7. Alloh biluvchi. Bizning Alloh sari eltuvchi eshigimiz bu – sayyidimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdirlar. Sayyidimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga eltuvchi eshigimiz esa – u zotga salovot yoʻllashimizdir. Doktor Ali Juma.
8. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning jannatda menga yeng yaqin boʻladiganlaringiz menga salovotni koʻproq aytadiganlaringizdir. Bas, yorugʻ kecha va nurli kunda menga salovot aytishni koʻpaytiringlar”, dedilar. Shofeʼiy va Bayhaqiy rivoyat qilishgan.
9. Shayx ibn Atoulloh Sakandariy aytadilar: “Koʻp nafl roʻza tuta olmaydigan va nafl namozlarni oʻqiy olmaydigan kishi, Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallamga koʻp-koʻp salavot aytishi lozim. Chunki sizning umr boʻyi qilgan ibodatingiz bilan Alloh taolo sizning haqqingizga bir marta aytgan salavoti solishtirilsa, sizning umr boʻyi qilgan ibodatingizdan koʻra Alloh taolo sizning haqqingizga aytgan birgina salavoti ogʻir keladi. Chunki siz oʻz darajangizga mos namoz oʻqiysiz, ibodat qilasiz. Alloh taolo esa Oʻz buyukligiga munosib salavot aytadi. Alloh taoloning birgina salavoti sizning butun umr qilgan ibodatingizdan ustun keladi. Endi U Zot siz uchun oʻn marta salavot aytishini tasavvur qilib koʻring-a!!! Chunki Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga oʻn marta salavot aytadi”, deganlar». (Alloh taoloning bandalariga aytgan salavoti – rahmatidir.
10. Imom Shofeiy vafot etganlarida shogirdlaridan biri tushida koʻrdi va soʻradi: “Ey imom, Alloh taolo sizga qanday muomala qildi? U zot: “Vallohi, Alloh meni magʻfirat qildi, rahm qildi va jannatga kirish shodligi bilan ikrom qildi”, deya javob beribdi. Shogird yana soʻradi: “Bu nimaning sababidan boʻldi?”. Imom Shofeiy: “Risola” kitobimning avvalida yozganlarim sababli (magʻfirat qildi)”, javob beribdilar. Uyqudan uygʻongan shogird kutubxonasiga bordi va “Risola” kitobini ochib varaqladi va kitob muqaddimasida ushbu satrlarni topdi: “Allohumma solli ʼalaa Muhammad maa zakarahuz zaakiruuna va solli va sallim ʼalayhi maa gʻofala ʼan zikrihil gʻofiluun”. Maʼnosi: Ey Allohim, Muhammadga zikr qiluvchilarning zikrlari qadar va gʻofil qoluvchilarning uning zikrini unutganlari qadar salovot va salom aytgin.
11. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nonni eʼzozlanglar, chunki u Alloh taoloning osmon barakotlaridan boʻlishi bilan birga, yerning barakotli neʼmatlaridan ham hisoblanadi”, (Hokim rivoyati). Yaʼni, uni axlatga uloqtirmanglar, oʻtda yoqmanglar va boshqa shunga oʻxshash ishlarni qilmanglar!
12. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlardan biringiz biror majlisga borsa, salom bersin. Agar (majlisdan) turishni iroda qilsa ham salom bersin. Birinchi (salom) oxirgisidan haqliroq emas”, dedilar». Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan.
13. Shayx Avvoma hazratlarining ustozlari shayx Abdulloh Sirojiddin Husayniydan aytdilar: “Bizning yoʻlimiz Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salavot aytishdir. Keyinchalik, imom Aliy Zaynul Obidinning: ”Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga koʻp salavot aytish ahli sunnaning alomatidir“, degan soʻzlariga duch keldim” deganlar.
14. Dunyo istaklarining eng ulkani gʻamdan xalos boʻlishdir. Oxirat istaklarining eng ulkani esa gunohning kechirilishidir. Bu ikki istakning amalga oshishi Paygʻambar alayhissalomga salavot aytishda kafolatlangandir. Salavot aytish orqali gʻamingiz ariydi va gunohingiz kechiriladi. Shunday ekan Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga salavot aytishni koʻpaytiring.
Alloh tolo bizni ham sevganimiz bilan birga jamlasin, toki Habibimiz oshqi bo’lganimiz bilan birgalikda qolishni va Jamollariga to’yib qarashni biz robbim Nasib etsin.
Allohumma solli ʼala Muhammadin va ʼala oli Muhammad.
Tahfizul Qur’on kafedrasi oʻqituvchisi
Zafar qori Mahmudov