Imom Osim ibn Abu an-Najud Kufiy. Imom Osimning kunyalari Abu Bakr. U kishi mashhur qori bo‘lganlar. Balog‘at, fasohat va shirin ovoz ila qiroat qilish bilan mashhur bo‘lganlar. Imom Osim tobe’inlardan bo‘lib, Qur’oni Karim qiroatini Zirr ibn Hubaysh va Abudlloh ibn Mas’ud (r.a.)dan olganlar. U kishi yana imom Hasan va Husayn (r.a.)larning ustozlari Abdulloh ibn Habib Sulamiydan ham Qur’oni Karim qiroatini olganlar. Bu kishi esa qiroatni hazrati Ali (r.a.)dan olganlar. U kishi Rasululloh (s.a.v.)dan olganlar. Imom Osim hijriy 129-yilda Kufada vafot etganlar. U kishining ikki roviylari: Hafs va Sho‘balar bor.
Abu Bakr ibn Ayyosh. Abu Bakr Shu’ba ibn Ayyosh ibn Solim al-Asadiy al-Kufiy— qiroat roviysi, muhaddis va faqih.
Bani Asad qabilasidan Vosil al-Ahdabning mavlosi bo‘lgani uchun al-Asadiy nisbasini olgan. Ismi borasida turli qarashlar mavjud bo‘lib, manbalarda Muhammad, Shu’ba, Ravba, Muslim va boshqa keltirilgan. Ular orasida Shu’ba eng mashhuri hisoblanadi. Abu Bakr ibn Ayyosh bug‘doy tijorati bilan shug‘ullangani bois unga „Hannot“ laqabi berilgan.
Abu Bakr ibn Ayyosh mashhur yetti qiroatning roviylaridan biri. U qiroat ilmini Imom Osimdan o‘rganib, Qur’onni ustoziga uch marta xatm qilib bergan. Undan boshqa hech kimdan Qur’on va qiroat darslarini o‘rganmagan. Ushbu maqsadda qariyb uch yil (boshqa rivoyatda yetti yil) ustozining yoniga qatnagani bayon qilinadi. Imom Osim esa, Abu Abdurrahmon as-Sulamiydan o‘rgangan qiroatni Hafs ibn Sulaymonga, Zirr ibn Hubayshdan o‘rgangan qiroatni esa Abu Bakr ibn Ayyoshga o‘qitgan.
Abu Bakr ibn Ayyosh qiroatni faqat Osimdan o‘rgangani bois, uning ko‘plab shogirdlari orasida o‘z o‘rnini topgan va kufaliklarning Osim qiroati bo‘yicha eng ishonchli kishilaridan sanalgan. U Imom Osimning o‘gay o‘g‘li Imom Hafs bilan birga bu qiroatning saqlanib qolishiga sabab bo‘lgan. Ibn Mujohidning „Kitob as-sab’a“sidan so‘ng yetti qiroat imomlarining roviylari sonini ikkita bilan chegaralab taʼlif qilingan manbalarda Imom Osimning ikki roviysidan biri sifatida Abu Bakr ibn Ayyoshning rivoyati asos qilib olingan. Ilk davrlarda Abu Bakr ibn Ayyosh Qur’oni karimni 520 o‘rinda Hafsga nisbatan farqli o‘qigan. Uning qiroatdagi rivoyatiga Imom Osimning Imom Hafs va boshqa shogirdlariga qaraganda ko‘proq ishonilgani aytilgan bo‘lsa-da, vaqt o‘tib u qilgan rivoyatning yoyilishi to‘xtagan. Uning rivoyatlari ko‘plab qori va roviylarning qiroat hamda rivoyatlarida bo‘lgani kabi qiroat ilmiga oid kitoblar orasida saqlangan.
Manbalarda Abu Bakr ibn Ayyosh qirq yil davomida har kun Qur’oni karimni xatm qilgan (baʼzi xabarlarga ko‘ra, umri davomida 18000 marta), bekorchi so‘zdan tiyilgan, riyoni xushlamagan, sunnatga bog‘langan va halol-harom tushunchasida qatʼiyligi bilan tanilgan.
Abu Amr Hafs ibn Sulaymon ibn al-Mug’iyra al-Kufiy al-Bazzoz. U kishi hijriy 90-yil, milodiy 709-yilda tavallud topgan.
Hafs ibn Sulaymon Kufa shahrida tavallud topgan va o‘sha yerda yashagan. Bu davrda Kufa shahri ilm-ma’rifat markazlaridan bo‘lib, turli ilmlarda ko’plab olimlar yetishib chiqqan. Jumladan Abu Hanifa (r.a), Ja’far as-Sodiq (r.a) kabi yirik kufalik olimlar bilan zamondosh edi.
Imom Hafs yetti mashhur mutavotir qiroat imomlaridan biri Osim ibn Abu an-Najudning mashhur 2 roviylaridan biridir.
Hayoti davomida Imom Osimdan ko’p marta Qur’onni takror o‘tkazgan. U asli Imom Osimning o‘gay o‘g’li bo’lgan va u kishining tarbiyasida o‘sgan. Shuning uchun yoshligidan Imom Osimdan Qur’oni karim qiroatini chuqur o‘rgangan.
Imom Hafs otasi Osimga: “Abu Bakr ibn Ayyosh mendan boshqacha o’qiyabti” dedi. Shunda Osim: Seni ustozim Abu Abdurahmon as-Sulaymiy meni o‘qitgani bo‘yicha o’qitdim. U qiroatni Ali ibn Abu Tolib r.a dan olgan. Abu Bakrni esa, ustozim Zirr ibn Hubaysh meni o‘qitgani kabi o‘qitdim. U esa, qiroatni Abdulloh ibn Mas’ud (r.a) dan olgan.
Imom Osim qiroatni shayxlaridan olganidek, ikki shogirdiga huddi shunday oʻrgatgan edi.
Dastavval har bir insonning qiroati o‘z davrida o‘zi yashagan hududda tarqalgan, lekin tarixiy jarayonlar natijasida qiroatlarning tarqalish xaritasi o‘zgardi natijada Imom Hafsning Imom Osimdan qilgan rivoyati eng mashhur va eng keng tarqalgan hisoblanadi.
Usmoniylar hukmdorligi davrida mus’haflar Hafsning Osimdan qilgan qiroatiga tayanib nashr etilib tarqatilgan Shu qiroat asosida ta’lim olish va ta’lim berish yo‘lga qo‘yilgan. Natijada ushbu qiroat keng tarqalgan.
Bundan tashqari Imom Hafs ko‘plab shaharlarga borib qiroatdan ta’lim bergani, uning qiroat qoidalari oson va yengil bo’lgani uchun unda qiroat qiladiganlar soni oshishiga sabab bo’lgan.
Imom Hafs hijriy 180-yil vafot etdi.
Imom Hafsning qiroati butun dunyoda keng tarqalgan.
Toshkent islom instituti talabasi
Qosimjon Obidov