islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Avloniy va Fitrat asarlarida Muhammad (s.a.v.) hayotlariga doir ma’lumotlar

Ma’lumki, jadidlarning yangi maktablar uchun yozgan darsliklarining tili, bayon uslubi, metodikasi bir-biridan farq qilgan. Buning asosiy sababi ular o‘rtasida ham eski madrasa tili va yangi o‘zbek adabiy tiliga bo‘lgan munosabatning saqlanib qolishi bo‘lsa kerak. Chunki Behbudiy, Avloniy va shu kabi ayrim jadid vakillari eski tilni afzal bilganlar va o‘z maqola, nutq va kitoblarini shu asosda yozganlar. Shuningdek. Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriy va shu kabi vakillari esa o‘zbek badiiy adabiyot tilini qo‘llash orqali yangi adabiyot tiliga asos solganlar. Jadid muallimlari qatorida Hoji Muin ham darsliklar yozib, chop ettirdi. U 1908 – yili fors tilida “Rahnamoi savod”, I. Rahmatullazoda bilan hamkorlikda o‘zbek tilida “O‘qituvchi” nomli alifbo kitoblarini yozadi.

Shu ma’noda islom tarixini o‘rganishga bag‘ishlangan jadid darsliklarining tillari va uslubiyotida ham ayrim tavofutlar kuzatiladi. Abdurauf Fitratning “Muxtasar islom tarixi” darsligi yuqorida ta’kidlangani kabi tili, metodikasi hozirgi davr darsliklariga ancha yaqin ifodalangan bo‘lsa, Abdulla Avloniyning “Muxtasar tarixi anbiyo va tarixi islom” darsligi o‘zining diniy istilohlarining saqlanib qolgani, eski til qoidalarining mavjudligiga ko‘ra boshqacha uslubga ega hisoblanadi.

Abdurauf Fitratning “Muxtasar islom tarixi” asarining tuzilmasi hozirgi darsliklar bir muncha yaqin, ya’ni qism va alohida mavzulardan iborat. Uning birinchi qismi “Saodat davri” deb nomlanadi. Odatda saodat davri deyilganda Payg‘ambarimizga vahiy nozil bo‘lgandan keyingi davr nazarda tutiladi. Ammo Fitrat ushbu qismni yoritishda Payg‘ambar alayhissalomning tug‘ilishi arafasidagi Arabiston sahrosidagi ijtimoiy siyosiy vaziyat, qo‘shni davlatlarning ahvoli haqida ham to‘xtalib o‘tadi.

Masalan, Rum va Eronning Islomdan avvalgi ahvoli borasida ularning bir biri bilan doimiy kurashi, “bu mamlakatlarning xalqlari bot-bot isyon ko‘tarar, turli diniy ixtiloflar bahonasida podshohlarini ag‘darib tashlash qasdida bo‘lar, xullas, fisq-fujur, axloqsizlik, zo‘ravonlik va bosqinlar bu yurtlarda keng tarqalgan edi” – deb yozadi.

  XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida Misrning Qohira shahrida yashab o‘tgan alloma Muhammad Huzariy ibn shayx Afifiy ham “Nurul yaqin” nomli tarixiy asari muqaddimasida islom tarixi kitoblarining katta va zerikarli ekanini ta’kidlaydi: ”Keyingi paytlarda musulmonlar Rasulullohning tarjimai holi va islom tarixi bilan unchalik qiziqmay qo‘yganlaridan qattiq iztirob chekardim. Bu mavzuda yozilgan kitoblarning kitoblarning haddan tashqari zerikarli va kattaligi odamlarni cho‘chitar edi. Shu bois mansuralik olim Mahmudbek Salimning ma’rifat ziyosi bilan yo‘g‘irilgan suhbatlari hamda u kishining daldasi bilan bu xayrli ishga qo‘l urishga jazm etdim. Huzariyning e’tirofidan kelib chiqsak, odamlarga islom tarixini qisqa ravon qilib yetkazib berish lozim. Shu ma’noda jadidlarning islom tarixini qisqacha qilib tasnif qilishlari ayni muddao bo‘lgan.

Fitrat Avloniydan farqli ravishda Arab yarim oroli va u yerdagi xalqning ahvolini alohida mavzu ostida bayon qiladi. Uning yana bir jihati darslikda talabalarning bayon qilingan voqyea-hodisalarni aniq tasavvur qilishi va hifz qilishi uchun voqea bilan bog‘liq jo‘g‘rofiy ma’lumotlar ham keltiriladi. “Uni Arab yarimoroli (Jaziratul-arab), deb ataganlar. Bu yerning xalqi asosan arablardan tashkil topgan. Arab yarimoroli Rum va Eron yurtlari kabi obod emas, balki ko‘p yerlari qumlikdan iborat bo‘lib,ba’zi qit’alardagina obod manzillar mavjud edi. Bu qit’alardan eng mashhuri va muboragi Hijozdir, chunki bu qit’ada Makka bilan Madina joylashgan. Xaritaga qarasangiz ko‘rasizki, Hijoz qit’asining bir tarafi Qizil dengiz va boshqa bir tarafi cho‘ldir” .

Avloniy esa Fitratdan farqli ravishda bu borada jo‘g‘rofik ma’lumotlardan ko‘ra, arablarning etno-milliy ahvoli, etnomadaniy tarixiga e’tibor qaratadi. “Arabiston Osiyo qit’asining g‘arbi-janubinda katta yarim ota(orol)durki, ul yerda avvaldin beri arablar yashamoqdadurlar. Arablar bo‘lsa Hazrati Nuhning Som ismli o‘g‘lining naslindin tarqalub, arabi boida, arabi oriba, arabi musta’raba ismli uch firqaga bo‘lunmishlar. Boida arablari Hazrati Hud va Lut zamonlaridagi Od va Samud qavmlaridurki, onlardin ma’lumoti tarixiya yo‘q kabidur. Oriba arablari esa Bani Qaht qabilasindin bo‘lub, eski zamonlarda Yamanda Bani Xamir ismli bir zo‘r hukumat qurub, Sabo shahri poytaxtlari bo‘lub, ikki ming yildin ortiq yurt so‘ramishlar. Musta’raba arablari esa Arabiston qit’asinda Hazrati Ismoilning Jarham qabilasindin olgan xotunlarindin tarqalgan kishilardur. Bu arablar hozirdagi kabi savdogar va qo‘ychilik ila kasb va maishat qilur edilar .

Avloniyning arablarni haqiqiy arab va arablashgan arablarga bo‘lib o‘rganishi hozirda arab mamlakatlari oliygohlaridagi islom tarixi bilan  bog‘liq darsliklarda alohida mavzular sifatida keltiriladi.

Toshkent islom instituti 402-guruh

talabasi Maxkamov Mirkamol

394460cookie-checkAvloniy va Fitrat asarlarida Muhammad (s.a.v.) hayotlariga doir ma’lumotlar

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: