islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad  Yusufning hayot va  ijodi

 Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari 1952-yil 15-aprelda Andijon viloyatida tavallud topgan.

Millati: o‘zbek.

Dini: Islom.

Aqidaviy mazhabi: Ahli sunna va jamoa, moturidiya.

Fiqhiy mazhabi: hanafiya.

Tasavvufiy mazhabi: naqshbandiya.

Shiori: «Ahli sunna va jamoa mazhabi asosida pok aqida va musaffo Islomga intilish, Qur’on va Sunnatni o‘rganib amal qilish, islomiy ma’rifat taratish, salafi solih – ulug‘ mujtahidlarga ergashish, kengbag‘irlik va birodarlik ruhini taratish. Diniy savodsizlikni tugatish, ixtilof va firqachilikka barham berish, mutaassiblik va bid’at xurofotlarni yo‘qotish».[1]

Mutaxassisligi: da’vat, tafsir, hadis, usul, fiqh, aqida, tasavvuf, arab tili.

Istiqomat qilgan yurtlari:  O‘zbekiston Respublikasi (Andijon viloyati, Asaka tumani, Niyozbotir qishlog‘i; Marhamat tumani Qoraqo‘rg‘on qishlog‘i, Buloqboshi tumani; Buxoro; Toshkent), Liviya jamohiriyasi, Turkiya, Saudiya Arabistoni.[2]

Ish-vazifalari: Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti o‘qituvchisi, mudir noibi va mudiri, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi muftiysi, SSSR Oliy Kengashining xalq deputati.

Vafoti: 05.05.1436/10.03.2015, Toshkent.

Dafngohi: Toshkent, Ko‘kcha, Shayx Zaynuddin qabristoni.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

   Yetuk alloma, mujaddid, mufassir, muhaddis, faqih, mutafakkir, murshid, zohid Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf o‘z zamonasida islom olamining yirik namoyandasi, ulkan arbob, SSSR Oliy Kengashining xalq deputati, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasining sobiq muftiysi, mustaqil O‘zbekistonning birinchi muftiysi, ko‘plab xalqaro ilmiy muassasalar, diniy tashkilotlarning a’zosi, o‘zbekzabon xalqlarning diniy rahnamosi bo‘lgan.[3]

Nasab va tavalludi:

Shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning nasabi quyidagicha:

  1. Maralboy;
  2. Mirzaboy;
  3. Arabboy;
  4. Qalamboy;
  5. Eshbo‘ta;
  6. Qo‘shbo‘ta;
  7. Boybo‘ta;
  8. Muhammad Yusuf;
  9. Muhammad Sodiq.

Shayx Muhammad Sodiq hijriy 1371 yil 21-rajab – milodiy 1952 yil 15-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Andijon viloyati Asaka tumanida, Niyozbotir qishlog‘ida Muhammad Yusuf domla xonadonida tavallud topdi. 1960-yili Muhammad Yusuf domla diniy xizmat yuzasidan Andijonning Buloqboshi tumaniga imom bo‘lib saylangach, bu oila mazkur tumanga ko‘chib o‘tdi. Muhammad Yusuf domla mazkur Buloqboshi tumanida 45 yil imom-xatiblik qilgan va o‘z masjidida juma oldidagi mav’iza asnosida vafot etgan.[4]

Yoshlik davri:

Alloh rahmat qilsin, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ixlos va taqvo xonadonida dunyoga keldi. Otasi ustoz Muhammad Yusuf domla Boybo‘ta o‘g‘li rahmatli Andijon viloyatining ko‘zga ko‘ringan ahli ilmlaridan, taqvo va ibodatda mustahkam, din u el xizmatida kamarbasta kishi bo‘lgan. Alloh rahmatiga olsin, onalari Tilakberdi qizi Sobiraxon ona ham juda sodda, parhezkor, ibodatgo‘y, fidokor, samimiy ayol edi. Ustoz Muhammad Yusuf domla va Sobiraxon ona farzandlarining tarbiyasiga qattiq e’tibor berishgandi. Onasi chaqaloqni imkon qadar betahorat emizmasdi. Uni bir lahza ham nazardan chetda qo‘ymas edilar. Muhammad Yusuf domla farzandi Muhammad Sodiqning ilm olishiga bor e’tiborlarini qaratgandi. Maktabda a’lo baholarga o‘qishiga, uyda mustaqil mutolaa qilishiga alohida ahamiyat berardi.[5]

 Shayx Muhammad Sodiqning ilk ustozi otasi bo‘lgan. U boshlang‘ich diniy ta’limni otasidan oldi. Qur’oni Karim, sarf, nahv kabi boshlang‘ich ilmlarni otasida o‘qidi. Muhammad Sodiq yoshligidan juda ko‘p kitob o‘qirdi. U ilmga, kitobga qattiq muhabbat qo‘ygan edi. Uning kitobdan ortgan vaqti bo‘lmagan. Kechasi uxlab qolguncha mutolaa qilardi. Shuningdek, Muhammad Yusuf domla ham ko‘plab ahli ilmlarning xizmatini qilib, farzandi arjumandining haqqiga juda ko‘p duolar olardi.

Talabalik davri:

 Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1969-yili Buloqboshi qishlog‘idagi o‘rta maktabni tugatgach, 1970-yili Buxorodagi Mir Arab Madrasasiga o‘qishga kirdi. U paytda madrasadagi o‘qish 7 yillik bo‘lgan. Shayx Muhammad Sodiqni o‘sha kungacha hosil qilgan bilimi asosida bir yo‘la 5-bosqichga olishdi. Natijada u madrasani 3 yilda tamomladi. Uni darsda, ilmda ilg‘orligidan madarasadagi talabalar «peshqadam» deb atashardi.

 Muhammad Yusuf domla ham farzandining yaxshi ilm olishi, taqvoda mustahkam bo‘lishi uchun bor kuchini sarfladi. Hatto o‘g‘lini boshqalar oraqali maxsus kuzatib bordi. Shayx  Muhammad Sodiq 1973- yili madrasadan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti (Oliy Ma’had)ga o‘qishga kirdi. Qabul imtihonidan yuqori baholarda o‘tgan Muhammad Sodiq institutga ham bir yo‘la 3-bosqichga qabul qilindi va uni ham 2 yilda a’lo baholarga bitirdi.

 U institut barnomasidan tashqari maxsus ustozlardan alohida dars ham olardi. Isntitutning eng ilg‘or talabasi sifatida tanilgandi. U nafaqat hordiq kunlarini, balki 10 daqiqalik tanaffusni ham, azon bilan takbir orasidagi qisqa vaqtni ham kitob mutolaasi bilan band qilardi.

U 1975-yili «Sovet sharqi musulmonlari» jurnalida faoliyat boshladi.  1976-yili O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasining yo‘llanmasi bilan Liviyaning Tripoli shahridagi «Islomiy da’vat fakulteti» nomli dorulfununga o‘qishga kirdi.

Shayx Muhammad Sodiq Liviyada butun dunyodan kelgan talabalar orasida ham eng tirishqoq va eng ite’dodli talaba sifatida namoyon bo‘ldi. U oliygoh darslariga bir soat ham qo‘ymay qatnashardi va unga darslarni tayyorlashda hamda imtihonlarni yuqori darajada topshirishga shuning o‘zi yetardi. U oliygoh barnomasidan tashqari o‘sha yerdagi ustozlardan alohida darslar ham oldi, mustaqil mutolaa bilan ham shug‘ullandi. O‘sha paytlarda u darsdan tashqari turli mavzudagi kitoblardan har kuni 100 sahifa o‘qishni o‘ziga vazifa qilib olgandi.

 U 1980-yili Liviya oliygohini eng yuqori ball bilan imtiyozli tamomlab, talabalar orasida birinchilikni qo‘lga kiritdi va dorufunun tarafidan moddiy mablag‘ bilan mukofotlandi.[6]

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning talabalik pallalari mazkur yillarda o‘tgan bo‘lsada, u ilm talabini umrining so‘nggi onlarigacha tark qilmadi. U kishi ishlari, mashg‘ulotlari nihoyatda ko‘p bo‘lishiga qaramay, ilmiy bahslari, ta’liflaridan tashqari mustaqil mutolaani ham umrining oxirigacha to‘xtatmadi. Shuning uchun ham umri mobaynida qilgan yuzlab safarlarida faqat kitob olib kelardi va o‘zi uchun yangi bo‘lgan har qanday kitobni o‘qib tamomlardi.[7]

Toshkent islom instituti 402 – guruh

Talabasi Xusanov Dilmurod

Foydalanilgan adabiyotlar

[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf haqlarida https://islom.uz/hazrat (Islom.uz ilmiy ma’rifiy portali)

[2] Vatan tarixshunosligida Xiva xonligi vaqf mulkchiligi tarixini o‘rganish masalalari // O‘zbekiston tarixi. – Toshkent, 2014. – №1. – B. 78-87.(07.00.00 № 6).

[3] Islamic Cultural Movements – Biographies”SSRC. Archived from the original on 2013. Retrieved 2010-12-20.

[4] Vatan tarixshunosligida Xiva xonligi vaqf mulkchiligi tarixini o‘rganish masalalari // O‘zbekiston tarixi. – Toshkent, 2014. – №1. – B. 78-87.(07.00.00 № 6).

[5] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf haqlarida https://islom.uz/hazrat (Islom.uz ilmiy ma’rifiy portali)

[6] Vatan tarixshunosligida Xiva xonligi vaqf mulkchiligi tarixini o‘rganish masalalari // O‘zbekiston tarixi. – Toshkent, 2014. – №1. – B. 78-87.(07.00.00 № 6).

393290cookie-checkShayx Muhammad Sodiq Muhammad  Yusufning hayot va  ijodi
1 та фикр мавжуд

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: