Abu Hanifa rohmatullohi alayhning shogirdlarini ichida eng ulug’i va va u zotning haqiqiy ma’noda davomchisi Abu Yusuf Ya’qub ibn Ibrohim ibn Habib ibn Xonis ibn Sa’d ibn Habba Al-ansoriy (113-182 hijriy/ 731-798 milodiy) yashagan. Abu Yusuf nomi bilan mashhur bo’lgan alloma buyuk faqih, muhaddis va mujtahid olim bo’lgan. Allomaning Yusuf ismli o’g’li bo’lib, shu bois uni “Abu Yusuf” (Yusufning otasi) deb chaqirilgan. Abu Yusuf islom tarixida ilk bor “Qozi al-quzot” (buyuk qozi) nomiga sazovor bo’lgan olimdir. O’n olti yil qozilik qiladi. Mahdiy, Hodiy, Horun Rashid kabi abbosiylar olimga yuksak ehtirom ko’rsatishgan.
Ibn Abu Avvom aytadi: “Abu Hanifa qirq nafar buyuk faqih bilan kitob yozgan. Ularning peshqadamlaridan: Abu Yusuf, Zufar ibn Huzayl, Dovud Toiy, Asad ibnAmr, shofe’iy ulamolaridan bo’lgan Yusuf ibn Xolid Samtiy, ushbu shogirdlari ichida Yahyo ibn Zakariyo ibn Zoida o’ttiz yil Abu Hanifa rahimahullohning kotibi bo’lgan”.
Asad ibn Furot ham xuddi shu sanad bilan aytadi: “Menga Asad ibn Amr shunday dedi: “Ular Abu Hanifaning huzurida bir masalaning javobida tortishib qolishar edi, bunisi bu javob, unisi u javob bilan kelar edi, so’ngra ushbu masalani Abu Hanifaga olib kelib, javobini so’rashardi. Abu Hanifa rahmatullohi alayh ularga masalaning yechimini aytib berar edi. Ular bir masalaning yechimida uch kunlab qolib ketishar edi, so’ngra uning yechimi topilgandan so’ng ushbu masalani yozdirib qo’yishardi”.
Yahyo ibn Ma’in “Ma’rifatut-tarix va ilal” kitobida Fazl ibn Dukayndan rivoyat qiladi: “Men Zufarning shunday deyotganini eshitdim: “Biz Abu Hanifaning huzurida bir masalada tortishib qolar edik, biz bilan Abu Yusuf rahmatullohi alayh va Muhammad ibn Hasan ham bo’lardi. Biz Abu Hanifa aytgan so’zlarni yozib borar edik”. Zufar aytadi: “Bir kuni Abu Hanifa Abu Yusuf rahmatullohi alayhga shunday dedi: “Qurub ketgur, ey Ya’qub, mendan eshitgan narsalarning hammasini ham yozib olaverma, chunki men bugun bir so’z aytsam, ertasiga uni tark qilishim, ertaga bir fikr aytib, keyingi kun uni tark etib, boshqasini aytishim mumkin” dedi.
Abu Yusuf ustozlari Qozi Muhammad ibn Abu Laylodek buyuk ustozlar huzurida aqllari yanada sayqallanib, so’ngra Abu Hanifa rahimahulloh kabi buyuk faqih bo’lib yetishdi. Abu Yusuf rahmatullohi alayh qozilik borasida Shurayh va Ali roziyallahu anhumlar yo’lini tutgan. Ibn Abu Laylodan o’rgangan ilmlari sababli qoziyat hukmlarida ilmiy va amaliy jihatdan yanada yuqori cho’qqilarga erishdi. Bu narsalardan u zotning ilmni hamma tomonlama chuqur va mukammal egallaganliklari ko’rinib turar edi. Abu Yusuf rahmatullohi alayh kuchli zehn va o’tkir farosatga ega bo’lgan.
Abul Faraj ibn Javziy aytadi: “Abu Yusuf rahmatullohi alayhning faqat hadis ilmiga cheklanibgina qolmagan, o’tkir zehnga ham ega bo’lganliklaridan jihatidan ummatning eng buyuk kishilari qatorida zikr qilinadi, bir majlisda ellik va oltmishta hadisni eshitib, so’ngra uni xuddi eshitgani kabi isnodlari bilan aytib bera oladigan inson bo’lgan”.
Demak, yuqoridagi ulamolarning so’zlaridan ma’lum bo’ldi-ki Abu Yusuf rahimahulloh zamonasini ham faqihi va o’z navbatida buyuk muhaddisi ham bo’lganlar. Alloh barchalaridan rozi bo’lsin.
Toshkent islom instituti 401-guruh
talabasi Erkaboyev Sobitxon