islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Muhammad ibn Abdulloh ibn Molik at-Toiy Andalusiy rohmatullohi alayh, 1204 (600-hijriy)-yilda Andalusning Jayyon shahrida dunyoga kelgan, Ibn Molik kunyasi bilan mashhurdir. Ushbu zot Arab tili grammatikasi tarixida ajralib turadigan ulug’ allomalardan. Ibn Molik avvalgi ilmini Qur’on yodlashdan boshlagan, so’ngra qiroat ilmlari, diniy ilmlar, nahv va lug’at ilmlarini o’rgangan. Ma’lumotlarda kelishicha birinchi bo’lib arab tilini 628-hijriy yillarda bir qancha muddat o’z shahridagi olim Sobit ibn Xayor al-Kiloiy al-Muqridan o’rgangan. Ibn Molik yashab turgan vaqtlarda Andalusda tinchlik barqaror emas edi. Shu sababli u zot Mashriqga safar qilgan. Ehtimol rihlatning sababi ham ilm olish va hajni ado qilish uchun bo’lgan. 630-hijriy yillar atrofida Misrga safar qiladilar, u yerda uzoq turmay Haj amalini ado qilish uchun hijozga qarab yo’l oladilar, so’ng Damashqqa borib u yerda ustozlardan ilm tahsil qilishni boshlaydi. Undan so’ng esa Halabga borib ilm olishni davom ettirgan.

Ibn Molik rahmatullohi alayh ilm olishni tamomlab Damashqqa qaytib kelib u yerda dars berib, bir qancha kitoblarni yozishni boshlaydi. Natijada u kishining darslariga qatnashuvchilar ko’payib juda ham mashhur bo’lib ketadi. Xattoki insonlar u kishi nahv ilmidagi daqiq joylarini tushuntirib berishi, sarf, qiroat va arablarning sherlaridagi tushunarsiz joylarini bayon qilib berishiga hayron qolishgan.

Ulamolar u zotning ilmi va axloqi borasida maqtovli fikrlar bildirishgan. Imom Zahabiy u kishi haqida quyidagi gaplarni zikr qilib o’tgan:

Ibn Molik rahmatullohi alayh qiroat ilmlari imomidir, lug’at ilmida esa yuqori cho’qqiga erishgan, ammo nahv va sarf ilmida esa hech kim u zotga teng kela olmaydigan dengizdir.

Mashhur shogirdlaridan Imom Navaviy ham u kishi haqida quyidagi gaplarni aytadi:

U zot bu asrlardagi lug’at ilmi va adab ilmi ahlining imomidir.

Haqiqatda, Ibn Molik rahmatullohi alayhda qiroat va arab tili ilmlarini she’riy uslubga ko’ra bayon qilishda Alloh taolo tomonidan berilgan ajoyib xislatlari bor edi. U zotning she’riy uslubda yozilgan asarlari tushunish oson va ma’nolari ravshan uslubda yozilgan. Albatta mana shuning o’zi katta qobilyat desak mubolag’a bo’lmaydi.

U zotning asarlari she’riy uslubda yozilgani jihatidan boshqa olimlarning asarlaridan farq qilib turadi. Vaholanki, Ibn Molik rahmatullohi alayhdan oldin hech kim bunday uslubda lug’at ilmiga oid kitob yozmagan.

Ibn Molik rahmatullohi alayhning mashhur asralaridan: «tas’hiylul favoid va takmiylul maqosid», «Xulosatul alfiya», «Kofiyatu shofiya» va h.k.

Ibn Molik rahmatullohi alayhning «Xulosatul alfiya» asari «Alfiya» nomi bilan mashhur bo’lib, hozirgi vaqtda ham bu kitobdan tahsil olinadi. Bu kitob mingta baytdan iborat bo’lib, uch ming baytdan iborat «Xulosatul alfiya» kitobining qisqartmasidir.

Ibn Molik rahmatullohi alayh 1274 (672-hijriy)-yilda Damashqda vafot etgan. Qabri esa, «Qosiyun» tog’inining qiyalikdagi «Maqbaratu ravza» nomli maqbarada joylashgan va hozirgi kunda ham mavjud.

 

Toshkent islom instituti talabasi

Imron Xolmirzayev

413080cookie-checkIbn Molik

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: