islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Namozda “Rof’ul yadayn” ya’ni rukudan oldin va keyin qo’lni ko’tarish masalasi borasidagi bahslar

Bismillahir Rohmanir Rohim

Bandalarini payg’ambarlar va ularning vorislari bo’lmish olimlar bilan zulmatdan yorug’likka chiqargan Robbimizga cheksiz hamdu sanolar bo’lsin.

Ummatlari uchun quyosh misol porlagan va vorislarini o’zlaridan so’ng yulduzlardek yo’l ko’rsatuvchi qilib qoldirib ketgan  Hazrati  payg’ambarimiz Muhammad Mustafoga beadad salovot va salomlar bo’lsin.

Mavzumizga kirishdan oldin bizga ko’p bora eshitilayotgan bir savolga javob berishni ma’qul deb topdik.

SAVOL: “Nega ixtilofli masalalarni ko’tarayapsizlar xalq orasida, bundan boshqa masalalar ham bor ediku, bundan insonlar fitnalanib, oralarida bo’linish, ajralishlar bo’lib qolayapti?” degan bazi iddaolar ham bo’lib turmoqda. Bunda quydagicha javob beramiz:

Javob: Aslida biz bu masalani qo’zg’aganimiz yo’q, balki musulmonlar orasiga fitna solishni xoxlayotgan ba’zi shaxslar bu masalani ko’tarishmoqda va shu darajaga keldiki musulmonlar orasida katta baxslar va tortushuvlarga sabab bo’layapti, shu sababdan biz bu masalani olib chiqayapmiz va javob bermoqdamiz. Aslida bu masalalarga salaf ulamolarimiz javob berib bolishgan va bu masalalar ulamolar o’rtasidagi baxs qilinadigan masalalardan bo’lgani uchun xalq orasiga buni tarqatib fitna solmaganlar, balki ular bilganlar agar xalqqa yoysa ixtiloflar bo’lib ketishini, shu sababdan o’zlarining o’rtasida baxs qilib yechim topishgan lekin bugungi kunda ba’zilar  mana shunga o’xshash kitobi yopilgan masalalarni olib chiqmoqda va insonlar orasida fitna solmoqda.

Imom Maqdisiy aytadi:”Fitnachi­- bu ulamolar orasidagi masalalarni xalq orasiga olib chiqayotganlardir’’. Qadimdan to hozirgi kungacha  biz yashab turgan Mavorounnahr diyorida Xanafiy mazhabi yoyilgan va bunga musulmonlar ittifoqan amal qilib kelganlar lekin hozirgi kundagi bazi bir fitnachilar tamonidan bizga “Sizlar xadisga amal qilmayapsizlar yoki sizlarning qilayotgan amallaringizning dalili yoq yoki sahih xadis turganda zaif xadisga amal qilayapsizlar” deb tana toshlarni otib kelmoqda va natijada omma-xalq sarosimaga tushib qolish holatlari kuzatilmoqda.Shu sababdan biz hozir mana shu masalaga javob berib xanafiylarning dalillari va boshqa mazhabdagilarga bergan javoblarni aytib o’tamiz, bu bilan biz fitnani qayta uyg’otganimiz balki uni o’chirishga xarakat qilayapmiz, buni javoblarimizdan yanada aniqroq bilib olsangiz bo’ladi.

 “Namozda ruku’ga borganda va qaytganda ikki qo’lni    ko’tarish  kerak”      deganlarning dalili va unga bizning javoblarimiz

Bu hukmga amal qilishga da’vat etganlar ro‘yxatining boshida to‘rt mashhur va ma’ruf fiqhiy mazhablarimizdan ikkitasi – shofe’iy va hanbaliy mazhablari turadi. Ular o‘zlarining bu hukmlariga bir necha hadisi shariflarni dalil qilib keltiradilar:

Birinchi dalil:   

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: أَنَّ رَسُولَ اللهِ كَانَ يَرْفَعُ يَدَيْهِ حَذْوَ مَنْكِبَيْهِ إِذَا افْتَتَحَ الصَّلَاةَ، وَإِذَا كَبَّرَ لِلرُّكُوعِ، وَإِذَا رَفَعَ رَأْسَهُ مِنَ الرُّكُوعِ، رَفَعَهُمَا كَذَلِكَ أَيْضًا، وَقَالَ: «سَمِعَ اللهُ لِمَنْ حَمِدَهُ، رَبَّنَا وَلَكَ الْحَمْدُ»، وَكَانَ لَا يَفْعَلُ ذَلِكَ فِي السُّجُودِ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozni boshlaganlarida ikki qo‘llarini yelkalari barobarida ko‘tarar edilar. Ruku’ga takbir aytganlarida ham va ruku’dan boshlarini ko‘targanlarida ham ularni yana xuddi o‘shanday ko‘tarib: «Sami’allohu liman hamidah, robbana va lakal-hamd», der edilar. Buni sajdada qilmas edilar».

Ikki shayx rivoyat qilishgan.

Mazkur sahih hadisdan namozda ruku’ga borganda va undan qaytganda qo‘l ko‘tarish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ekani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi, deyishadi Shofe’iy va Hanbaliy hamda ularning tarafdorlari.

Ikkinchi dalil:

عَنْ نَافِعٍ: أَنَّ ابْنَ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا كَانَ إِذَا رَأَى رَجُلًا لَا يَرْفَعُ يَدَيْهِ إِذَا رَكَعَ، وَإِذَا رَفَعَ رَمَاهُ بِالْحَصَى. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ فِي «قُرَّةِ الْعَيْنَيْنِ».

Nofe’ roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Ibn Umar roziyallohu anhumo ruku’ga borganda va undan qaytganda ikki qo‘lini ko‘tarmagan odamni ko‘rsa, unga tosh otar edi».

Imom Buxoriy «Qurrotul ‘aynayn»da rivoyat qilgan.

Va yana Imom Taxoviy o’zining Maoniy Asor kitobida boshqa sanaddan ham shu manodagi xadis rivoyat qilgan.

Bu rivoyat ham yuqoridagi ma’noni ta’kidlab kelmoqda. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu o‘zlari amal qilibgina qolmay, o‘zgalarning ham mazkur hukmga bo‘ysunishlariga harakat etganlari yaqqol ko‘rinib turibdi, deydilar Shofe’iy va Hanbaliy hamda ularning tarafdorlari.

Hanafiy ulamolar: «Darhaqiqat, sizlar keltirgan rivoyatlar bor va kuchli ekanini biz ham yaxshi bilamiz, lekin biz ushbu hadis va rivoyatlarga amal qilishdan oldin boshqa hadis va rivoyatlarni ham chuqurroq o‘rganib chiqib, boshqacha qarorga keldik. Keling, avvalo Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuning hadislarini munoqasha qilaylik», deydilar.

عَنْ مُجَاهِدٍ قَالَ: صَلَّيْتُ خَلْفَ ابْنِ عُمَرَ فَلَمْ يَرْفَعْ يَدَيْهِ إِلَّا فِي التَّكْبِيرَةِ الْأُولَى مِنَ الصَّلَاةِ. رَوَاهُ الطَّحَاوِيُّ وَابْنُ أَبِي شَيْبَةَ وَالْبَيْهَقِي.

Mujohid roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Ibn Umarning orqasida namoz o‘qiganman. U namozdagi birinchi takbirdan boshqa o‘rinda ikki qo‘lini hech ko‘tarmas edi».

Tahoviy, Ibn Abu Shayba va Bayhaqiy rivoyat qilishgan.

Imom Taxoviy o’zining “Sharxi maoniy asor”asarida ushbu xadisga kelgan ixtiloflarni keltirib va unga berilgan javoblarni ham aytib o’tadi:

Ba’zi e’tirozchilar aytadi:

1-dan Bu xadis munkar deb aytadiyu lekin bunga hujjat qoim qilishaolmaydi.

2-dan Tovus rahmatulloh alayh ibn umarni namozda ikki qo’lini ko’targanligini ko’rganini zikr qilgan deb aytishadi bunga javoban aytamizki U kishi bu hukm Ibn umar roziallohu anhuni huzirida nasx bo’lishidan oldin Ibn umarni ko’rgan, nasx bo’lgandan keyin esa Mujohid ko’rgan deb aytamiz.

Oldingi ikki rivoyat va biz keltirgan uchinchi rivoyatni qo‘shib o‘rgansak, ruku’ga borganda va undan qaytganda ikki qo‘lni ko‘tarish hukmi nasx bo‘lgani ayon bo‘ladi. Ya’ni bu hukmga ma’lum muddat amal qilingan-u, so‘ngra amaldan qolgan.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ruku’ga ketishda va undan qaytishda qo‘l ko‘targanlarini ko‘rganlar, o‘zlari bu ishga amal qilganlar va boshqalarni ham amal qilishga chorlaganlar. Keyinchalik, bu amal nasx bo‘lganidan keyin, unga amal qilishni to‘xtatganlar.

Siz ham, hurmatli Shofe’iy, Hanbaliy hamda ushbu masalada ular bilan hamfikr bo‘lganlar ham, biz, ya’ni hanafiylar ham o‘zi qilgan rivoyatga zid amal qilgan sahobiyning rivoyatini emas, amalini qabul qilishga ittifoq qilganmiz. Chunki nasx bo‘lmasa, sahobiylar o‘zlari rivoyat qilgan hukmga xilof amal qilmaydilar. Xususan, Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu har bir kattayu kichik narsada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aniq ergashuvchi yagona sahobiy bo‘lganlar. U kishining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga oid, ergashish zarur hisoblanmagan ishlarni ham nihoyatda aniqlik bilan qilib yurganlari ma’lum va mashhur. Shunday odam, agar nasx sobit bo‘lmasa, o‘zlari rivoyat qilgan hadisga xilof ish tutib, ruku’ga borishda va undan qaytishda ikki qo‘lni ko‘tarishni tark qilmas edilar.

Uchinchi dalil:

Imom  Tahoviy «Maoniy Osor»da Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan keltirgan hadisda shunday deyilgan:

عَنْ عَلِيِّ بْنِ أَبِي طَالِب؛ عَنْ رَسُولِ اللهِ أَنَّهُ كَانَ إِذَا قَامَ إِلَى الصَّلَاةِ الْمَكْتُوبَةِ، كَبَّرَ وَرَفَعَ يَدَيْهِ حَذْوَ مَنْكِبَيْهِ، وَيَصْنَعُ مِثْلَ ذَلِكَ إِذَا قَضَى قِرَاءَتَهُ، وَأَرَادَ أَنْ يَرْكَعَ، وَيَصْنَعُهُ إِذَا رَفَعَ مِنَ الرُّكُوعِ، وَلَا يَرْفَعُ يَدَيْهِ فِي شَيْءٍ مِنْ صَلَاتِهِ، وَهُوَ قَاعِدٌ، وَإِذَا قَامَ مِنَ السَّجْدَتَيْنِ رَفَعَ يَدَيْهِ كَذَلِكَ، وَكَبَّرَ

Ya’ni:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam farz namozga tursalar, takbir aytib, ikki qo‘llarini yelkalari barobar ko‘tarar edilar. Xuddi shu ishni qiroatlarini tamom qilib, ruku’ga borishni iroda qilsalar ham, ruku’dan bosh ko‘tarsalar ham qilar edilar. Ul zot namozda o‘tirgan hollarida hech qo‘llarini ko‘tarmas edilar. Ikki marta sajda qilib, turmoqchi bo‘lsalar ham, ikki qo‘llarini ko‘tarib, takbir aytar edilar».

Shofe’iy va hanbaliy mazhabi ulamolarining  3-dalillariga javob quyidagicha:

Ushbu rivoyat sobit ekanini yaxshi bilamiz. Lekin  hazrati Ali roziyallohu anhuning aynan o‘zlaridan buning aksi sodir bo‘lgani haqida rivoyat bor. Ana shu rivoyatni ham e’tiborga olib turib, (yakuniy) hukm chiqarilsa, juda ham yaxshi bo‘lar edi.

عَنْ عَاصِمِ بْنِ كُلَيْبٍ، عَنْ أَبِيهِ؛ أَنَّ عَلِيًّا ،كَانَ يَرْفَعُ يَدَيْهِ فِي أَوَّلِ تَكْبِيرَةٍ مِنَ الصَّلَاةِ، ثُمَّ لَا يَرْفَعُ بَعْدُه. رَوَاهُ الطحاوي و إبن أبو شيبة

Osim ibn Kulayb otasidan rivoyat qiladi:

«Ali roziyallohu anhu ikki qo‘lini namozning birinchi takbirida ko‘tarar edi, xolos. Keyin ko‘tarmas edi».

Tahoviy va Ibn Abu Shayba rivoyat qilishgan.

عَنْ أَبِي إِسْحَاقَ قَالَ: كَانَ أَصْحَابُ عَبْدِ اللهِ وَأَصْحَابُ عَلِيٍّ، لَا يَرْفَعُونَ أَيْدِيَهُمْ إِلَّا فِي افْتِتَاحِ الصَّلَاةِ. رَوَاهُ أَبُو بَكْرِ ابْنِ أَبِي شَيْبَةَ.

Abu Ishoqdan rivoyat qilinadi:

«Abdulloh (Ibn Mas’ud) va Alining asxoblari ikki qo‘llarini faqat namozning boshida ko‘tarar edilar, xolos».

Abu Bakr ibn Abu Shayba rivoyat qilgan.

Bu ham ruku’ga ketishdan oldin va undan keyin ikki qo‘lni ko‘tarishga ma’lum muddat amal qilingani va keyin nasx bo‘lganini ko‘rsatadi. Aks holda hazrati Alidek ulkan sahobiy o‘zlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan hadisga xilof ishni aslo qilmagan bo‘lar edilar. Shu bilan birga, hazrati Ali roziyallohu anhu o‘z shogirdlari bo‘lmish kichik sahobiylar va tobe’inlarni ham ruku’ga ketganda va undan qaytganda ikki qo‘lni ko‘tarmaslikka o‘rgatgan ekanlar. Bu ham o‘z-o‘zidan bo‘laveradigan narsa emas.

“Sharh maoniy asor”da Imom Taxoviy aytadiki: Ularning 3-dalili bo’lgan xadisning sanadida Roviy Abdurahmon ibn Abu Zinod degan kishi bor u kishi haqida 2 xil qarash bor.

  • Bu roviy xato qilgan va xadisda qo’lni ko’tarish degan so’z asli bo’lmagan xuddi boshqalar qilgan rivoyatlarda bo’magani kabi.

Bu gapimizni isboti:Abdulloh ibn Fazl siqa faqih olim zot Ibn abu Zinodning hadisiga matnda va isnodda ham o’xshash xadisni zikr qilganlar lekin unda biron narsada qo’lni ko’tarishni zikr qilmaganlar va yana boshqa sanaddan shunga o’xshashi zikr qilingan.Demak bundan bilinadiki Ibn abu Zinodning xadisida xato borligi va xatosi bor xadis ila xujjat qilib keltirish mumkin emas.

2-Ibn abu Zinodning xadisi sahih desak ham unda Ali roziallohu anhu avvalari qilib so’ng tark qilganliklari ehtimol qiladi, bu bilan xadisga amal qilish xukmi to’xtatilinganligi bilinadi. Agar mana shi ikkinchi qarashni olsak bizning xadisimiz va ularning xadislari jamlangan bo’ladi.

Shofe’iy, Hanbaliy hamda ularning hamfikrlari o‘zlarining ijtihodlariga dalil qilib keltirgan hadis aslida ularning ziddiga katta hujjatdir. Chunki ular ruku’ga borganda va undan qaytganda qo‘lni ko‘tarish sunnat amal ekanini ta’kidlashadi-yu, ammo sajdadan turganda qo‘lni ko‘tarish haqida lom-mim demaydilar. Holbuki, hadisda bu uchala holat ham zikr qilingan. O‘z-o‘zidan «Nima uchun bir hadisning ma’lum bo‘lagiga amal qilasizlar-u, boshqa bo‘lagiga amal qilmaysizlar?» degan haqli savol paydo bo‘ladi.

Sajda qilib bo‘lib, turayotganda va yana ba’zi holatlarda ikki qo‘lning ko‘tarilishi haqida boshqa hadislarda ham zikr qilingan. Mana shuning o‘zi avval namozda takbirai ehromdan (takbiri tahrimadan) boshqa o‘rinlarda ham qo‘l ko‘tarish bo‘lib, keyinchalik nasx qilinganiga dalolatdir. Bu haqiqatni hanafiylar to‘liqligicha olganlari, shofe’iylar va hanbaliylar esa bir qismini qabul qilib, ruku’ga ketish va undan qaytishga tegishli joyini qabul qilmaganlari ma’lum bo‘ladi.

Hanafiylar muxoliflarning har bir daliliga xuddi shu qabilda raddiya qiladilar. Biz namuna uchun keltirilgan misollar bilan kifoyalanib, endi bu masalaning qadimda qanday muhokama qilingani haqidagi rivoyatlarni o‘rganib chiqaylik:

 

Birinchi misol:

    عَنِ الْمُغِيرَةَ، قَالَ: قُلْتُ لِإِبْرَاهِيمَ: حَدِيثُ وَائِلٍ أَنَّهُ رَأَى النَّبِيَّ  يَرْفَعُ يَدَيْهِ إِذَا افْتَتَحَ الصَّلَاةَ، وَإِذَا رَكَعَ، وَإِذَا رَفَعَ رَأْسَهُ مِنَ الرُّكُوعِ. فَقَالَ: إِنْ كَانَ وَائِلٌ رَآهُ مَرَّةً، فَقَدْ رَآهُ عَبْدُ اللهِ خَمْسِينَ مَرَّةً لَا يَفْعَلُ ذَلِكَ. رَوَاهُ الطَّحَاوِيُّ.

Mug‘iyra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Ibrohimga: «Voilning «Nabiy sollallohu alayhi vasallam namoz boshlasalar, ruku’ qilsalar va ruku’dan boshlarini ko‘tarsalar, ikki qo‘llarini ko‘targanlarini ko‘rdim», degan hadisiga nima deysiz?» dedim». U kishi: «Agar Voil u zotning unday qilganlarini bir marta ko‘rgan bo‘lsa, Abdulloh unday qilmaganlarini ellik marta ko‘rgan», dedi».

Tahoviy rivoyat qilgan.

Ko‘rinib turibdiki, «Ruku’ga ketayotib va undan qaytayotib, ikki qo‘l ko‘tariladi», deganlar Voil ibn Hujr roziyallohu anhuning hadislarini dalil qilganlar. Buyuk tobe’inlardan Ibrohim Naxa’iy roziyallohu anhuga bu gap aytilganda, u kishi raddiya sifatida Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning hadislarini misol keltirganlar va qaysi bir hadis qabul qilishga loyiqroq ekanini tasdiqlash maqsadida ularning roviylarining hollarini zikr qilib o‘tganlar. Voil ibn Hujr roziyallohu anhu iymonga kelganlaridan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida faqatgina bir hafta turib, namoz o‘qishni o‘rganganlari va qaytib ketgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni qaytib ko‘rmaganlari mashhur. Buning ustiga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga ta’lim uchun alohida muomala qilganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ruku’ga ketishda va undan qaytishda ikki qo‘llarini ko‘tarmaganlari haqidagi rivoyatning sohibi Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu esa eng birinchi iymonga kelgan sahobalardan bo‘lib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan u zotning umrlarining oxirigacha ajralmagan ulkan sahobiylardan biridirlar. Albatta, u kishi Voil roziyallohu anhuga qaraganda ko‘p narsani bilishlari turgan gap.

Lekin ba’zi e’tirozchilar aytadi:

-Ibrohim Naxa’iyning Ibn masuddan qilgan rivoyatining sanadi “munqote” yani “Ibn Mas’udni 50 marta ko’rganligi haqidagi xadis”ni unga kim rivoyat qilganini Ibrohim Naxa’iy zikr qilmayapti demak bu xadis zaif, ammo Voil roziyallohu anhuning xadisi esa “muttasil” yani sanadidagi barcha roviy zikr qilingan demak bu sahihku qanday qilib munqote xadis muttasildan ustun bo’lsin deb e’tiroz bildiradi.

-Biz aytamizki:

Birinchidan:

Ibrohim Naxa’iy qachon xadisni to’g’ridan to’g’ri Abdulloh ibn Mas’uddan rivoyat qilsa, u kishining xuzurida xadisning rivoyat mutavotir va saxix bo’lsagina shunday keltiradi. Buni A’mash rahmatullohi alayhi bilan bo’lgan suhbatdan ham bilib olsak bo’ladi. (Sharhi Maoniy Osorda 1427-28- xadis sharxi)

Ikkinchidan:

Ibrohim Naxa’iy- ishonchli, adolatli, hofiz, faqih va ulug’ to’beinlardan, ummat u kishining adolatli omonotdor ekanligiga ijmo qilgan. U kishining muttasil xadisini olishda biror ishkal yo’qmi! Unda nega munqote xadisini olmasligimiz kerak  vaholanki bu ummat u kishining ishonchli deb ijmo qilganku, agar munqote xadisini olmasak u kishida shubha va yolg’on bor degan narsa kelib chiqishi mumkin vaholanki agar u kishi  yolg’onchi bo’lganda munqote xadisi u yoqda tursin muttasil xadisini ham qabul qilmasdik!!!

Qo’shimcha tarzda Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning Voil roziyallohu anhuga qaraganda ko’proq narsani bilishlari va ustun ekanligiga xadislarda ham o’z isbotini topgan.

   عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ، قَالَ كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يُحِبُّ أَنْ يَلِيَهُ الْمُهَاجِرُونَ وَالأَنْصَارُ لِيَحْفَظُوا عَنْهُ   رواه الطحاوي

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sallollohu alayhi va sallam o’zlarining orqasida muhojirlar va ansorlarni turishlarini yahshi ko’rganlar, u kishidan ular yodlab olishlari uchun. Imom Taxoviy rivoyat qilgan. “Maoniy Asor 1424- hadis.

Bu ham va bundan boshqa shu manodagi hadislar Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuni ustun ekanligiga dalolat qiladi

Ikkinchi misol:

Imom Horisiy o‘zlarining «Musnad» nomli kitoblarida Sufyon ibn Uyayna roziyallohu anhudan imom Abu Hanifa bilan imom Avzo’iy oralarida bo‘lib o‘tgan quyidagi munozarani keltiradilar:

«Abu Hanifa bilan Avzo’iy Makkadagi bug‘doy rastasida ko‘rishib qolishdi. Shunda Avzo’iy Abu Hanifaga:

– Sizlarga nima bo‘ldi, namozda ruku’ga borganda va undan bosh ko‘targanda qo‘llaringizni ko‘tarmaysizlar? – dedi. Abu Hanifa esa:

– Chunki bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan birorta sahih narsa bo‘lmadi, – dedi.

– Qanday qilib sahih narsa bo‘lmasin? Axir menga Zuhriy Solimdan, u otasidan, u esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilishicha, u zot sollallohu alayhi vasallam namozni boshlash chog‘larida, ruku’ga ketishda va undan qaytishda ikki qo‘llarini ko‘tarar ekanlar! – dedi Avzo’iy. Shunda Abu Hanifa:

– Bizga Hammod Ibrohimdan, u Alqama va Asvaddan, ular Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozni boshlashdan boshqada ikki qo‘llarini ko‘tarmas ekanlar, – dedi.

– Men senga Zuhriydan, Solimdan, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan hadis rivoyat qilsam, sen menga «Hammod Ibrohimdan hadis aytdi», deysan-a?! – dedi Avzo’iy. Abu Hanifa uning bu gapiga:

– Hammod Zuhriydan ko‘ra faqihroq edi. Ibrohim esa Solimdan ko‘ra faqihroq edi. Agar Ibn Umar sahobiylik fazliga ega bo‘lsa ham, fiqhda Alqama undan kam emas. Asvadning fazli juda ham ko‘p. Abdulloh ibn Mas’udning fiqhda va qiroatda fazli ko‘p. Uning sahobiylik haqqi bor. Kichikligidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bo‘lgan. U Abdulloh ibn Umardan afzal», – deb javob berdi. Shunda Avzo’iy jim qoldi».

Demak, Abu Hanifa rahmatullohi alayhi ham, u kishining izdoshlari ham shar’iy hukmlarni havodan emas, Qur’on va Sunnatdan olgan ekanlar. Boshqalardan ko‘ra chuqurroq ilmiy izlanishda bo‘lgan ekanlar. U kishi hatto boshqa mazhab mujtahidlari mulohaza qilmagan nozik tomonlarni ham mulohaza qilgan ekanlar.

HANAFIYLARNING DALILLARI

    Hanafiy mazhabi ulamolari mazkur masala bo‘yicha muxolif tomonlarning dalillarini muhokama qilib, ularga raddiya beribgina qolmay, o‘z hukmlarini tasdiqlash uchun hujjat-dalillar ham keltirganlar. Quyida e’tiboringizga ular keltirgan dalillardan qisman havola qilamiz:

Birinchi dalil:

عَنْ جَابِرِ بْنِ سَمُرَةَ قَالَ: خَرَجَ عَلَيْنَا رَسُولُ اللهِ فَقَالَ: «مَا لِي أَرَاكُمْ رَافِعِي أَيْدِيكُمْ، كَأَنَّهَا أَذْنَابُ خَيْلٍ شُمْسٍ، اسْكُنُوا فِي الصَّلَاةِ». رَوَاهُ مُسْلِمٌ

Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurimizga chiqib: «Nima uchun men sizlarning qo‘llaringizni xuddi asov otning dumiga o‘xshatib ko‘tarayotganingizni ko‘ryapman?! Namozda sokinlik bilan turinglar!» dedilar».

Imom Muslim rivoyat qilgan.

Ma’lumki, namoz yangi farz bo‘lgan paytda hozirgi kabi to‘liq bo‘lmagan. Ba’zi holatlarda har xil mayda ovoz chiqarish yoki harakatlar ham bo‘lib turgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday ishlarni qilgan odamlarga asta-sekin tarbiya berib, xatolarini tuzatib borganlar. Bu ma’noda hadis kitoblarimizda bir qancha rivoyatlar kelgan. Ushbu biz tahlil qilayotgan masala – ruku’ga ketishda va undan qaytishda qo‘lni ko‘tarish masalasi ham avvalda bor bo‘lib, keyin mansux qilinganligini mana shu hadisdan bilib olsak bo‘ladi. Bu hukmning mansux bo‘lgani va amaldan qolganidan bexabar ba’zi sahobiylarning ruku’ga borganda va undan qaytganda xuddi avvalgidek, qo‘llarini ko‘tarib namoz o‘qiyotganlarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hujralaridan ko‘rib turganlar. Keyin tashqariga chiqib, ularga mazkur hadisda keltirilgan gaplarni aytganlar.

Ikkinchi dalil:

عَنْ عَلْقَمَةَ قَالَ: قَالَ عَبْدُ اللهِ بْنُ مَسْعُود: أَلَا أُصَلِّي بِكُمْ صَلَاةَ رَسُولِ اللهِ ، فَصَلَّى، فَلَمْ يَرْفَعْ يَدَيْهِ إِلَّا فِي أَوَّلِ مَرَّةٍ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ.

Alqamadan rivoyat qilinadi:

«Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu: «Men sizlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning namozlarini o‘qib beraymi?» dedi-da, namoz o‘qib, birinchi qo‘l ko‘tarishdan boshqa qo‘l ko‘tarmadi».

Imom Termiziy rivoyat qilgan.

O‘z-o‘zidan ma’lumki, kishilarni ogohlantirib qo‘yib qilingan bunga o‘xshash ishlar o‘ta aniqlik bilan ado etiladi. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning kim ekanliklari xam barchamizga ma’lum. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan u zotning nabiylik davrlarida har doim birga yurgan ulkan ilm sohibi va ko‘plab hadislarni rivoyat qilgan sahobiydir.

Xuddi shu ma’nodagi hadisni imom Nasaiy ham rivoyat qilganlar.

Uchinchi dalil :            

Asvad  roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning birinchi takbirda ikki qo‘lini ko‘tarib, keyin ko‘tarmaganini ko‘rdim va Ibrohim va  Sha’biy ham shunday qilayotganini ko’rganman».

Imom Tahoviy rivoyat qilgan.

Bu xadis saxixdir chunki barcha roviylari ishonchlidir. Endi qanday qilib Umar ibn Xattobday zotga Rasulullohning rukuda va sajdada qo’lni ko’targanligi maxfiy bo’lib qolishi mumkin vaholanki namoz kunda besh mahal va dinning ustiniku. Namoz hammaning ko‘z o‘ngida, har kuni besh marta ado etiladigan, e’tiborli va ulkan ibodat. Ayniqsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning har bir namozlarini yillar davomida ko‘pchilik nihoyatda diqqat bilan kuzatib, o‘rganib kelgan. Ana shunday narsaga tegishli, «Ruku’ga borganda va undan qaytganda qo‘l ko‘tariladimi, yo‘qmi?» degan masalada har xil gap aytilishining o‘zi bu ish haqida shubha tug‘diradi. Bu esa hanafiylarning ishi to‘g‘ri ekanini ko‘rsatadi.

To’rtinchi dalil:

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ مَسْعُودٍ قَالَ: صَلَّيْتُ خَلْفَ النَّبِيِّ وَأَبِي بَكْرٍوَعُمَرَفَلَمْ يَرْفَعُوا أَيْدِيَهُمْ إِلَّا عِنْدَ افْتِتَاحِ الصَّلَاةِ. رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr va Umarning orqalarida namoz o‘qidim. Ular namozni boshlashdagi qo‘l ko‘tarishdan boshqa qo‘l ko‘tarmadilar».

Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan.

Beshinchi dalil:

عن البراء ابن عازب قال :كان النبي اذا كبر لافتتاح الصلاة رفع يديه حتى يكون ابهاماه قريبا من شحمتي اذنيه ثم لا يعود

رواه الطحاوي

Barro ibn Ozib  roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam agar namozni boshlash uchun takbir aytsalar qo’llarini ko’tarar edilar xattoki bosh barmoqlari quloqlarining yumshoq joylarigacha yaqin borardi so’ngra buni qaytib takrorlamasdi.

Imom Taxoviy rivoyat qilgan.

Oltinchi dalil:

Ushbu munoqasha qilinayotgan masalada bir aqliy dalil keltirish uchun hanafiy mazhabi ulamolari nasx haqidagi da’volaridan vaqtincha voz kechadilar. Aytaylik, nasx vorid bo‘lmadi, deydilar ular. Unday paytda umumiy qoidaga binoan, bir hukm haqidagi hadislar qarama-qarshi bo‘lib qolsa, sahobalar nimaga amal qilgan bo‘lsalar, o‘sha olinadi. Agar sahobalarning amallari ham qarama-qarshi bo‘lib qolsa, qiyosga qaytiladi. Ushbu masalada ham qiyosga qaytiladigan bo‘lsa, aslida namozda sukunat, ortiqcha harakat qilmaslik ta’kidlanadi. Namozning ichida qo‘l ko‘tarish ortiqcha harakatdir. Takbiri tahrimadagi qo‘l ko‘tarish namoz ichidagi emas, uning boshlanishidagi ko‘tarishdir.

Yettinchi dalil:

Ushbu masalani yana bir qiyos yo’liga ko’ra bir nazar solsak: Ko’rdikki namozda takbir aytiladigan bir nechta o’rinlar bor ekan:

  1. Ixtilofsiz takbir aytilgan vaqtda qo’llar ko’tariladigan o’rinlar bu- Takbirul taxrimadir.
  2. Ittifoqan takbir aytilgan vaqtda qo’llar ko’tarilmaydigan o’rinlar bu-ikki sajda o’rtasidagi takbir.
  3. Fuqohalar takbir aytilgan vaqtda qo’llar ko’tarish borasida ixtilof qilgan o’rin bu- rukuga borayotganda va rukudan qaytgandagi o’rin.

Endi avvalgi ikki qismga etibor qaratsak Takbirul ulo- namozning ruknlaridan ekan, shu darajadaki namozga faqat u bilangina kirish mumkin ekan. Ammo ikki sajda o’rtasidagi takbir namozni ruknlaridan emas bunga dalil: Namozxon uni tark etsa namozi buzilmaydi. Boshqa bir ibora bilan aytsak:Namozni rukni bo’lgan takbirlarda qo’l ko’tarish sobit bo’lgan ammo namozning sunnati bo’lgan takbirlarda qo’l ko’tarish sobit bo’lmagan. Ma’lumki rukuning takbirlari namozning sunnatlaridan, ularni tark qilish bilan  namoz buzilmaganligiga ittifoq qilishgan. Demak shundan ma’lum bo’ladiki ikki sajda orasidagi takbirlar xuddi ruku’dagi takbirlar kabi  sunnat ekan, ikki sajda orasida qo’l ko’tarish yo’qmi  shunga o’xshab ruku’ga borganda va qaytganda qo’l ko’tarish yoq bo’ladi.Mana shu Imom Abu Xanifa va Abu Yusuf va Imom Muhammad rohimahumullohlarni mazhabidir.

Shu yerga kelganda, dalillar keltirishga yakun yasash uchun izn so‘raymiz. Agar qolgan dalillarni ham keltiradigan bo‘lsak, gap cho‘zilib ketadi. O‘zi shundoq ham cho‘zilib ketgan gapni yana ham cho‘zib yurmay, xulosaga o‘tib qo‘ya qolganimiz ma’quldir.

XULOSA

Ko‘rib turibmizki, barcha fiqhiy masalalarda, jumladan, «omin» masalasi, ruku’ga borganda va undan qaytganda qo‘l ko‘tarish kabi bahslarda muxoliflarning «Hanafiy mazhabidagilar hadisga amal qilmaydilar», degan iddaolari mutlaqo yolg‘on va botil da’vodir. Aksincha, hanafiylarning hadislarni boshqalardan ko‘ra chuqurroq va aniqroq tahlil qilib, eng to‘g‘risiga amal qilishlarini o‘zimiz ilmiy ravishda o‘rganib chiqdik. Shu bilan birga, hanafiylar boshqa mazhab atbo’lariga o‘xshab, o‘zga mazhabdagilarning fikrlarini ham hurmat qilib kelganlar.

Hozirgi davrimizda ham shofe’iylar va hanbaliylar qo‘l ko‘tarib, hanafiylar va molikiylar qo‘l ko‘tarmay, tinchgina namozlarini o‘qib kelishar edi. Ichimizdan bir necha oyatni chala yodlab olgan va uch-to‘rt hadisning tarjimasini o‘rganib olganlarimiz chiqib, mazhabboshi mujtahidlarimizga tosh ota boshlashdi. Musulmonlar ommasi o‘z ibodatlarini ado qilishda Qur’on va Sunnatga amal qilmaslikda ayblandi. Dinga endigina qaytayotgan xalq ommasi o‘rtasiga ulamolar ichida qolishi lozim bo‘lgan masalalar olib chiqilib, turli ixtiloflarga yo‘l ochildi. Oqibatda musulmonlar boshiga ko‘pgina kulfatlar yetdi.

Aziz birodarlar! Aslida bunday masalalar anchagina ko‘payib, yangilari ham paydo bo‘lib bormoqda. Bu holat yana ham avj olib borishi ehtimoldan xoli emas, chunki «Mazhab ixtilofga sabab bo‘ladi, shuning uchun uni qo‘yib, Qur’on va Sunnatga amal qilamiz» degan da’vo bilan chiqayotganlar aslida hanafiy mazhabini rad etib, boshqa mazhabga ergashmoqdalar. Ular ba’zi masalalar xususida «Faqat o‘sha mazhabda aytilgani haq, undan boshqasi botil», deb o‘ylamoqdalar. Shuning uchun ham musulmonlar ommasini bid’atga berilganlikda, Qur’on va Sunnatga amal qilmaslikda va boshqa narsalarda ayblamoqdalar, bunday fitnalarga aldanib qolmang ko’rib turganingizdek bizning xanafiy mazhabimizning ildizi mustahkam  Qur’on, Sunnat, Ijmo va Qiyos ila poydevori qurulgandir.

 

Toshkent islom instituti talabasi

Xojiyev Muhammadamin

412830cookie-checkNamozda “Rof’ul yadayn” ya’ni rukudan oldin va keyin qo’lni ko’tarish masalasi borasidagi bahslar

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: