Hozirgi kunimizda tug’ilgan farzand uchun qilinadigan ehson marosimiga “aqiqa” deyish urf bo’lgan. Shariatimiz istilohida esa: “Aqiqa – tug’ilgan bola haqqida uning bir haftaligida so’yiladigan jonliqdir”.[1] Demak, aqiqadan murod – jonliq so’yib qon chiqarish ekan. Bu haqida turli ko’rinishdagi bir qancha hadis va rivoyatlar kelgan bo’lib, aynan bizning mazhabimizda aqiqa borasida qanday hukmlar berilganini ko’rib chiqamiz.
Mazhabimizning asl manbasi – Zohir ur-rivoyadagi olti kitobdan biri “Jome’ us-sag’ir”da imom Muhammad rahimahulloh shunday deganlar:
“وَلَا يُعَقُّ عَن الْغُلَامِ وَلا عَن الْجارِيَةِ”
“O’g’il borasida ham qiz borasida ham aqiqa qilinmaydi”.[2]
Bunga qo’shimcha qilib imom Muhammadning “Kitob ul-osor”dagi quyidagi rivoyatlarini keltiramiz:
– 806مُحَمَّدٌ قالَ: أَخْبَرَنَا أَبُو حَنِيفَةَ عَن حَمّادٍ عَن إِبْراهِيمَ قَالَ: كَانَتْ الْعَقِيْقَةُ فِي الْجاهِلِيَّةِ فَلَمَّا جَاءَ الْإِسْلامُ رُفِضَتْ.
Muhammad rahimahulloh aytdilar: “Bizga abu Hanifa rahimahulloh Hammod rahimahullohdan, u kishi Ibrohim rahimahumullohdan xabar berib aytdilar: “Aqiqa johiliyatda edi, islom kelgandan keyin u rad etildi”.
– 807 مُحَمَّدٌ قالَ: أَخْبَرَنَا أَبُو حَنِيفَةَ قَالَ: حَدَّثَنَا رَجُلٌ عَن مُحَمَّد بنِ الْحَنَفِيَّة / أَنَّ الْعَقِيْقَةَ كَانتْ فِي الْجاهِلِيَّةِ فَلَمَّا جَاءَ الْإِسْلامُ رُفِضَتْ. قَالَ مُحَمَّدٌ: وَبِهِ نَأْخُذُ وَهُوَ قَولُ أَبِي حَنِيْفَةَ رَحِمَهُ اللهُ تَعَالى.
Muhammad rahimahulloh aytdilar: “Bizga abu Hanifa rahimahulloh xabar berib aytdilar: “Bizga bir kishi Muhammad ibn-ul Hanafiyya rahimahullohdan aytib berdi: “Albatta, aqiqa johiliyatda edi, islom kelgandan keyin u rad etildi”. Muhammad rahimahulloh aytdilar: “Biz shuni olamiz va bu – abu Hanifa rahimahullohning gaplaridir”.[3]
Ushbu rivoyatlardan mazhabboshilarimiz, xususan imomi A’zam rahimahullohning aqiqadan qaytarganlari ma’lum bo’ladi. Bir qaraganda bu rivoyatlar aqiqa haqidagi hadislarga teskariday ko’rinadi. Buni ochiqlash uchun ulamolarimizning kitoblariga murojaat qilamiz. Alouddin Kosoniy rahimahulloh o’zlarining “Badoi’ us-sanoi’” degan kitoblarida shunday deydilar:
“Aqiqa johiliyatda edi, keyin musulmonlar islomning avvalida qildilar. So’ng qurbonlik (so’yishning vojib bo’lishi) uning hukmini nasx (bekor) qildi. Kim xohlasa qiladi, xohlamasa qilmaydi”.[4]
Ma’lum bo’ladiki, islomdan avval amalda bo’lgan aqiqa islom kelishi bilanoq nasx bo’lmagan, balki ma’lum vaqt amalda bo’lgan. Keyin qurbonlik vojib bo’lishi bilan aqiqa qilish hukmi bekor bo’lgan. Bu qay tariqa bo’lgani kitobning davomida keladi:
“Albatta, bildikki, bu kabi qon chiqarishliklar Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilingan hadis sababli nasx (bekor) bo’lgan. Oisha roziyallohu anho onamiz aytdilar: “Ramazon ro’zasi o’zidan avvalgi barcha ro’zani nasx qildi va qurbonlik o’zidan oldingi barcha so’yishlarni nasx qildi va janobatdan qilinadigan g’usl o’zidan avvalgi barcha g’usllarni nasx qildi”. Zohir shuki, Oisha onamiz buni rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan eshitib aytganlar, chunki bir hukmning nasx qilinishi ijtihod bilan anglanadigan narsalardan emas.”[5]
Endi mazhabboshilarimizdan keyingi ulamolarimizning aqiqa borasidagi qavllari va fatvolarga ham nazar tashlaymiz.
Hazrat So’fiy Allohyor mo’tamad manbalarning avvalida sanagan[6] “Xulosatul fatovo”da Tohir Ahmad rahimahulloh imom Muhammad rahimahullohning gaplarini quyidagicha sharhlaydilar:
“وَلَا يُعَقّ عن الغُلامِ وَلَا عَن الْجارِيةِ يُرِيدُ (بِهِ) أنَّهُ (لَيْسَ) بِوَاجِبٍ وَلَا سُنَّة وَلكِنَّهُ مُبَاحٌ وَتَفْسِيْرُ الْعَقِيقَةِ أن يُذْبَحَ شَاةٌ فِي الْيَوْمِ السَّابِعِ مِن وِلادَة وُلِدَ لَهُ (وَ) يُتَّخَذُ ضِيافَةٌ وَيُحْلَقَ رَأْسُ وَلَدِهِ”
“O’g’il borasida ham, qiz borasida ham aqiqa qilinmaydi”. Bu gapdan uning vojib ham sunnat ham emasligini iroda qilyapti. Lekin, u muboh. Aqiqaning tafsiloti – tug’ilgan bolasi yeti kunlik bo’lganida qo’y so’yishlik va ziyofat tashkil qilish va sochini qirishdir.[7]
Mashhur fatovo kitoblarimizdan bo’lgan “Fatovoi Hindiyya”da aqiqa haqida shunday deyiladi:
“Aqiqa o’g’il va qiz borasida bo’ladi. U – bola tug’ilishining yettinchi kunidagi so’yish va insonlarga ziyofat qilish va sochini qirishdir. U mubohdir, sunnat va yo vojib emas. Kardariyning “Alvajiz”larida ham xuddi shunday. Va Imom Muhammad rahimahulloh aqiqa borasida “Kim xohlasa qiladi, xohlamasa qilmaydi” deganlar. Bu muboh ekaniga ishora qiladi, sunnat ekanini man qiladi. Va “Jome’ us-sog’ir”da: “O’g’il borasida ham qiz borasida ham qilmaydi”, deb zikr qilganlar. Va albatta u makruh ekaniga ishora qiladi. “Badoi’” dagi “Qurbonlik kitobi”da ham xuddi shunday kelgan. Vallohu a’lam”.[8]
Ushbu naqllarga e’tibor beradigan bo’lsak, avvalda aqiqadan murod qon chiqarishgina bo’lgan bo’lsa, keyingi davrlarda aqiqa istilohiga insonlarga ziyofat berish ma’nosi ham qo’shilgan. Insonlarga taom berib ziyofat qilish amali urfga kirgan.
Mutaaxxir ulamolardan ibn Obidiyn ash-Shomiy “Raddul muhtor” kitoblarida quyidagicha aytadilar:
“Xotima: Farzandi tug’ilgan kishiga mustahab bo’ladi – u farzandiga bir haftaligida ism qo’yishi va boshini qirib, uning sochi vaznicha uch imom (gaplari)ga ko’ra kumush yo tillo miqdorocha sadaqa qilishi, so’ng o’sha boshini qirganda aqiqa qiladiki, bu aqiqa “Jome’ ul-mahbubiy”ga ko’ra muboh yoki “Sharh ut-Tahoviy”ga ko’ra tatovvu’ (mustahab)dir. U (aqiqa) qurbonlikka yaraydigan qo’y-ki, erkak va ayol uchun so’yiladi. Uning go’shtini xomligicha tarqatishi yoki humuda (nordon narsa) bilan yoki usiz pishirishining farqi yo’q, shu bilan birga suyaklarini sindirishi yoki sindirmasligi, taom pishirishda boshqalarni chaqirishi yoki chaqirmasligining farqi yo’q. Imom Molik rahimahulloh ham shu gaplarni aytganlar. Imom Shofeiy va imom Ahmad rahimahumallohlar esa aqiqani sunnati muakkada deb, g’ulom (o’g’il bola) borasida ikkita qo’y, joriya (qiz bola) borasida bitta qo’y deganlar”.[9]
Ibn Obidin rahimahulloh farzandga bir haftaligida ism qo’yish, sochini olish va ehson berish kabi mustahab amallarni sanab, aqiqa qilishni ham shularning qatoriga qo’shdilar. Yana Sayyid Alizoda rahimahulloh ham shu kabi mustahab degan gapni aytganlar.[10]
Ibn Obidin rahimahullohning naqliga “I’lo us-sunan” sohibi quyidagicha rad qilgan: “Va Shomiyning “Jome’ ul-mahbubiy”dan aqiqa muboh deb va “Sharh ut-Tahoviy”dan mustahab deb naql qilgan gaplar mazhabga tegishli naql emas, balki bu ularning o’z ra’ylaridir. Ular buni bu borada ko’plab xabarlar kelganligi sababli shunday bilishdi”.[11]
Demak, imom Tahoviyning aqiqa mustahab degan gaplari mazhabboshilarimiz ixtiyori emas ekan. Hanafiy mazhabi qoidalariga ko’ra, mo’tabar gap – mazhabning asl manbalaridagi hukmlar, ya’ni mazhabboshilarimizning qavllari hisoblanadi.[12]
Yuqoriroqqa qaytadigan bo’lsak, mazhabimizning asl manbalarida aqiqa qilishdan qaytarilyapti. “I’lo us-sunan” sohibi buni quyidagicha izohlaydi:
“Aytdimki: Albatta, abu Hanifa rahimahulloh aqiqani makruh qildilar-ki, agar qiluvchining qasdi, xuddi qurbonlikdagi kabi bola haqqida qon oqizishga bog’liq bo’lsa. Va agar go’sht uchun va oilaning ziyofati uchun va faqirlarga taomlantirish uchun bo’lsa makruh qilmaydilar. Chunki, u valiyma (nikoh) uchun jonliq so’yishga o’xshaydi va u esa har bir xursandchilik bo’lganda joriy bo’lgan narsadir. Tushuning”.[13]
Mazhabboshilarimizning qaytarganliklari vojib ibodat hukmidan nasx (bekor) bo’lganini bildiradi. Haqiqatda, aqiqa avval vojibotlardan hisoblangan, keyin nasx bo’lib, vojib hukmidan tushgan. Buni “Badoi’ us-sanoi’” da batafsil ko’rishimiz mumkin.
Mutaaxxir ulug’ ulamolarimizdan “Xulosatul fatavo” sohiblari Tohir Ahmad rahimahulloh imom Muhammad rahimahullohning “Aqiqa qilinmaydi”, degan gaplarini vojib yo sunnat emas deb sharhladilar va uni muboh dedilar. Tohir Ahmad rahimahulloh imom Laknaviy rahimahulloh taqsimotida ikkinchi, ya’ni “Akobir ul-mutaaxxirin” tabaqasidagi ulamolardan hisoblanadi.[14] Qolaversa, So’fi Ollohyor quddusa sirruhu hazratlari “Xulosatul fatavo”ni mo’tamad manbalarning avvalida sanaganlar. Shularga ko’ra ayta olamizki, aqiqa, ya’ni tug’ilgan farzand haqqiga jonliq so’yish bizning mazhabimizga ko’ra – muboh! Ushbu hukm eng mo’tamad gap hisoblanadi. “Fatavoi Hindiyya” da ham shu hukm aytilganini ko’rdik.
Biz ko’rib chiqqan hukmlar aqiqaning asl ma’nosi, ya’ni farzand uchun qon chiqarish haqida edi. Shunday bo’lsa ham ko’p yurtlarda bu narsa amalda bo’lib keldi. Bizning yurtimizda ham ayrim joylarda aqiqa qilingan. Keyingi davrlarda esa, xususan, bizning joylarda aqiqaga qo’shimcha boshqa amallar – odamlarni chaqirib ziyofat berish, qu’ron tilovati qilib, farzand va xonadon haqqiga duolar qilish amali ham qo’shilib, bir marosim sifatida urfga kirdi. Qon chiqarishning o’zi muboh bo’lsa, keyingi ulamolarning mustahab degan gaplari ushbu qo’shimcha amallar sabab bo’lgan bo’lsa ajib emas. Qolaversa, niyyat bilan muboh amallar ham savobga aylanishi ulamolarimiz kitoblarida bayon qilingan.[15]
Xulosa: Mazhabboshilarimiz farzand haqqida qon chiqarish – aqiqadan qaytardilar. Bu qaytariq uning vojib yo sunnat emasligining ifodasi ekanligini ko’rib chiqdik. Keyingi fatavo kitoblaridan aqiqaning mazhabimizda muboh ekanligini bildik. Mutaaxxir hanafiy ulamolardan ayrimlari uni mustahab deganlari va bu urfda aqiqaga qo’shimcha insonlarga taom berib ziyofat qilish, tilovat va duolar kabi yaxshi amallar ham borligi sabab aytilganini ehtimol qildik. Chunki, insonlarga taom berish fazilati haqida ko’plab hadislar bor va bunday fazilatli amallarga, xususan, bizning ajdodlarimiz namuna bo’lgudek amal qilib kelishgan.
E’tibor berishimiz kerakki, aqiqa bizning mazhabda sunnat ham vojib ham emas, balki muboh! Ayrim joylarda qilinadi, ayrim joylarda qilinmaydi. Shunday ekan, mazhab naqliga ergashmasdan, hadislardan o’z bilganicha dalil olib aqiqani sunnat ekaniga da’vo qilish hanafiy mazhabida bo’lgan muqallidning ishi emas!
Yana bir narsaga e’tibor qiladigan bo’lsak, aqiqa nasx (bekor) bo’lishiga sabab – bu qurbonlik ekanini ko’rdik. Oramizda qurbonlikdan bexabar insonlar ham bor. Aytmoqchimizki, o’ziga qurbonlik so’yish vojib bo’lib turgan inson qurbonlik qilmasdan aqiqaga e’tibor qiladigan bo’lsa mubohni deb vojibni tark qilgan bo’ladi. Albatta, bunga gunohkor bo’ladi, chunki vojib amaldan so’ralamiz, mubohdan esa yo’q. Bunday bo’lmasligi uchun dinimiz hukmlarini o’rganishimiz va mazhabimizga muvofiq amal qilishimiz lozim bo’ladi!
Toshkent islom instituti 401 – guruh
talabasi Sirojiddinov Humoyun
Foydalanilgan adabiyotlar
[1] “Badoi’ us-sanoi’”, Dar ul-kutub il-ilmiyya, Bayrut, 2003-yil, 6-juz, 296-bet
[2] “Aljome’ us-sog’ir”, Idoratul Qur’an nashriyoti, Karochi, 1990-yil, 534-bet
[3] “Kitab ul-osor”, Dor un-navadir nashriyoti, 683-684-betlar
[4] “Badoi’ us-sanoi’”, Dar ul-kutub il-ilmiyya, Bayrut, 2003-yil, 6-juz, 295-bet
[5] “Badoi’ us-sanoi’”, Dar ul-kutub il-ilmiyya, Bayrut, 2003-yil, 6-juz, 296-bet
[6] Qarang: “Maslak ul-muttaqin” toshbosma nusxasi, 39-bet
[7] “Xulosatul fatovo”, Dirosotul ulya, Bag’dod, 2009-yil, 139-bet
[8] “Fatovoi Hindiyya”, Dar ul-kutub il-ilmiyya, Bayrut, 2000-yil, 5-juz, 442-bet
[9] “Raddul muhtor”, Darul kutub al-ilmiyya, 1994-yil, 9-juz, 485-bet
[10] “Mafatihul jinon sharhu shir’atul islom”, Qozon, Imperator universiteti, 493-bet
[11] “I’lo us-sunan”, Idoratul Qur’an va ulumul islamiyya, 17-juz, 101-bet
[12] Qarang: “Sharhu uqudu rosmil muftiy”, Maktabatul bushro, Karochi, 18, 38-betlar
[13] “I’lo us-sunan”, Idoratul Qur’an va ulumul islamiyya, 17-juz, 101-109-bet
[14] Qarang: “Aljome’ as-sag’ir”, Idoratul Qur’an nashriyoti, Karochi, 1990-yil, 534-bet
[15] Qarang: “Fathu bobil inoya”, Dar ul-arqam, Bayrut, 1997-yil, 56-bet