Bir kuni Majnun Layli mahallasiga bormoq uchun tuyaga minib yo’l oldi. Uning butun dardi, fikri-zikri Layli tarafda edi. Majnunning dardi bu bo’lgani holda, tuyaning dardi butunlay boshqa edi. Tuya ortda qolgan bo’talog’ini o’ylardi. Ayriliq zanjirini uzib uning yoniga borgisi kelardi.
Majnun hayoldan uyg’ongan mahallari Layli tarafga tuyani sudrar, yana hayolga g’arq bo’lgach esa tuya yo’lni bolasi tomonga burardi.
Majnun har gal o’ziga kelganida manzildan ancha-muncha yiroqlashganini ko’rardi. Majnun va uning tuyasi shu alfoz uch kun yo’l yurdilar va nihoyat, Majnun bu vaziyat manzilga borib bo’lmasligini anglar ekan, tuyadan tushgancha:
– Oh tuyaginam! Ikkimiz ham oshiqmiz, faqat borar yo’llarimiz bir-biriga ayro ekanligi uchun sen bilan do’st bo’la olmaymiz. Agar mana shunday boshqa-boshqa maqsadlar bilan birga ketaversak, aslo murodimiz hosil bo’lmaydi! – dedi-da, tuyani erkin qo’ydi.
Xulosa qilib aytadigaan bo’lsak, bu oddiy bir tuya haqidagi hikoya emas. Balki unda juda chuqur hikmatlar bor. Yani Laylidan murod bu Alloh taolo. Tuya esa Allohga yetishish yo’lidagi to’siqlar.
Biz qachonki Alloh taoloni roziligi uchun yo’lga chiqsak, bizni oldimizdan ham mana shunday to’siqlar chiqadi. Lekin biz bu to’siqlarni to’siq ekanligini anglamaymiz. Yoki anglashni xohlamaymiz. Inson qachonki Robbisining roziligi uchun yo’lga otlanar ekan, o’zi uchun mana bu tuyaga o’xshash maqsadlari boshqa bo’lgan vositalarni o’ziga hamroh qiladi. Ular esa insonni yo’ldan ozdirib, Alloh taoloning yo’lidan boshqa yo’lga buradi. Lekin ming afsuski, biz ko’pincha yo’lgan burilib ketamiz. Agar yo’lda davom etsak ham shu vositalardan voz kechmaymiz. Inson qachonki Allohning roziligi uchun yo’lga otlanar ekan, dunyoni qalbiga emas qo’liga olishi va uni kerakli o’rinda sarlay olishi kerak. Chunki uning aniq bir maqsadi bor. U maqsad esa yagona. Endi bir o’zimizga nazar solaylik. Bizni Layli yo’lidagi hamrohlarimiz kimlar?!
Toshkent islom instituti talabasi
Abbosxonov Muxriddin