Movarounnahrda tafsir ilmining tarixiy rivoji haqida gap borar ekan Qurʼon va tafsir ilmlari ham rivojlangani, ilk tafsir asarlari sifatida imom Buxoriy, imom Termiziy, imom Dorimiyning hadis to‘plamlari yoki tafsirga oid asarlari keltirilganini aytib o‘tish o‘rinlidir. Chunki ularda Qur’on tafsirlariga bag‘ishlangan maxsus boblar bo‘lib, Аbd ibn Humayd Keshiyning (786-863 y.) “Tafsir” asari, asosan, hadislardan iborat tafsir kitobi sanalgan. Shu sabab, ushbu tafsir “naqliy tafsir” deb ataladi. Bundan tashqari, Abu Is’hoq Nasafiy (vaf. 294/906 y.) “at-Tafsir”, Hakim Termiziy Muhammad ibn Ali (205/820-320/932 y.) tafsirga oid kitoblarini yozganlar.
VIII-IX asrlar hanafiy mazhabining Movarounnahr hududida mustahkam o‘rin egallashi ushbu joyda mazkur mazhab mufassirlarining shakllanishiga jiddiy taʼsir ko‘rsatdi. Bunday olimlar qatorida Аbu Hafs Umar Nasafiyning (223/838-311/923 y.) “at-Tafsir”, Аbu Mansur Moturidiyning (vaf. 333/944 y.) “Tavilot al-Qur’on” (“Qurʼon taʼvillari”), Аbul Lays Samarqandiyning (vaf. 373/983 y.) “Bahrul ulum” (“Ilmlar dengizi”), Samarqandning mashhur qorilaridan Аbu Nasr Haddodiyning (vaf. 1015-1020 y.) “al-Muvazzah fi ʻilmittafsir” (“Tafsir ilmidagi izohlar”), “al-Madhal li ilm tafsir kitabillahi taʻala” (“Alloh taoloning kitobini tafsir qilish ilmiga kirish”), Alouddin Samarqandiyning (vaf. 539/1145 y.) “Sharh tavilot al-Quron” (“Qurʼon taʼvillari sharhi”) asarlarini tilga olish mumkin. Ushbu mufassirlar hanafiy mazhabi qarashlarini o‘z tafsirlariga singdirganlar.
Masalaning e’tiborli tomoni shundaki, Movarounnahrda hanafiylikdan boshqa mazhab olimlari ham faoliyat olib borib, tafsirga oid kitoblar yozishgan. Jumladan, shofeiy mazhabi, shuningdek, shia, mo‘taz bilan tarafdorlarini ham aytib o‘tish mumkin. Ahli sunna val jamoa ichidagi hanafiy, shofiy, molikiy va hanbaliy mazhablari fiqhiy mazhablar ekanligini eʼtiborga olib, ulardagi o‘xshash va farqli jihatlar, asosan, fiqhiy masalalarda ko‘rinishini ta’kidlash lozim. Shu jihatdan olib qaralganda, ba’zi o‘rinlarda fiqhga taalluqli oyatlarda mazhablar o‘rtasidagi turliliklarni ko‘rish mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, hanafiy mufassirlari Qur’onni tafsir qilish jarayonida botil oqim va toifalar tomonidan turlicha talqin qilinayotgan oyatlarga asosli raddiyalar berib, ixtilofli masalalarda o‘z qarashlarini bayon etganlar va bu bilan hozirda o‘z yechimini kutayotgan ko‘plab bahsli masalalarning ilmiy javoblarini topganlar.
Imom Nasafiy yashab o‘tgan zamon haqida bir fikr yuritadigan bo‘lsak, uchinchi hijriy asrning ikkinchi yarmi va to‘rtinchi hijriy asrning birinchi yarmida ham islom ummati juda katta fikriy qarshilikka duch keldi. Bu qarshilik mo‘taz kabi firqalarning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘ldi. Shunday zamonda islom ulamolarining bir qismi ularga qarshi turishlikda va ahli sunna val jamoa fikriy aqidalarini himoya qilishlikda bor kuchlarini safarbar etishdi. Biz o‘rganish olib borayotgan imom Nasafiy ham Movarounnahr olimlaridan bo‘lgani sababli va aqidaviy mazhabda moturudiyya mazhabida bo‘lganidan imom Abu Mansur Moturudiyning fikrlarini qo‘llab-quvvatlab keltirishini ko‘rishimiz mumkin.
Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, bizning diyorlarda hanafiy mazhabi va aqida jihatdan moturudiyya yo`nalishida ma’lum va mashhur inson bu – imom Nasafiy bo`lib, ularning tafsir kitoblari mo`tabar manbaa. Hozirgi kunda ko’plab madrasalarda ularning asarlari darslik sifatida ta’lim manbayiga aylangan. Alloh taolo ularning yozgan asarlari va qoldirgan ilmlariga O’zi va’da qilgan ajrlarni bersin.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti
4-kurs talabasi Alisherov Fazlulloh