat, diyonat, zuhd, taqvo, go’zal va salobatli haybat sohibi edilar. Shayx Kashmiriy bu musaffo ilmiy havoda bir qancha muddat yashab, to’g’ri ilm va sof fikr va sunnatga ergashish, o’rganish va o’rgatish muhabbati paydo bo’ldi. Hijriy 1313-yilda bu jome’ani bitirib, fozil ulamo bo’lib yetishib chiqquniga qadar u yerda tafsir va hadis fanlaridagi eng muhim va asl hisoblangan kitoblardan ta’lim oldi. Ilmi, taqvosi, fikriy dunyosi kengligi, ko’p ma’lumotlardan xabardorligi borasida qo’l bilan ishora qilinadigan kamyob ulamolardan biri edi.

Toshkent islom instituti 4-kurs

talabasi Naqibxonov Saidasror

392170cookie-checkAnvarshoh Kashmiriyning ilm talabi

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: